Inflyatsion kutilmalar kanali pul-kredit siyosatining inflyatsion targetlash rejimi doirasida amalga oshirilishida inobatga olinishi lozim bo‘lgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.Iqtisodiy jarayonlar ishtirokchilari qarorlar qabul qilishlarida nafaqat real bozor sharoitlarini, balki ularning kelajakdagi o‘zgarish ehtimolini ham inobatga olishlarida inflyatsion kutilmalar kanali asosiy ahamiyat kasb etadi. Xususan, korxona va tadbirkorlar narxlarni o‘rnatishlari va kelajakda ish haqi o‘zgarishini baholashlari uchun inflyatsion kutilmalar muhim hisoblanadi. Shu o‘rinda, mazkur kanalning asosiy xususiyati korxona va tashkilotlar tomonidan maxsulot va xizmatlar narxlarini shakllantirilishida namoyon bo‘ladi. Bunda, kelajakda inflyatsiya darajasining oshishini kutayotgan korxona va tashkilotlar narxlarni oshiradi, bu esa joriy inflyatsiya darajasining o‘sishiga olib keladi. Shuni ta’kidlash joizki, kutilmalar kanali yuqorida keltirilgan to‘rtta kanallarning barchasi bilan o‘zaro bog‘liqdir. Masalan, pul bozoridagi foiz stavkalari dinamikasining shakllanishi ko‘p jihatdan kelajakda kutilayotgan stavkalar darajasiga bog‘liqdir. Iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarning markaziy bank maqsadli ko‘rsatkichlariga nisbatan yuqori darajada bo‘lishi jamiyatda inflyatsiyani markaziy bank tomonidan to‘la nazoratga olish borasidagi shubhalarni keltirib chiqaradi. Mazkur vaziyat foiz stavkasini keskin oshirish zaruriyatini tug‘dirishi mumkin. O‘zbekiston sharoitida iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va erkinlashtirish jarayonlari amalga oshirilayotgan davrda inflyatsion kutilmalar oshishi va kelajakda ma’lum muddat davomida saqlanib qolishi mumkin. Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish Markaziy bankning kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan siyosatiga jamoatchilik ishonchini oshirish va shu asnoda ijobiy inflyatsion kutilmalar shakllanishiga erishishni talab etadi. Aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kelajakda narxlar o‘zgarishi yuzasidan kutilmalarini baholash va monitoring qilish, shuningdek, mazkur kutilmalarning xususiyatlari hamda unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni atroflicha o‘rganish maqsadida 2018 yildan boshlab Markaziy bank tomonidan iste’mol narxlari dinamikasi va inflyatsion kutilmalarni o‘rganish yuzasidan kuzatuvlar va so‘rovlar olib borish amaliyoti joriy qilindi. Bunda, Markaziy bank tomonidan inflyatsion kutilmalar shakllanish jarayonini o‘rganish, tahlil qilish va ularni modellashtirish salohiyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Aktivlar narxlari kanalining inflyatsiya darajasiga ta’siri pul-kredit siyosatining o‘zgarishi natijasida aktivlar narxlarining o‘zgarishi tufayli kuzatiladi. Xususan, mazkur kanal samarali amal qilgan sharoitda pul-kredit shartlarining yengillashtirilishi hisobiga davlat qarz majburiyatlari bo‘yicha foiz stavkasining pasayishi moliyaviy resurslarning daromadliligi yuqoriroq bo‘lgan muqobil aktivlarga qayta yo‘naltirilishiga olib keladi. Natijada muqobil aktivlarning narxi va bunga mos ravishda inflyatsiya darajasining oshishi kuzatiladi. Ta’kidlash joizki, davlat obligatsiyalari, kapital va ko‘chmas mulk bozorlarining rivojlanganlik darajasi va samarali faoliyati, o‘z navbatida, mazkur kanal ta’sirchanligini belgilaydigan asosiy omillardan hisoblanadi. Bunda markaziy bank pul-kredit siyosati instrumentlarining samaradorlik darajasi mazkur siyosatdagi o‘zgarishlarning (qisqa muddatli foiz stavkalari, rezerv pullar) boshqa soha va tarmoqlarga ta’siri xususiyati, tezligi va intensivligi orqali belgilanadi. Umuman olganda, o‘tkazish kanallarining amal qilishi bank va moliya sohasidagi raqobat muhiti, muqobil moliyalashtirish manbalarining mavjudligi, moliyaviy bozorlarning rivojlanganlik darajasi va samaradorligi, moliyaviy vositachilik xizmatlarining sifati va qamrovi, valyuta kursi rejimi, kapitallar harakati, investitsiya uchun xafsiz moliyaviy instrumentlarning mavjudligi kabi bir qator omillarga bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |