Qissalarda mutelik ruhiyatining badiiy talqini
Taniqli adib N. Eshonqul “Xayol tuzogʻi” asarini oʻzining “Yalpiz hidi” toʻplamida hikoyalar sirasiga kiritgan. Aslida, bu asar gʻoyaviy-badiiy “yuk”ining salmogʻi va janriy belgilariga koʻra qissaga xos xususiyatlarga ega. Zero, qissa – hikoya bilan roman orasidagi janr boʻlgani bois goho ulardagi baʼzi xususiyatlarni ijodiy qabul qiladi, tasvir va ifodada qisman sintezlashadi, yangilanib boradi. Darhaqiqat, ayrim hikoyalarda qissaga xos epik bayon va estetik mohiyatning aks etishi badiiy ijodda favqulodda hodisa emas. Binobarin, “qissada qahramon hayotining bir bosqichi qalamga olinib, uning markazida qahramon turishi” bu asarda yorqin koʻrinadi.
Ushbu qissada N. Eshonqul uslubiga xos muhim bir xususiyat aks etgan. Bu adib asarlarida anʼanaviy realistik va noanʼanaviy zamonaviy tasvir tamoyillarining oʻzaro uygʻunligidir, yaʼni muallif “Urush odamlari”, “Momoqoʻshiq” qissalaridagi realizm bilan “Tun panjaralari”, “Qora kitob”, “Muolaja” asarlaridagi modernizmni badiiy diffuziyalash yoʻli bilan bir asarga jamlay olgan.
Voqif xarakteri dinamikasining ilk bosqichi roviyning u haqidagi tavsifida tipik anʼanaviylikka yoʻgʻrilgan: “Toʻgʻri, uning na ishda, na oshiqlikda omadi yurishdi, hamma joyda betgachoparligi pand berar, u esa hech egilishni istamas edi. Oylab ishsiz, choʻntagida pulsiz yurgan paytlarida ham hech tushkunlikka tushmagandi. U palla Voqif ehtirosli va koʻngli toza yigit edi”. Bu tasvirda qahramon sajiyasining zohiriy jihatlari, oddiy odamlarga xos tipologik xislatlar Voqifdagi biron favqulodiy belgiga ishora qilinmaydi, aksincha, “ehtirosli va koʻngli tozaligi” undagi ijobiylikni taʼkidlaydi. Ammo xarakter rivojida ikkinchi bosqichdagi telbanamo va savdoyilik sabablariga real hayotdagi turmushda zamin yaratilishi mantiqan anglashiladi.
Nazarimizda, Voqifning bu olamdan yuz oʻgirib, aqldan oza borishi va bedarak yoʻqolishini asoslovchi sabablar va vaziyatlar yetarli emasday. Negaki, u sevgan qizi Robiyaga uylanishga uning oʻjar otasi dastlab qarshilik qilgani, “boshpanasiz, ijarama-ijara izgʻib yurgani”, nufuzi yoʻq roʻznomada ishlashga majbur boʻlgani va boʻlim mudirining “boʻlimdagi eng bebosh sizsiz”, deya tanbeh berishi roviy muallif taʼbiridagi “irodasi va fikr yuritishiga havas qilgudek” bu yigitning birdaniga fojiaviy yoʻlni tanlashi biroz erish tuyuladi. Shunga qaramay, muallif irodasi sust, eʼtiqodi beqaror shaxsning maʼnisizlik maskani – xayol olami girdobidagi ayanchli holati va qiyofasiz “qiyofa”sini chuqur psixologik rakursda modernistik tasvir orqali koʻrsatishga erisha olgan.
Maʼlumki, inson siyratining butligi vujud (jon qafasi), aql (insoniylik mohiyati) va ruh (abadiylik) yaxlitligida shakllanadi. Bularning bittasiga putur yetsa, inson oʻzligidagi tabiiy muvozanat buziladi. Voqif – ana shu noqis holatga giriftor shaxs. Aqlining darz ketishi bilan yuzaga kelgan boʻshliq uni arosat – absurd yoʻllarga boshlaydi. Bu jarayonda ruh fenomeni hal qiluvchi omilga aylanadi. Chunki tanning barcha qarshiliklarini aql yengsa, aqlni ruh soflashtiradi va behushlik holati namoyon boʻladi. Ruhiyatda zamon tushunchasi yoʻq, makon bor, shakl tushunchasi yoʻq, mazmun bor. Darhaqiqat, Voqif yoʻqolgach, qoʻnim topgan makonning ramziy va mavhumligi (yoʻqlik), mazmunning maʼnisizligi modernistik uslubning muhim belgisidir. Bu xususiyatlar talqini kundalik daftardagi yozuvlar mazmunini tashkil etadi. Voqif tafakkuridagi tanazzul va gʻalati tasavvurlarida shahar markazidagi salobatli, xayoliy bino xususidagi fikrlar katta oʻrin tutadi. Chunki bino Voqif yashayotgan dunyoning kichraytirilgan modeli boʻlib, muhim badiiy funksiya bajaradi: “Bugun ham ishga borishda binoning oldidan oʻtdim, nazarimda, bino kechagiga qaraganda biroz kattalashganday tuyuldi. Qiziq, darvozasi ham biroz kengaygan edi” . Bu oʻrinda binoning tobora “kattalashib”, darvozasining “kengayib” borishidagi kinoyaviy ohangga yashiringan tagmaʼnoni anglash qiyin emas: bular real hayotdagi nosozlik va yovuzlikning qahramon xayolida suratlanishidir.
Qissa qahramoni idrokidagi parokandalikni yanada ravshanlashtirishda qon va bolta detallarining ramziy talqinlari ham xarakterlidir. Bu tushunchalarning ramziylik mohiyatidagi salmoqli ijtimoiy-estetik bosim qissaning umumiy mazmunini qabartib koʻrsatishga xizmat qiladi. Bu jarayonda tush detali voqea va ruhiy holatni uygʻunlashtiruvchi vosita rolini bajaradi. Zero, “tush – qisqa oʻlimdir” taʼbirining badiiy ifodasi qahramon xayoliy fikrlari inʼikosi oʻlaroq, tushda dahshatli tarzda sodir boʻlishi, bejiz emas. Zotan, tush, bolta va qon uchligi tasvirida suvrat va siyrat nisbati mavjud. Tush – voqea va ruhiyatning pardalangan suvrati (shakl), bolta va qon munosabati ifodasi esa ongostidagi ramziy maʼno (mazmun) zuhurotidir. Buni Voqifning chuqur psixologik tahlilga evrilgan soʻzlarida yorqin koʻramiz: “Uyqumda halovat boʻlmayapti. Koʻzimga har xil sharpalar koʻrinadi. Kunduzlari kimga qaramay, u qoʻyniga juda oʻtkir bolta solib yurganday tuyulaveradi. Men uning (boʻlim mudirining – F. R.) yon choʻntagida xiyla katta bolta borligini sezdim. Ishdan keyin biroz dam olish uchun televizor qoʻygan edim, bolta yasaydigan qandaydir ustaxonani koʻrsatishdi. Muxbir boltani rosa maqtadi: “Bolta hatto toshni ham kesib oʻtadi”, – dedi u. Agar toshni kessa, odamning boshini kesishi hech gap emas” .
“Qon” badiiy ijodda koʻpincha dahshat va oʻlim belgisi sifatida qoʻllanilib kelinadi. Muallif ushbu qissasida ana shu anʼanani ijodiy davom ettirib, “qon”ni qahramon fojiasiga ishora qiluvchi atributga aylantiradi. Bir paytlar qamoqxona boʻlgan ishxonada “qon hidi”ning anqib turishi, “joʻmrakdan suv oʻrniga qip-qizil qon otilib chiqishi”, hamkasblarga “hammangizning qoʻlingiz qon” deya baqirishi, “dorilfunun oʻqituvchisi qoʻllaridan qon oqib turganini koʻrish” lavhalari Voqif ruhiyatidagi tahlikaning qator yangi qirralari ifodasidir.
Toʻgʻri, adib estetik konsepsiyasi savdoyilikka mubtalo boʻlgan inson qismatining oʻkinchi va dahshatini, isteʼdodli aʼzosini himoya qilolmagan va aksincha, jinni boʻlishga majbur etgan muhitning kasallik ildizlarini ochib koʻrsatishga yoʻnaltirgan. Shu bilan birga, Voqifning ruhiy xastalikka yoʻliqishiga faqat ijtimoiy muhitgina emas, balki shaxsning tabiati, sajiyasidagi zaiflik, shaxsidagi ilinjning ojizligi ham sababchi ekanligini unutmaslik joiz. Chunki har bir inson betakror, murakkab xislatlar sohibi ekan, unda muayyan individual nuqsonlarning boʻlishi tabiiy holdir.
Shuningdek, tasvir va ifoda rang-barangligi hamda taʼsirchanligini taʼminlagan omillardan biri, fantastik motivlardir: tush koʻrish, inson ruhining abadiyligi, qiyofadoshlik, havoyi mubolagʻa. Bulardan tush fantastik talqinning asosiy qamrovli nuqtasi boʻlib, qolganlari uni toʻldirishga, izohlashga qaratilgan.
Yuqoridagi mulohazalarga asosan xayol tuzogʻidagi vos-vos Voqifning maʼnisizlik olami sari yoʻlining manzillarini shartli ravishda shunday tasavvur qilish mumkin: botindagi iztirob, chuqur tushkunlik, jamiyatdan begonalashuv = Yoʻqlik. Ammo Yoʻqlik oʻlim emas. Zero, tiriklar orasida ham, oʻliklar orasida ham topilmagan qahramon abadiy tiriklik timsoli – Ruh dargohida. Voqifdan ayro qolgan Robiyaning uch oydan soʻng bedarak yoʻqolishi, oshigʻi dargohiga – xaloskorlik manziliga yoʻl olishda ham ramziy maʼno yashirin.
Umuman, asarning mazmun-mohiyati, struktural – shakl va ifoda qatlamlarida realistik, fantastik, romantik va modernistik uslublar mavjudligi sinkretizmni vujudga keltirgan. Bular adibning estetik kontekstga ikki yoʻnalishda yondashuvida aks etadi: 1) anʼanaviy; 2) noanʼanaviy (zamonaviy). Bulardan birinchisi, nisbatan muxtasar boʻlib, unda, asosan, real hayotdagi voqealarning zohiriy talqini, ikkinchisida esa, ruhiy olamning botiniy evrilishlari qamrovli va ustuvordir.
Abduqayum Yo‘ldoshning qissalari asosida odamlar qismati — ularning quvonch-dardlari, alam va fojialari, hayotga qarashi turadi. Qahramonlari ham oldingi asarlar qahramonlaridan farq qiladi. Ularni hayotdagidek yaxshi va yomonga ajratish qiyin. Odamning sirli olam ekanligi ham shundan.
“Timsohning ko‘z yoshlari” qissasi qahramonlarining barchasi ziyolilar. hayot haqiqatidan ma'lumki, mazkur qatlamning sog‘lom fikrlashi, adolat uchun kurashi jamiyatning xalq manfaatiga qaratilgan to‘g‘ri yo‘nalishini belgilaydi. Agar ularning hayotga qarashi, uni idrok etishi haqiqatdan yiroq, shaxsiy manfaatga qaratilgan bo‘lsa, hayot-jamiyat olg‘a siljish o‘rniga, tobora tanazzulga yuz tutib boradi. Qissa qahramonlari mana shu ikkinchi toifaga mansub shaxslar. Yozuvchi bu haqda gapirmaydi, detallarda va tutgan ishida ko‘rsatadi.
Belinskiy o‘zining mashhur “M.Yu. Lermontov she'rlari” maqolasida quyidagi fikrlarni bildirgandi: “Nimaki mazmunda bo‘lsa, shaklda o‘z ifodasini topadi. Mana bu odamning mudroq, tund ko‘zlariga, bo‘rtib to‘yib olgandan harsillab qolgan, baq-baqaloq lavang turqiga nazar tashlang. Naqadar hayvoniy qiyofa! Endi mana bunisiga razm soling. Bu ozg‘in, rangpar kishining ko‘zlaridan ut qanday chaqnaydi. U naqadar harakatchan, uning ovozida qanchalik ehtiros bor! Birinchisi — o‘lik, ikkinchisida esa hayot yashnaydi — to‘g‘ri emasmi?!”. Bu fikr xuddi Abduqayum Yo‘ldoshning kahramonlariga nisbatan aytilgandek. Uning kahramonlaridan biri Salomat opa xuddi birinchi toifadagi shaxsga o‘xshaydi. o‘zini starshi korrektor deb ataydigan bu opani ovqat yeyishu tushlarning ta'birini o‘qishdan boshqa mashqi yo‘q. Shu kichik ishidan ham ta'magirlik qiladi.
Salomat opa bilan bir xonada Munisa ismli qiz o‘tiradi. Uning jismida hayot yashnaydi. U she'r yozadi. Ba'zi birlari gazeta-jurnallarda chiqqan. o‘zi allaqaysi tupkaning tubidagi joydan. Oilasi nochor. Oilada uch qiz. Ikkita opasi turmushga chiqib ketgan. Ota-pensiyada. Ona insult bo‘lgan. Shundan topganini uyiga jo‘natadi, goh o‘zi oboradi. Yoshi yigirma oltida. Opa shu qizga «Tushida timsoh ko‘rib chiqqan qiz shu kuniyoq o‘zining shahzodasini uchratadi» - deb miyasiga quyadi. Bu sinovlardan o‘taverib-o‘taverib qonunga aylanib qolgan» so‘zini qo‘shib qo‘yib ishonchini orttiradi. o‘zim shunday bo‘lganman, deb uni haqiqatga aylantiradi. Ma'lumki, har bir qiz bu davrda oilaviy orzuda yurishi tabiiy hol. Munisa ham bundan mustasno emas. Opaning ishonch bilan aytgan so‘ziga ishona boradi. Bora-bora e'tiqodga aylanadi. Hayotiy zaminga ega bo‘lmagan e'tiqod esa fikrni so‘ndiradi, chunki fanatizmga aylanadi. Munisada ham shu hol ro‘y beradi. Shunday bo‘lishga muhit ta'sir qiladi. Har kun tush ko‘rishni orzu qiladi. Salomat opa bo‘lsa, qanday holda uxlasa, u narsa sodir bo‘lishini o‘rgatadi. Bu hodisa axir ro‘y beradi, ya'ni Munisa timsohni tush ko‘radi. Uni eshikdan yashnab kirib kelganidan, haftafahmroq Salomat opa ham anglaydi. Shahzodaning kirib kelishini hayajon bilan kutishadi. Bir mahal eshik taqillaydi. Ular sergak tortishadi. Opaning jiddiy «Marhamat» deganidan so‘ng, ostonada bir yigit paydo bo‘ladi. Ma'lumki, sog‘lom fikrdan holi, hayotiy mantiqqa asoslanmagan tasavvurning samarasi ham ro‘yo bo‘ladi. Bu yigit ham odam ko‘rinishidagi maxluq edi.
Uning kimligini bu xonada o‘tirgan, oliy ma'lumotli jurnalist (asarda nomi aytilmagan, qissa voqyeasi uning tilidan hikoya qilinadi) biladi, lekin aytmaydi. Chunki tili qisiq. Jiyanlarining oldida o‘z do‘stini tanimayman, deb yolg‘on gapirgan. Kelgan yigit qallob edi. U o‘zining uchastkavoy yordamchisi ekanligini aytib, shartnomasiz kvartirada turish masalasini tekshirayotganligini, shu yerda ishlayotgan qiz ham shunaqa ekanligini aytib, Munisa familiyasini tilga oladi. Qiz bolalar turgan uyga bostirib borishni ep ko‘rmaganligini ham qo‘shib qo‘yadi. Salomat opa va Munisa uning gaplariga chippa-chin ishonishadi. Salomat opa Munisani tanishtirgach, u bitta tushuntirish xati yozib berishini aytganda opa yaltoqlanib, unday qilmaslikni, yakshanba kuni Munisaxonlarnikiga borishini, o‘sha yerda bafurja gaplashishni aytadi. Qallobga shu kerak edi. U maqsadga erishadi.
«Posbon» o‘sha o‘tirishdan keyin, ko‘p o‘tmay, bir o‘rtog‘im tug‘ilgan kunini dachada o‘tkazyapti, deb Munisaxonni toqqa yetaklaydi, aqliga kuya tushgan Salomat opa buni qo‘llab-quvvatlaydi, vijdoni mudroq jurnalist oqibati nima bo‘lishiga aqli yetgan holda indamaydi. Bu taklif nima bilan tugaganini yozuvchi Munisa ahvolining tasvirida anglatadi.
Munisa kundan-kunga so‘lib boradi. Avvalgi tiyrak, hayotga zavqli qaraydigan ko‘zlaridagi yolqin so‘nadi. Inson o‘zining qilgan xatosidan qattiq o‘kinsa, iztirobga tushsa, boshidan kechayotgan azoblar, tahqirlar haqida birovga ayta olmasa, biror madadkori bo‘lmasa, hamma narsadan ko‘ngli qoladi, bezadi. Oqibatda fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi, bo‘ysunuvchan, mute' bir kimsaga aylanadi. Munisa shu holga tushadi. «Posbonboy» ning tazyiqi bilan to‘rt oylik homilasini oldiradi. Bu narsa og‘ir kechadi. Mazkur iztiroblar izsiz kechmadi. Natijada ruhiy kasalxonaga tushadi. Uning o‘rniga boshqa qiz – Munira keladi. Salomat opa yana tush haqida gapiradi, jurnalist esa ichida e'tiroz bildiradi. Ayanchli xotima...
Xo‘sh, nimaga qissa «Timsohning ko‘z yoshlari» deb ataladi? Jurnalist Munisaning ruhiy bemorlar kasalxonasiga borganda, u shunday deydi: «o‘shanda... o‘shanda timsoh... yig‘layotgandi... Meni yeb qo‘yib yig‘layotgandi». Timsoh bu - Salomat opa, «Posbonboy», jurnalist. Lekin ular qilmishidan o‘kinishmaydi, ya'ni ko‘z yosh to‘kishmaydi. Demak, bunday kimsalar timsohdan ham battardir. Shunday odamlarni kishilarning ko‘z oldiga ro‘para qilish bilan insoniyatni ogohlantiradi, bundaylarga nisbatan nafrat uyg‘otadi. Bu hol o‘z navbatida insonlarni yomonlikdan qaytaradi. Qissaning ahamiyati shundadir.
«Qur'oni karim»ning «Oli imron» surasida «Ey, mo‘minlar, o‘zlaringni qo‘yib, munofiqlarni sirdosh, do‘st tutmanglar! Ular sizlarga zarar yetkazishda o‘z kuchlarini ayamaydilar va yomon holga tushishingizni orzu qiladilar. Ularning sizlarni yomon ko‘rishlari og‘izlaridan oshkor bo‘ladi. Dillaridagi adovatlari esa yanada kattadir (118-oyat)... Hoy (mo‘minlar) sizlar ularni yaxshi ko‘rasizlar-u, ular sizlarni suymaydilar... o‘zlari holi qolishganda esa sizlarni qattiq yomon ko‘rganlari sababli barmoqlarini tishlaydilar»(119-oyat),- deyiladi. «Otchopar yoxud o‘n uchinchi uy» qissasini o‘qigan kishi buning haqiqat ekaniga iymon keltiradi. Adib uni shunchaki bayon qilmaydi, balki bugungi kun odamlari turmushida, ularning axloqiy faoliyatida, zohiriy va botiniy olamining teran hayotiy tasvirida ko‘rsatadi. To‘g‘rirog‘i, bugungi kunda barchaga tanish manzara - ko‘p qavatli uylardagi bekorchi ayollar olamining inkishofida ochib beradi.
Bosh qahramon Nozima dastlab kishi qalbiga uncha o‘tirishmaydi. Hatto unga bir qadar adovat bilan qaraladi. Chunki uning yurish-turishi, o‘zini tutishi ancha erkin bo‘lib, sal beiboroq. Kasbi ham o‘ziga nisbatan hurmat uyg‘otmaydi. U tijoratchi. Otchoparda o‘zining rastasi bor. o‘n uchinchi uyning to‘qqizinchi qavatida eri Samad bilan ijarada turadi. Xullas, 13-uyning bekorchi xotinlariga yumush topiladi. Ularning kunlari Nozimani kuzatish-o‘rganish bilan o‘ta boshlaydi. Hayotiga soya tashlaydigan biror narsa topishsa, ularning zimiston ko‘ngli yayrab ketadi. Ayniqsa, Osiyo opa xursandchiligining cheki bo‘lmaydi. Yutug‘idan esa qora ko‘ngillari yanada qorayadi. Adib bu holatni ham juda asosli ko‘rsatadi. Nozima uyga gilam olganda, shu bahona qo‘shni xotinlarni uyiga chaqiradi. Bu borada yozuvchi shunday yozadi: «... yangi sotib olingan belgiya gilami sharafiga berilgan kichkina ziyofat mahali nomiga tishining oqini ko‘rsatib o‘tirgan Osiyo opa qo‘y go‘shtiga qilingan bir kosa qaynatma sho‘rvaga qo‘shib bir likopcha po‘sti archilgan pomidorni go‘yoki bexosdan stoldan ag‘darib yuborib, yangi gilamni rasvo qilarkan, o‘xshatib alamini ololgani bois, hatto oyog‘i kuyib qolganini ham sezmaydigan darajada rohat-farog‘at og‘ushiga g‘arq bo‘ldi».
Bu ayollarning, ayniqsa, Osiyo opaning behayoligi shundaki, Nozima yaxshilik qilgani sari ularning alami oshib boradi. Nozimaning uyiga Flora ismli dugonasi keladi. Nozima bor sarmoyasini Hindistondan mol olib kelishi uchun mana shu dugonasining qo‘liga tutqazadi. Lekin Chimkentdan uchgan samolyotning Hindistonga qo‘nish paytida portlab ketganligini Moskvadan ko‘rsatadi.
Qissani o‘qigan sari kitobxonning Nozimaga nisbatan qarashi o‘zgarib boradi. Unga nisbatan mehri toplansa, davra ayollariga nisbatan nafrati orta boradi. Bunga sabab Nozimadagi insoniy a'mollardir. U besh ming dollarning kuyib ketganidan ko‘ra, Floraning fojiali o‘limiga achinadi. Floraga berilgan pullarning hammasi o‘ziniki emasdi. Tanish tijoratchilardan foiz hisobiga qarz ko‘targandi. Ular so‘rab kela boshlaydi. Nozima o‘zini qo‘lga oladi. Negaki, oh-voh qilish bilan hyech narsaga erishib bo‘lmasligini shuuri ila anglab yetadi. U o‘zini ancha oldirib qo‘ygandi. Bir kuni o‘rnidan dadil turdi-da: «Ishlaymiz, Samadjon aka, ishlaymiz. Qarzniyam qaytaramiz... Bechora Floraning uyigayam yordam berib turamiz»,-dedi. Shundan keyin ishga kirishib ketdi. Nozima faoliyati orqali tijoratchilar olami, bozor iqtisodi asrorlari bilan tanishib boramiz. Ular faoliyati haqida kengroq tasavvurga ega bo‘lamiz. Va ularning boshqalardan durust yashashi o‘z-o‘zidan bo‘lmasligi, jismi, asablarining ham nihoyatda zo‘riqishi evaziga ekanligiga iqror bo‘lamiz.
Nozima kattaroq daromad qilish uchun bir oy ichida o‘n foiz qo‘shib qaytarish sharti bilan uch ming dollar qarz ko‘tarib, dugonalari qurshovida Almatiga yo‘l oldi. Lekin arzongarovga olingan saryog‘ va quyultirilgan sut qadoqlangan yashiklarda ko‘rsatilgan ishlab chiqarish muddatining soxtaligi bojxonada aniq bo‘lib qoladi. Shuningdek, «Layli-Majnun» deb atalgan sigaretalarining aksiz markalari ham soxta ekan. Bojxona jami mahsulotlarni musodara qiladi. Oqibatda Nozima to‘liq bankrot bo‘ladi. Buning ustiga qo‘shnilar ham olgan qarzlarini berishmaydi.
Nozimaning ahvoli tang bo‘lib, boshqa iloji qolmagach, o‘zi jini suymagan, ko‘pdan beri suqlanib ko‘zini uzmaydigan mo‘ndiday qora Qo‘ziboydan ming andisha bilan qarz so‘rashga majbur bo‘ladi. Bundan og‘zi qulog‘iga yetib, tamom boshqa xayolga borib, Nozimaning qarz ustiga qo‘yiladigan foizni nazarda tutib, «Oyiga qancha?» - deganiga shunday javob beradi: «Biz har kuni o‘n marta desangiz ham tayyormiz, akasi jonidan, ammo o‘zingizga qarang. Haftasiga ikki martadan kamiga ko‘nadigan ahmoq yo‘q. Keyin bu yerda emas, alohida kvartiramiz bor… »
Nozima avvaliga gapning mohiyatini anglamaydi. Anglagach, xo‘rligi va g‘azabi keldi. « Iflos qo‘lingni menga tekkizishni esa xayolingga ham keltira ko‘rma, hatto onamni tiriltirib kelganingdayam!»-dedi g‘azab bilan. Qo‘ziboy aytganimning ustidan chiqaman, deb eng razil ishlarga qo‘l urdi. Nozimaning mollari saqlanadigan omborga o‘t qo‘ydirdi, eri Samadni o‘lasi qilib urdirdi.
Bu razilliklar natija bermagan bir paytda, Osiyo opa uni maqsadiga yetkazish uchun o‘z xizmatini taklif etadi. Otchoparga kalish xarid qilgani borgan Sanobarxon Nozima bilan Qo‘ziboy o‘rtasida bo‘lgan mojarodan xabar bergandi. Birovning baxtidan emas, fojiasidan xursand bo‘ladigan Osiyo opa Qo‘ziboyni maqsadiga erishtirsam, bir nimali bo‘lib qolaman deb kelgandi. U ham va'dani juda katta berdi, ya'ni bitta yengil mashinali bo‘lasiz, dedi. o‘sha kundan boshlab, Nozimani nochor ahvoldan Qo‘ziboy qutqarishi mumkinligini uqtirishga kirishdi, bu yo‘lda qo‘shni ayollarni ham ishga soldi. Nozima ziyrak ayol edi. Osiyo opaning harakatini, intilishini, unga mehribonchiligining sababini anglab yetgandi, lekin andishaga borib, o‘zining yog‘iga o‘zi qovrilib yurdi. Axiri jonidan o‘tib ketganda, opaga qarata shunday deydi: «...otamni, singlimni, jiyanlarimni o‘rtaga qo‘yib qasam ichaman, shu kungacha mening badanimga Samadjon akamdan boshqa birorta erkakning qo‘li tegmagan. Xudo xohlasa, bundan keyin ham tegmaydi! ...boshqa mamlakatning qor ko‘mib tashlagan begona bir ko‘chasida bir tiyinsiz qolib ketganmiz, shunda ham xiyonat qilishni xayolimga keltirmaganman. Er-xotin idish-tovoq yuvganmiz, sassiq omborxonada, kalamushlar orasida uch kecha-kunduz chirigan karam yeb yotganmiz, lekin qaytish pulini halol ishlab topganmiz, o‘g‘irlik qilmaganmiz, g‘arlik qilmaganmiz. Kelib-kelib endi yomon yo‘lga yuramanmi?!... Axir... axir bu... bir odamni bo‘ynidan sudrab, boshqaning to‘shagiga olib borib tashlash qo‘shmachilik emasmi... Uyat emasmi... Sharmandalik emasmi...» Nozima bu so‘zlarni yig‘lab aytadi. Bu e'tirofga inson nomiga loyiq kimsaning ko‘ngli yumshab, Nozimaga nisbatan xayrihohlik bildiradi, uni e'zozlaydi. Lekin jismi ruhidan ustun ikki nafs bandasi boshqacha reja tuzishadi. Flora tirik ekan, Qo‘ziboy o‘z ko‘zi bilan ko‘ribdi, degan gap chiqarishadi. Nozima aqlli edi, so‘zsiz, u bu gapga ishonmaydi. Lekin kundan-kunga yangi dalillarni qalashtira bergan Osiyo opaga Nozima oldidan bir qadam siljimaslik va'dasini olib borishga qaror qiladi. Biroq bu munhat odam olib borgan uyiga Nozimani yolg‘iz qoldirib, eshikni orqasidan qulflaydi. Qo‘ziboy Nozimaning ustidan dollar sochsa ham rozi bo‘lmaydi. Shunda Qo‘ziboyga alam qiladi va qo‘liga ilingan ketmon dasta bilan savalay boshlaydi. So‘ng qoldan toygan Nozimani krovatga bog‘lab, maqsadiga erishadi. Qo‘lini bo‘shatib olgan Nozima o‘z qilmishidan mamnun o‘tirgan Qo‘ziboyning orqasidan borib, og‘ir cho‘yan tova bilan uning miyasiga soladi. o‘zini xorlanganligi, xo‘rlanganligining alamiga uraverdi. Uy ichi tinchib qolganidan ichki qoniqish, ya'ni Qo‘ziboydan bir narsa unmasa ham, Nozimani tilini qisib oldim, sog‘ib yuraman, degan xayolda eshik ochgan edi, u yerdagi manzaradan sochilib yotgan dollar ham ko‘ziga ko‘rinmay qochib qoladi. Boshida o‘y — qanday qilib quruq chiqish edi. U uyiga hovliqib kelganda, Nozimaning qaerga ketganini bilolmay xavotirdan ko‘chada kutib turgan Samadga duch keladi. Uning Nozimani ko‘rmadingizmi, degan savoliga Falon joydan o‘tib ketayotgan edim, qop-qora bir odam bilan uyga kirib ketayotganiga ko‘zim tushganday bo‘ldi, deb javob beradi.
Osiyo opa keyingi kunlarini militsiya kirib kelishidan qo‘rqib yashadi. Yo‘q, hyech kim kelmadi. Hamma ishni eri bo‘yniga olib, uzoq muddatga kesilib ketibdi, degan gapni eshitib sal o‘ziga kelgach, shuncha ishni qilib hyech narsaga ega bo‘lmagani, sochilib ketgan dollarni olmaganlik alami miyasini kemirib, ruhiy kasalxonaga tushadi. Davraboshilikni Salima opa oladi. U sobiq davraboshini kasalxonaga kuzatib borganda, Nozimani ham o‘sha yerda ekanligidan darak topadi. Qissa ana shunday qismat va fojia bilan yakun topadi. Xo‘sh, qissa bizga nimasi va qanday yangiligi bilan ibrat maktabini o‘taydi, adabiyotda tutgan o‘rni nimada?
Birinchidan, insonni bilish qiyin, u murakkab hilqat degan haqiqat ochib berilganligi, u insoniy faoliyat, xatti-harakat orqali nihoyatda hayotiy tasvirlanganligi, ikkinchidan, bekorchi ayollar olamini, ular tabiatidagi alamzadalik ruhiyatini betakror inkishof qilinganligi, uchinchidan, tijoratchilar dunyosi bilan oshno qilganligi va ayniqsa, ayol tijoratchilar haqida salbiy qarashlarni o‘zgartirib, achinish tuyg‘usini uyg‘otganligi, to‘rtinchidan, qahramonlari qismati va fojiasi orqali inson qalbining poklanishi bilan ibratlidir. Chunki o‘ta kuchli fojiaviylik kishining dilidagini tiliga chiqaradi. Bir qadar ko‘nglini poklab, o‘zi va yaqinlarining qismatini, sha'nini o‘ylashga da'vat etadi. Aristotel buni katarsis deb atagan. Biz ta'kidlagan fazilatlari bilan istiqlol davri adabiyotida alohida o‘rin tutadi.
Kishi ongida, dunyoqarashida o‘zgarish bo‘lmas ekan, hayotida, turmush tarzida, tabiatida ham o‘zgarish bo‘lmaydi. Bunday shaxslar nurli cho‘qqilar sari ko‘tarilmaydi, balki zulmat botqoq qa'riga bota boradi. Qalbida insonlikni ta'minlaydigan tuyg‘ular so‘nib, kufr urug‘i sepila boshlaydi. Bu hol insoniyatning o‘zinigina emas, jamiyatni ham taraqqiyotdan qoldiradi. Chunki barcha o‘zgarish insonning sa'y-harakatiga bog‘liq. Qator hikoya va qissalari bilan o‘z o‘quvchisini topgan, e'tiborini qozongan yozuvchi Shoyim Bo‘taevning “Ko‘chada qolgan ovoz” (Toshkent, “Ma'naviyat”, 2005) nomli to‘plamiga kirgan “Bir kunlik mehmon” qissasida xuddi shu narsa o‘zining badiiy ifodasini topgan. Yozuvchi buni voqyealar olamida ko‘rsatadi va asoslaydi. Qissa syujetini bir kunlik voqyea tashkil qiladi. Ana shu bir kunlik voqyea tasvirida umuman taraqqiyotdan orqada qolgan qishloq va uning odamlarining qiyofasini gavdalantiradi. Asar shaharda vazirlikda kichik bir lavozimda ishlaydigan Saidmurod Olimovning qishloqdagi kursdoshi Xolmo‘minning yo‘qlab kelish voqyeasidan boshlanadi. Sirtdan qaraganda odatdagi hol. Lekin u maqsad sari yo‘naltirilgani uchun ahamiyatlidir. Yozuvchi bu maqsad haqida bir og‘iz ham gapirmaydi, balki holatni aniq ko‘rsatadi. Bunda u detallarga katta e'tibor beradi.
Xolmo‘minning har bir xatti-harakati ajdodlarimiz axloqi va qadriyatlariga ziddir. U dasturxon yozilmasdan ikki shisha aroq ko‘tarib kiradi, choy quyilmasdan, ertalabdan aroq quyadi. Chunki mehmonchilikni shunday tushunadi. Uni udumga aylantirib olgan. Uning hamqishloq-do‘stlarining tushunchasi ham shunday.
Qishloq odamlari sodda, halol, diyonatli bo‘ladi, degan qarash avvalgi qishloqlarga tegishlidir. Hozir unday emas, chunki millat tabiatiga ancha-muncha nomatlub illatlar kirib kelgan. Bu narsa so‘pi laqabini olgan kishining xatti-harakatida yorqin ochib berilgan. U Ollohni ham aldayman deb o‘ylaydi. Odamlarning haqiga xiyonat qiladi, ya'ni tegirmonga olib kelingan g‘alladan o‘marib oladi. So‘pi shu qadar pastkashki, kelini nojo‘ya qadam tashlashini bilgan holda uni jazolash o‘rniga maqsadi yo‘lida foydalanadi.
Qissa oxirida so‘pining uyiga o‘t ketadi, aroqdan bezgan, butun vujudi qaqshagan mehmon – Saidmurod qishloqni tark etadi. Bu hol ham katta falsafaga ega. Qur'oni karimda shunday deyiladi: “Dillaringizdagi narsani xoh yashiring, xoh oshkor qiling, Olloh bilur. Va (shuningdek, U zot) osmonlar va yerdagi bor narsani bilur. Olloh hamma narsaga qodirdir. Har bir jon o‘zi qilgan amallarni hoziru nozir holda ko‘radigan, yomon amallarining esa olis – olislarida qolib ketishini istaydigan kunni (eslanglar)! Olloh sizlarni o‘zining (azobidan) ogoh qilur”. (Oli Imron surasi, 29-, 30-, 31- oyatlar). Ha, imonsizlar, albatta, jazosini topadi. So‘pining uyiga o‘t ketishi Ollohning jazosidir. Nomatlub ishlarga qo‘l urganlar boshiga ham shunday kunlar tushishi muqarrardir. Qissada shu haqiqat o‘zining mukammal badiiy ifodasini topgan.
Keyingi davr adabiyotida voqyea-hodisalar, ijtimoiy muammolar tasviridan ko‘ra, insonning ruhiy olami, ruhiy kechinmalari, dard va iztiroblarini tasvirlash yetakchilik qilyapti. Chunki barcha hayotiy masalalar, muammolar inson xatti-harakatiga borib taqaladi. Bu borada, ayniqsa, insonning insoniyligini belgilaydigan e'tiqod, halollik, poklik, ahloqiy masalalar muhimdir. Shoyim Bo‘taevning ikkinchi qissasi “Shohona sovg‘a”ning leymotivini shu tashkil qiladi. Sirtdan qaraganda, bir shaxsni, ya'ni uzoq vaqt yuqori lavozimda davlatning tiyiniga xiyonat qilmay, boylikka ruju qo‘ymay, halol ishlagan, o‘z e'tiqodi, vijdoniga sira qarshi bormagan odamning shallaqi bir ayolning qo‘lida o‘lib ketishi - fojiasiga bag‘ishlanganday. Qissani o‘qigan ko‘pchilik shunday anglashi muqarrar. To‘g‘ri, bu fojia, lekin faqat diyonatli, chin vazir – insonning fojiasi emas, Balki, unday odamning qadriga yetmagan odamlarning - vazirning o‘g‘il- qizining, qarindoshi Qobilning, insoniy xislatlardan mahrum Gavharning, qolaversa, jamiyatning fojiasidir. Yozuvchi buni insonlar tabiati va ruhiy olamida juda ta'sirchan badiiy aks ettira olgan. Adib birorta qahramonning tutgan ishiga, xatti-harakat aralashmaydi, izoh bermaydi, tasvirda ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |