Tobe (ergash) aloqalar xususida
Hokim-tobelikni belgilashda komponentlarning faqat ichki
ma`no tomoni asos qilib olinmaydi. Aks holda Navoiyning g‘azali (G‘azal Navoiyniki), Karimning o‘g‘li (o‘g‘il Karimga qarashli), daraxtning bargi (barg daraxtniki) kabi birikmalarda aniqlovchi komponent hokim, aniqlanmish komponent tobe hisoblangan bo‘lar edi. Holbuki, grammatika til faktlarini o‘rganayotganda, uning formasini, grammatik ma`nosini ham hisobga oladi.
Gapdagi ayni bir so‘z boshqa bir so‘z uchun hokim, ikkinchisi uchun
esa tobe bo‘lib kelishi mumkin. Masalan, Navoiyning g‘azalini o‘qidi gapida g‘azal so‘zi Navoiyning g‘azali birikmasida hokim,
g‘azalini o‘qimoq birikmasida esa tobe. Ergashtiruvchi vositalar (kelishik, ko‘makchilar) bilan shakllangan tobe komponentlar bu vositalarni hokim so‘z talabi bilan qabul qiladi. Masalan: sizni ko‘rmoq, sizga aytmoq, sizdan olmoq, siz bilan bormoq, siz uchun olmoq kabi. Konponentlar ichki ma`no yakinligi tufayli munosabatga kirishganda, hokim-tobelikni ko‘rsatuvchi formal ko‘rsatkich bo‘lmaydi. Bunday holda birikmaning semantikasidan bilib olish mumkin:
chiroyli kitob – belgi kitobga oid, tez yurmoq – hrakatga
oid. Hokim-tobelikni aniqlashda so‘z tartibi ham katta rol o‘ynaydi. O‘zbek tilida ko‘pincha tobe komponent hokim komponentdan
oldin keladi: xushbichim ko‘ylak, kitobdan o‘qimoq. Ba`zan poetik
asarlarda stilistik talablar bilan komponentlarning odatdagi
o‘rni almashib qo‘llanadi: Vatanim mening, gulistonim mening hokim-tobe). Ba`zan tartibning o‘zgarishi bilan so‘z birikmasi gapga aylanib qolishi mumkin: tiniq osmon – osmon tiniq.
Ergash so‘zli birikmalarda tobe komponent ba`zan uyushib yoki kengayib, yoyiq shaklda kelishi mumkin. Birikmaning bunday shakllanishi ham hokim komponint talabi bilan bo‘ladi, hokim vaziyatdagi so‘z bir necha uyushiq komponentlarni o‘ziga tobelantirib keladi: aqlli, o‘qimishli va go‘zal qiz, shirin so‘z odam va h.k.
Bu xil birikmalardagi tobe komponentlar bulinmas, yaxlit birlik sifatida bosh komponentga bog‘lanadi. Birdan ortiq bo‘linmas birikmalar uyushib hokim so‘zga bog‘lanib kelishi ham mumkin: uzun bo‘yli, qora qosh yigit, surnay pochali shim kiygan yigit.
Birikma tarkibidagi elementlarning hokim-tobeligi absolut yoki nisbiy bo‘lishi mumkin. Birikma ikki komponentli bo‘lsa, hokim-tobelik absolut bo‘ladi: mehribon ona, ona-absolut hokim. Birikma ikkidan ortiq komponentli bo‘lsa, komponentlar orasidagi hokim-tobelik munosabati nisbiy bo‘ladi: xalqimiz mehnatining tuganmas durdonalari. Bu yerda durdonalari – absolut hokim, xalqimiz – absolut tobe, tuganmas – absolut tobe, mehnatning nisbiy hokim; bu so‘z xalqimiz komponentiga nisbatan – hokim, durdonalari komponentiga nisbatan – tobe. Bu kabi munosabatlarda tobe vaziyatdagi sintaktik shakl hokim vaziyatdagi sintaktik shaklning "bo‘sh o‘rinlari" ni to‘ldiradi, uning shakliy va mazmuniy kengaytiruvchilarini yuzaga chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |