O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
BUXORO SHAHRINING 2500 YILLIGI YUBILEYIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH VA UNI O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA LexUZ sharhi Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan. Buxoro shahrining jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan alohida o‘rnini hisobga olgan holda, YUNESKO Bosh konferensiyasining 1995-yil oktyabr-noyabr oylarida Parijda o‘tgan 28-sessiyasi Buxoro shahrining 2500 yilligini dunyo miqyosida keng nishonlash haqidagi qarordan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. YUNESKO Bosh konferensiyasi 28-sessiyaning Buxoro shahrining 2500 yillik yubileyini 1997-yilda YUNESKO rahnamoligida jahon miqyosida o‘tkazish haqidagi qarori qo‘llab-quvvatlansin va asos uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur tarixiy sana tadbirlarini tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha respublika tashkiliy qo‘mitasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita Buxoro shahri yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan asosiy tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi YUNESKO ekspert mutaxassislari bilan birgalikda bir oy muddatda Buxoro shahrining tarixiy markazida va asosiy turistik marshrutida joylashgan noyob tarixiy-madaniy obidalarini 1996—2000-yillarda ta’mirlash va obodonlashtirish dasturini ishlab chiqsinlar va Tashkiliy qo‘mita tasdig‘iga kiritsinlar.
Shu jumladan 1996-1997-yillarda bajariladigan ishlar alohida belgilab qo‘yilsin va tegishli mablag‘ ajratilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi Buxoro viloyati hokimligining buyurtmasiga muvofiq “O‘zsuvqurilish” konserni, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda 1996-1997-yillarda shahar akvatoriyasida yer osti suvlari sathini belgilangan normativlarda bo‘lishini ta’minlovchi chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirsinlar.
5. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi Buxoro viloyati hokimligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Buxoro vohasida xorijiy va mahalliy turizm infrastrukturasini rivojlantirishga qaratilgan maxsus madaniy turizm dasturlarini ikki oy muddatda ishlab chiqib, bajarishga kirishsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat Matbuot qo‘mitasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 1996-1997-yillarda Buxoro tarixiga oid nashrlarni tayyorlash va chop etishni nazarda tutsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligi bilan birgalikda 1997-yilda Buxoro shahrida shaharning 2500 yilligi yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazsin.
8. Tashqi ishlar vazirligi YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda 1997-yilda Buxoro shahrining yubileyini YUNESKOning Parijdagi qarorgohida yuksak darajada nishonlash tadbirlari bo‘yicha takliflar kiritsin.
9. Buxoro viloyati hokimligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda Buxoro shahrini obodonlashtirish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, aloqa transporti, sog‘liqni saqlash va maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Buxoro shahrining yubileyini o‘tkazish uchun 1996-1997-yillardagi tayyorgarlik ishlarini bajarishga har yili belgilangan tartibda moliyaviy mablag‘ ajratsin, ushbu xarajatlarning 50 foizidan teng ulushlarda respublika budjeti hamda Buxoro viloyati mahalliy budjeti hamda tashkilotlar va korxonalarning ixtiyoriy badallari hisobiga qoplanishini nazarda tutsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat teleradio kompaniyasi, “O‘zdavkinokompaniya” va ommaviy axborot vositalari Buxoro shahrining qadimiy tarixi va madaniyati, o‘ziga xos san’atini targ‘ib etuvchi video, telefilmlar yaratishni, ommabop materiallar berib borilishini ta’minlasinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.