Faoliyatni tartibga solish mexanizmlari. Faoliyatni tartibga solishning umumiy mexanizmlari qatoriga insonning dunyoga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatlari tizimini to‘la qamrab oladigan va madaniyat algoritmi bo‘lib xizmat qiladigan rang-barang ijtimoiy qadriyatlar va me’yorlarni kiritish lozim. Xulq-atvor, odatlar va an’analarning ijtimoiy-madaniy me’yorlari, qoidalarining mavjudligi va rivojlanishi inson faoliyatini tartibga solish omili hisoblanadi. Me’yorlar muayyan sharoitda odamlar o‘zini qanday tutishi lozimligini belgilaydi va inson faoliyatida bevosita ishtirok etib, ijtimoiy va tabiiy sharoitlarga shaxsning moslaShuvini ta’minlaydi, ijtimoiy jarayonning uzluksizligini ta’minlovchi mexanizm hisoblanadi. Inson faoliyatini tartibga solishni ta’minlovchi ijtimoiy me’yorlar tizimida huquq normalari va axloq me’yorlari alohida o‘rin egallaydi.
Huquq va axloq. Huquq - davlat tomonidan belgilangan va uning majburlov kuchiga tayanadigan xulq-atvor umumiy normalarining majmui. Axloq ham jamoatchilik fikri, ya’ni qilmishni ma’qullash yoki qoralash bilan mustahkamlanadigan xulq-atvor qoidalari majmuidir. Axloq va huquq normalari o‘zlari muhofaza qiladigan ijtimoiy munosabatlar mazmuni, normativ talablarni mustahkamlash usullari, ularning shaxs xulq-atvoriga samarali ta’siri darajasiga ko‘ra ajralib turadi. Axloq va huquq normalarining mazmuni o‘rtasida jiddiy farq mavjud emas. Masalan, «o‘g‘rilik qilma» - bu ham axloqiy qoida, ham huquq normasidir. Ammo huquq normalari o‘z tartibga solish doirasi bilan axloq me’yorlari bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning ulkan hajmini to‘la qamrab olmaydi. Masalan, oilaviy munosabatlar sohasida huquq ota-onaga o‘z farzandlarini tarbiyalash majburiyatini yuklaydi, lekin ota-onani bir-birini sevish, bir-biriga g‘amxo‘rlik qilishga majburlamaydi. Huquq va axloq o‘rtasidagi farqni ular ko‘rsatadigan ta’sirning samaradorlik darajasida ham ko‘rish mumkin. Bizning nazarimizda, davlat majburlovi kuchiga tayanadigan huquq axloqqa qaraganda samaraliroqdir. Ammo muayyan sharoitda inson uchun huquq axloqiy me’yorlar nufuzi qarshisida ojiz bo‘lishi mumkin. Bu hol shaxsning qadriyatlarga munosabati mazmuni bilan, muayyan inson qaysi axloqiy qadriyatlarga tayanishi, shuningdek u yashaydigan muhit, ya’ni individ fikrini qadrlaydigan referent guruhning qandayligi bilan belgilanadi.
Shu sababli axloqiy yo‘l tanlashda ayrim inson uchun ishlab chiqarish jamoasi yoki maktab (talabalar) guruhining nufuzi muhim ahamiyat kasb etishi mumkin, boshqa shaxs uchun esa diniy sekta yoki jinoiy guruh a’zolarining fikri ustunlik qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |