3. Ijtimoiy ahvolingiz. Odamning ijtimoiy ahvoli uning tashqi ko‘rinishingizdan yaqqol ko‘rinib turadi. Ijtimoiy ahvol va tashqi ko‘rinish masalasi odamning na faqat qaysi sohada ishlashi, oilasining to‘kinlishi, uning boyligi, yoki kambag‘alligi, shaharlik, yoki qishloqlik ekanligini oydinlashtirishga xizmat qiladi. To‘kin yashash ramzlarining mavjudligi, biror guruhga taalluqlilik, boylik, mashina, zebu-ziynat kabilar siz to‘g‘ringizdagi ma’lum axborotlarni doimiy uzatib turadi. Ijtimoiy ahvol shuningdek, agar inson juda kam zebu-ziynat ishlatgan bo‘lsa ham, ammo kiyimining qanday bichuvda tikilganligi, materiallarning to‘la-to‘kisligi, uning razmeri masalalarda ham o‘zini namoyon qiladi. Zadagonlarga tegishli oilalarda juda sodda, zebu ziynatsiz, ammo xushbichim kiyiinish targ‘ib qilinadi. Zebu ziynatning ortiqchaligi madaniyatsizlik va didsizlik alomati sifatida baholanadi. Yangi boy bo‘lgan odamlar esa, o‘zining boylar qatoriga qo‘shilganligini namoyon qilish maqsadida, ko‘pincha zebu ziynatni ko‘p ishlatishadi. Demak, odamning tashqi ko‘rinishi uning ijtimoiy mavqeini aniqlashga ko‘mak beradi.
4. Yaqinlikni ko‘rsatuvchi alomatlar. Inson boshqa insonlar bilan bo‘ladigan o‘z muloqotida ularning nechog‘li o‘ziga yaqinligini ko‘rsatuvchi alomatlarni ham bildirib turadi. Masalan, qo‘l berib salomlashish, quchoqlashish, yelkaga urib qo‘yish. Toshkentlik yigit-qizlar hech qachon o‘zaro qo‘l berib so‘rashmaydilar. Ammo viloyatlardan kelgan yigit-qizlar orasida qo‘l berib salomlashish urf-odati keng tarqalgan. Shu bois, viloyatdan kelgan yigit toshkentlik qizga qo‘lini uzatib, salomlashmoqchi bo‘lsa, qiz bola uning qo‘lini olmasligi tabiiy. Chunki toshkentlik qiz bu narsani behurmatlik alomati hisoblaydi. Viloyatdan kelgan yigit uchun esa qiz bola uning qo‘lini olmaganligi – uni mensimaganligi, hurmat qilmaganligi, o‘zini “katta” olganligi belgisi bo‘ladi. Aslida, qiz bola va har qanday ayolga erkak kishi birinchi bo‘lib qo‘l uzatishi madaniyatsizlik alomati hisoblanadi. Shu bois, bu narsa toshkentliklarda targ‘ib qilinmaydi. Shu bilan birga, ayol va erkak salomlashish qonun qoidalarida, ya’ni etiketda ham, faqatgina ayol kishi o‘zi birinchi bo‘lib qo‘l uzatsagina, unga qo‘l berib salomlashish mumkinligi ta’kidlanadi. YA’ni, ayol kishi qarshisida turgan odamning o‘ziga yaqinligi meyorlarini o‘zi belgilaydi. Demak, insonlararo munosabatlarni ko‘rsatib turuvchi maxsus makon mavjud. Mana shu makon insonlarning o‘zaro yaqinligiga qarab turib, qisqarishi, yoki kengayishi, tabiiy holdir. Tana zabonida kuyidagi turdagi xatti-harakatlar ajratiladi:
- yaqin tanishlarning o‘z xatti-harakatlari;
- rasmiy hatti-harakatlar;
- doimiy xatti-harakatlar;
- kichik bir guruhda qabul qilingan xatti-harakatlar.
Masalan, hozir, Toshkentda o‘g‘il bolalarning salomlashishida boshining bir chekkasini o‘zaro urishtirib qo‘yish urf bo‘lgan. Ammo, katta yoshdagilar hech qachon boshini urishtirib, salomlashmasligi ayon. Begona odamlar o‘zaro yaqinlik alomatlarini ko‘rsatuvchi harakatlarni ishlatmaydilar. Begona odam dabdurustdan sizning yelkangizga urib, salomlashsa, “bu – odam jinni ekan”, deb o‘ylashingiz tabiiy. Ammo sizga yaqin, ammo uzoq vaqt siz ko‘rmagan odam siz bilan o‘z yaqinligini ko‘rsatuvchi alomatlardan xoli bo‘lgan rasmiy salom-alik yo‘lini tanlasa hamda sizga “sovuq”, yoki “rasmiy” munosabat bildirsa, siz uni yoki biror narsa bo‘lgan, yoki “u kekkayib ketibdi”, degan xulosalarni qilasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |