Ilk o'rta asr Farg'ona va choch madaniyat va sa'nati
Reja:
Ilk o'rta asr Farg'ona va choch madaniyat va sa'nati haqida dastlabki ma’lumotlar
V-VI asrlarda Farg‘onadagi siyosiy vaziyat
Ilk o’rta asrlarda monumental san’atning tasviriy va haykaltaroshlik
Arxeologik va yozma manbalarga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ilk o‘rta asrlar jamiyati tizimlarida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy tub o‘zgarishlar kuzatiladi. Ushbu jarayon dastlab antik davr nihoyasida kushonlar saltanati, Davan (Davan) va Qang‘-Kanguy (xitoychada Kandzyuy) kabi konfederativ davlatlari tanazzuli, kidaritlar (kidariylar), xionitlar (xioniylar), eftalitlar (zftaliylar), so‘ngra arablarni Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi dehqonchilik xududlariga bostirib kirishi vaqti bilan bir davrda ro‘y beradi. Albatta, bularning barchasi O‘rta Osiyo xalqlari tarixida ayniqsa, moddiy madaniyatda o‘z izlarini qoldirgan. Keyingi yillarda Farg‘ona vodiysi va Choch (Toshkent vohasi) ilk o‘rta asrlar davri tarixi to‘g‘risida muhim arxeologik va yozma manbalar to‘plandi. Bu manbalar Farg‘ona va Chochning ilk o‘rta asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holati to‘g‘risida ba’zi bir xulosalarni chiqarishga imkon beradi.
Xo‘jalik yuritish usullari. Farg‘ona vodiysini ilk o‘rta asrlardagi xo‘jalik hayotini aks ettiruvchi arxeologik ob’yektlarni solishtirib o‘rganishga ko‘ra dehqonlar va chorvadorlarning o‘zaro munosabatlari o‘rganilayotgan davrda dinamik ravishda rivoj topadi. Biroq, Farg‘ona ko‘chmanchi-chorvadorlari haqida gap ketganda bir jarayonga e’tibor berish kerak. Bu ularning xo‘jalik mashg‘ulotlari bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur voqyelik etnografiya ma’lumotlari bilan tanishish davomida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ma’lumki, qadimdan vodiy chorvadorlari O‘rta Osiyoni boshqa yerlaridan bir oz farq qiladigan o‘ziga xos xususiyatlariga ega bo‘lgan. Etnografik ma’lumotlarga ko‘ra, yarim ko‘chmanchi aholi asosiy mashg‘uloti chorvachilik bilan bir qatorda dehqonchilik, xususan, lalmikor dehqonchilik bilan ham shug‘ullangan. Masalan, Qo‘qon xonligi davrida vodiyni tog‘ hududlari bilan dehqonchilik vohalari oralig‘idagi ayrim hududlarda (tog‘oldi, adir) dehqonchilik qiladigan yarim ko‘chmanchi aholi yashagan [1]. Bu jarayon ilk o‘rta asrlarda ham kuzatilgan va u ko‘pgina shu davr qabriston materiallari tarkibida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Keyingi paytda qo‘lga kiritilgan arxeologik materiallar Farg‘ona vodiysida ilk o‘rta asrlarda quyidagi xo‘jalik yuritish usullari bo‘lganini ko‘rsatmoqda: 1) Dehqonchilik. Voha dehqonlarini g‘alla, paxta, ipak va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazishgani haqida ashyoviy dalillar bor. Bunday an’anaviy xo‘jalik yuritish vodiyda uzoq tarixga ega, ya’ni miloddan avvalgi II ming yillik o‘rtalaridan – ilk dehqonchilik makonlari paydo bo‘lgandan boshlab davom etib kelmoqda. 2) Hunarmandchilik. Bu asosan shahar aholisi va ayrim qishloqlar hayoti bilan bog‘liq bo‘lib, vodiyda ilk o‘rta asrlarda juda rivojlangan. Yozma manbalar vodiyda VII-VIII asrlarda 100 dan ortiq shaharlar bo‘lganligini xabar beradilar. Shaharlarda asosan hunarmandchilik va ayrim olingan shaharlarda qishloq xo‘jalik tovarlarini qayta ishlash mavjud bo‘lgan. Bu xo‘jalik yuritish usuli oldingi – antik davr shahar hayoti uchun ham qayd etilgan. Masalan, Xitoy yozma manbalarida Yuchen (O‘zgan yaqinidagi Sho‘rabashot yodgorligi) shahar hokimi to‘g‘risida ma’lumot bor [2]. 3) Chorvachilik. Bu xo‘jalik turi bilan ko‘chmanchilar shug‘ullanib, ular tog‘ va adirlardagi yaylovlarda xo‘jalik yuritishgan; chorvalarga yaylov qidirib bir joydan ikkinchi yerga ko‘chib yurishgan, arxeologik topilmalarga ko‘ra mayda va yirik shoxli (qo‘y, mol, echki) va transport hayvonlari (ot, eshak, tuya) boqishgan. Bundan tashqari ular hayotida ovchilik va harbiy jangovarlik faoliyati katta rol o‘ynagan. Bu guruh uchun etnografiyadagi vertikal [3], ya’ni pastdan yuqoriga, yuqoridan pastga ko‘chib yurish (balki, tog‘lar (yuqori) – cho‘llar, vohalar (quyi) xos bo‘lgan. Geografik sharoitlardan kelib chiqib, ular hayotidagi ko‘chib yurish ko‘lami (amplituda kochevaniya) Qozog‘iston va Sibir ko‘chmanchilariga nisbatan kamroq kuzatiladi. Ularning bir qismi qishki manzillarida qolib, yaylov chorvachiligi va parranda yetishtirish bilan ham shug‘ullanganlar. Chorvadorlar tog‘oldi, adir va qo‘riq yerlarda tirikchilik qilib, lalmi ekinlar bug‘doy, arpa, tariq kabilarni qo‘shimcha ravishda yetishtirganlar. Ba’zi holatlarda ayrim sug‘orish mumkin bo‘lgan joylarda bu guruh mayda yoki lalmi dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Ushbu guruhda o‘troqlashish jarayoni juda oson kechib, ular tez orada o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullanib ketganlar.
Har uchala guruhga xizmat qilgan jamiyatdagi yana bir qatlam savdogarlar roli ham sezilarli bo‘lgan. Qit’alararo savdo yo‘li – Ipak yo‘li rivojlangan va uning yangi tarmoqlari ochilib, faoliyat ko‘rsatgan. Yozma ma’lumotlarga ko‘ra, VII-VIII asrlarda Farg‘ona va Choch hukmdorlari Xitoy imperatoriga yuqori sifatli shisha, mashhur qirmizi rang otlar yetkazib berganlar [4].
Yuqorida keltirilgan bunday murakkab xo‘jalik yuritish jarayoni har ikki Farg‘ona va Choch o‘lkalari uchun xarakterli edi. Chunki ularning ko‘p ukladli xo‘jaligi bir- birlariga juda o‘xshab ketgan. Ulardagi jamiyatning ijtimoiy tarkibi erkin jamoa ishlab chiqarishga asoslangan dehqon va chorvador xo‘jaliklari, hunarmandlar, savdogarlardan iborat edi. Dehqonchilik madaniyati ta’sirida ko‘plab chorvadorlar asta-sekin o‘troqlasha borganlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayrim chorvadorlar qishlaydigan xududlarda ularning turarjoy qoldiqlari ham topilgan [5]. Bu jarayon V-VIII asrlardagi Farg‘ona chorvadorlari hayotida yaxshi kuzatiladi. Jumladan, ziroatchilar va chorvador-ko‘chmanchi aholi moddiy madaniyatida ko‘p o‘xshashliklar qayd etiladi. Bunday o‘ziga xos xo‘jalik yuritish aloqalari shimol, shimoli-g‘arbda Fovasoy va Sumsarsoy havzalaridagi mozorlar – qurum va mug‘xonalar [6], janubi-g‘arb va janubda – Borkorboz, Xonqiz II, Qayrag‘och, Qora Mo‘ynoq, Vorux, Chorku I, II, Isfara, Qalantarxona (yorma va lahad go‘rlar), sharqda bo‘lsa Keden, Qorajar, Qorako‘lja kabi arxeologik yodgorliklari materiallari tarkibida kuzatiladi [7]. Bu farg‘onacha xo‘jalik yuritish usuli vodiy aholisi o‘rtasida mavjud bo‘lgan xo‘jalik tafovutlarini sekin-asta yo‘qolib borishiga, ilk o‘rta asrlar nihoyasiga kelib, bir butun sug‘orma dehqonchilik va shahar hunarmandchiligiga asoslangan hukmron xo‘jalikka aylanishiga olib keldi. Xo‘jalikning iqtisodiy asosini erkin jamoa ishlab chiqarishi tashkil etgan. Dehqonchilik erkin dehqon jamoalari – kashovarzlar, dehqonzodalar va kadivarlar mehnati asosiga o‘tadi. Endilikda dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikda asosiy mahsulotlarni aynan erkin jamoachilar ishlab chiqarganlar hamda ular jamiyatning o‘zagini tashkil etgan [8]. Aytilganlarga qo‘shimcha etish kerakki, keltirib o‘tilgan mozor-qo‘rg‘onlar guruhi chorvadorlar qoldirgan yodgorliklar deb hisoblanadi. Bulardan kelib chiqib va etnografik ma’lumotlarni hisobga olib, dehqonlar va ko‘chmanchi-chorvadorlar yagona boshqaruv va ma’muriy tizimga ega bo‘lgan, degan fikrni ilgari surish mumkin [9].
V-VI asrlardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Ma’lumki, V asr boshlarida O‘rta Osiyoning siyosiy xaritasidagi yirik davlatlar tanazzulga yuz tutib yemiriladilar. Manbalardagi 435 yildan keyingi ma’lumotlarda Kushon imperiyasi, Kanguy, Davan kabi konfederativ davlatlar nomi uchramaydi, ular tarix sahnidan ketadilar. Bungacha Davan va Kanguy atamalari yozma manbalarda oxirgi marta uchraydi. Jumladan, Xitoyning Ilk Sin (351-394) podsholigining Ilk Lyan yeri hukmdori Fu Szyan biografiyasida yozilishicha, uni huzuriga 379 yili Davan va Kanguydan elchilar keladilar [10]. Ana shu yirik davlat birlashmalari o‘rnida ko‘plab mayda yer egaliklari (mulklar) paydo bo‘ladi (aniqrog‘i «davlatcha»lar – B.M.). Ta’kid joizki, xududiy jihatdan vodiyga yaqin bo‘lgan Sharqiy Turkistonda (Shinjon) ham mayda va mustaqil davlatchalar tizimi bo‘lgan [11]. O‘rganilayotgan davrda O‘rta Osiyoda yer egaliklari («davlatchalar») soni 15 ta edi, keyinroq ular ko‘paygan [12]. Bu mulklar asosan mayda vohalarda tarkib topgan shaharchalar asosida paydo bo‘lib, ularga atrofdagi yerlar ham qarar edi. Ana shunday yer egaligida o‘zini mahalliy ishlab chiqarish (iqtisodiy) markazi vujudga keldi va oxir-oqibatda u shahar tusiga kirib boradi [13].
Ana shu yer egaliklari (mulklar yoki voha davlatlari)da asosan shahar va qishloq aholisi yashagan. Ular so‘nggi antik va ilk o‘rta asrlarda ijtimoiy o‘zgarishlarga uchragan hamda jamiyatning ijtimoiy tarkibiga ta’sirini o‘tkazgan. Jumladan, VVIII – asrlardagi arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatiga asosan tuzilgan xaritaga ko‘ra, ilk o‘rta asrlarda shaharlar soni antik davrga nisbatan mayda shaharlar hisobiga ortadi. Bu davrda qishloqlar (42,60%) va qasrlar, qal’a-qo‘rg‘onlar soni (12,59%) ham ortadi. Ya’ni, antik davrga nisbatan ilk o‘rta asrlarda erkin dehqon xo‘jaliklarining badavlat tabaqasi – dehqonzodalar mulki asosida qad ko‘targan qasrlari tevaragida tarkib topgan shaharlar soni ko‘payadi. Bundan kelib chiqadiki, qishloq jamoalari ichida mulkiy tabaqalanish jadal kechgan, mayda mulk egalari kashovarzlarning bir qismi mulksiz kadivarlarga, ular hisobiga boyib borayotgan kechagi kashovarzlarning boshqa bir qismi esa badavlat dehqonzodalarga, ya’ni mulkdor feodallarga aylanib borgan [14]. Mulkiy tabaqalanish va tengsizlik hosilasi sifatida jamiyatda ijtimoiy qarama-qarshi guruhlari paydo bo‘ladi. Jamiyatda qulchilik bo‘lgani haqida yozma ma’lumotlar bor. Bu xaqda VIII asr boshlaridagi shartnomada (Samarqand shartnomasi ham deyiladi) qayd etilishicha, Farg‘ona arablarga 200 ming draxm (dirxam) miqdorida moddiy boylik va qullar yetkazib berishi ko‘zda tutilgan [15].
B. Abdulgaziyevaning Farg‘ona vodiysining bir qismi – Qoradaryo yuqori va quyi oqimlari yodgorliklari asosida bildirgan fikri: ya’ni antik davrda qishloqlar sonini ortishi va shaharlar kamligi; ilk o‘rta asrlarda qal’a-qo‘rg‘onlar hamda shaharlar sonini ortishi xususiyati [16] bizning materiallarimizda o‘z tasdig‘ini topmadi. To‘g‘ri, yuqorida keltirib o‘tganimizdek, antik davr uchun shaharlar 16 ta edi [17] ilk o‘rta asrlarda ular 22 taga yetdi. Ulardan faqat ikkitasi ilk o‘rta asrlarda paydo bo‘ladi. Aynan antik davr oxirlarida vodiydagi Uchqo‘rg‘on I (maydoni 12 gektar), Qaynovot (15 ga), Qoradaryo (10 ga), Jilandi (7 ga), Shimoliy Qurshob (5 ga), Yangibozor (10 ga), Mozortepa (12 ga), Kalamishtepa (12 ga), Oqtepa (12 ga) kabi shaharlar tanazzulga yuz tutadilar va ilk o‘rta asrlarda yirik shaharlar kamayadi. Biroq, qishloqlar ulushi antik davrdagidan kam emas edi (42,60%) va ayrim qishloqlar ba’zi tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashadilar. Xullas, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida har bir irrigatsiya rayoni va vohasida qishloq hokimliklari hamda ayrim yirik shaharlar asosida esa shahar-davlatlar tashkil topadi. Ularni boshqarishda maliklik bo‘lgan. Buni V-VI asrlarga taalluqli, deb topilgan tanga va undagi yozuvni «maligi Farg‘ona Chesh (Chish)», deb o‘qilishidir [18].
Siyosiy jihatdan V-VI asrlar Farg‘ona tarixida notinch davr edi. Yozma manbalardagi mashhur Davan davlati tarix sahnasidan ketadi. Xususan, xitoycha Beyshi nomli manbani 97-bob birinchi qismida, 436 yilda bo‘lib o‘tgan voqyea-hodisalarni bayoni berilganda, Davan davlati tilga olinmagan. Bundan bir oz so‘ng – 510 yili O‘rta Osiyoda (ehtimol Farg‘onada ham) eftalitlar davlati paydo bo‘ladi. Balki eftalitlarni O‘rta Osiyo hududlariga bostirib kirishi yuqorida tilga olingan yirik davlatlar yemirilishini tezlashtirgan bo‘lishi mumkin. Bu vaqtdagi notinchlik to‘g‘risida o‘sha Xitoy manbalari xabar beradilar. «Yuan-vey (386-550/557) va Szin (265-480) sulolasi hukmronligi davrida Farbiy o‘lkalar bir-birlari komiga tushdilar. Ularda kechayotgan voqyealarni tushunib bo‘lmaydi» [19]. O‘sha bir-birlarini yutib yuborayotgan o‘lkalar (mulklar) haqida yozma manbalarda ma’lumotlar kam uchraydi. Manbalarda quyidagi o‘lkalar qayd etilgan: Chjeshe (oldingi Qang‘li), Sharqiy Sao (Ustrushona), Sivantszin (Samarqand), Farbiy Sao (Ishtixon), Nyumi (Buxoro vohasi) Szyasheni – Kushaniya (Kesh), Noshe-bolo (Naxshab) va boshqalar. Qo‘shimcha qilib aytamizki, qo‘shni Chochda beshta [20], Sug‘dda (Kan) bir necha (9 ta) yer egaligi bo‘lib, ularda Chjao’u (Jabg‘u) urug‘i avlodlari hokimlik qilishgan.
Nomlari zikr etilgan manbalarda Farg‘ona «Lona», «Polona» nomi bilan tilga olinadi (Beyshi, birinchi bo‘lim). Xitoyning Shimoliy Vey davridagi (384-534) «Veyshu»da ta’kid etilishicha, 436 yili elchi Dun Van «Polona»-oldingi Davan davlatigacha borgan [21]. Demak, bundan ma’lum bo‘lyaptiki, Polona-bu alohida davlat va u oldingi Davan (Farg‘ona) yerlarida joylashgan.
V-VI asrlarda Farg‘onadagi siyosiy vaziyat haqida yozma manbalarda ma’lumot kam. Faqat shu davr voqyealariga bag‘ishlangan manbada bir xabar bor. «Lona – bu qadimgi Davan, qarorgoh – Guyshan, Qashg‘ar shimoli-g‘arbida, Daydan 14450 li. da joylashgan. Txayxo hukmronligini uchinchi yozida, 479 yilda hokim chopar bilan qirmizi rang zotdor otlar (ular «qon bilan terlaydigan» (potokrovnыye) deyiladi) jo‘natdi, shu vaqtdan e’tiboran, sovg‘a-salom bilan elchilar yuborib turildi» [22].
Demak, O‘rta Osiyoni boshqa hududlaridagi materiallarni hisobga olib, yozma manbalarga asoslangan holda aytish mumkinki, Farg‘ona – Davan podsholigi yemirilgach, bir necha mayda yer egaliklariga bo‘linib ketgan. Ana shu yer egaliklarini eng yirigi yozma manbalar xabar bergan Polona (Lona) edi. Arxeologik materiallarni tahlil etish, yozma manbalarni diqqat bilan o‘rganish ushbu satrlar muallifiga vodiyda ilk o‘rta asrlarda yettita katta yer egaligi mavjud bo‘lganligi va ular joylashgan o‘rnini aniqlashga imkon bermoqda.
Ilk o’rta asrlarda xunarmandchilik va savdo aloqalari rivojlandi. Bu o’z navbatida qadimiy shaxarlarning yanada taraqqiy etishiga va yangi shaxarlarning bunyod etilishiga imkon yaratdi.
Ilk o’rta asrlardagi shaxarlar yozma manbalarda 3 qismdan iborat deb berilgan bo’lsada, arxeologik tadqiqotlar ularning 2 qismdan ark va shaxristondan iborat ekanligini qo’rsatgan.
Ark barcha shaharlarda o’zning muxtashamligi bilan ajralib turgan. Odatda arklar tuproq va loydan shibbalab bunyod etilgan tepaliklar ustiga qurilgan. Atrofi mudofaa inshooti sifatida chuqur chohlar bilan o’rab olingan. So’ng mustahkam poydevor ustiga xom g’isht va paxsadan qasr qurilgan. Turar joy binolari esa, katta kvadrat tarzidagi xonadan va uning atrofi uzunchoq va to’rtburchak xonalardan iborat bo’lgan. Kvadrat xonalar gumbaz bilan yopilgan, Katta xonaning o’rtasida to’rtta ustun joylashtirilib, yog’och to’sinlar bilan yopilgan. Uning markazi esa to’rtburchak shaklida ochiq qoldirilgan. Tadqiqotchilar fikricha, bu katta xonalar mehmonxona va hovli rolini bajargan.
Ilk o’rta asrlarda shahar hunarmandchiligi keng rivojlangan. Samarqand, Buxoro, Poykent, CHoch va janubiy So’g’d shaharlari o’sha kezlardayoq yirik savdo-sotiq markazlari hisoblangan. Bu shaharlarda hunarmandchilikning kulolchilik, shishasozlik, metallurgiya va to’qimachilik sohalari yuksak darajada rivojlangan bo’lib, ular ko’p hollarda tashqi savdo uchun mahsulot chiqarganlar.
Ilk o’rta asrlarda to’qmachilik O’rta Osiyo hunarmandchiligining ustivor yo’nalishiga aylandi. Ayniqsa ipak mahsulotlariga talab katta bo’lgan. Arxeologik materiallarning guvohlik berishicha, ipak qurtini boqish Qadimgi Baqtriyada bronza davridan ma’lum bo’lgan. Antik davri va ilk o’rta asrlarga kelib, ipakchilik bilan shug’ullanish So’g’diyona va Farg’ona vodiysiga ham keng yoyilgan va ipak ishlab chiqarish dehqon xo’jaliklarining daromadgo’y sohalaridan biri bo’lgan. Ipakchilikning jahonga mashhur markazlari paydo bo’ldi. Masalan, VI-VIII asrlarda shakllangan Buxoroning “zandanachi” ipak mahsulotlariga talab ipakchilikning ilk vatani Xitoyda ham katta bo’lgan. Zandanachi ipak mahsulotlarining namunalari Afrosiyob devoriy suratlarida yaxshi saqlangan.
Ilk o’rta asrlarda monumental san’at xuddi qadimgi davrdagidek, ikki komponentdan, tasviriy san’at va haykaltaroshlik bezaklaridan iborat edi. Agar qadimiy davr badiiy san’atida asosiy e’tibor haykaltaroshlikka qaratilgan bo’lsa, ilk o’rta asrlar monumental san’atning ustivor yo’nalishi professional tasviriy san’atga qaratilgan. SHuning uchun monumental tasviriy san’at ilk o’rta asrlar davri me’morchiligida shohona saroylar, dehqon qasrlari, zardushtiylik va buddaviylik ibodatxonalarining intererlarini bezashda keng qo’llanilgan.
Arxeologik qazishmalar davomida ochilgan Bolaliktepa, Varaxsha, Afrosiyob, Panjikent devoriy suratlari monumental tasviriy san’at olamining nodir namunalari edi. Bu asarlarda ilk o’rta asrlar davrining professional musavvirlari mifologik ijodiyot obrazlar va adabiy epik an’analar dunyosini tasviriy san’atda ifoda etganlar.SHuningdek, ular orqali aniq tarixiy voqealar va uzoq o’tmishda o’tgan ajdodlarimizning urf–odatlari, ularning axloq normalaridan tortib to xulq-atvorlarigacha, o’sha davr ideal obrazlarida bizgacha yetkazilgan. Tasviriy san’at orqali feodal jamiyati aristokratiyasining ichki hayoti va kundalik turmush tarzi rang barang suratlarda ochib berilgan. Masalan, Toxariston musavvirlari maktabiga mansub Bolaliktepa ( V-VI asrlar ) devoriy sur’atlarida moviy osmon fonida tasvirlangan bazm syujetida, shohona kiyimdagi erkak va ayollarning qo’llarida oltin va kumush qadahlarni ko’tarib turgan holatlari aks ettirilgan.
So’g’d musavvirlari maktabiga mansub, Varaxsha devoriy sur’atlarida (VII-VIII asrlar ) esa buxorxudodlarning jo’shqin hayot tarzining lahzalari ya’ni saroy hayoti, ibodat va ov manzarasi tasvirlangan. Saroyning sharqiy zali janubiy devorining o’ng tomonida qanotli tuya shaklida ishlangan taxti ravonda podshoh tasviri, devorning chap tomonida Saroy ahlining altar qarshisidagi ziyorati, saroyning qizil zal devoriy suratlarida esa fil mingan ovchi pahlavonning unga tashlanayotgan yo’lbars bilan olishuv manzarasi tasvirlangan. Sug’d musavvirlar maktabining yuksak professional darajasi Afrosiyob devoriy sur’atlarida o’z aksini topdi. Samarqand ixshidi Varxumanning taxtga kelishi munosabati bilan chizilgan bu sur’atlarda mamlakatlararo diplomatik munosabatlar, diniy va dunyoviy mavzulardagi syujetlar va o’sha davr madaniy hayoti aniq tasvirlangan.
Ilk o’rta asrlarda monumental san’atning tasviriy va haykaltaroshlik yo’nalishlari o’zining omuxtalashgan to’liq ifodasini buddaviylik san’atida topdi. Buning yorqin namunasini Quva ibodatxonasi Budda haykallari misolida ko’rish mumkin. Bu qadimgi Farg’ona haykaltaroshlik maktabining mahsuli bo’lib, uning shaklanishida hind ikonografiyasi bilan mahalliy, ilohiy sanamlari o’z aksini topgan. Masalan, Quva markaziy haykalining qotib qolgan xitoy bashara but qiyofasida berilishi va uni badisatvalar, farishta va jinlar hamkorligida tasvirlanishi Farg’ona haykaltaroshlik maktabiga xos badiiy san’at namunasi edi.
Amaliy haykaltaroshlik san’atining yorqin namunalari milodiy IV—V asrlarga oid Toharistonning Kuyovqo’rg’on qal’a qo’rg’onidan topildi. Kuyavqo’rg’on haykallari ziynatli bezaklarga boy yengil kiyimlardagi erkak va ayol personajlaridan iborat bo’lib, ular timsolida Bolaliktepa rasmlaridagidek, buddaviylik ikonagrafiya an’analari o’z aksini topgan.
Ilk o’rta asrlar davri monumental me’morchiligida noyob ganch naqshinkorligi keng qo’llanilgan. Unda antik davr an’analari umuman uchramaydi, balki o’z zamonasiga xos yangi uslubiy yo’nalishi shaklangan. Buni Afrosiyob, Varaxsha va Dumaloqtepa (Toxariston ) qasr bezaklarida uchratish mumkin.
Monumental san’at bilan birgalikda ilk o’rta asrlarda amaliy san’atning barcha yo’nalishlari rivojlanadi. Ular shaharlaring rivojlanishi va shahar hunarmandchiligining taraqqiyoti bilan uzviy bog’langan edi. Oltin va kumushdan har xil idishlar yasash ko’lami kengayadi. Ayniqsa bu masalada Xorazm maktabi, Toxariston va So’g’d ustalari katta yutuqlarga erishadilar.
Arxeologik qazish materiallari va tasviriy san’at asarlari ilk feodalizm davrida zargarlik va tosh o’ymakorlik san’ati qanchalar yuksak darajada rivojlanganligi haqida guvohlik beradi. V-VI asrlarda oliy nasabli mulk egalarining shaxsiy muhri sifatida qimmatbaho tosh—serdolikdan gemma-intaliyalar yasash davom etadi. Demak ta’kidlash joizki, o’sib borayotgan mulkdorlar sinfining iqdisodiy imkoniyatlaridan nafaqat ular qurdirgan mahobatli qasr va qo’rg’onlar, ularni bezab turgan monumental devoriy sur’atlar, balki devoriy rasmlar kompozitsion syujetining tarkibiy qismi sifatida uchraydigan qimmatbaho tosh ko’zli oltin va kumush bo’yin xalqalari, bilakuzuk, isirg’a, uzuk va tumor aks sadolari ham guvohlik berardi.
Ilk o’rta asrlar madaniyatida etnik va ilohiy ma’no kasb etgan sanamlar yasash va ularga oilaviy sig’inish ob’ektlari sifatida e’tiqod qilish keng tus olgan. Ular nafaqat Baqtriya va So’g’dda, endi ularni CHoch va Farg’onada ham uchratish mumkin. Sopol ko’za va tutatkich dastalarini har xil hayvonlar shaklida ishlash an’anaga aylandi. Arxeologiyada “koroplastika sanamlari” deb nom olgan badiiy san’atning yirik markazi So’g’diyona edi. Koroplastika sanamlari Samarqand, Rabinjon, Talibarzu, Kofirqal’a, Buxoro, Poykent va Yerqo’rg’onda ko’plab uchraydi. Ular oilaviy kult obrazlari, qahramonlik epos va rivoyatlarining personajlari sifatida ilk o’rta asrlar madaniyatida keng o’rin olgan.
Ilk o’rta asrlarda hunarmandchilik va badiy ijodiyotning muhim tarmog’i sifatida ossuariylar tayyorlash keng rivojlandi. CHunki zardushtiylik dinidagi ona zaminga bo’lgan ilohiy munosabat murdalarni bevosita yerga ko’mishni taqiqlagan va ularning mayitidan tozalangan suyaklarini ossuariya deb atalgan maxsus sopol yashiklarda ko’mishni taqozo etgan. Bu sopol yashiklarning qopqoqlari va devorlarining tashqi sirti, albatta har xil bo’rtma naqshlar—ilohiy personajlar va me’moriy kolonnalar, daraxt va o’simlik barglari bilan bezatilgan. Ossuariyalardagi badiiy san’atning ifodasiga ko’ra, Xorazmda me’moriy va statuar ossuariylar, CHochda chizma naqshli yashiksimon ossuariyalar, So’g’da esa otashparastlik ilohiyati e’tiqodi bilan bog’liq bo’lgan syujetli ossuariyalar keng tarqalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |