MAVZU: ZULFIYA SHE'RIYATI MAVZU DOIRALARI.
REJA:
Kirish
1.Zulfiya Isroilovaning hayot yo'li
2.Zulfiya she'rlarini o'rganish xususyatlari.
3.Shoira she'rlarida ayriliq va hijron mavzusi.
4.Xulosa
5.Foydalanilgan adabiyotlar.
Zulfiya Isroilova – taniqli va iqtidorli o‘zbek shoirasi. Yorqin rassom, oddiy inson qalbini o‘tkir his qilgan – mehnatkash, Sharq ayolining jamiyatdagi teng huquqi uchun mardonavar kurashgan ayol. Zulfiya she’riyatining nufuzi – bizning dabdabali murakkab davrimizning haqqoniy ifodasi, o‘ziga xosligi, zamondoshlarimizning qalbi va harakatlarining yorqin tasviridadir. O’zbek xalqining atoqli va ardoqli vakili, taniqli jamoat arbobi, xalqaro tinchlik uchun kurash jarchisi Zulfiya Isroilova xalqaro “Nilufar”, Javoharlal Neru nomidagi hamda Davlat mukofatlari sohibasidir. Zulfiyaxonim Isroilova 1915-yili Toshkent shahrining qadimiy Degrez mahallasida tavallud topgan. Avval boshlang’ich maktabda, so’ng xotin – qizlar bilim yurtida tahsil olgan. 1935-1938-yillarda O’zekiston fanlar akademiyasining til va adabiyot instituti aspiranturasida o’qigan. Shundan keyin turli nashriyotlarda ishlagan. 1935-yildan 1980-yilgacha, qariyib o’ttiz tilga yaqin respublikamizda keng tarqalgan “Saodat” nomli xotin – qizlar jurnalida bosh muharrir bo’lgan. Zulfiyaxonim Isroilova Hamid Olimjon bilan turmush qurgan. Biroq ular orzularga to’la hayot kechirayotgan pallada 1944-yili mashina halokati tufayli turmush o’rtog’idan ayrildi. Shoira esa 1996-yilda 81-yoshida vafot etadi. Shoira badiiy ijodga juda erta kirishdi. O’n yetti yoshida “Hayot varaqalari” deb atalmish dastlabki she’riy kitobini chop ettirdi. Uzoq ijodiy umri davomida o’ttizga yaqin she’riy to’plamlar, o’ndan ortiq dostonlar yaratdi. Shoira hammani o’ylatadigan, barcha kishilarga Jaxldor bo’lgan holatlarni she’rga soladi. Shuning uchun ham yozganlari ko’pchilikka manzur bo’ladi. Zulfiyaning ulkan iste’dodi faqat yurtimizdagina emas balki dunyo miqyosida ham e’tirof etilgan. U – xalqaro “Nilufar” mukofoti egasi.
Shoira sherlarining el aro mashhurligi tasodifiy emas. U bolaligidan olamga hayrat ko’zi bilan qarovchi, uning boshqalar ko’rolmaydigan jihatlarini ilg’ovchi qizaloq ekanligi bilan ajralib turardi. Buning ustiga, oilasidagi muhit ham yosh Zulfiyada badiiy ijodga ishtiyoqni alangalatardi. Shoira bolaligini shunday eslaydi: “Otamni… Isroil degrez der edilar. Otam zahmatkash temirchi edi. Otamning hamma vaqt olovga yo’ldosh kasbidan faqat zavq ko’rar edim. Otamday qudratli odam yo’q edi men uchun. Temirlar otam qo’lida chaqmoqlar taratishiga boqib, hayratda qolar edim. Uning qo’llari cho’g’ga aylangan temir parchasini istagan shaklga solib, inson uchun kerakli narsaga aylantirishga qodir edi. Men hali-hanuz otamday bolishni orzu qilaman, ammo na iloj, inson qalbiga kira bilish temirga ishlov berishdan mashaqqatliroq, yurakni chaqmoq kabi alanga oldirish har kimga ham muyassar bo’lavermas ekan…
Mening onam o’zining ta’bincha, “usti butun – ichi tutun” ayollardan edi. U hamma vaqt kamgap, xayolchan edi, lekin fikrlari, o’ylari mudroq emasligini, unga mutelik, zaiflik yot ekan-ligini bilar edim. Ruhidagi ma’yuslik, ovozidagi hazinlik faqat uning xarakteriga xos bir sifatgina edi, xolos.
Onamning qancha-qancha qo’shiq va afsonalarni, doston va er-taklarni bilisjiiga aqlim bovar qilmasdi. Bu sehrli afsona va ertaklar bizga benihoya huzur bag’ishlar, o’ziga rom qilib olar, har safar yangi jilva kasb etardi. Aminmanki, mo’jizalar yaratishga qodir, jahonni ko’zga keng ochuvchi, insonni go’zallik sari yetaklovchi so’zga shaydolik hissini mening qalbimda ostona hatlab ko’chaga chiqmagan oddiy ayol – onam uyg’otgan…”
Zulfiya she’riyati ana shunday pokiza buloqlardan suv ichgan ijoddir. Ayni shu sababdan uning tinchlik haqidagi, inson ruhiya-tini g’ajib tashlay oladigan hijron to’g’risidagi, tabiatning ajib bir holati borasidagi she’rlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Shu bois shoiraning barcha ayollarga, barcha onaiarga, barcha ma’shuqalarga xos, tushunarli, anglanarli bo’lgan she’riyati aslo eskirmaydi. Uning asarlarida halol inson tuyg’ularining porloq yulduzi charaqlab turadi.
Xalq orasida “Oydinda”, “Sensiz”, “Yurak”, “Falak”, “Bahor keldi seni soʻroqlab”, “Oʻgʻirlamang qalamim bir kun”, “Boʻm-boʻsh qolibdi bir varaq qogʻoz” kabi sheʼrlari, “Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush”, “Mushoira” kabi sheʼrlari mashhur. “Uni Farhod der edilar”, “Quyoshli qalam”, “Xotiram siniqlari” kabi lirik va liro-epik dostonlar muallifi. 1935 yilda shoir Hamid Olimjon bilan turmush qurgan va uning bevaqt vofotidan soʻng koʻplab mahzun sheʼrlar yaratgan. Pushkin, Lermontov, Nekrasov, L. Ukrainka, V. Inber va boshqa koʻplab shoirlarning asarlaridan namunalarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Zulfiya she’riyati tabiatga hamda uning ajralmas qismi va yuqori cho‘qqisi bo‘lmish odamzotga nisbatan hayajonli sevgi bilan burkangan. Uning she’rlarida tabiat och ranglarda, yorqin bo‘yoq va timsollarda gavdalanadi.
Zulfiyaning olijanoblik, jasorat, haqqoniy xalq g‘ururi, tabiat va insonga nisbatan samimiy tuyg‘ular va hurmat, boy ranglar va kutilmagan yangi timsollar bilan bajarilgan lirikasi, kitobxon qalbini larzaga keltiradi, insoniyatning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Iqtidorli shoira va yozuvchi, inson qalb tug‘yonlarini o‘tkir bilimdoni bo‘lib, turli janrlarda asarlar yaratgan: dostonlar, balladalar, elegiyalar, nasriy she’rlar, hikoyalar, ocherklar, publististik maqolalar va gazeta xabarlari. Uning ko‘p she’rlari SSSR xalqlari tinchligi va do‘stligi sari kurashga bag‘ishlangan edi. Urush yillari u vatanparvarlik she’rlarini yozgan. U tomonidan, shuningdek, o‘zbek bastakorlarining operalariga librettolar ham yozilgan, masalan, “Zaynab va Omon” operasiga libretto. Shu bilan birga, turmush o‘rtog‘i Hamid Olimjon qalamiga mansub “Semurg‘” dostoni mavzusi asosida, ertak-sahna asarini ham yozgan.
Shoira adabiy-ijtimoiy faoliyati uchun koʻpgina davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Zulfiyaxonim hayoti davomida yozgan sheʼrlar va dostonlari quyidagilardir:
“Iqror” “Hasad”
“Bahor keldi, seni so‘roqlab” “Zaynab va Omon”
“Ona” “Alatau qo‘shig‘i tomon”
“Do‘stlarimga” “Hayot sahifalari” (1932)
“Yulduzli alla” “Oydin tun”
“Lolalar” “Orzu”
“Nastarin” “Noma’lum sovg‘a”
“Bu yerda men tug‘ilganman”
Xulosa qilib aytadigan bo’lsam Zulfiyaxonim o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos o‘ringa ega shoira bo‘lishi bilan birga inson sifatida ham shu xalqning barcha olijanob xislatlariga ega ayol bo‘lgan. Bugun shu maqolani yozish va Zulfiyaxonimni ijodiga chuqurroq nazar solish orqali yana bir karra amin bo`ldimki, o`zbek adabiyoti XX asrda har qancha ziddiyatli, mashaqqatli va murakkab yo`lni bosib o`tgan bo`lmasin, unda bir qator tom ma`nodagi ijodkorlar etishib chiqgan va ularni ichidagi porloq yuzluzlardan biri bu Zulfiyaxonim bo’lgan. Bugungi istiqlol kunlarida ularning ijodlari yangi qirralari bilan namoyon bo`lmoqda. Zulfiyaxonimning hayoti va ijodi barcha xotin-qizlar uchun ibrat. Nеgaki, uning hayotidagi mеhnatsеvarligi, doimo olg’a intilishi, sеvgi bobida sadoqatli yor ekanligi, badiiy ijod borasida tinimsiz izlanuvchanligi i hamda hayot qiyinchiliklarida esankiramasligi, erishilgan yutuqlar oldida o’zini yo’qotmasligi har qanday qiz yoki ayol qalbida havas uyg’otadi.
Uning siymosida soʻz bilan ifodalanmagan, aytilmagan qimmatlar chamasi, aytilgan va ifodalanganlaridan beqiyos koʻproq. Uni oʻrtagan, qiynagan, ogʻir iztiroblar iskanjasiga solgan hollar – uni erkalagan, sharaflagan, ardoqlagan, sheʼriyat gultojini boshiga kiydirgan hollardan koʻproq edi.
Shodiyonada qaygʻu, qaygʻuda shodiyona omuxta edi. Va bunga oʻsha zamonada chora, davo, xalos yoʻq edi. U “birlik, birodarlik bor yerda yuksalish bor”, deb oʻtdi. Va oxirida: “Asl ustozim – hayotning oʻzi edi”, dedi va baxtiyor, begʻubor, injuday bolaligiga qaytdi. Yana oʻn yetti yoshdagi oʻz “hayot varaqlari”ga tugal sodiq qoldi.
QABARIQ YULDUZ BOLALIGINING MUSAFFO OSMONIGA KOʻTARILDI.
Salom! – deyman xayol binafshasiga, –
Sensiz koʻngil bogʻim qolardi gʻarib!
…Hech mast boʻlganmisiz sof nashʼasiga
Boshin xiyol egib tursa jilmayib?…
ZULFIYA SHE'RLARINI O'RGANISH XUSUSYATLARI.
Zulfiya XX asr o‘zbek she’riyatining yirik vakillaridan biridir. U o‘zining teran falsafiy, hassos, fojiaviy va hayotbaxsh realistik ijodi bilan hozirgi zamon o‘zbek she’riyatida yangi sahifa ochdi.
Butun boshli jamiyatda faqat to‘kislik va go‘zallik haqida qalam tebratish urf bo‘lgan bir davrda yashagan shoira Zulfiya ijodida, barcha zamondoshlari singari
jamiyat va tabiat go‘zalligini tarannum etuvchi satrlar bisyor. Lekin uning xazinasida umr yo‘ldoshi Hamid Olimjondan ayrilib qolgan davrda qog‘ozga“to‘k”ilgan, “yig‘loqi” degan ta’naga sabab bo‘lgan “dard”lari o‘z samimiyati bilan har qanday o‘quvchini muvozanatdan chiqaradi. Shoira ularda qahramonini she’rxonga tuydira bilgan, uni firoq o‘tida o‘rtangan ma’shuqaning dardlariga chinakamiga sherik bo‘lishiga erisha olgan. Zulfiyaning hijron mavzusida yozgan
“Sen qaydasan, yuragim”, “Ne baloga etding mubtalo”, “Sensiz” kabi she’rlari,
tabiat go‘zalligini tarannum etuvchi “Oydinda”, “Bog‘lar qiyg‘os gulda” singari bitiklari
, inson taqdiri, hayot tashvishi va quvonchlariga yo‘naltirilgan “Nevara”, “Men o‘tgan umrga”, “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush”, “Lobar qizlarga” singari bir qator ash’orlari u yoki bu davrda umumiy o‘rta ta’lim maktablari “Adabiyot” darsliklari tarkibidan ham o‘rin olgan.
Ma’lumki, har qanday badiiy asarni, uning badiiyati va mazmun-mohiyati nechog‘lik kuchli bo‘lmasin darslikka kiritaverish imkonsiz. “Adabiyot” darsliklari uchun tanlangan materiallar adabiy ta’limning maqsadiga xizmat qilishi, tarbiyalanuvchining yoshi, qiziqishlari, psixologiyasi va intellektual imkoniyatlari darajasiga mos bo‘lishi, ayni zamonda o‘quvchini ma’naviy komillik sari etaklashi lozim. Qolaversa, maktab darsliklaridan o‘rin olgan badiiy namunalar maxsus didaktik ashyolar – savol-topshiriqlar ko‘magida tahlilga tortilsagina kutilgan natijani berishi mumkin. Aks holda ular shunchaki axborot sifatida qolib
ketaveradi. Badiiy asar asosida tuzilgan savol-topshiriqlar esa shu matn mazmuniga berkitilgan, o‘quvchi diqqati qaratilishi lozim bo‘lgan, e’tibor qilinib mohiyatiga kirilgandagina uning ma’naviyatida ma’lum iz qoldirishi mumkin bo‘lgan detallarga asoslanishi kerak. Bu “Adabiyot” darsliklari mualliflari zimmasidagi eng murakkab vazifalardan biridir. Muallif, avvalo badiiy matn mazmuniga singdirilgan haqiqatlarni o‘zi ilg‘ashi, ularni o‘quvchining yoshi, intellektual imkoniyatlari darajasidagi savol yoki topshiriqqa aylantirishi kerak bo‘ladi. Bu oson ish emas, albatta. 6-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan “Adabiyot” darsligida10 shoira Zulfiyaning “Nevara”, “Bog‘lar qiyg‘os gulda”, “Men o‘tgan umrga” she’rlari
taqdim etilgan. “Zulfiya she’rlari haqida” nomli sal kam to‘rt betlik (umumiy materialning hajmi, biografik ma’lumot va she’rlar bilan birga etti bet) munosabat esa butun mamlakat o‘quvchilarining shoira Zulfiya ijodi haqidagi fikr-mulohazalarini bir qolipga solishga xizmat qiladi. Ya’ni, darslikdagi mazkur o‘quv materiali xuddi sovet davrida yaratilgan “Adabiyot” darsliklari mazmunidan deyarli farq qilmaydi. Zulfiya she’rlari tahliliga bag‘ishlangan mazkur matnda “Nevara” she’rining mazmuni hikoya qilib berilgan va bu bilan she’rning ta’sir qudrati butunlay yo‘qqa chiqarilgan. Darslikdan o‘rin olgan “Bog‘lar qiyg‘os gulda” she’ri tahlil qilinib, qat’iy xulosalar chiqarib qo‘yilgan. Axir uning tahlili butunlay boshqacha bo‘lishi ham mumkin-ku! Badiiy matnga har bir she’rxon o‘z nazari bilan yondashadi, unda o‘zi istagan narsani ko‘radi, o‘zicha tahlil qiladi. Bu ish zamonaviy tarbiyashunoslik talablariga zid bo‘lib o‘quvchilarni o‘ylamaslikka, o‘zgalarning fikrini ko‘r-ko‘rona takrorlashga o‘rgatib qo‘yadiki, bugun mustaqil mamlakatga, millatga bunday fikrsiz tanballarning keragi yo‘q. Shoiraning darslikdan o‘rin olgan “Men o‘tgan umrga” she’ri xususida gapirilarkan, asar matni asosida umumiy tarzda xulosa chiqarib qo‘ya qolingan. Bir umrni Hamid
Olimjonsiz yashab o‘tkizgan shoiraning o‘tgan umriga achinmay qo‘ygani sabablari aralashtirib yuboriilgan. Shoiraning o‘tgan umriga achinmasligi bilan bog‘liq detallar nazardan chetda qolgan. Bu holat o‘quvchilarni ham muhim bilan nomuhimning farqiga bormaslikka, oqibatning sabablarini ko‘rmaslikka o‘rgatib qo‘yishi mumkin. Aslida, “Zulfiya she’rlari haqida” nomli matndagi
mulohazalarni, ya’ni o‘quvchilar diqqatini qaratish lozim
topilgan jihatlarning barchasini savol va topshiriqlarga aylantirib, tarbiyalanuvchilarni har xil yo‘llar bilan shu haqiqatlar sari borishlariga sharoit yaratilganida adabiy ta’limning maqsadiga, ya’ni ma’naviy komillik sari yuz tutgan avlodni tarbiyalash maqsadiga muvofiq ish qilingan bo‘lardi. Zulfiya ijodi bilan tanishuvga bag‘ishlangan “Rangin tuyg‘ular” mavzusining so‘ngida berilgan savol va topshiriqlarda ham bir oz g‘alizliklar mavjud. Ma’lumki, maktab adabiy ta’limi adabiyotshunos, shoir yoki yozuvchi
tayyorlashga emas, ma’naviy komillik sari yuz burgan odam tarbiyasiga qaratilgan. Ertaga vrach, haydovchi, injener-dasturchi yoki bankir bo‘ladigan kelajak avlod
uchun asarlarning g‘oyasini topish, ularning tarbiyaviy ahamiyatini tushuntirib berish yoki o‘quvchining o‘zi ko‘rmagan “Aziz tuyg‘ular” turkumi haqida gapirib berish emas, matnda ifodalangan insoniy tuyg‘ularni his qilish, o‘zgani tuyish asnosida o‘zligini anglash hissini shakllantirish muhimroq. Shakllanib kelayotgan har bir alohida shaxsning ko‘ngliga ma’naviy kamolot sari intilish tushunchasini singdirish zarurroq. Adabiy ta’limning, u ta’limning qaysi bosqichida bo‘lishidan qat’i nazar va boshqa o‘quv fanlaridan farqli ravishdagi vazifasi mana shulardan iborat. Shu bois darsliklarning didaktik ashyolarini yaratishda adabiy ta’lim vazifalaridan uzoqlashmaslik maqsadga muvofiqdir.She’riy asar bir kishining – shoirning olamni o‘ziga xos ko‘rishi natijasida yuzaga kelgan hosiladir. Hamma gap shu o‘ziga xos qarash va ko‘rishni anglab, his qilib etishda xolos. Ana shu konkret bitta odamga tegishli tuyg‘ular, hissiyotlar ayni paytda butun insoniyatga, hamma odamlarga bir xilda alog‘adorligini anglash she’rni his qilishdagi birinchi qadam, dastlabki odim bo‘ladi.
Zulfiya qator dostonlar yaratdi. Uning «Uni Farhod der edilar», «Quyoshli qalam», «Xotiram siniqlari» kabi dostonlari shoira dunyoqarashining kengaygani, turmush tajribalarining ortgani, tuyg‘u va fikrlarining teranlashganini yaqqol ko‘rsatib turadi. «Quyoshli qalam» dostonini o‘zbek adabiyotining zabardast adibi Oybekka (xotirasiga) bag‘ishladi. Unda imkon qadar shoir ruhiy olamini ochib berishga intildi. Zulfiya uzoq umr ko‘rdi. «Xotiram siniqlari» dostonida aytganidek:
Hurriyat keldingmi, nahotki kelding,
Kelar yo‘llaringda pinhona toldim.
Mening ota-onam, jon Vatanimda,
Elim taqdirida abadiy qolding
U baxtli zamonamizni-Vatanimiz Mustaqilligini ko‘rishga muyassar bo‘ldi, xalqimiz boshidan o‘tgan dardu jafolar ortda qolganidan shukronalar aytdi.Uning she’riyati xalqimizning ruhiy-ma’naviy olamini boyitishga
ko‘maklashaveradi. «O‘ylar» to‘plamim bosilib chiqqanda, adabiyotchi do‘stlarimdan biri menga «She’rlaringizni tushunish qiyin bo‘lib ketayapti», dedi. Bu gap meni juda tashvishga soldi. Kitobda o‘zim uchun allaqanday bir yangilik zuhur bo‘lganini sezardim. Lekin aybga qo‘shilmasinu, buni o‘z nazarimda, orqaga qarab qaytish emas, mahoratda bir pog‘ona ko‘tarilish, deb bilardim. Men hadeb ishlatilaveradigan bir qator: nisbatlar, sifatlar, istioralardan — adabiyotshunoslar «an’anaviy obrazlar» deb ataganlari — narsalardan qochishga uringan edim, har bir she’r uchun, agar ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga yarasha istioralar ixchamgina iqlimini yaratib, uni mavzuning shu she’rdagi yo‘nalishi, shu she’rdagi hissiy kayfiyat bilan bog‘lashga intilgandim. Tushunish qiyin degan gap siyqa iboralardan nariroq turganimdan kelib chiqdimi?
... Bu kitobga kirgan she’rlarimning ko‘pchiligi ancha murakkabroq ko‘ringan bo‘lsa, mening she’rga ko‘proq mag‘izbaxsh obrazlar orqali fikrni ifoda etishga erisha olganimdandir. Albatta, bu she’rlarning hammasini ham minbar she’rlari, deb bo‘lmaydi. Zotan, she’rni har mahal
minbar atrofida yig‘iladigan she’rxonga atab yozmaymiz-ku». Chindan ham shoiraning 80—90-yillar she’riyati «mag‘izbaxsh obraz»larga boyligi, fikriy teranligi, falsafiy yo‘nalishi bilan ajralib turadi va o‘z-o‘zidan sinchkov, serfikr va haqiqiy she’r shinavandasiga sehr eshigini lang ochib beradi., Mana bu «Shoshma, hali!» she’ridan keltirilgan parada tashqi tomondan «murakkab», kutilmagan obrazlar, she’rga «yot» tushunchalar ishlatilgan, ammo u iztirobga tushgan, kuyib-yongan qayab holatini to‘la, tiniq aks ettiradi:
Goho ziq, zich,
Goho qo‘rsiz kunduzimning, .
Yo uyqusiz tunlarimning
Uvadasi yig‘indisi—asablarim
Shu qurtsimon
Boshdan-oyoq birday qamrab
Yuragimni tishlay boshlar.
Bu azobga tob bermoqqa urinaman,
Urinaman,, to‘lg‘onaman.
Miyamdagi bitta sanchiq,
Usta qoqqan mixday mahkam.
"Shoiraning «Yillar», «O, ertam, eng go‘zal afsonam», «Men bo‘lmasam» kabi o‘nlab she’rlari, ayniqsa, so‘nggi yillardagi she’rlari shu yo‘nalishda bitilgandir. Zulfiya she’rlarining ixchamligi bejiz emas. Bu ham shoiraning so‘z zimmasiga katta fikr, his-hayajon yuklay olganining natijasidir. Agar fikr va kechinmaning yangi jihatlari ko‘rinib qolsa, u mustaqil, ammo mazmunan, ruhan o‘zaro bog‘langan bir necha she’r yaratadi. Zulfiya ijodidagi turkum she’rlar shu tarzda tug‘ilgan.Shoira dostonchilikni u qadar xush ko‘rmaydi. «Ammo doston janri, har qalay, menga nobop ko‘rinadi, -degandi u. — Men bu janrni xush ko‘rmayman, uning kelajagiga ko‘p ishonmayman. Shakl ixchamligi va
shaklga joylashpsh fikrning rangdorligi menga ko‘proq yoqadi. Tuyg‘ular toshqinligi va fikrlar teranligi bir-biriga muvofiq bo‘lishi kerak. Bu narsa she’rda oson hal bo‘ladi. Dostonlarim shuning uchun ham kichkina, ular ko‘proq-uzun she’rlarga o‘xshab ketadi». Zulfiyaning «Uni Farhod der edilar”, «Quyoshli qalam», «Xotiram siniqlari» dostonlari chindan ham juda ixcham. Shoiraning dostonchilikdagi tajribalari va bu janrning kelajagiga u qadar ishon masligi zamirida haqiqat borga o‘xshaydi. Nasr, dramaturgiya, kino, televideniye rivojlangan hozirgi zamonda doston imkoniyati chegaralangandek tuyuladi. Albatta, hamma gap ijodkorning xohish va mahoratiga bog‘liq. Baribir, hozirgi zamon jahon she’riyati tajribasida, meningcha, dostonchilqda kashfiyot qilishga urinish va erishish sezilayotgani yo‘q. Zulfiya «chop etilgan she’rlarimda qalbimdagi quvonch, dard, hayajonlarimning suvratini ko‘rganday bo‘laman», degandi. Bu haqqoniy e’tirofdir.Zulfiya she’riyati teran fikr bilan jo‘shqin hissiyot uyg‘unligidan hosil bo‘lgan, demak, intellektual va psixologik she’riyat. U tahliliy, falsafiy, o‘ychan, ayni chog‘da aniq manzarali. Shoira hissiyot oqimini, kechinma manzarasini, o‘tkir dramatik holatni ham, dramatizmning cho‘qqisidir. Unda vaqt va makon qamrovi keng, yaxlit. Ijodida xotira, taqdirdosh, yuragiga yaqin kishilar, kelajak ohanglarining barqarorligi shundan.
Ayriliqning umidbaxsh tasviri
Mevaning toti u yetishgan og‘ochga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, ijodkorning bitganlari uning shaxsiyatiga ham shunchalik aloqadordir. Sobiq sho‘ro davridagi ijodkorlar orasida Zulfiya she’riyati shu jihatdan, ayniqsa, ajralib turadi. Uning nozik chizgilar, go‘zal tashbihlar bilan bir vaqtda “inson ruhiyatini g‘ajib tashlay oladigan” ayriliqdan tug‘ilgan tiyiqsiz iztirob, taqdirning notantiligiga po‘rtanavor isyon aks etgan lirikasi shoira shaxsiyati va ruhiyatidagi inja manzaralardir, deyish mumkin.
Zulfiya ijodida hijron, sadoqat to‘g‘risidagi she’rlar salmoqli o‘rin egallaydi. Bu – tabiiy hol. Negaki, u o‘zining ikki kishi uchun yashalgan uzoq umri davomida ayriliqning ellik ikki yillik yo‘lini bosib o‘tib, hijron kuychisi va sadoqat timsoliga aylandi. Shoiraning nihoyasiz ayriliqning hasratlari aks etgan she’rlarida badbinlik, umidsizlik, noshukurlik, so‘ngsiz qayg‘uga asirlik tuyg‘ulari yo‘q. Uning hijronzada she’rlarida suyguvchi, suygani bois ayriliqdan qattiq kuyguvchi, ammo hayotdagi yorug‘liklarni ko‘ra olguvchi va ko‘rganiga shukronalik qilguvchi shokira ayol sezimlari aks etgan.
Zulfiyaning mashhur “Bahor keldi seni so‘roqlab” asarida uning hijron mavzusidagi barcha boshqa she’rlaridagi kabi kuchli dard, chegarasiz hijron aks etgan. Ulkan insoniy alam, o‘kinchning she’rga yo‘g‘rilgan samimiy ifodasi she’rxonning ko‘nglini titratadi. Chunki titragan ko‘ngilning manzarasi o‘qirman ruhiyati va hissiyotini ham titratishi tayin. She’rda ifoda etilgan shoira, bahor, yel timsollarining bari sog‘inch dardiga mubtalo. Ularning uchalasi ham o‘rik gullariga maftun bo‘lib, bahor yellarini “baxtim bormi deya” so‘roqqa tutgan, shoiranida, bahornida, yelnida yaxshi ko‘rgan jingala sochli xayolchan yigit Hamid Olimjonni birday sog‘inishgan. Bu dard uch qayg‘ukashni bir-biriga yaqinlashtiradi, ularni bir-birini suyashga, bir-birini tuyishga undaydi.
Birinchi to‘rtlik mazmun-mohiyati bilan she’rga kirish vazifasini o‘taydi. Lirik qahramonning atrofidagi hamma narsa bahor qaytib kelganidan darak beradi. Tabiat marhamatli, unda fasllar aylanib kelaveradi. Ko‘klam go‘zalligiga burkangan olam – to‘kis. Unda bultur bor bo‘lgan narsalarning deyarli barchasi bu yil ham mavjud. Lekin lirik qahramon, bahorning o‘zi va sarin yel uchun olam to‘kis emas. Ular kimnidir qo‘msaydi, qidiradi, topgisi keladi.
She’rning ikkinchi bandida lirik qahramon izlayotgan odamining tabiati qandayligini tuydirishga diqqat qaratiladi:
Qancha sevar eding, bag‘rim, bahorni,
O‘rik gullarining eding maftuni.
Har uyg‘ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko‘zlaringga surtib o‘parding uni.
O‘qirman ko‘klamni yaxshi ko‘rgan, o‘rik gullariga maftun bo‘lib, sha’niga she’rlar bitgan, bahorda uyg‘ongan har bir kurtak go‘yo unga hayot berganday ko‘zlariga surtib o‘padigan odamning tabiati, hissiyot olamini sezganday bo‘ladi. Bahorning uni izlab sarsari kezishini ham bu shaxsning qandayligini ko‘rsatuvchi belgi deyish mumkin. She’rda bahorning holati: “Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni, Ul ham yosh to‘kdi-yu chekildi nari” misralari orqali berilishi ko‘klamga muhabbat qo‘yib, uni ham o‘ziga shaydo qilgan shaxs tabiati haqida muayyan tasavvur uyg‘otadi. Bahorning qish yoqasidan tutishi shoira ko‘ngil holatini ifodalashi bilan birga yaralish fasli ko‘klamning yo‘qotish fasli qishga munosabatini ham aks ettiradi. Olamni ramziy idrok etishga odatlangan xalqimizning badiiy tajribasi bu o‘rinda “qish” timsoli o‘lim ramzi sifatida kelayotganligini anglatadi. Qishning bahor bergan haq savolga javob topolmay ko‘z yoshi to‘kishi, nari chekinishi bilan lirik qahramonning ko‘klam yeli so‘roqlari qoshida lol qolishi holatidagi uyg‘unlik tasviri she’rxonni o‘ziga rom etadi. O‘qirman o‘z husnu ko‘rkini ko‘rsatmoqchi bo‘lib shoir yigitni bog‘lardan, yashil qirg‘oqlardan qidirgan shabbodaning uni topolmagach, qahr bilan bo‘ronga aylanib jarliklarga bosh olib ketishi, alamdan tog‘larning toshini soylarga qulatishi tasvirini tabiiy qabul qiladi. Sezgir o‘qirman lirik qahramonning yanoqlari za’faronligi sabablari to‘g‘risida ham o‘yga toladi.
She’rda lirik qahramon yotog‘iga kirib, uni savolga tutgan tong yelining dardi insonning dardi kabi samimiy va chin tasvirlangan. Bu misralar bilan tanishayotgan o‘qirman tomog‘iga yig‘i tiqilganday bo‘ladi. Lirik qahramon, yel va bahorning she’rda aks etgan qayg‘uzada holatlarini tuyish she’rxon hissiyotini junbushga keltiradi. She’rning kuchi ham odamni ana shu holatga sola bilganida:
…Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol?
Nechun qora libos, sochlaringda oq?
Nechun bu ko‘klamda sen parishonhol?
Yelning sog‘inch va alam to‘la bu savollari qarshisida lol qolgan, o‘ttizga ham kirmay sochlariga oq oralagan, qora libos kiygan parishonhol ma’shuqa ne qilarini bilmay, uning etagidan tutib, u bilan birga qabristonga – oshiq yoniga ketadi. Yelning alam zo‘ridan aftoda kezib, og‘ochlarning hali uyg‘onmagan kurtaklariga g‘amnok so‘zlashi, hali ochilmagan g‘unchalar bag‘rini chok-chok etishi holati tasviri katta ta’sir kuchiga ega. She’rda tabiat hodisalari bilan shoira dardining mohirona uyg‘unlashuvi inson ham, tabiat ham taqdir irodasi oldida ojiz ekanini ko‘rsatadi. Ko‘klam ham, yel ham ma’shuqa singari bu yo‘qotishga ko‘nishga majbur. Ular ko‘nmay ilojlari yo‘qligini bilishadi, ammo ayriliqqa ko‘nikish ham qo‘llaridan kelmaydi. Tirik jonki bor hayotning azaliy qonunlari bilan hisoblashishga majbur. Ana shu majburiyat she’r qahramonini yashashga mahkum etadi. Qolaversa, shoira suyuklisining hayotini davom ettirish, jo‘shqin ovozini so‘ndirmaslik uchun ham yashashi kerak. She’rning so‘nggi bandidagi: “Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda, Hayotni kuylayman, chekinar alam. Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda, Men hayot ekanman, hayotsan sen ham” misralarida aks etgan nekbin samimiyat, ikki kishi uchun yashash mas’uliyatini zimmasiga olgan lirik qahramonning qat’iy ishonchi o‘qirman ko‘nglida chuqur iz qoldiradi. So‘nggi bandning ifoda tarziga e’tibor qilgan she’rxon shoiraning qator badiiy kashfiyotini sezadi. Chunonchi, misralarda “h” tovushining to‘rt bor qaytarilgani, “t” bilan boshlanadigan ikki so‘zning yonma-yon keltirilgani, “qalbimda”, “qo‘limda”, “yodimda” so‘zlarining musiqiy ohangdoshligidan mohirona foydalanish she’rning ta’sir darajasini oshirib, uni hijron lirikasining yuksak namunalaridan biriga aylantirgan.
Shoiraning ayriliq ifodasi bo‘lmish yana bir she’ri “Ko‘rganmiding ko‘zlarimda yosh” deb ataladi. She’rning birinchi bandida gul berishning ikki shakli tasvir etilgan. Oldin oshiq lirik qahramon – ma’shuqaga gul keltirgan bo‘lsa, o‘lim ularning o‘rnini almashtiradi. Lirik qahramonning: “Endi har chog‘ men eltaman gul”, – degan hasrati sababi shunda.
Zulfiyaning hijron lirikasida unga hamisha tabiat hamdard. Bu holat she’rning ikkinchi bandida yaqqol aks etgan:
Keldim. Uzoq qoldim men sokin,
Sening aziz boshingda yolg‘iz.
Osmon tiniq edi va, lokin
Parcha bulut yetib keldi tez.
Osmon tiniq bo‘lishiga qaramay, yo‘q yerdan parcha bulutning yetib kelishi, lirik qahramonning ko‘zlarida yosh ko‘rib, uning iztiroblariga bardosh qilolmay, duv-duv yosh to‘kishi tasvirining ta’sir darajasi, samimiyligi, haqqoniyligi, hayotiy asosi she’rxonni o‘yga toldiradi.
She’rning so‘nggi bandidagi dastlabki ikki misra o‘qilganda, ikki munglug‘ jonning holatidan o‘qirman yuragida ham ismsiz bir og‘riq paydo bo‘lib, ko‘zga yosh qalqitadi. Bu misralar o‘qirman ko‘nglida qani edi, shoira izlayotgan odam: “Keldingmi?”- deb yotgan joyidan bosh ko‘tara qolsa, degan istakni uyg‘otadi. She’rxonda ana shunday tuyg‘uni paydo qilishning o‘zi shoir uchun eng yuksak natijaga erishmoqdir. Asl intim lirika namunasigina shunday quvvatga ega bo‘ladi. Odam o‘zganing emas, o‘zining tuyg‘ulari tasvirini bergandagina samimiy bo‘la oladi. Zero, sinchkov adabiyotshunos Fayzulla Salay qayd etganidek, intim lirika: “…samimiy do‘stlik, muhabbat, vafo va sadoqatni tarannum etuvchi lirik asarlardir. Intim lirika paydo bo‘lishi jihatdan g‘oyat qadimiydir. Negaki, ilk san’at asarlarida kishilararo munosabatlar yetakchi o‘rin tutganligiga shubha yo‘q. …Dil rozi, muhabbat izhori, hijron dardi, visol quvonchi barcha xalqlar she’riyatining doimiy motivlaridan sanaladi”.
Zulfiyaning “Sen qaydasan, yuragim” she’ri Hamid Olimjon vafotidan bir yil o‘tgach yozilgan bo‘lib, unda hijron o‘tida qovrilayotgan alamdiyda ayolning chin tuyg‘ulari yorqin aks ettirilgan. O‘quvchini she’rning ohangi o‘ziga jalb etadi. Mazmuni g‘amdan iborat she’rning ohangi ham g‘amgin. Bu ohangda adoqsiz g‘am og‘ushidagi shoiraning shikasta ovozi, yo‘qsil ruhi aks etadi. Hazin ohang o‘qirman tuyg‘ulari ko‘zini ochib, she’r ruhi tuyilishini osonlashtiradi.
Zulfiya uchun Hamid Olimjon ham sevimli yor, ham maslakdosh do‘st, ham ustoz edi. Endi u – yo‘q. Yig‘lamaslik, g‘amga cho‘kmaslik imkonsiz. Iroda ojizlik qilmoqda. Atrofda odam ko‘p-u, lirik qahramon “yakka-yolg‘iz”. Chunki uning suygani olamda birgina edi, xolos. Uning o‘rnini bosib, qahramonni yolg‘izlikdan xalos eta oladigan odam yo‘q. Uning xayoli o‘zi bilmagani holda yo‘qotganini izlash bilan ovora. Yorini yo‘qotganidan dunyoning rangsizlanib qolganini shoira: “Birdan qalbim keksarib”, – deya ifodalaydi. Bor-yo‘g‘i o‘ttiz yoshdagi shoiraning dardu hasrati she’rda bandma-band oshib boraveradi: “Qayga ketding, yuragim, Bitdi bardosh va toqat. Suhbatingdir tilagim, Tilda hasratim qat-qat”. Ayriliq zo‘ridan tili va dilida hasratlar qat-qat bo‘lgan mushtipar ayolning ruhiyati ushbu misralarda yaqqol aks etgan.
Zulfiya yoridan ayrilgan kezlarda odam o‘z g‘amini aytish imkonidan ham mahrum ekani fojia ko‘lamini yana kuchaytiradi. Negaki, hukmron mafkura sovet tuzumida yashayotgan odamlarning hammasidan yoppasiga baxtiyorlikni talab qilardi. Qayg‘u haqida gapirayotgan odam mavjud tuzumning dushmani sanalardi. Zulfiyaga, yuragi alamlardan pora bo‘lgan yorga, hijrondan o‘rtanayotgan beva ayolga, norasida farzandlarining so‘roqlariga javob topib bera olmayotgan bag‘ri qon onaga, baxtsizlikdan o‘rtanayotgan shoiraga g‘am to‘g‘risida, hijron to‘g‘risida keragidan ortiq yozmoqda degan ayb qo‘yiladi! Bu da’voni begonalar emas, uni yaxshi biladiganlar, yonida yurganlar qilishadi. Ushbu holat she’rda, garchi, “Yig‘laysan deb do‘stlarim ta’na qilar. Netay men?” tarzida muloyim bir hazinlik bilan ifodalangan esa-da, bu misralar zamirida adoqsiz va unutilmas alam silqib yotibdi.
Ahdida ustuvor va tuyg‘ulariga xiyonat qilmagan shoiraning kechinmalari sovimaydi. Alami, hijroni har zumda yangilanib, tobora kuchayib boraveradi. Ro‘zg‘ori, farzandlari, kitoblari, do‘stlari yo‘qotgan kishisini qayta-qayta esga solavergani bois quyidagi o‘tli satrlar qog‘ozga inadi: “Sovush bermaydi menga, Yoqib ketganing olov”. Muhabbatning olovi – mangu yongulik qudratga ega. Aql yorning qaytib kelmasligiga iqror bo‘lsa ham, ruh bunga ko‘nikmaydi, u berahmlik bilan qaytmas bo‘lib ketgan yorga talpinaveradi. Sadoqatli shaxsning azoblari tinimsiz davom etaveradi. Ushbu dramatik holat shoiraning shaxsigagina tegishli bo‘lsa-da, u kechirgan tuyg‘ular chin bo‘lgani bois boshqalarga ham begona emas.
Shoiraning “Ne baloga etding mubtalo” she’rida Hamid Olimjon nomi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmaydi. Ammo shoiraning hayot yo‘li bilan birmuncha tanish bo‘lgan har bir o‘qirman she’rning u haqda ekanligini tuyishi tayin. She’rdagi alamli murojaat, javobsiz savollar kimga atalganini aniqlashga urinish shunga olib keladi. She’r 1945 yilda yozilgan. Fojia ro‘y berganiga yil o‘tgan, lekin uning alamlari eskirgan emas. “O‘tdi oylar g‘am bilan oqib, Dil topmadi zarra tasallo” misralarida shoiraning insoniy dardi ko‘lami tasvir etiladi. Oylarning g‘am bilan oqishi tasviri tuyg‘uning miqyosi va shiddatini o‘qirman tasavvurida gavdalantirishga xizmat qiladi. Ayriliq tufayli paydo bo‘lgan g‘am daryoday oqmoqda. Hijron oylari ana shu g‘am o‘zanida oqib bormoqda. Vaqt tinimsiz o‘tib borayotir. U har qanday dardni unuttirishi kerak. Lekin vaqtning o‘tishidan shoira dili zarra qadar tasalli topa olmayapti. Haqiqiy va ulkan yo‘qotish oldida vaqt ham ojiz.
Ikkinchi banddagi “Ko‘z ochgani qo‘ymaydi alam, Boshim qo‘ysam kuydirar bolish” misralarida teran poetik ma’no o‘ta ta’sirli shaklda ifoda etilgan. Alamning zo‘ridan ko‘zini ocholmaydigan holga tushgan, yuragidagi g‘am o‘tining kuchi beva ayolning aslida muzday bo‘ladigan bolishini kuydirar darajaga yetgani ifodasi shoira tuyg‘ularini o‘qirmanga ham to‘la yuqtiradi. Ko‘ngilda yonayotgan ayriliq alangasi sabab yostiq boshni kuydirishi ifodasining shu qadar shoirona berilishi o‘qirmanni befarq qoldirmaydi. She’rda iztirobli tuyg‘ular g‘oyat izchil tasvirlangan: vujud va yurak qiynog‘i ifodasidan keyin bu qiynoqlarni bosish uchun kitob va qalamga qo‘l urilgani, ammo na kitob, na qalam qahramonni yupata olgani aks etadi. “Misralarim ko‘tarar nolish” satrida esa kuchli mantiq juda chiroyli ifodasini topadi: ayriliq iskanjasidagi odam g‘amni unutmoq uchun qo‘liga qalam olsa-da, qalam o‘z-o‘zidan yana nolani, yana dardni, yana hijronni ifodalayveradi! Chunki chinakam she’r ko‘ngil holatining manzarasidir. Ko‘ngilda esa ayriliq dardi hukmron. Shoira o‘z hissiyoti xurujining quyuq manzarasini bergach, so‘raydi: “Nahot shuncha ma’sum, shuncha pok Sevishmoqda alam bor shuncha”. Sirtdan qaraganda, bu so‘zlar oshiqqa qaratilganday ko‘rinsa-da, aslida taqdir, qismat so‘roqqa tutilmoqda. “Shuncha” so‘zining takror ishlatilishi g‘amining naqadar kattaligini o‘zi ham tuzukroq tasavvur qilolmayotgan kishi holatini aks ettirgan. Hushyor she’rxon yuqoridagi misralarda Hamid Olimjonning mashhur “Ofeliyaning o‘limi” she’ridagi “Hali sevishmoqda shumidir ma’no? Faqat azob bordir qismatda, nahot?” satrlarining nuqsi borligi va bu tabiiy ekanini anglaydi.
She’rning so‘nggi bandi o‘qirmanni o‘ylashga undashi, tuyg‘ular rang-barangligini sezishga yo‘naltirishi bilan ajralib turadi:
Erib ketmagandim sevgingdan,
Bo‘lmaslikchun baxtingdan judo,
Birga qolish uchun sen bilan
Kuyamanu bo‘lmayman ado.
Shoira vujudidagi tuyg‘ular mavji uni baxtiyor damlar qatlanib yotgan xotiralar qirg‘og‘iga keltirib tashlaydi. U armon bilan eslaydi: tirikligingda sendan ayrilmaslik, baxtdan judo bo‘lmaslik uchun olovli muhabbating taftida erib ketmagandim. Endi qabring poyida sen bilan birga qolish uchun shamday kuyamanu, ammo ado bo‘lmayman! Demak, avval, erish mumkinligida ayrilmaslik uchun atay erimagandim, endi senga qo‘shilish uchun atay kuyib ketmoqchimanu eriy olmayotirman! Bir yuksak tuyg‘uning ikki qarama-qarshi ma’nolar tashiydigan baytlarda ifodalanishidagi ifoda go‘zalligi she’rning badiiy qimmatini oshiradi.
Zulfiyaning “Sensiz” she’ri 1970 yilda yozilgan. Mazkur she’rni shoira hayotidagi fojianing bevosita aks-sadosi deyish qiyin, chunki oradan chorak asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan, oddiy tasavvurlarga ko‘ra, har qanday g‘am-alam unutilishi uchun yetarli fursat kechgan. She’rning ohista boshlangan dastlabki misralari ham shuni tasdiqlaganday bo‘ladi: “Mana bir umrni yashadim sensiz, Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib”. O‘quvchi ilk misralarning ma’nosini chaqib, ular zamiridagi go‘zallikni ko‘ra olsa, quyidagilarni kashf etgan bo‘lardi: shodliklar oshiq bilan qabrga kirgan, shu bois qaytmas, lirik qahramon buni juda chuqur his etadi. Ammo u umidvor inson, baribir qandaydir mo‘jiza yuz berib yorining qaytishini kutaveradi. Shu taxlit aldamchi umid bilan butun bir umr yashab qo‘yilibdi! Shuning o‘zi – bir insonga yetgulik fojia. Ammo she’rdagi fojiaviy ohang misrama-misra yanada yuksalib boraveradi. Chunki lirik qahramonning yarador qalbini baxt ham, bahor ham, qish ham qiynaydi. Negaki, birovning baxti o‘zining baxtsizligini esiga soladi, yorning sevgan fasli bahor qaytib kelaveradi, bahorni sevuvchi insonning o‘zi esa yo‘q. Qish – og‘ir kechadigan fasl, shu bois bari- bir bahorni – yo‘qotilgan sevgini esga tushiraveradi. Qayg‘uga ham befarq bo‘lolmaydi, zotan, har qanday insonning har qanday qayg‘usi qahramon qayg‘usiga o‘xshash, hamohang!
U seviklisini unuta olmaydi, esdan chiqarishga urinsa ham, buning uddasidan chiqolmaydi. Va ayriliqdan hadsiz qiynalib ketganlarida xayolan yoridan so‘raydi: “Tirik ekan nega tashlab ketmading?” Bu misra – suygan odamning ilojsizlikdan, muhabbat va ayriliq qarshisidagi ojizlikdan bildirgan noroziligining avj ifodasi. Shundan keyingi misralarda yorning tirikligida shoirani tashlab ketishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan xayoliy go‘zalning sifatlari keltiriladi. Shoiraning tasviricha, suyganidan tiriklikda ayrilganda, keyingi hijron bu qadar og‘ir kechmagan bo‘lardi!
Lirik qahramonning tuyg‘ulari – pokiza. U biladi hijron azobli, tirik turib ayrilish har nedan qiyin, lekin sevgan kishisining hayoti uchun har qanday azobga-da tayyor: “Bilardim, qaydadir olasan nafas”. Shoira tuyg‘ular tasviri maromini buzmaydi. Lirik qahramon sevgisi rad etilgan har qanday ayol singari: “Bilaman, rashk meni etardi halok, Afzal ko‘rganingni qarg‘ab o‘tardim”, – degan so‘zlari bilan o‘zining bir ayol sifatidagi asl tuyg‘ularini ochiq aytadi. Jonidan ortiq yaxshi ko‘rgan kishisining qandaydir boshqa birov bilan qaydadir nafas olishini his qilish qahramon uchun oson emas. Garchand, u bugunga kelib, qaytarilmas yo‘qotishlar qarshisida shunga ham rozi esada. Shu bois u nega tirikligingda tashlab keta qolmading, ayriliqni kechirish osonroq bo‘larmidi deb iddao qiladi.
Zulfiya she’rlarining aksariyatida kuchli obraz, porloq fikr ko‘pincha so‘nggi bandda beriladi. Lirik qahramon o‘z qismatining taxirligidan nolib kelar ekan, tuyg‘ular junbushi borgan sari yuksalib boraveradi. So‘nggi bandda, nihoyat, shoira tan oladi: “Ma’yus taqdiringga yashab men sherik, Mushkul bo‘layotir shodlik yaratmoq”. U yorining qismatisiz, uning ma’yus taqdiriga sherik bo‘lmasdan yashay olmaydi. Noravo hayot esa undan “shodlik yaratishni” talab etadi. Shu bois lirik qahramon suyganidan norozi bo‘ladi, shu sabab alam bilan unga murojaat etadi: “Nega tirik ekan tashlab ketmading, Tashlab ketmading-sa boshlab ketmading?!” Lirik qahramon holatining, tuyg‘ulari ko‘lamining yorqin ifodasi she’rning so‘nggi ikki misrasiga go‘zal joylangan. She’rning eng so‘nggi qatorida “ekansan” so‘zining “sa” tarzida o‘ta qisqartirib berilishi ham, -sa shakli tufayli jumla qurilishidagi o‘zgarishlar ham qahramon ruhiy holatini quyuqroq ifodalashga, tasvirning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan.
Zulfiya faqat o‘z shaxsiy hayoti qobig‘ida qolishi mumkin bo‘lmagan miqyosdagi ijodkor edi. Shoira ayriliqdan o‘zga hayotiy yo‘nalishlarda ham ko‘plab sevgi she’rlari, dostonlar, poetik manzaralar yaratgan ijodkordir. Jumladan, shoiraning “Oydinda” she’rida ko‘klamning yomg‘irdan keyingi tunlaridan birida yulduzlar charaqlagan osmon, olamni oqlikka o‘ragan oy, xayol kabi to‘zg‘in bulutlar go‘zalligini ko‘rib hayajonga tushgan shaxsning kechinmalari, hayratlari qaytarilmas yo‘sinda aks ettirilgan. Bu asar shoira she’riyati yo‘nalishining sertarmoqligini ko‘rsatib, hassos qalbli ijodkorning ayriliq she’rlaridan keskin farq qiladigan badiiy yuksak yaratiqlari ham borligini bildirishi bilan ahamiyatli. She’rda oyning “jilib-jilmas”ligi, “anhorda qulun toy”ligi-yu, “gilosda shig‘il-shig‘il” aks etganligi, “bulutning xayolday yengil”ligi tasviri o‘qirman kayfiyatinida lirik qahramonnikiga sherik qiladi.
Anhor tinimsiz to‘lqinlanib oqadi, shu bois unda aks etayotgan oy qulunday yugurik. Yomg‘ir yuvib ketgan gilos mevalarining har birida bittadan oy jilva qiladi, shu bois gilosda “oy shig‘il-shig‘il”. Hovuz oqmaydi, shu bois oy unga yaxlit oynaday bo‘lib yoyilgan, oyni yaxshiroq ko‘rmoq ilinjida egilgan shoira yana bir Oyga – o‘ziga ro‘baro‘ keladi. U go‘zal malika yanglig‘ ming-ming yulduzni sidirg‘asiga chayqab, yerga sudrab ketmoqda. Chunki tiniq osmonning hovuzdagi aksi ko‘kdagidan-da tiniq ko‘rinadi. Ortidan minglab yulduzlarni ergashtirib ketayotgan oyday malak o‘quvchi ko‘z oldiga keladi. “Sel unutgan ko‘lmaklar Misli oyning singani” misralaridagi chiroyli o‘xshatishdan tashqari “sel unutgan ko‘lmak” obrazli ifodasi haqida o‘yga tolish, uning tagiga yetishga urinish she’rxonni yuksaltiradi. Samimiy tuyg‘ular ifodasi bo‘lmish she’rdan hayratga tusha oladigan, chinakam she’riy satrlar bag‘ridagi sehrni his qilishga qodir o‘quvchi ma’naviy olamida ezgu sifatlar shakllanishi shubhasizdir.
Shoiraning “Tun” she’rida ko‘ngil holati tabiat manzarasiga mahorat bilan uyg‘unlashtirilgan. Bu asarning dastlabki ikki misrasiyoq kishi diqqatini tortadi: “Tog‘ ortiga o‘tib ketdi kun, Sekin cho‘kdi toza, salqin tun”. Bir qaraganda kunning tog‘ ortiga o‘tib ketishi va tunning kirib kelishi tabiatning jo‘n bir holati. Lekin bu holatning shoirona tasviri, bu tunda shoiraning bedorligi, qop-qorong‘iligining o‘zi bilan ko‘ngillarda hadik uyg‘otuvchi tunning toza deb ifodalanishi, uning kirishi “cho‘kdi” tarzida ta’riflanishi kishini yon-veridagi narsa-hodisalarga boshqacharoq, shoirona ko‘z bilan qarashga undaydi. She’rga kirish vazifasini o‘tagan bu ikki misra tinglovchini ruhan tun quchog‘iga yetaklaganday bo‘ladi. Ular zamiridagi sokin va betakror ohang o‘quvchini shu holatga olib kiradi.
She’rning keyingi bandi ohangi esa tamomila o‘zgachalik kasb etadi: “Men deraza ochganim chorbog‘, Sokin uxlar tun ko‘rpasida. Mayin qo‘shiq yoyilar har yon, Esib o‘tgan yel sharpasida”. Kirish misralardagi tunga munosib sokinlik o‘rniga ilk bandda quvnoq hayotbaxsh ohang, tabiatning cheksiz go‘zalligini ko‘ra oladigan, undan zavqlana biladigan, toshib chiqayotgan tuyg‘ularini ifodalashni uddalaydigan lirik qahramon tiynati aks etadi.
Misralarda “tun ko‘rpasiga burkangan chorboq”qa deraza ochgan shoira tuyg‘ulari, yel sharpasidan taralayotgan mayin qo‘shiqni ilg‘agandagi ko‘ngil holati o‘qirman tasavvurida gavdalanadi. Ikkinchi bandda she’rxon diqqati tunni allalab oqayotgan suvga tortiladi. O‘qirman suvning tunni allalashi tasviriga ilk bor duch kelgani uchun bu chiroyli tashbih uni o‘ziga rom qiladi. Banddagi qolgan uch misra shoiraning bedorligi holatini ifodalaydi. Uning hamrohlari: “parcha qog‘oz”, “kichik bir qalam”, boshi uzra porlab turgan chiroq va suv allalayotgan sokin tun. Mahorat bilan qilingan tasvir o‘quvchi ko‘z oldiga bedor lirik qahramon “berilib quloq sol”ayotgan tunning kuyi, quyilib kelayotgan xayollarning rang-barangligi va ko‘ngildan kechayotgan tuyg‘ular ifodasiga so‘z topolmay shoshib qolgan qahramon holatini keltiradi. Sokin tunda ko‘nglida sodir bo‘layotgan kechmishlarga rang axtarib, topa olmay qiynalayotgan insonning holatini hissiyot qo‘zg‘aydigan tasvirga aylantirish chin iste’dod egasininggina qo‘lidan keladi.
“Tun”ning to‘rtinchi bandida parvona timsoli tasvirga tortiladi: “Sof yel esar… Parvona uchar, Chiroq atrofida o‘rgilib, O‘zin urib part bo‘ladi-yu, Stolimga tushadi kelib”. Shoira chirog‘i atrofida “o‘rgilib”, o‘zini olovga urib “part bo‘lgan” parvona mumtoz adabiyotda ko‘pincha ishq o‘tida o‘zini qurbon qilgan oshiq timsolida namoyon bo‘ladi. Mazkur she’r o‘quvchilarni parvona kimning timsoli ekani to‘g‘risida o‘ylashga majbur qiladi. Keyingi bandda tun ta’sirida shoira ko‘nglidan kechgan ismsiz tuyg‘ularning she’r shaklida bir parcha qog‘ozga to‘kilishi jo‘ngina “men yozaman” shaklida ifodalangan.
Shoiraning yuragi dunyodagi ezguligu yovuzlik, go‘zalligu xunuklikka ochiq ekani bois hayotdagi hamma narsa unga ta’sir qilib, muvozanatdan chiqaradi. Hayot hodisalari tufayli ko‘nglida sodir bo‘layotgan bezovtalik, dard unga tinchlik bermaydi. U yozmasa, tuzalmaydi, yengillasholmaydi. Unga tunlari uyqu bermay bedor qilgan ham shu – dard. Samimiy ko‘ngilda paydo bo‘lgan va so‘z bilan moddiylashgan dard qaysidir darajada, boshqalarga ham xosligi, ularning ko‘ngil torlarini cherta bilgani uchun ham shoiraning she’rlari o‘zgalarga ta’sir qiladi, huzur bag‘ishlaydi. O‘zgalargada “yuqadi”gan dard tufayli lirik qahramon tunni bedor o‘tkazib, tongni kutib oladi. Tun go‘zalligidan shuncha ta’sirlangan shoira yorug‘ tongning tasviriga kirishib o‘tirmaydi. Chunki uning tasviriga qalam ojiz…
She’rning: “Ko‘zlarimda erib ketdi tun, Yoyilmoqda, yorqin juvon kun” tarzidagi so‘nggi ikki misrasi salmoqli badiiy va majoziy ma’no tashiydi. Ko‘zining oldida erib ketgan tun go‘zalligi ko‘nglida g‘alayon qo‘zg‘agan lirik qahramon yoyilayotgan “yorqin juvon kun”ni katta umidlar bilan qarshilaydi.
Yorqin iste’dod, betakror shaxsiyat, kamyob taqdir egasi bo‘lgan shoira Zulfiyaning ta’sirchan she’riyati uzoq yillar millat ahliga samimiyat saboqlarini berishda davom etaveradi.
XULOSA
Zulfiya Respublika Davlat Mukofoti sovrindori, O‘zbekiston xalq shoirasi, xalqaro “Nilufar” mukofoti, Mehnat Qahramoni unvoni va “Do‘stlik” ordeni sohibnasidir. Zulfiyaninng hizmatlari munosib taqdirlangan. Shoira 1985-yilda Mehnat Qahramoni unvoniga, 1965-yilda “O‘zbekiston xalq shoirasi” unvoniga sazor bo‘di. 1994-yilda Zulfiya mustaqil respublikamizning “Do‘stlik ordeni bilan mukofotlandi.Zulfiya o‘ziga xos ijodkor. Uning o‘z tili, o‘ziga xos uslubi bor. Teran fikrlovchi shoira Zulfiya hayot haqida o‘ziga xos tarzda poetik fikr yuritdi va o‘z asarlarini falsafiy mazmun bilan bezadi. Zulfiya lirikasi rus, ukrain, qozoq, ozarbayjon, tukman, qoraqalpoq, ingliz, hind, afg‘on, arab, chex, polyak, bolg‘ar, venger, mo‘g‘ul, fransuz va nemis kitobxonlari tomonidan ham o‘qilyapti. Shoira mavzu va goyaviy yo‘nalishi rang-barang bo‘lgan she’rlarida o‘zining etuk iste’dod egasi ekanligini namoyon eta olgan. She’rlarida qo‘llanilgan tasvir usullari va vositalari, badiiy obrazlar tuyg‘u va kechinmani o‘ziga xos tarzda tasvirlashga yo‘naltirilgan. Zulfiya hayoti va ijodini o‘rganish o‘quvchilarda insoniy fazilatlarni yuksaltirishga katta yordam beradi.Shunday ekan shoira ijodi mavzu ko'lami va mohiyati jihatdan salmoqdordir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
1.Zulfiya "Xotiram siniqlari"to'plami.
2.Shoiraning hayotiga bag'ishlangan estaliklar.
3.Izlanishlarim va fikrlarim.
4.Internet suratlari va ma'lumotlari
Do'stlaringiz bilan baham: |