1-mavzu. IQTISODIYOT NAZARIYASI FANINING PREDMETI VA OʻRGANISH
USULLARI
Reja
1. Iqtisodiyot tushunchasi, uning bosh masalasi va uning qamrov jihatidan turlari.
2. Ehtiyojlarning mazmuni va ularning turkumlanishi. Ehtiyojlarning oʻsib borishi
qonuni.
3. Iqtisodiyot nazariyasining fan sifatida shakllanishi va undagi asosiy oqimlar.
4. Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va vazifalari.
5. Iqtisodiy qonunlar va kategoriyalar (ilmiy tushunchalar).
6. Iqtisodiy jarayonlarni ilmiy bilishning usullari.
1. Iqtisodiyot tushunchasi, uning bosh masalasi va uning qamrov jihatidan turlari.
Cheklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanib, kishilarning yashashi, kamol topishi
uchun zarur boʻlgan hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berishga
qaratilgan, bir-biri bilan bogʻliqlikda amal qiladigan turli-tuman faoliyatlar yaxlit qilib, bir soʻz
bilan, iqtisodiy faoliyat deb ataladi.
Qadimda iqtisodiy faoliyatning asosiy shakli uy xoʻjaligi doirasida roʻy bergan. SHuning
uchun qadimgi grek olimlarining (Ksenofont, Platon, Aristotel) asarlarida iqtisodiyot – uy
xoʻjaligi va uni yuritish qonunlari deb tushuntirilgan. Arab leksikonida «iqtisod» tejamkorlik
ma’nosida tushunilgan, chunki islom diniga oid adabiyotlarda tejamkorlikka alohida e’tibor
berilgan. Lekin, hozirgi davrda iqtisodiyot tushunchasi faqat uy, individual xoʻjalik yuritish yoki
tejamkorlik ma’nosi bilan cheklanmaydi. Balki iqtisodiyot – mulkchilikning turli shakllariga
asoslangan xoʻjaliklardan, xoʻjaliklararo, davlatlararo birlashmalar, korporatsiyalar, kontsernlar,
qoʻshma korxonalar, moliya va bank tizimlaridan, davlatlar oʻrtasidagi turli iqtisodiy
munosabatlardan iborat oʻta murakkab ijtimoiy tizimni anglatadi.
Ushbu cheklangan iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanib, aholining toʻxtovsiz oʻsib
boruvchi ehtiyojlarini qondirish maqsadiga erishish, resurslar va mahsulotlarni toʻgʻri taqsimlash
yoʻllarini topish iqtisodiyotning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Iqtisodiyot qamrov darajasiga qarab turlicha boʻlishi mumkin: jahon iqtisodiyoti, milliy
iqtisodiyot, tarmoq iqtisodiyoti, mintaqa va hudud iqtisodiyoti, korxona yoki firma iqtisodiyoti,
oila iqtisodiyoti.
Inson tomonidan yaratilgan tovarlar va xizmatlarning, resurslarning harakati boʻyicha
takror ishlab chiqarish quyidagi fazalar birligidan iboratdir:
1) ishlab chiqarish jarayoni;
2) taqsimlash jarayoni;
3) ayirboshlash jarayoni;
4) iste’mol qilish jarayoni.
Iqtisodiyotning doimiy va bosh masalasi – ehtiyojlarning cheksizligi va iqtisodiy
resurslarning cheklanganligidir.