Pul kredit siyosatining elementlari
Pul kredit siyosatining elementlaridan biri ochiq bozordagi operatsiyalar - jahon amaliyotida pul muomalasini tartibga solishning asosiy vositalaridan biri hisoblanib, mamlakatdagi pul taklifi ustidan nazoratning eng moslashuvchan usuli hisoblanadi. Bunda, Markaziy bank oʼz mablagʼlari hisobidan ochiq bozorda qimmatli qogʼozlarni sotib olishi va sotishi mumkin. Ochiq bozorda amalga oshiriladigan operatsiyalarda katta miqdordagi xilma-xil qimmatli qogʼozlar ishtirok etadi. Ochiq bozordagi operatsiyalar iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar АQSh, Аngliya, Germaniya, Kanada va boshqalarda XX asrning 40-yillarida davlat obligatsiyalari bozorining nihoyatda kengayishi va ularning markaziy banklar tomonidan faol sotib olinishi orqali pul-kredit siyosatining asosiy instrumentiga aylangan bo'lib, ushbu amaliyot bugungi kunda, iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklari tomonidan ham pul mablag'lariga bo'lgan taklifni nazorat qilish hamda tartibga solib turishda eng muhim sohaga aylandi. Xususan, O’zbekiston Respublikasida ham 1996 yildan 2011 yilgacha davlat qimmatli qog'ozlari muomalaga chiqarilib, ular tijorat banklari o'rtasida joylashtirilgan. 2012 yilga kelib davlat qimmatli qog'ozlarining muomalaga chiqarilishi to'xtatilgan. Hozirgi kunda, mamlakatimizda davlat qimmatli qog'ozlarini muomalaga chiqarish, joylashtirish va ularga xizmat ko'rsatish bo'yicha barcha imkoniyatlar mavjud bo'lib, bu borada yetarlicha tajriba shakllangan bo’lib. Xalqaro amaliyotda davlat qimmatli qog'ozlarining doimiy muomalada bo'lishi nafaqat davlat budjeti defitsitini moliyalashtirishning maqbul yo'li, balki mamlakat moliya bozorini rivojlantirishning muhim instrumenti bo'lib hisoblanadi.
O'z navbatida, Markaziy bank ochiq bozor operatsiyalarini faollashtirish maqsadida 2018 yildan davlat qimmatli qog'ozlarini muomalaga chiqarish borasida Moliya vazirligi bilan tegishli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Bunda, bozorning foiz stavkalari va bank tizimida tijorat banklarigi likvidlilik darajasiga ta'sir ko'rsatish, shuningdek, iqtisodiyotdagi pul massasi hajmi o'zgarishini muvozanatlashtirish maqsadida Markaziy bank ochiq bozorda davlat qimmatli qog'ozlarini, shuningdek, o'zi chiqargan obligatsiyalarni hamda boshqaruv qaroriga ko'ra boshqa qimmatli qog'ozlarni sotib olishi va sotishi mumkin. Joriy yilda Markaziy bank pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirishda davom etdi va 24 fevraldan qisqa muddatli likvidlikni boshqarish instrumentlarini amaliyotga joriy etdi. Xususan, banklar bilan davlat qimmatli qog'ozlari garovi ostida 2 haftalik REPO auksionlari va 1 kunlik overnayt REPO operatsiyalari o'tkazilmoqda.
Markaziy bank asosiy stavkasi
Markaziy bank asosiy stavkasi - pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri hisoblanadi. Banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari, shuningdek, Markaziy bank tomonidan bank tizimiga likvidlikni taqdim etish bevosita asosiy stavkaga bog'liq. Shunday qilib, asosiy stavka iqtisodiyotdagi foiz stavkalari darajasiga, shuningdek, aholi va biznesning iste'mol va investitsion sarmoya kiritish qarorlariga ta'sir ko'rsatgan holda ichki talab va inflyatsiya darajasi o'zgarishida ahamiyat kasb etadi. Asosiy stavka darajasi Markaziy bank boshqaruvi majlislarida pul-kredit siyosati sharoitlari, joriy va kutilayotgan inflyatsiya darajasi hamda makroiqtisodiy holatni inobatga olgan holda belgilanadi. Odatda, agar inflyatsiya darajasi ko'tarilsa, Markaziy bank ham asosiy stavkani ko'taradi. Agar inflyatsiya darajasi pasaysa, bunda Markaziy bank asosiy stavkani pasaytiradi. Markaziy bank asosiy stavkani o'zgartirishga qaror qilsa, bozorni mumkin bo'lgan o'sish yoki pasayish haqida avvaldan xabardor qiladi.
O'z navbatida, tijorat banklari asosiy stavkaning traektoriyasini kuzatib, pul bozoridagi likvidlik yaqin kelajakda arzon yoki qimmatlashishini tushunadilar. Tabiiyki, bu esa, banklarni o'z mahsulotlari va xizmatlari narxlarini o'zgartirishga undaydi (masalan, aholi va tadbirkorlardan jalb etiladigan omonatlar va ularga ajratiladigan kreditlar bilan bog'liq xarajatlar).
Agar iqtisodiyotda inflyatsiya darajasining o'sish sur'ati jiddiy tezlashsa va Markaziy bank asosiy stavkani ko'tarsa, ushbu holat banklar tomonidan depozit va kreditlar bo'yicha foiz stavkalarini oshirish ehtimolini yuzaga keltiradi. Bu esa, banklararo (joriy likvidlikni ta'minlash maqsadida banklar bir-birlariga pul mablag'larini ma'lum bir foiz evaziga taqdim etadigan bozor) va umuman olganda pul bozorida mablag'larni
O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2000 yildan hozirgi kungacha bo'lgan asosiy stavkasi dinamikasi jalb etish bilan bog'liq xarajatlarni oshishiga olib keladi. Foiz stavkalarini pasaytirish banklararo raqobatga juda ham bog'liq.
Markaziy bank asosiy stavkasi kredit tashkilotlari tomonidan mijozlar bilan shartnomalar tuzishda qo'llanilishi mumkin. Bunday hollarda kredit bo'yicha foiz stavkasi asosiy stavkaga "bog'langan" va foiz to'lovlari miqdori asosiy stavka darajasiga qarab o'zgaradi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2000 yildan hozirgi kungacha bo'lgan asosiy stavkasi (ilgari qayta moliyalash stavkasi) dinamikasini yuqorida ko’rishimiz mumkun.
Majburiy zaxira
Majburiy zaxira – pul-kredit siyosatining an'anaviy instrumenti hisoblanib. Bugungi kunda, dunyoning ko'plab rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlari AQSh, Shveysariya, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Braziliya va boshqalarda majburiy zaxira talablari qo'llanib kelinmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ham majburiy zaxira talablari pul massasini tartibga solish hamda mamlakat bank tizimining likvidliligiga ta'sir etishning muhim va ta'sirchan vositasi sifatida amaliyotda qo'llanilmoqda. Mazkur amaliyot tijorat banklari tomonidan Markaziy bankda alohida ochilgan hisobvaraqqa majburiy tartibda depozitga pul mablag'lari o'tkazish orqali amalga oshiriladi. Ya'ni, majburiy rezervlar tijorat banklari tomonidan jalb qilingan milliy va xorijiy valyutadagi depozit mablag'larga nisbatan o'rnatilgan me'yorlardan kelib chiqib, Markaziy bankdagi maxsus hisobvaraqqa o'tkazilishi lozim bo'lgan pul mablag'larini anglatadi. Xususan, ushbu instrument Markaziy bank tomonidan quyidagi maqsadlar uchun qo'llaniladi:
- tijorat banklarining likvid mablag'lari hajmini muvofiqlashtirgan holda, kreditlash faolligiga ta'sir ko'rsatish;
- ijorat banki bankrot bo'lgan sharoitda uning majburiyatlari yuzasidan hisoblashish;
- pul massasining o'sish sur'atlarini tartibga solgan holda, pul massasining multiplikativ ko'payishiga bevosita ta'sir ko'rsatish.
Bunda, Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 25 aprelda 3002-son bilan ro'yxatga olingan “Tijorat banklarining O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga o'tkaziladigan majburiy rezervlari to'g'risida”gi Nizomga muvofiq, Markaziy bank tijorat banklari tomonidan Markaziy bankka o'tkazilishi lozim bo'lgan majburiy rezervlar hajmini hamda depozitga o'tkazish tartibini belgilaydi.
O'z navbatida, majburiy rezervlarning normativ miqdorini hisoblashda Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining rezerv shakllantiriladigan majburiyatlariga nisbatan majburiy zaxira me'yorlari belgilangan bo'lib, 2019 yil 1 iyuldan:
milliy valyutadagi depozitlar uchun - 4%;
xorijiy valyutadagi depozitlar uchun - 14%3 etib belgilangan bo'lib, majburiy zaxira rezervlari har ikkala valyuta uchun ham milliy valyutada shakllantiriladi.
Majburiy rezervlarning normativ miqdori — banklar tomonidan Markaziy bankka o'tkazilishi lozim bo'lgan majburiy rezervlar hajmi bo'lib, bunda majburiy rezervlarning normativ miqdori rezerv shakllantiriladigan majburiyatlarning hisob-kitob davridagi o'rtacha miqdoriga majburiy rezervlar normativini ko'paytirish orqali hisoblanadi.
Bundan tashqari, o'rtachalash koeffitsienti va majburiy rezervlarning o'rtachalashtirilgan miqdori kabi tushunchalar hamda ularni amaliyotda qo'llashdan ko'zlangan pirovard maqsadlar xususida ham to'xtalib o'tsak.
o'rtachalash koeffitsienti — majburiy rezervlar normativ miqdorining Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag'ida saqlanadigan o'rtachalashtirilgan miqdorini aniqlashda foydalaniladigan qiymati 0 dan 1 gacha bo'lgan koeffitsient hisoblanadi.
majburiy rezervlarning o'rtachalashtirilgan miqdori — banklar tomonidan majburiy rezervlarning normativ miqdoriga nisbatan o'rtachalash koeffitsientini qo'llash orqali hisoblangan hamda banklarning Markaziy bankdagi vakillik hisobvaraqlarida saqlash davri mobaynida saqlanishi lozim bo'lgan o'rtacha hisobdagi pul mablag'larining eng kam miqdoridir.
O'zbekistondagi joriy makroiqtisodiy sharoitlardan kelib chiqib, tijorat banklarining likvidligini samarali tartibga solishda pul-kredit instrumentlaridan foydalanish ko'lamini kengaytirish, bank tizimi likvidligini qo'llab-quvvatlash va to'lov tizimining barqaror ishlashini ta'minlashda majburiy rezervlash instrumentining samaradorligini oshirish maqsadida 2020 yilning 15 iyunidan boshlab majburiy rezervlar miqdoriga nisbatan amaldagi 0,35 o'rtachalash koeffitsienti 0,75 gacha oshirildi.
Bunda majburiy rezervlarning normativ miqdoriga nisbatan o'rtachalash koeffitsientini belgilash orqali Markaziy bankka o'tkazilishi lozim bo'lgan majburiy rezervlar miqdorining 75 foizini banklarning vakillik hisobvarag'ida qoldirishga ruxsat etiladi. Bank tizimiga taqdim etilgan ushbu likvidlik, birinchi navbatda to'lovlarning uzluksizligini ta'minlaydi.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar uchun resurs bazasi sifatida foydalaniladi. O'z navbatida, transmission mexanizmlar orqali pul bozorini yanada faollashtirgan holda bank tizimidagi qisqa va o'rta muddatli foiz stavkalarining pasayishiga xizmat qiladi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, majburiy zaxiralash instrumenti Markaziy bank pul-kredit siyosatining tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini ta'minlashning zaruriy sharti bo'lgan minimal likvidlilik darajasini ta'minlovchi asosiy omillardan biri bo'lib, bank tizimidagi likvidlik darajasini boshqarish va shu orqali iqtisodiyotdagi pul taklifini tartibga solishda keng foydalaniladi.
Infilatsion targetlash
Hozirgi kunda inflyatsion targetlash pul-kredit siyosatini olib borishning eng ommabop usullaridan biri bo'lib, ushbu usul jahondagi 40 dan ortiq mamlakatlarda qo'llanilmoqda. Inflyatsiyaning maqsadli ko'rsatkichi (targeti)ga erishish uchun pul-kredit siyosati mexanizmlari bosqichma-bosqich ushbu rejimga o'tkazilib, inflyatsiyani pasaytirishda samarali instrument sifatida foydalaniladi. O'z navbatida, ushbu rejimning qo'llanilishi narxlar barqarorligini ta'minlash orqali o'rta muddatli istiqbolda mustahkam va barqaror iqtisodiy o'sish uchun qo'shimcha sharoitlar yaratishi mumkin.
Shu bilan birga, Markaziy bank inflyatsiya darajasining eng mos maqsad targetini aniqlab olib, unga pul-kredit siyosati instrumentlarini qo'llash, iqtisodiy rivojlanishni muntazam tahlil qilish va pul-kredit siyosati rejalarini keng yoritish orqali erishadi. Bu rejim o'zining qabul qilingan standartlari va tartiblariga ega. Masalan, makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish tizimidan keng foydalangan holda qaror qabul qilish, suzuvchi valyuta kursidan foydalanish, kommunikatsiyaviy siyosat tamoyillari, valyuta intervensiyasi strategiyasi va boshqalar. Markaziy bank inflyatsiyaning erishilishi zarur eng mos maqsadini masalan, inflyatsiyaning 5 foizli darajasiga erishish o'rnatib, ushbu targetni pul-kredit siyosati instrumentlaridan foydalangan holda saqlashi lozim.
Narxlar barqarorligini ta'minlash inflyatsion targetlash rejimiga o'tishda samarali usullardan biri bo'lib, u o'z navbatida, "O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki to'g'risida"gi Qonunga muvofiq, Markaziy bankning bank tizimi va to'lov tizimlari ishlashining barqarorligini ta'minlash singari asosiy maqsadlari qatorida turadi. past darajadagi va progonoz qilinadigan (barqaror) inflyatsiya mamlakatda barqaror iqtisodiy o'sish uchun juda zaruriy omil hisoblanadi. Binobarin, inflyatsion kutilma tijorat banklari tomonidan kredit ajratishda undagi foiz stavkasiga qo'shiladi hamda yuqori inflyatsion kutilma kredit foiz stavkasining yuqori bo'lishiga olib keladi.
Shunday qilib, tadbirkorlar qarz mablag'lardan foydalanganliklari uchun hisoblangan foiz stavkalarining yuqori inflyatsiya ta'sirida bo'lishi, ularni qaytarish bilan bog'liq to'lovlarga ta'sir qiladi.
Agar foiz stavkalari yuqori bo'lsa, tadbirkorlar kamroq kredit oladilar. Bu esa ularning investitsiyaviy qobiliyatiga ta'sir etgan holda, uzoq muddatli iqtisodiy o'sishga salbiy ta'sir qiladi. Zero, biz bugun kiritayotgan investitsiyalar - ertangi kunda tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan asosiy ishlab chiqarish manbalarini yaratishda muhim vosita bo'lib xizmat qiladi.
Barqaror iqtisodiy o'sish uchun past darajadagi va progonoz qilinadigan barqaror inflyatsiya markaziy banklar uchun zaruriy shartlardan biri hisoblanadi.
Shu sababli, past darajadagi va prognoz qilinadigan barqaror inflyatsiyani ta'minlash aksariyat markaziy banklar tomonidan ularning uzoq muddatli maqsadi sifatida belgilanadi.
Inflyatsion targetlash rejimi bir necha makroiqtisodiy maqsadlarga erishish imkonini beradi:
- narxlarning keskin oshishi va yuqori inflyatsiyani oldini olish;
pul bozorini shakllantirish, pul bozorini segmentlash sabablarini bartaraf etish;
ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda, aholi va tadbirkorlarning to'lov qobiliyatini qo'llab-quvvatlash hamda moliya sektorining barqarorligini ta'minlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |