Bog'liq Reja Kichik biznes va tadbirkorlik korxonalarini tashkil etish (1)
1-rasm. Kichik biznes va tadbirkorlik korxonalarini tashkil etish tartibi Yangi korxonani tashkil qilishda ta’sischilar tarkibi belgilanib, ta’sis hujjatlari, ya’ni korxona Nizomi, korxonani tashkil etish haqidagi ta’sischilar shartnomasi va boshqa me’yoriy hujjatlar ishlab chiqiladi. Shu bilan bir qatorda korxona rahbari va taftish komissiyasi raisini tayinlash haqida ishtirokchilar majlisining 1-sonli bayonnomasi rasmiylashtiriladi. So‘ngra bankda vaqtinchalik hisob raqami ochiladi. Bu hisob raqamiga korxona ro‘yxatdan o‘tgandan keyin 30 kun ichida Nizom kapitalining 50 foizi kelib tushishi lozim. Keyin korxona ta’sis etilgan joyidagi mahalliy hukumat idoralari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tadi.
Birja, auditorlik firmalari va chet el sarmoyasiga ega korxonalar esa O‘zbekistan Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tadi. Korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi vakolatli organlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida ta’sischilarning arizasi;
- notarial idoralari tomonidan tasdiqlangan ikki nusxadagi ta’sis hujjatlari (korxona Nizomi, korxonaning ta’sis shartnomasi);
- korxona manzilini tasdiqlovchi hujjat;
- davlat bojini to‘laganligi to‘g‘risida bankdan berilgan hujjat;
- hokimiyatning vakolatli organlari tomonidan korxonaning nomlanishi to‘g‘risida berilgan guvohnoma;
- muhr va tamg‘aning uch nusxadagi namunasi.
Yangi korxonani tashkil etishda qonun tomonidan belgilangan tartibning buzilishi yoki uning ta’sis hujjatlarining qonun talablariga mos kelmasligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etilishiga olib keladi.
Korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish sabablari asoslanmagan yoki korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan muddatlarda amalga oshirilmasa, sudga murojaat etish mumkin.
Korxona mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralariga zarur hujjatlarni ilova qilib, ariza topshirgan paytdan boshlab, 7 ish kunidan 30 ish kunigacha bo‘lgan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Korxonaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi yagona davlat reestriga kiritish uchun 10 kun muddat ichida Davlat statistika qo‘mitasiga xabar qilinadi. Korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan korxonaga: hokimiyatning korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi qaroridan ko‘chirma nusxasi, hokimiyat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va tasdiqlangan korxona Nizomi hamda korxonaning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi davlat orderi topshiriladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat etilgandan so‘ng korxona rahbariyati:
- dumaloq muhr va tamg‘aga buyurtma berishi;
- bankda hisobvarag‘i ochishi;
- soliq inspektsiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazishi;
- aholini ijtimoiy himoyalash fondidan ro‘yxatdan o‘tkazishi;
- bandlik markazidan ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Dumaloq muhr va tamg‘ani tayyorlatishga buyurtma berishdan oldin korxona rahbari korxona joylashgan tumandagi ichki ishlar bo‘limi, korxonaning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqidagi hokimiyat qaroridan ko‘chirma, hokimiyat tasdiqlagan ikki nusxadagi muhr va tamg‘a chizmalarini taqdim etishi kerak.
Ichki ishlar bo‘limi ruxsatni alohida xat ko‘rinishida beradi. Chizmalar esa kerakli yozuvlar bilan ma’qullanadi va muhr bilan tasdiqlanadi. Bankda hisob raqami ochish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- korxona rahbarining arizasi;
- hokimiyat tasdiqlagan ta’sis hujjatlari;
- notarius tasdiqlagan imzo namunalari;
- muhr va tamg‘a bilan tasdiqlangan kartochkalar;
- hokimiyatning mahalliy kengashi korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi qaroridan ko‘chirma yoki notarius tasdiqlagan ma’lumotnoma;
- soliq organidan ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi ma’lumotnoma.
Shundan so‘ng bank muassasasi arizachiga hisob raqami ochadi, uning raqamini korxona Nizomining asl nusxasiga yozadi va bosh hisobchining imzosi qo‘yilib, bankning gerbli muhri bosiladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin barcha tabdirkorlik sub’ektlari soliq organiga ro‘yxat (identifikatsiya) raqami olish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tgan vaqtdan e’tiboran 10 kun mobaynida murojaat etishlari lozim.
Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami soliq to‘lovchilar va yuridik shaxslarga soliq organi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirgan ma’lumotlar asosida beriladi.
Davlat soliq inspektsiyasida tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bir marta amalga oshiriladi va tadbirkorlik faoliyatini to‘xtashi munosabati bilangina bekor qilinadi.
Tadbirkorlik sub’ektlari o‘z identifikatsiya raqamini O‘zbekistan Respublikasi Soliq Kodeksiga muvofiq qo‘llaniladigan barcha hujjatlarda ko‘rsatishi shart.
Yangi korxonani tashkil etishning yakunlovchi bosqichida ishtirokchilar o‘z omonatlarini to‘laligicha kiritadilar (ro‘yxatdan o‘tgandan keyin bir yildan kechikmaslik kerak), bankda doimiy hisob raqamini ochadilar, korxona tuman soliq inspektsiyasida ro‘yxatga olinadi, o‘zining dumaloq muhri va burchakli shtampiga ega bo‘ladi. Shu vaqtdan boshlab, korxona mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyat yurita boshlaydi.
Agar korxona aktsiyadorlik jamiyati sifatida shakllanayotgan bo‘lsa, uning ta’sischilari aktsiyalarni sotib olish uchun unga obuna bo‘lishi lozim. Aktsiyalarni sotib olish uchun obuna ochiq bo‘lganda ta’sischilar kelajakda aktsiyalarga obuna bo‘lish haqida xabarnoma chiqaradi. Xabarnomada aktsiyadorlik jamiyatining predmeti, maqsadi va muddati, ta’sis majlisining vaqti, Nizom jamg‘armasining hajmi, aktsiyalarning miqdori va turi, ularning qiymati, aktsiyalarga yozilish muddati va boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Aktsiyaga obuna bo‘lganlar ta’sis majlisi bo‘lgan kuniga qadar aktsiyalar qiymatining 30 %ini kiritishi lozim. Agar aktsiyalar ta’sischilar o‘rtasida bo‘linadigan bo‘lsa, badal miqdori 50 %dan kam bo‘lmasligi lozim. Aktsiyador barcha aktsiyalarni aktsiyadorlik jamiyati ro‘yxatidan o‘tkazgandan so‘ng bir yildan kechiktirmasdan sotib olishi lozim. So‘ngra ta’sis majlisi o‘tkaziladi. U quyidagi masalalarni hal etishi kerak:
- aktsiyadorlik jamiyatini tuzish;
- aktsiyadorlik jamiyati nizomini tasdiqlash;
- aktsiyalarga obuna tugagandan so‘ng nizom jamg‘armasimiqdorini aniqlash;
- aktsiyadorlik jamiyati boshqaruv organini saylash;
- jamiyatnin faoliyat yo‘nalishlarini belgilash vaboshqalar.
Ta’sis majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazilgandan keyin yangi tashkil etilgan aktsiyadorlik jamiyati ro‘yxatdan o‘tkaziladi va ro‘yxatdan o‘tkazilgan jamiyat o‘z faoliyatini yuritishgakirishadi.