Qissalarda qahramon va ijtimoiy muhit masalasi.
Qaysiki asarda insoniy kechinmalar jarayoni iztiroblari, ma’no-mohiyati, o’zining falsafiy talqinini topsa, voqealar tarixdan chekinil- maydi. Yoritilsa, o’sha asar har qanday jamiyat o’zgarishlarida ham umrini tugatmay yashab qoladi. Xayriddin Sultonovning «Saodat sohili» qissasi ana shunday fazilatga egaligi bilan kitobxon qalbini zabt etadi va ma’naviy olamini boytish orqali o’z hayot yulinn to’g’ri belgilashga imkon tug’diradi. Bu narsa esa o’z navbatida, jamiyatning insoniylashuviga, demokratiyaning yanada kuchayishiga ko’mak beradi va asos ham bo’ladi. Chunki xalqi komil bo’lgan jamiyatdagina adolat va inson manfaatlariga yo’naltirilgan qonun hukm suradi. Demak asar inson kelajagi uchun xizmat qiladi.
Qissa Bobur Mirzo umrining so’nggi kunlari voqeasiga bag’ishlangan. Asarda voqelik emas, insoniy kechinmalar, ya’ni insonning o’zi bosib o’tgan hayot yo’lini fikr elagidan o’tkazganda yuzaga keladigan iztirob, armon yetakchilik qiladi. Bu holatlar Toshkentdan Bobur kutubxonasidagi nodir kitoblar bilan tanishish istagida kelgan tarixchi olim Hofiz Kuykiy bilan bo’lgan muloqotda
o’z ifodasini topadi. Bu muloqotda bildirilgan fikrlar Bobur Mirzoning qalbiga tinchlik bermay kelayotgan iztiroblarining mihiyatini, ruhiy dunyosini inkishof qilish bilan birga, juda katta ma’rifiy kuch ham kasb etadi. Kuykiy Bobur Mirzoning oldiga dastlab kirganda va uning «Ona yurtdan ko’p salom keltirdim, yurtimizning tabarruk yodi xotiralaridan ko’tarilmagan bo’lsa», - degan so’ziga u shunday javob beradi: «Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutgay? -deydi Bobur ohista. Ovozi titrar edi. - Unutgan kishining ko’zlariga tiriklayin tuproq to’lmasmi?» Bunday so’zni Vatan sog’inchi bir daqiqa ham qalbini tark etmagan kishigina ayta oladi. Ularning o’zaro suhbatlari asnosida Bobur Mirzo shoir, davlat arbobi bo’lish bilan birga, zukko tarixchi va faylasuf olim, kamtarin insonligi bo’y ko’rsatadi. Bobur Mirzo keyingi paytda tushida ko’p dengiz ko’rishini, “Na dengizning noyoni bor, na yo’limning, vahm ichra qaro terga botib tentib yuramen...” munajimlardan so’rasam, «ul kanal inshoolloh saodat sohili bo’lur deydilar, u qayerda o’zi», - deganda, Kuykiy beixtiyor «Saodat sohili - Vatanda, olampanoh»,- deydi. Bu javobdan Boburning ko’zlari yalt etib, katta ochilib ketadi, chunki Kuykiy uning dilidagini tiliga chiqargan edi. Uning ichki iztiroblarining mohiyati
ana shundadir.
Qissaning yana bir o’rnida Bobur shunday deydi: Eh, saltanat... Ne bo’lsa Ollohdan Shu Saltanat minnati umr bo’yi oyog’imga kishan bo’ldi, murodimga -g’ov... Lekin endi bir zur bilan jahl qilurmenu, bu kishanni tilka - tilka eturmen!». Afsuski,. bunga uning umri imkon bermadi. Bu falsafiy haqiqatning ma’rifiy qimmati kattaligiga hyech kim shubha bildirmaydi, deb o’ylaymiz.
Mazkur adibning «Yozning yolg’iz yodgori» qissasi ham diqqatga sazovor. Uning qahramoni oddiy kishi — kolxoz bog’ining qorovuli. Asar dramatic dostondek chuqur ehtiros va uyg’unlik bilan yozilgan. Chunki qissada «Nega menga faqat sitamni ravo ko’rding? Yozug’im ne edi, xalloqi olam», deya samoga qarab nola qilayotgan, bugun umri toat-ibodatda o’tsa-da, kechmishi qora kunlarga to’la bo’lgan odamning qalb dramasi, uning o’z-o’zi kurashi yoritiladi. Bu iztirobga to’la qismatdan xulosa chiqarishda o’quvchiga adibning o’zi yordam beradi. Chunki osmondan kelgan sado - bu asli adibning ovozi. Adash Karvonning savoliga berilgan javob mohiyat e’tibori bilan muallifning munosabatini ifodalaydi. Yozuvchi umr kurashlardan chetda, mutelik bilan o’tgan bu qismatga o’z munosabatini bildirish uchun shunday vosita, yo’l tanlangan.
Asar qahramonining qismati chigal. Uning hayotida g’am-g’ussa ko’p. Lekin yozuvchi bu qayg’u, g’am-tashvishlarning mohiyati nimada ekanligini asoslab bergan Adash Karvonning haddan tashqari xudojo’yligi, hamma narsani xudodan deb bilishi - o’g’lini xo’rlagan, jabr yetkazgan nopok kimsalarga qarshi bormasligi, muteligini uning hayotdagi jamiki chigalliklarning asosiy sababchisi. Asarning butun pafosi, ruhi, g’oyaviy-badiiy maqsadi mo’minli, sustkashlik, o’z ertasiga loqayd qarash fojiaga, o’kinch, iztirob, armon, nadomatga olib kelishini ko’rsatishga yo’naltirilgan. Qissada inson hayotda halol, pok bo’lishi bilan birga, jamiyatdagi yaramas, qallob kimsalarga qarshi kurashishi, adolatga nisbatan loqayd bo’lmasligi, doim katta maqsadlar sari intilib yashashi kerak, degan g’oya ana shu achinarli qismat misolida ifoda etilgan.
Xulosa.
Bugungi kunda o’zbek nasri, xususan, qissa janri milliy adabiyotimizda qanday o’rin tutmoqda? – degan haqli savolni o’rtaga tashlagan holda, biz mazkur ishimizda bugungi kunda ijod qiloyotgan yozuvchilarimizning ayrimlarini ijodiga nazar solar ekanmiz, ularning yaratayotgan asarlariga ishimizning maqsadidan kelib chiqqan holda yondashdik. Bilamizki, har bir asarni tahlilga tortishda muallif bu asari orqali nima demoqchi bo’layotganini anglash uchun, avvalo, hayotga ijodkor ko’zi bilan qarash kerak, shundagina ijodkor yaratgan asari orqali nima demoqchi bo’layotgani, boshqacha qilib aytganda asarning mazmun-mohiyati, g’oyaviy-estetik maqsadini tushunib yetamiz.
Xulosa qilib shuni aytib o’tmoqchimizki, hozirgi o’zbek qissalari zamon bilan hamnafaslikda rivojlanib, o’sib bormoqda, zero zamon taraqqiyotining har bir bosqichi adabiyotdan ayni davrga xos va uning talablariga to’la javob bera oladigan mavzular va xarakterlar yaratishni taqazo etgani kabi, bugungi kun adabiyotida ham bu narsa o’z isbotini topib bormoqda. Yozuvchilar zamon talabidan kelib chiqqan holda inson ruhiy olamini teranlashtishga, tafakkurida ulug’vor fikrlar uyg’ontishga harakat qilmoqdalar. Hozirgi kunda yaratilayotgan har bir janrga nazar tashlasangiz, ularning oldiga qo’yilgan asosiy maqsadlardan biri sifatida zamon kishilarini ham aqlan, ham ruhan ulg’ayishiga xizmat qilayotganini ko’rasiz. Bugungi kun qissalari xoh u tarixiy mavzuda bo’lsin, xoh bugungi hayotimizning aksi, ya`ni biz yashab turgan zamonni aks ettirgan bo’lsin, ularning hammasida yuqoridagi fikrni isbotini ko’rishingiz mumkin. Ijodkorlar ijtimoiy munosabatlarni va to’qnashuvlarni o’z uslubidan kelib chiqqan holda asarlarga olib kiradilar. Misol uchun, Sobir O’nar qissalariga nazar soladigan bo’lsak, ularda asosan milliylik tabiiy yo’sin da ifodalanadi. Yozuvchining “Chambilning oydalasi” qissasi aynan o’zligimizni ko’rsatadi, qissa qah- ramoni Otaqul xarakterida milliy ruh mujassamligini ko’rishimiz mumkin. G’afur Shermuhammad qissalarida asosan voha kishilarining xarakterini ko’ramiz. “Quduq” qissasidagi personajlar xarakteri, peysaj va portertlar orqali voha kishilari butun bo’y -basti bilan ko’z oldimizda gavdaladi. Yozuvchining yana bir qissasi “Saman toy”ni o’qiganimizda esa ming yillar davomida saqlanib kelayotgan milliy o’yinimiz “uloq”ni ko’ramiz. Bu narsa ham Surxon vohasiga mos ravishda, chunki O’zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan aynan Surxon vohasida uloq rivojlangan. Asar qahramonlari xarakteri ham shu uloqda yuz berayotgan konfliktlar orqali ochib boriladi. Nazar Eshonqul “Urush odamlari” va “Momoqo’shiq” qissalarida esa qahramonlar o’ta murakkabli vaziyatlarga tushib qoladi va ular taqdir va zamon oldida o’zlarini ojiz his qiladilar. Qissalar qahramonlari xarakteri asar syujetida yuz berayotgan konfliktlar natijasida o’sib boradi. Har ikkala qissa qahramonlari oldiga taqdirning ikki yo’ldan birini tanlash majburiyatini qo’yish esa konfliktning kuchliligini oshirish bilan bir qatorda qahramonlar ruhiyatini ham ko’rsatib beradi. Abduqayum Yo’ldoshev, Qulman Ochil va boshqa yozuvchilar qissalarida ham xarakterlarni ochishda mayda detaldan tortib kuchli konfliktgacha hammasi muhim ro’l o’ynaydi.
Gapimiz oxirida shuni aytib o’tmoqchimizki, hozirgi o’zbek qissalari oldingilaridan keskin farq qiladi, san’atkorlar o’z asarlari orqali butun sharq-u g’arbning muammolarini ko’rsatishga intilmoqdalar. Bu intilishlar o’z samarasini berib, durdona asarlar dunyo yuzini ko’rmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar:
“Istiqlol davri adabiyoti” H.Karimov – Toshkent 2010.
“Yoniq so’z” Qozoqboy Yo’ldoshev – Toshkent 2006
M. Sheraliyeva. 2019-yil o’zbek qissalari – Sharq yulduzi. 2020-yil 2-son.
S.Sodiq. Yoshlar qissachiligi haqida o’ylar – Sharq yulduzi 1983-yil 12-son
D.Xoldorov. Qissa syujetida uslub jilolari – Sharq yulduzi 2011-yil 3-son
Do'stlaringiz bilan baham: |