2. Niderlandiya
Niderlandiya (niderlandcha: Nederland), Niderlandiya Qirolligi (Koninkrijk der Nederlanden) (norasmiy nomi — Gollandiya) — Gʻarbiy Yevropada, Shimoliy dengiz sohilida joylashgan davlat. Maydoni 41,5 ming km2. Aholisi 16,743,507 kishi (2012). Poytaxti — Amsterdam shahri. Hukumat qarorgohi Gaaga shahrida. Maʼmuriy jihatdan 12 provinsiya (provincie)ra boʻlinadi. Niderlandiya Antil orollari, Aruba oroli Niderlandiya mulki hisoblanadi.
Niderlandiya — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1983-yilda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — qirol (qirolicha) (1980-yildan V.A.Beatriks xonim). Uning huzuridagi Davlat kengashi aʼzolari qirol tomonidan tayinlanadi[3]. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirol va ikki palatali Bosh shtatlar (parlament), ijroiya hokimiyatni qirol bilan hukumat amalga oshiradi[4].
Niderlandiya hududida odamlar neolit davridan yashaydi; miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmida bu yerda kelt qabilalari yashagan. 1-asr boshida bu qabilalarni olmonlar siqib chiqargan. Miloddan avvalgi 1-asrda Niderlandiya hududining bir qismini rimliklar bosib olgan. Milodiy 3—4-asrlarda Niderlandiya hududiga franklar va sakslar hamda frizlar kelib oʻrnashdilar. Franklar davlati tuzilgach (5-asr), Niderlandiya hududi uning tarkibiga, 843-yilgi Verden shartnomasiga binoan, „Mukaddas Rim imperiyasi“ tarkibiga kirdi. 10 — 11-asrlarda Niderlandiya hududida bir necha mustaqil yer-mulklar (Flandriya, Gollandiya, Geddern, Zelandiya, Utrext grafliklari va hokazo) tashkil topdi. 12-asrdan shahar rivojlana boshladi. 15-asrning 2-choragigacha Niderlandiyada feodal tarqoqlik hukm surdi. 1433-yilda Gollandiyani, soʻngra Niderlandiyaning boshqa knyazliklarini Burgundiya gersoglari bosib oldilar. Karl V imperiyasi parchalangach, Niderlandiya (1556-yildan keyin) Ispaniyaga qaram boʻlib qoldi. 16-asr Niderlandiya inqilobi natijasida mamlakat ispanlar zulmidan ozod boʻldi va Birlashgan viloyatlar respublikasi tuzildi. 17-asrda savdo va dengizchilik rivojlanishi natijasida Niderlandiya Yevropaning rivojlangan davlatlaridan biriga aylanib, Osiyo, Amerika, Afrikada yangi yer-mulklarni qoʻlga kiritdi, Indoneziya, Gviana, Kichik Antil orollarini va Kap viloyatini oʻziga qaram qilib oldi. 1795—1813 yillarda Gollandiya qirolligi Fransiya tarkibiga kirdi. 1815-yilda Belgiya bilan birlashib, Niderlandiya qirolligi tashkil etildi. 1830-yil inqilob natijasida Belgiya Niderlandiyadan ajralib chiqdi.
Vilgelm I Oranskiy Niderlandiya mustaqilligining asoschisi hisoblanadi
1848-yilda Niderlandiya konstitutsiyasi qabul qilindi. 1840—70 yillarda sanoat tez oʻsdi. 1860-yildan davlat temir yoʻl qurishni oʻz qoʻliga oldi. 1876-yilda Amsterdam — Shimoliy dengiz, 1882-yilda Rotterdam — Shimoliy dengiz kanallari qurildi. Rotterdam Olmoniya uchun tranzit portga aylandi. 1861-yilda birinchi kasaba uyushmasi tashkil topdi. Niderlandiyada 19-asrning soʻnggi choragida sanoatlashuv jarayoni, asosan, nihoyasiga yetdi. Sanoatning yetakchi tarmoqlari (kemasozlik, toʻqi-machilik va oziq-ovqat sanoati) modernizatsiya qilindi. Neft monopoliyalari tuzildi. Qishloq xoʻjaligida ekstensiv dehqonchilik va chorvachilikdan zamonaviy ishlab chiqarishga oʻtildi. Yangi temir yoʻllar qurildi.
Sanoatining texnika darajasi yuqori, malakali ishchi kuchi bilan taʼminlangan. Tabiiy gaz Niderlandiyaning asosiy kon boyligidir. Neft, toshkoʻmir ham qazib chiqariladi. Ishlab chiqarish sanoatining yetakchi tarmoqlari — kemasozlik, qora va rangli metallurgiya, metallsozlik va mashinasozlik, kimyo, neftni qay-ta ishlash va neft kimyosi, elektrotexnika, radioelektronika, oziq-ov-qat, toʻqimachilik. Aviasozik va avtomobilsozlik ham rivojlangan. Rangli metallurgiya sanoatida alyuminiy, rux va qalay eritiladi. Amsterdam, Rotterdam, Utrext, Harlem va boshqa shaharlarda umumiy mashinasozlik, Rotterdam, Sxidam, Dordrext, Amsterdamda yirik kemasozlik, Born va Eyndxovenda avtomobilsozlik, Rotterdam, Amsterdam va Flissingen atroflarida neftni qayta ishlash korxonalari bor. Plastmassa, oʻgʻit hamda sintetik tola uchun xom ashyo ishlab chikariladi. Gaz va osh tuzi xom ashyo bazasida kimyo sanoati rivojlangan. Farmatsevtika sanoati, lok, boʻyoq va boʻyovchi moddalar ishlab chiqarish juda taraqqiy qilgan. Xengelo shahrida katta tuz zavodi bor. Niderlandiyaning qadimgi sanoati — olmosga sayqal berish, asosan, Amsterdam shahrida joylashgan. Oziq-ovqat sanoati mahsulotining 1/3 qismini goʻsht-sut korxonalari beradi. Meva-sabzavot konservalari, pivo, kakao, shokolad ishlab chiqarish rivojlangan. Toʻqimachilik sanoatida, asosan, ip gazlama va sunʼiy ipakdan shoyi ishlab chiqariladi. Yiliga oʻrtacha 74 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi.
Aholiga yuqori darajali tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Davlat kasalxonalari bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar ham mavjud. Vrachlar universitetlar huzuridagi 8 ta tibbiyot fakultetida tayyorlanadi.
1950-yildan mamlakatda 8-yillik bepul majburiy taʼlim toʻgʻrisidagi qrnun kuchga kirgan. 7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar 6-yillik maktabga qatnaydilar. Oʻrta maktablar ikki turda: universitetga kirish huquqini beradigan 6-yillik gimnaziya, atenium (real oʻrta maktab) va litseylardir. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari tarkibiga kichik, oraliq va yuqori oʻrta maktablar kiradi. Niderlandiyadagi boshlangʻich va oʻrta maktablarning faqat 30 % davlat qaramogʻida. Boshlangʻich maktab negizida hunar va oʻrta maxsus taʼlim tizimi tashkil etilgan. Ularda oʻqish muddati bir necha oydan 5-yilgacha.
Niderlandiyada toʻliq oliy maʼlumot beradigan 9 ta universitet, 3 ta texnika universiteti, universitet darajasidagi 4 ta kollej, shu jumladan, Vageningendagi oliy qishloq xoʻjaligi maktabi bor. Davlat universitetlari: Leyden (1575-yilda asos solingan), Utrext (1636), Groningen (1614), Amsterdam (1877), Rotterdam universitetlari va boshqa Davlatga qarashli va xususiy ilmiy muassasalar mavjud. universitetlar huzuridagi institutlar, Amaliy tadkikrt markaziy tashkilotining institutlari, Niderlandiya qirollik fanlar akademiyasi va vazirliklarning, Niderlandiya fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish tashkilotining institutlari, Yadro energiyasi markaziy kengashi, Xalqaro munosabatlar instituti va boshqa mavjud.
Yirik kutubxonalari: Amsterdam, Leyden universitetlarining kutubxonalari, Gaagadagi Qirollik kutubxonasi va boshqa Amsterdamda Davlat muzeyi (1808-yilda asos solingan), Van Gog milliy muzeyi (1972), Rembrandt uy-muzeyi (1907), Qirollik tropik institutining muzeyi, Gaagada munitsipal muzey, Qirollik rassomchilik maskani (1820), Pochta muzeyi (1929), Leydenda Milliy etnografiya muzeyi (1837), Milliy geologiya va mineralogiya muzeyi bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |