Yong‘in xavfsizligi qoidalari
1. Ushbu Yong‘in xavfsizligi qoidalari (keyingi o‘rinlarda — Qoidalar) “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq odamlarning hayoti va sog‘lig‘ini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni yong‘inlardan himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida umumiy yong‘in xavfsizligi talablarini belgilaydi.
Qoidalar davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar boshqa tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda — tashkilotlar), ularning xodimlari, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fuqarolar uchun majburiydir.
2. Yong‘in xavfsizligini ta’minlashda ushbu Qoidalar bilan birga “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan yong‘in xavfsizligi talablarini o‘z ichiga olgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga amal qilish lozim.
3. Yong‘in xavfsizligi sohasiga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda idoraviy hujjatlar talablari ushbu Qoidalarda belgilangan talablardan past bo‘lmasligi kerak.
4. Ushbu Qoidalar:
o‘rmon xo‘jaligi hududlarida;
kon qazilma va shaxta inshootlarida;
portlovchi materiallar ishlab chiqarilayotganda, tashilayotganda, saqlanayotganda, ulardan foydalanilayotganda va ular utilizatsiya qilinayotganda;
sanoat uchun mo‘ljallangan portlovchi materiallardan foydalanilgan holda portlatish ishlarini olib boruvchi tashkilotlarda;
havo, suv, temir yo‘l, avtomobil transporti hamda elektr transportida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablarni belgilamaydi.
Asosiy tushunchalar
5. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
obyekt — yuridik yoki jismoniy shaxsning mulkiy kompleksi (yoki uning bir qismi), shu jumladan, ular uchun yong‘in xavfsizligi talablari belgilangan binolar, inshootlar, transport vositalari, texnologik qurilmalar, asbob-uskuna, agregatlar, buyumlar va boshqa mol-mulk;
olovli ishlar — uchqun hosil bo‘lishi, ochiq alangadan foydalanish bilan bog‘liq ishlar (elektr payvandlash, gaz payvandlash, yonuvchi suyuqliklardan foydalanib kesish, kavsharlash lampalaridan foydalanish, bitum eritish va uchqun chiqarish bilan bog‘liq boshqa ishlar);
texnologik jarayon — modda va mahsulotlarning xususiyatini va (yoki) holatini o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar bilan bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonining bir qismi;
odamlar ommaviy bo‘ladigan obyekt — bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ko‘p odamlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan xona, bino, inshoot (turar joylar bundan mustasno);
yong‘inga qarshi oraliq — yong‘in tarqalishining oldini olish uchun binolar va (yoki) inshootlar oralig‘idagi belgilangan masofa;
yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari — yong‘inni avtomatik tarzda aniqlash va o‘chirish, tutunni chiqarish, xabar berish, yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlari, shuningdek, odamlarni va moddiy boyliklarni yong‘indan himoya qilish uchun mo‘ljallangan boshqa texnik vositalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |