Investitsiyalar dinamikasini belgilovchi foiz stavkasidan boshqa omillar. Investitsiyalar dinamikasini belgilovchi eng muhim omillardan biri boʻlib kutilayotgan sof foyda normasi hisoblanadi. Agar real foiz stavkasi bilan investitsiya xarajatlari miqdori oʻrtasida teskari bogʻliqlik boʻlsa, kutilayotgan sof foyda normasi (KSFN) dinamikasi bilan investitsiya xarajatlari oʻrtasida toʻgʻri bogʻliqlik bor. Agarda kutilayotgan foyda me’yori foiz stavkasidan yuqori boʻlsa, investitsiyalash foydali va aksincha, foiz stavkasi kutilayotgan foyda miqdoridan yuqori boʻlsa, investitsiyalash foydali boʻlmay qoladi. Misol uchun, zavodga 100000 soʻmlik yangi stanok sotib olindi. Yangi stanokni qoʻllashdan zavod 10.000 soʻm sof foyda olgan boʻlsin. Kutilayotgan sof foyda normasi quyidagicha aniqlanadi: KSFN = 10000 / 100000 x 100 = 10%. Investitsiya xarajatlari foyda keltirishini aniqlashda nominal foiz stavkasi emas, balki real foiz stavkasi hisobga olinadi. Real foiz stavka narxlar darajasining oʻzgarishini aks ettirib, nominal stavkadan inflyatsiya darajasi ayirmasi koʻrinishida aniqlanadi. Masalan, nominal foiz stavkasi 16% ga teng boʻlsa, inflyatsiya darajasi yiliga 12% ni tashkil etsa, unda real foiz stavkasi 4 foizini (16%-12%) tashkil etadi. Investitsiya xarajatlari dinamikasiga ta’sir etuvchi boshqa quyidagi omillar ham kiradi:
1. Soliqqa tortish darajasi;
2. Ishlab chiqarish texnologiyalaridagi oʻzgarishlar;
3. Mavjud boʻlgan asosiy kapital miqdori;
4. Investorlarning kutishi;
5. Yalpi daromadlarning oʻzgarishi.
Soliqqa tortish darajasining pasayishi hamda yangi texnologiyalarning paydo boʻlishi kutilayotgan sof foyda normasining (real foiz stavkasi oʻzgarmagan sharoitda ham) koʻpayishga olib keladi. Bu esa investitsiya xarajatlarining ortishiga turtki beradi. YaIM hajmi oshishi korxonalar foydasining koʻpayishiga olib keladi. Korxona foydasi investitsiyalarning manbai ekanligini hisobga olsak, bu holatda investitsiya xarajatlari oshadi. YaIM hajmi pasayib ketganda esa, ya’ni iqtisodiy faollik pasayishi sharoitida boʻsh turgan quvvatlar mavjudligi tufayli, investitsiya xarajatlari pasayib ketadi. Ammo YaIMning davriy tebranishlari, innovatsiyalarni doim ham bir tekisda boʻlmasligi, uskunalarni uzoq muddat xizmat qilishi, iqtisodiy kutishdagi xavflar tufayli investitsiyalar hajmi barqaror boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasida olib borilgan oqilona makroiqtisodiy siyosat natijasida yuzaga kelgan qulay investitsiya muhiti yaxshilandi, jumladan siyosiy va iqtisodiy barqarorlikning ta’minlanganligi, soliq yukining pasaytirila borishi, bozor infratuzilmasining rivojlantirilishi, bank tizimining mustahkamlanishi va bank foiz stavkalarining pasaytirilishi, investorlarga keng imtiyoz va kafolatlar tizimining yaratilganligi mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmining oʻsishiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |