Jismoniy tarbiya fani bo'yicha o'quv- tarbiya jarayonini rejalashtirish texnologiyasining asoslari.
Kat o’qit: Rasulov. S. B
Olib borilgan pedagogik tadqiqotlar, o'rganilgan nazariy bilim hamda tajribalarning ko'rsatishicha, o'z o'quv-tarbiya jarayonini to'g`ri rejalashtirgan pedagoglar yuqori natijalarga erishadilar. Ishlab chiqilgan rejalar o'qituvchiga uzoqqa qarash imkonini beradi, maqsad va aniq vazifalarni belgilab olishi uchun zamin yaratadi, qo'yilgan vazifalarni hal etish yo'llarini va ko'proq samaradorlik manbalrini ko'zda tutadi.
Rejalashtirishning aniq hujjatlarini tuzib chiqishda o'qituvchi-pedagog qator talablarga rioya qilishi shart.
1. Rejalar xalq va hunar- texnika ta'limi, rahbar tashkilotining qarorlari va me'yoriy hujjatlariga muvofiq bo'lishi kerak. Ular davlat rejasi asosida jismoniy tarbiya tizimining bo'g`inlari uchun tuziladi. Hamma o'quv rejalar jismoniy tarbiyaning umumiy maqsadlariga muvofiq hamda xalq ta'limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan metodika tavsiyanomalariga muvofiq bo'lishi lozim.
2. Rejalashtirish jarayonida jismoniy tarbiyaning umumiy va metodik uslubiy asoslaridan kelib chiqish kerak. Rejalashtirish jarayonida asosiy tamoyillar- printsiplarni amalga oshirish uchun qulay imkoniyatlar bo'ladi: shaxsni har tomonlama rivojlantirish, jismoniy tarbiyaning mehnat va harbiy amaliyot bilan bog`liqligi, muntazamlik, qulaylik, mustahkamlik va yuksalish. Shulardan qaysi biri sog`lomlashtirish samarasini bersa va shug`ullanuvchilarga har tomonlama ijobiy ta'sir etsa, shunisiga keng yo'l ochib beriladi. O'rta Osiyo tabiiy iqlim sharoitida yillik dars soatlarining ko'proq qismini ochiq havodan o'tkazishni rejalashtirgan ma'qul.
3. Rejalashtirishga qo'yilgan asosiy talab uning maqadga muvofiqligi va kelajagi birligidir. Ma'lum sikl rejasi dars seriyalari, yil, chorak oldingi sikllarga asoslanishi va bajariladigan ishga tayyorlashi kerak.
4. Reja amalga oshiriladigan bo'lishi kerak. Rejalashtirishda o'quvchilar sonini, ularni jismoniy tayyorgarligini, maktabning shart-sharoitini, moddiy texnik ta'minlanganligini, faslni va boshqa talablarni hisobga olish zarur. Shu shart va talablardan qaysi biri mavjud bo'lsa, o'quv dasturidan biroz chetlangan bo'lsa ham, shularni rejalashtirish zarur. Bu yerda ma'lumki, imkoni bo'lmagan materiallar soati imkoni borlarga beriladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, har bir o'qituvchi ish jarayonida asta-sekinlik bilan shug`ullanuvchilarga sharoit va imkoniyat yaratib berishi kerak. Bunday holatlar ko'pincha dastur bo'limiga yangi talablar kiritilganda bo'ladi.
5. Rejalashtirishning aniqligi o'rgatish bosqichlarini, ularning vazifalariga mosligi bilan ifodalanadi.
Ko'p mashqlar ichidan eng zaruriysini, har tomonlama mukammal yoki pedagogik samaradorlikni ta'minlaydiganlari tanlab olinishi zarur.
Rejalarni tuzishdan oldin o'qituvchi zarur axborotlarni to'plab, tayyorgarlik ishlarini bajarishi kerak. Bu axborotlar o'quv materiallarini, manbalarni va ish shakllari, o'tish tartibini belgilab beradi. Har bir jismoniy tarbiya fani o'qituvchisi jismoniy tarbiya bo'yicha o'quv dasturlarini yaxshilab o'rganishi kerak. Bu shuning uchun har bir sinf uchun, bu mashqlarni o'zlashtirib olishda vazifalarni aniq belgilash zarur. Bundan tashqari, dasturni o'rganishda o'quv materiallarining sinfdan-sinfga o'tadigan izchilligini ta'minlash imkonini beradi. O'quvchilar tarkibini, sog`ligi darajasini, texnik va jismoniy tayyorgarligini o'rganish, bunday ma'lumotlarni hujjatlarni o'rganish orqali olish mumkin. Ayniqsa, o'quvchilar bilan suhbatlar boy ma'lumot beradi.
Jismoniy tarbiya bo'yicha o'tgan yillar davomida qilingan ishlar va maktabning moddiy bazasini hisobga olish, uni rivojlantirish va takomillashtirish yo'llarini aniqlash zarur. Maktab rahbariyati va pedagoglar jamoasining tarbiyaga bo'lgan munosabatini aniqlash uchun maktabning umumiy ish rejasi bilan tanishish zarur.
Jismoniy tarbiya darslari bo'yicha o'quv rejasini tuzishda viloyat va tumanning ob-havo sharoitini o'rganish zarur. Ko'pincha bular bir-biridan farq qiladi.
Tuman va viloyatning ommaviy sport tadbirlarini kalendari bilan tanishish zarur. Bunday axborotlar o'qituvchiga dastur bo'limlarini nabatma-navbat o'tishini aniqlash uchun zarur. Yetakchi jismoniy mashqlar turlarini va ish shakllarini aniqlash uchun o'qituvchi maktab, aholi yashayotgan texnik sport va jismoniy tarbiyaga oid an'analarni o'rganadi, o'quv tarbiya ishlarining samaradorligini oshirish yo'llarini belgilaydi.
O'z o'rnida shuni ta'kidlab o'tish kerakki, jismoniy tarbiya darslarida ishlarni rejalashtirish ikki guruhga bo'linadi:
1. Davlat hujjatlari.
2. Davlat hujjatlari asosida o'qituvchi tuzgan hujjatlar.
Birinchi galda rejalashtirish ishlarida davlat hujjatlarini ko'rib chiqamiz: O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi standartlari (DTS) va o'quv dasturi.
O'quv dasturi “Jismoniy tarbiya” faniga yillik soatlarning hajmi belgilab berilgan.
Jismoniy tarbiya majmuasi maktabda “Alpomish” va “Barchinoy” jismoniy tarbiya bo'yi cha o'quv dasturlariga asoslanadi.
DTSlari o'quv dasturi “Jismoniy mashqlar, jismoniy hujjatlarini rivojlantirish uchun mashqlar, jismoniy jihatlarni rivojlantirish uchun mashqlar, fanlararo aloqa uzviylik talablari belgilab berilgan”.
“Dastur tayyorlashda birinchi navbatda jamiyatning sotsial (ijtimoiy) buyurtmasi, ya'ni jamiyat talab ehtiyojlari hisobga olinadi. Maktab bitiruvchilarining jismoniy tayyorgarligi talablari “Alpomish” va “Barchinoy” majmuida o'z aksini topgan, shuni yodda tutish kerakki, dastur alohida sport turlaridan iborat emas, shuning uchun dastur bo'limlaridagi vazifalarni bir marotabada, sharoit, imkoniyat hamda mavsumlarni hisobga olgan holda hal etib borish zarur”.33
Jismoniy tarbiya bo'yicha o'quv dasturlari doimo takomillashib, vaqti bilan o'zgarib boradi. Maktab dasturining o'zgarish sabablariga quyidagilar kiradi:
-o'quv dasturida o'zgarishlar bo'lsa;
-o'quv sport bazasining birmuncha yaxshilanishi, fan yutuqlari va ilg`or tajribalarni o'quv jarayoniga qo'llash;
-o'quvchilar ma'lumotining oshishi, metodikaning takomillashganligi, o'quvchilarning tayyorgarlik darajasi;
- jismoniy tarbiyada yangi vazifalarning qo'yilishi izlanishga chaqiradi va yangi maqsadlarni hamda ish usullarini qo'llashni talab etadi.
DTS va o'quv dasturining uqtirish xatini sinchiklab o'qish zarur, chunki unda o'qituvchi uchun eng zarur va muhim ma'lumotlar mavjud. Biroq dastur qanday takomillashgan bo'lmasin, bu hujjat “jismoniy tarbiya” fanini maqsadini, o'quv materialini va mazmunini belgilovchi hujjatdir. Eng muhimi, uni amalga oshirishda yuqori natijalarga erishish zarur. Jismoniy tarbiyaning hamma shakl va turlari shunga qaratilgan. Shuning uchun o'qituvchi o'quvchilarning jismoniy tarbiya darslarini bilimdonlik bilan rejalashtirishi kerak.
O'qituvchilarning ko'p yillik tajribalari shuni ko'rsatadiki, jismoniy tarbiya darslaridan qo'yilgan vazifalarning samaradorligi tizimini tashkil etish zarur. Bu tizim qator rejalarni mantiqiy bir-biriga bog`lab, tugallangan hisoblanadi. Bularning har biri o'z funktsiyasiga ega. Bir butun olganda jismoniy tarbiya jarayonini maqsadga muvofiq qilib tashkil etish imkonini beradi. Bu tizim quyidagi hujjatlarni o'z ichiga oladi:
a) yillik o'quv-tarbiya ishlarining reja-grafigi;
b) dastur materiallarini darslarga taqsimlash rejasi, ish reja va dars konspekti.
O'quv-tarbiya ishlarining reja grafigi. Bu barcha parallel sinflar uchun bir yilga tuziladi. Uning asosiy vazifasi bir tekis, o'quv materialini maqsadga muvofiq qilib taqsimlash va yillik ishni tartibga solishdir. Grafikni tuzib chiqish o'quv meteriallarining tahlilidan boshlanadi. Bu asosiy mashqlarni aniqlash, vaqtni hisobga olish, ularni o'zlashtirish uchun zarurdir. Hozirgi dastur tahlili shuni ko'rsatdiki, mashqlar har bir sinfda aniq qo'yilgan. Vaqtni taqsimlab chiqishda mashqlarni murakkabligini va o'quvchilar tomonidan shu mashqlarni o'zlashtirishning qiyinligi bilan bog`liq bo'lgan tomonlarni hisobga olish zarur.
Dastur o'z ichiga yoshlarda jismoniy sifatlarni tarbiyalash vazifasini, dars hajmini, yillik vazifalarni hal etish uchun o'rgatishning aniq vazifalarini, tarbiya va sog`lomlashtirish ishlarini oladi. Bu dastur o'rgatishning eng qulay varianti, nazorat- sinov vaqtini ko'rsatishi, mustaqil mashg`ulotlar vazifalari va manbalari hisobiga kengayib boradi.
O'quv o'rgatish dasturi o'quv faoliyatini samaradorlik bilan boshqarish imkonini beradi. O'quv materialini o'rgatish jarayonida o'quvchilar mustaqilligini va faolligini oshiradi, o'rgatish vaqtidan ongli foydalanish imkonini beradi. Ana endi, o'quv dasturini tuzish bosqichlarini ko'rib chiqamiz.
Birinchi bosqich jismoniy sifatlarni rivojlantirish ishi uchun mashqlarni tanlashni o'z ichiga oladi.
Ikkinchi bosqich o'rgatishning ko'p yillik vazifalarini aniqlashdan iborat. Ko'p yillik vazifalarni aniqlab borish, o'quv materiallarining izchilligini va o'zaro aloqasini aniqlamog`i zarur. Mashqlarni o'rganish jarayoni spiral bo'yicha tashkil etiladi: har bir yangi aylanishda, navbatdagi o'quv yilida yangi materialni o'rganish uchun asos bo'lib xizmat qiladigan harakat tajribalarini muntazam ravishda qo'llash maqsadga muvofiqdir.
Uchinchi bosqich, yillik o'rgatish vazifalarini shakllantirishdan iborat. O'qituvchi ma'lum sinfda o'rganiladigan mashqlarning darajasini aniqlash lozim, agar u bir necha sinflar uchun dasturda ko'rsatilgan bo'lsa, bunday mashqlarga yugurish, sakrash, akrobatik va boshqa mashqlar qiladi.
To'rtinchi bosqichda yillik vazifalarni hal etish uchun zarur bo'lgan darslar hajmi hisoblab chiqiladi.
Beshinchi bosqich ko'p mehnat talab qiladi, dars vazifalariga aniqlik kiritishdan, ularni hal etish uchun manba tanlash, o'rganiladigan harakat-faoliyat qismlariga yordamchi mashqlarning qaytalanish sonini belgilash va ularni bir butun qilib o'rganishdan iborat.
Maktab dasturi bo'limini rejalashtirishning uch usuli ma'lum: parallel, ketma-ket va aralash. Dastur materiallarini parallel o'tishda dasrlarda har xil bo'limlardan materiallar kiritiladi. Bo'limni ketma-ket o'tish yuqori sinflarda amalga oshiriladi va yengil atletika, sport o'yinlari, gimnastika va boshqa mashqlar navbatma-navbat hal etiladi. O'quv materialini aralash rejalashtirish deganda birinchi va ikkinchi usulni birga qo'shib olib borish tushuniladi, ya'ni ba'zi bir bo'limlar parallel; ba'zilari alohida o'rganiladi.
Yuqorida sanab o'tilgan usullarning har biri o'zining ijobiy va salbiy tomonlariga ega. O'rta sinflarda parallel usulini qo'llash yaxshi natija beradi. O'quv materialini parallel usulda o'tish birmuncha yuksaklikka olib keladi. U harakat faoliyatlarini shakllantirish imkonini beruvchi manbalarni uzoq qo'llash orqali o'rgatishning samaradorlik xususiyatini oshiradi. Bulardan tashqari, bunaqa rejalashtirish darslarni xilma-xil tashkil etish imkonini berib, qiziqarli qiladi. Ammo bu holat sinchkovlik bilan tayyorgarlik ko'rishni talab etadi.
O'quv-tarbiya ishlarining grafigi kelajak reja ishlariga kiradi. U o'qituvchiga bir vaqtning o'zida yil davomida o'rgatish jarayonini ko'rish uslubiy tamoyillarini amalga oshirish imkonini beradi.
O'qituvchi “O'quv materialining mazmuni” grafigiga dastur mashqlarini jismoniy sifatlarini kiritadi. Bu grafaga hamma mashqlarni yozish kerak.
“Nazariy ma'lumotlar” grafasiga faqat umumiy savollar emas, balki o'quv ko'nikma va malakalarni shakllantirish uchun, o'quvchi nazariy bilimlarini boyitadigan, aqlni charxlaydigan savollar kiritiladi.
Mustaqil mashg`ulotlar metodikasi va texnika haqidagi axborotlarni o'qituvchilar hamma asosiy, tayyorlov va yordamchi mashqlarni o'rganishda muntazam ravishda o'rganib oladilar.
Tarbiya vazifalari ayrim mashqlar guruhi ham, ulardan har birini rejalashtirishga ham aloqador bo'ladi. Misol uchun, yengil atletikadan olingan mashqlar mashg`ulotlarga ijobiy munosabatni uyg`otadi. Keyingi grafalar esa yillik soatlar, chorak soatlari hamda darslarning tartib sonlarini ko'rsatadi. Ma'lumki, o'quv rejasiga asosan har bir sinfda 68 soatdan dars o'tishi kerak. Rejalashtirishda dars asosiga yangiliklar, mazmunli mashqlar, innovatsion usullar va harakatlarni barcha choralariga singdirishi zarur.
Bu maqsadlarni bajarib bo'lgandan so'ng o'quv materiallarini darslarga taqsimlash boshlanadi.
Programmaning umumiy materiallarini chorak soatlari asosida chorakma-chorak vertikaliga taqsimlab chiqiladi. Shunda bir soatli darsga nechta vazifa olinganligi va har bir vazifani qanday hal etish zarurligi aniq ko'zga tashlanadi. Vertikaliga olingan vazifalarning gorizantaliga qaralsa, har bir vazifaning necha marta takrorlanayotganligini ko'rish mumkin.
Vazifalarni (materiallarni) darslarga taqsimlashda didaktik printsiplarga rioya qilishi zarur. Buning uchun pedagogikaga murojaat etishga to'g`ri keladi.
“O'qituvchi faoliyatining muhim bosqichi- bu didaktik jarayon (yoki o'quv-bilish tuzilmasi)ni loyihalash hisoblanadi. Aynan shu didaktik jarayon pedagogik texnologiyaning asosini tashkil qiladi yohud u belgilangan vaqt ichida ta'lim (tarbiya) maqsadiga erishish uchun o'quv elementi mazmunini o'quvchi (talaba)larga uzatish yo'llarini aniqlab beradi. Shu bilan birgalikda didaktik jarayonning nazariy asoslarini yaxshi bilmasdan turib samarali pedagogik texnologiyani yaratish mumkin emas”.34
Dasturdagi umumiy materiallar bir yilga mo'ljallangan, shuning uchun alohida bir tur materialni bitta chorakda hal etish va uni tugallashni biz tavsiya etmaymiz. Bir xil vazifa bir necha darsda muntazam ravishda takrorlansa, u holda o'quvchilar faolligi yo'qoladi, oldinga qo'yilgan maqsadga erisholmaydi, eng yomon tomoni alohida bir darsning zichligi pasaydi.
Shu sababdan biz quyida misol tariqasida alohida bir chorakka mo'ljallangan darslar reja grafigini keltiramiz
Do'stlaringiz bilan baham: |