Siyosiy partiyalarning huquqiy maqomi. Jamiyatning siyosiy tizimi ijtimoiy- siyosiy tusdagi munosabatlarda qatnashuvchi tashkilotlardan iborat. Siyosiy tizimning ajralmas tarkibiy qismi va uning asosiy bo`g`inlaridan biri esa siyosiy partiyalardir.
Partiya- (lot. Partio- , bo`laman, ajrataman) g`oyaviy jihatdan maslakdosh, manfaatlari mushtarak bo`lgan , shuningdek, muayyan ishni bajarish uchun ajratilgan kishilar guruhi.7 Siyosiy partiya jamiyatda kishilarni birlashtiradi va ularning maqsad - muddaolarini birligi ta'minlaydi, vakillik organlari uchun kurashib, o`z siyosiy guruhlarining manfaatlarini himoya kiladilar. Oliy Majlis, xalq deputatlari kengashlarini shakllantirishda ular ham eng asosiy siyosiy kuch sifatida maydonga chiqadilar hamda o`z nomzodlarining saylanishi bilan hokimiyatni tuzish va davlat boshqaruvida ishtirok etadilar.
Partiyalarning vujudga kelish tarixiga nazar tashlaydigan bo`lsak, ularning ko`rinishi qadimgi davrlardayoq mavjud bo`lganligiga guvoh bo`lamiz. Masalan, miloddan avvalgi V asrda Afina (Yunoniston)da aristokratik va demokratik guruhlar (bular o`ziga xos dastlabki partiyalar edi) o`rtasida siyosiy kurash boshlangan edi. Siyosiy partiyalar o`rta asrlarda ham mavjud bo`lgan. Shuni nazarda tutish kerakki, qadimgi davrda ham , o`rta asrlarda ham partiyalar faqat davlatni boshqarish rejimi (tartibi) ma'lum darajada demokratiya alomatlariga ega bo`lgan joylardagina tashkil topgan.
Faqat shunday sharoitlarda partiyalar qandaydir ijtimoiy manfaatlarni ifoda eta olishgan. Partiyalar, qachonki ularni turli ijtimoiy manfaatlarni tahlil qilish, bunday manfaatlarni ta'riflash va himoya qilishga majbur qiluvchi boshqa partiyalar, ya'ni raqiblar bo`lgandagina , o`z majburiyatlarini saqlab qoladilar, ularni amalga oshirishga harakat qiladilar va faoliyat ko`rsata oladilar. Partiyalar shu tarzda jamiyatning turli qatlamlari (tabaqalari) orasida o`z tarafdorlariga ega bo`ladilar.
Siyosiy partiyalar zamonaviy ma'noda dastlab Yevropadagi (burjua) inqiloblar munosabati bilan yuzaga keldi. O`sha inqiloblar chog`ida xalq vakillari tuzildi, ya'ni saylanadigan vakillar vositasida amalga oshiriladigan xalq hokimiyati tizimi barpo qilindi. Dastlab partiyalar safiga, bir tomondan monarx (yakka hokim) va feodallar, ikkinchi tomondan esa, teng huquqlilik va siyosiy erkinlik himoyachilari birlashdilar. Natijada , turli partiyalar yuzaga kela boshladi, ular jamiyatning ayrim ijtimoiy va mintaqaviy guruhlari manfaatlarini himoya qilishga kirishdilar. Sinfiy guruhlarga bo`linishning kuchayishi, ijtimoiy ziddiyatlarning chuqurlashishi munosabati bilan siyosatga jamiyatning keng tabaqalari jalb qilinishi natijasida, partiyalarning roli yanada kuchaydi va ular siyosatning asosiy subyekti hamda demokratik davlatchilikning zarur elementi bo`lib qoldi.8 Demokratik jamiyatda siyosiy partiyalarning roli shundaki, demokratiya faol siyosiy partiyalarning bo`lishini taqozo etadi. Siyosiy partiya – bu mukammal tashkilot bo`lib, demokratik boshqaruv jarayonida muhim bo`lgan bir qator o`zaro bog`langan funksiyalarni amalga oshiradi. Shulardan eng asosiysi davlat muassasalari va organlari ustidan ma'lum bir darajadagi nazoratni qo`lga kiritish maqsadida saylovlarda qatnashish va g`alaba qozonish hisoblanadi.
Konstitutsiyamizning 12-moddasida belgilanlanganidek, mamlakatda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Bu esa o`z-o`zidan jamiyatda siyosiy plyuralizmning vujudga kelishini kafolatlaydi.
Demokratiyaning eng muhim belgilaridan biri bu – hokimiyat vakillik organlarining ko`ppartiyaviylik asosida shakllanishidir. Respublikamizda siyosiy hayotni demokratlashtirish borasida konstitutsiyaviy xuquqiy asos yaratildi. Bunga misol qilib, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Jamoat birlashmalari to`g`risida”, “Siyosiy partiyalar to`g`risida», “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risida”gi qonunlarni keltirish mumkin.
Hozirgi kunda respublikamizda O`zbekiston Xalq demokratik, “Adolat” sotsial-demokratik, “Milliy tiklanish” demokratik , Fidokorlar milliy demokratik partiyasi va Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O`zbekiston Liberal-demokratik partiyalari faoliyat yuritib kelmoqdalar. Barcha siyosiy partiyalar o`z faoliyatlarini Konstitutsiya va qonunlar asosida amalga oshiradilar.
Konstitutsiyamizning 60-moddasida belgilanganidek, “Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o`zlarining demokratik yo`l bilan saylab qo`yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tashkil etishda ishtirok etadilar”.
Prezidentimiz I.A.Karimov ta'kidlaganlaridek, “Hozirgi vaqtda biz huquqiy demokratik, bozor iqtisodiyotiga asoslangan davlat, hech kimdan kam bo`lmagan hayot qurish uchun intilmoqdamiz. Bu hayotning siyosiy-ijtimoiy asoslari bo`lgan demokratiya prinsiplarini , ko`ppartiyaviylik muhitini mustahkamlash, partiyalar faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish bugungi hayotimizning eng muhim vazifasi, ertangi taraqqiyotimizning garovi bo`lib qolmoqda.”9 1996 yil 26 dekabrda qabul qilingan “Siyosiy partiyalar to`g`risida” gi Qonunning 1-moddasiga ko`ra, siyosiy partiya O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro`yobga chiqarishga intiluvchi hamda o`z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko`ngilli birlashmasidir.
“Siyosiy partiyalar to`g`risida” gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog`iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo`lgan kamida yigirma ming fuqaroning imzosi bo`lishi talab etiladi. Siyosiy partiya tuzish tashabbuskorlari kamida ellik kishidan iborat bo`lishi, ular partiya ta'sis hujjatlarini tayyorlash, a'zolar tarkibini shakllantirish hamda ta'sis syezdi yoki konferensiyasini chaqirish bo`yicha tashkiliy qo`mitani tuzishlari lozim.
Tashkiliy qo`mita o`zi tuzilgan kundan boshlab yetti kunlik muddatdan kechiktirmay O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga o`z tashabbusi, qo`mitaning tarkibi, rahbari (yetakchisi), joylashgan manzili hamda ta'sis syezdi yoki konferensiyasi chaqiriladigan sanani yozma ravishda xabar qilishi lozim. Tashkiliy qo`mita tuzilgan kundan boshlab uzog`i bilan uch oy faoliyat ko`rsatish huquqiga egadir. Siyosiy partiya ta'sis syezdida yoki konferensiyasida tuziladi. Ta'sis syezdi yoki konferensiyasi partiya ustavi va dasturini qabul qiladi, uning saylab qo`yiladigan organlarini tuzadi.
Siyosiy partiyalar O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatga olinadi.
Siyosiy partiyani ro`yxatdan o`tkazish to`g`risidagi ariza u tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida ko`rib chiqiladi. Ko`rib chiqish natijalariga binoan siyosiy partiyani ro`yxatga olish yoki ro`yxatga olishni rad etish to`g`risida qaror qabul qilinadi. Qaror qabul qilingach, uzog`i bilan uch kun muddat ichida u siyosiy partiya rahbar organiga beriladi yoki pochta orqali jo`natiladi. Siyosiy partiya ro`yxatdan o`tgan kundan e'tiboran yuridik shaxs maqomini oladi va u o`z faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Siyosiy partiyalar ustavlariga kiritilgan o`zgartishlar va qo`shimchalar ularning ustavlarini ro`yxatga olish uchun ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ro`yxatdan o`tkazilishi lozim. Siyosiy partiya ro`yxatga olinganligi to`g`risidagi xabar ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi, agar siyosiy partiyaning ustavi, maqsadlari, vazifalari va faoliyat uslubi O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Siyosiy partiyalar to`g`risida” Qonunga hamda boshqa qonun hujjatlariga zid bo`lsa yoki oldinroq xuddi shunday nomdagi siyosiy partiya yoki jamoatchilik harakati ro`yxatga olingan bo`lsa, bu partiya ro`yxatga olinmaydi.Siyosiy partiyani ro`yxatga olishni rad etish ustidan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
O`zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonunida shuningdek, partiyalarning tashkil topishi, faoliyatining kafolatlari, ular faoliyatini to`xtatib turish va faoliyatini tugatish bilan bog`liq qoidalar o`z aksini topgan.
Respublikamizda siyosiy partiyalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish maqsadida, xohish-irodani erkin bildirish, partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish,a'zolariing teng huquqliligi, o`zini-o`zi boshqarish va oshkoralik asosida tuziladi va faoliyat ko`rsatadi.
Quyidagi siyosiy partiyalarni tuzish va ularning faoliyat ko`rsatishi ta'qiqlanadi:
konstitutsiyaviy tuzumni zo`rlik bilan o`zgartirishni maqsad qilib qo`yuvchi;
O`zbekiston Respublikasi suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi;
urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ`ib qiluvchi;
xalqning sog`ligi va ma'naviyatiga tajovuz qiluvchi;
milliy va diniy ruhdagi partiyalar.
Respublikamiz fuqarolari o`zlari xoxlagan bir paytning o`zida faqat bitta siyosiy partiyaga a'zo bo`lishlari mumkin.
Fuqarolarning partiyaga mansubligiga ko`ra huquqlarini har qanday cheklash, xuddi shuningdek unga imtiyozlar yoki ustunliklar berish ta'qiqlanadi.
Siyosiy partiyalarga a'zolik yakka tartibda qayd etilib , quyidagilar siyosiy partiyalarga a'zo bo`la olmaydilar: sudyalar, prokurorlar va prokuratura tergovchilari, ichki ishlar organlari, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari, harbiy xizmatchilar, xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar.
“Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonunning 5-moddasiga ko`ra , davlat siyosiy partiyalar huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini kafolatlaydi, ustavda belgilangan o`z maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari , korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining siyosiy partiyalar ichki ishlariga aralashishlari yohud, agar faoliyat qonunga hamda o`z ustavlariga muvofiq amalga oshirilayotgan bo`lsa, ular faoliyatiga u yoki bu tarzda to`sqinlik qilishlari man etiladi.
Siyosiy partiyalar quyidagi huquqlarga ega;
o`z faoliyati to`g`risidagi axborotni erkin tarqatish , o`z g`oyalari va qarorlarini targ`ib qilish;
saylab qo`yiladigan davlat organlaridagi o`z vakillari orqali tegishli qarorlarini tayyorlashda ishtirok etish;
qonunda belgilab qo`yilgan tartibda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyati organlari saylovlarda ishtirok etish:
partiya faoliyati bilan bog`liq yig`ilishlar , konferensiyalar va boshqa tadbirlarni o`tkazish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositalari ta'sis etish va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;
O`zbekiston Respublikasining siyosiy partiyalari bilan ittifoq tuzish , ular bilan va boshqa jamoat birlashmalari bilan shartnoma munosabatlari o`rnatish.
Har bir partiyaning o`z dasturi mavjud bo`lib, unga ko`ra ular siyosat maydonida ushbu dasturlarida nazarda tutilgan maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun faoliyat olib boradilar. Masalan,O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi O`zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, barqaror bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin demokratik jamiyat qurish, mamlakatning har bir fuqarosiga munosib turmush sharoitlari va uning farovonligini ta'minlay oladigan siyosatni olib borishni o`z faoliyatining bosh vazifalari, deb hisoblaydi. “Adolat” partiyasida –barqarorlikning va O`zbekiston bozor islohotlari modelini ro`yobga chiqarishning kafolati sifatida fuqarolarning huquqiy madaniyatini shakllantirish, “Fidokorlar”milliy demokratik partiyasi dasturida-mulkdorlar “sinfi”ning iqtisodiy va ijtimoiy- siyosiy mavqeini oshirib borish, “Milliy tiklanish” partiyasida – xalq ma'naviyatini, tarixiy xotirasi va madaniyatini tiklash, Liberal-demokratik partiyasida-tadbirkorlar va ishbilarmonlarning yanada kengroq faoliyat olib borishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularning ertangi kunini ta'minlashdek maqsad , partiyaviy dastur sifatida ilgari suriladi.
Siyosiy partiya o`z oldidagi maqsadga erishish uchun ma'lum vazifalarni bajaradilar. Bularning orasida davlatni boshqarishda ishtirok etish, milliy integratsiya, mafkuraviy kabi vazifalarni ajratib ko`rsatish mumkin.
Har qanday siyosiy partiya o`z faoliyatini jamiyatda mavjud bo`lgan muammolarni hal etishga yo`naltirilgan siyosiy kursni ishlab chiqishdan boshlaydi. Ushbu maqsadda partiya faollari va jalb qilingan mutaxassislardan iborat tashabbuskor guruhlar, komissiyalar, jamoatyailik kengashlari tuziladi.
Siyosiy partiya o`zining dasturiy hujjatlarida o`ziga xos strategiya va usul tanlab, u orqali saylovchilarga ta'sir ko`rsatishga intiladi . Bu tashkiliy bosqichda partiyaga yangi a'zolarni qabul qilish, faollarni tarbiyalash saylovchilarni partiya nomzodlarini qhllab quvvatlashga safarbar qilish, yo`lboshchilarni tanlab olish va ularni davlat va ommaviy jamoat tashkilotlari organlarida yuqori lavozimlarga ilgari surish vazifalari yuzaga chiqadi.
Partiyaning eng muhim vazifasi hokimiyat organlarini shakllantirish va ular faoliyati ustidan nazorat olib borishda ishtirok etishdir.
Siyosiy partiyalarning bo`lishi, ularning davlat organlariga saylovlarda ishtirok etishlari ijtimoiy ixtiloflarning tinch yo`l bilan hal etilishiga yo`l ochib beradi. Bu zarur hollarda hukumatlarning almashtirilishi uchun, siyosiy arboblarning professional qobiliyatini qo`llab- quvvatlash uchun ijobiy shart- sharoitlar yaratadi va bu bilan jamiyatning davlat tomonidan boshqarilishining samaradorligi ta'minlanadi.
Demokratik rejimdagi ikki partiyaviy yoki ko`p partiyaviy tizimga ega bo`lgan davlatlarda hukmron partiyalar va muxolif partiyalar o`rtasida sog`lom raqobat mavjud bo`ladi. Muxolif partiyalar milliy taraqqiyot uchun muqobil dasturlar ishlab chiqadi va jamoatchilik muhokamasiga o`z takliflarini beradi, amaldagi hukumat faoliyatida mavjud bo`lgan xato, nuqsonlar, suiiste'molliklarni tanqid qiladi, bu bilan esa hukumatni jamiyatdagi mavjud muammolarni muvaffaqqiyatli hal etish usullarini izlib topishga majbur qiladi. Masalan, Buyuk Britaniya, Hindiston va boshqa bir qator mamlakatlarda muxolif partiyalar tomonidan “yashirin kabinetlar” tuziladi, kabinet a'zolariga davlat xazinasidan mablag` to`lanadi va ular ba'zi imtiyozlardan ham foydalanadilar , shu tariqa davlat va jamiyat hayotidagi turli muammolarni hal etishda faol ishtirok etadilar.
Rivojlangan demokratik davlatlarda demokratiyaning bevosita shakli bilan birga vakillik demokratiyasi amaliyotda o`z samarasini berib kelmokda. Vakillik demokratiyasining eng muhim xususiyati bu xalqning vakillari bo`lmish deputatlarning oliy va mahalliy vakillik organlarida faoliyat yuritishi hisoblanadi. Vakillik organlarini shakllantirishda bevosita fuqarolar bilan birgalikda siyosiy partiyalarning ishtirok etishi ularning siyosiy tizimda qanchalik mavqega egaligidan dalolat beradi .
Konstitutsiyamizda o`rnatilgan normalar va “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonun parlamentda va xalq deputatlari mahalliy kengashlarida faoliyat yuritishi uchun siyosiy partiyalarga keng imkoniyatlar beradi
2004 yil 30 aprelda II chaqirik Oliy Majlisning XIV sessiyasida “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risida”gi qonunning qabul qilinishi siyosiy partiyalar huquqiy maqomida tub burilish yasashi shubhasiz.
Sessiyada mamlakatimiz rahbari partiyalar faoliyatiga alohida to`xtalib, har bir siyosiy partiya o`zining aniq yo`naltirilgan dasturiga ega bo`lishi siyosiy kuch sifatida saylovlarda asosiy o`rinda ishtirok etishi lozimligi haqida to`xtalib partiyalar faoliyatiga tanqidiy nuqtai nazardan qarash lozimligini uqtirdi.
“Oliy Majlisga saylov to`g`risida”gi Qonun asosida 1999 yil dekabrda o`tkazilgan parlament saylovlarining ahamiyati shundaki, avvalgi saylovlarda ikkita partiya ishtirok etgan bo`lsa, bu saylovlarda beshta partiya ishtirok etdi.10 Bu holat shubhasiz nomzodlar o`rtasidagi raqobatni keskin oshirdi va saylovchilar uchun tanlov imkoniyatini kengaytirdi. O`tgan saylovlarda 250 ta deputatlik o`rni uchun 1010 ta nomzod kurash olib borganligining o`zi fikrimizning dalil isbotidir Biroq, shuni qayd etish lozimki, saylov yakunlariga ko`ra, jami deputatlik o`rinlarining faqat yarmiga yaqinini (49,16 foizi) siyosiy partiyalar vakillari egallagan. Aslida esa asosiy o`rinlarni siyosiy partiyalar egallashlari lozim edi.
Vakillik organlarini shakllantirishda ayniqsa Oliy Majlisning quyi palatasi – qonunchilik palatasining shakllanishida ishtirok etish siyosiy partiyalarimiz uchun yangilik hisoblanadi.
1993 yil 28 dekabrda qabul qilingan “Oliy Majlisga saylov to`g`risida”gi Qonun parlamentimizning bir palatali davri 1995-2004 yilgacha keng qo`llanildi. Parlamentimizning ikki palatali tizimga o`tishi va Oliy Majlisning ikkila palatasining shakllanishi ham o`ziga xos amalga oshirilishini inobatga olib, 2003 yil 29 avgustda yangi tahrirda “Oliy Majlisga saylov to`g`risida” Qonun qabul qilindi.
Siyosiy partiyalarning ishtiroki ayniqsa parlamentimizning qonunchilik palatasini shakllantirishda yaqqol ko`rinadi. O`zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq siyosiy partiyalar qonunda belgilab qo`yilgan tartibda davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etish huquqiga ega. 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida”gi (yangi tahrir) Qonunning 1-moddasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari bo`yicha ko`p partiyaviylik asosida besh yil muddatga saylanadigan bir yuz yigirma deputatdan iboratligi belgilangan.
Siyosiy partiyalar odatda butun faoliyatlari davomida saylovlarda ishtirok etish va ijobiy yutuqlarni qo`lga kiritish uchun tayyorgarlik ko`rib yuradilar, ammo rasmiy ravishda saylov kampaniyasi boshlanganligi e'lon qilingandan so`ng ular asosiy etiborni faqat saylovchilar o`rtasida olib boriladigan targ`ibot-tashviqot ishlariga bag`ishlari lozim. Saylov kampaniyasi boshlanganligini e'lon qilish Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga kirib, avvalgi chaqiriq Qonunchilik palatasi deputatlarining vakolat muddati tugashidan kamida uch oy oldin ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
Agar ilgarilari Oliy Majlis deputatligiga nomzodlar ko`rsatish huquqiga hokimiyat vakillik organlari ham ega bo`lgan bo`lsa, yangi tahrirdagi qonun bo`yicha Qonunchilik palatasiga nomzodlar ko`rsatish huquqiga siyosiy partiyalar va bevosita fuqarolar egadirlar.
Nomzodlar ko`rsatish uchun siyosiy partiyalar ma'lum bir qonuniy talablarga javob berishlari shart, ya'ni, siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e'lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatga olingan, saylovda ishtirok etishini qo`llab-quvvatlovchi kamida ellik ming saylovchining imzosini to`plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko`rsatishi mumkin.
Belgilangan namunadagi imzo varaqalari saylov kampaniyasi boshlanganligi e'lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.
Ma'muriy-hududiy tuzilmalardan birida (Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya ellik ming saylovchining ko`pi bilan sakkiz foizi imzosini to`plashi mumkin. Imzo varaqalarida imzolar soxtalashtirilgan taqdirda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning saylovda qatnashish huquqini rad etadi.
Yuqoridagi talablar faqat saylov kezlarigina siyosiy maydonda paydo bo`lib qoladigan va faoliyati shundan nariga o`tmaydigan, sonda bor, sanoqda yo`q qabilidagi partiyalarning sun'iy tarzda tashkil bo`lishidan saqlanish istagi taqozosidir. Bundan tashqari, saylovlarda qatnashish uchun saylochilarning ellik ming imzosi zarurligi siyosiy partiyaning siyosiy hokimiyat uchun munosib kurash olib borish imkoniyatidan hamda bunday hokimiyatni qo`lga kiritgan taqdirda uni xalq muayyan darajada qo`llab-quvvatlashidan dalolat beradi.11 Qo`llab -quvvatlovchi imzoning ko`payishi:
Birinchidan, siyosiy partiyalarning hayotdagi o`rni ortishi va ularning mavqeining saylovlarda yanada oshishiga olib kelsa;
Ikkinchidan, partiyalarning siyosiy saviyasini hamda ular adolatli raqobatning kuchayishiga olib keladi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko`rsatadiki, siyosiy partiyalarning saylovdagi rolini unda ishtirok etuvchi subyektlarning qonuniy doirasi belgilab beradi. Ushbu ishtirokchilar jumlasiga siyosiy partiyalar (shu bilan birgalikda ularning koalitsiyalari), nosiyosiy ijtimoiy birlashmalar va saylovchilar kiradi. Aksariyat mamlakatlarning zamonaviy qonunchilik rivojlanish bosqichlarining xususiyatlari shundan iboratki, unda siyosiy partiyalarga saylov jarayonida, ayniqsa saylovga nomzodlarni taqdim etishda monopol mavqe' berilganligini kuzatishimiz mumkin. Bu holatni proporsional saylov tizimiga ega bo`lgan mamlakatlar (Avstriya, Portugaliya Shvetsiya, JAR) qonunchiligida kuzatib qolmasdan, balki qolgan ikki saylov tizimiga, ya'ni aralash va majoritar saylov tizimi mavjud 60 ga yaqin mamlakatlar qonunchiligida ham ko`rish mumkin. Ba'zan siyosiy partiyalarning saylovdagi “monopolistik” mavqei, hatto Konstitutsiyada ham mustahkamlab qo`yilishi mumkin. Masalan, Gvineya Konstitutsiyasining 48-moddasiga ko`ra qonuniy faoliyat ko`rsatayotgan siyosiy partiyalargina parlament deputatligiga nomzodlarni taqdim etish huquqiga ega.
Biroq, bevosita saylovchilarning tashabbuskor guruhlari tomonidan ko`rsatilgan mustaqil nomzodlarni siyosiy partiyalar taqdim etgan nomzodlar bilan saylov jarayonida teng ishtirok etish huquqi mavjud bo`lgan davlatlar ham ko`pchilikni tashkil qiladi. Misol tariqasida GFR parlamentining quyi palatasiga o`tkaziladigan saylovlarda 200 ta saylovchi imzosini to`plagan shaxs bevosita deputatlikka nomzod sifatida ro`yxatga olinishi mumkin.12 Faqatgina ba'zi bir mamlakatlarda, jumladan Buyuk Britaniyada va boshqa bir qator Hamdo`stlik mamlakatlaridagi saylov qonunchiligi saylov jarayonining markaziga siyosiy partiyalarni emas, balki alohida shaxs sifatida rasman ishtirok etadigan mustaqil nomzodlarni chiqarishga harakat qilishadi.
Biroq bu mamlakatlarda saylov kompaniyasini olib borish amaliyoti shundan guvohlik beradiki, bu yerdagi har qanday saylovlarda, bevosita partiyalarning ishtiroki hal qiluvchi rolini yo`qotmayapti. Mustaqil nomzodlarga, siyosiy partiyalarga bog`lanmasdan turib saylovlarda g`alaba qozonishning real imkoniyatlari yo`q.
Masalan, Buyuk Britaniya parlamentining Umum palatasiga 1974 yildagi saylovlarda mustaqil nomzodlardan birorta ham nomzod deputatlikka saylanmagan edi.
Mustaqil nomzodlarni saylovda ishtirok etishlari bilan bog`liq qoidalar va talablar yuqorida ta'kidlangan davlatlarning qonunchiligi singari, mamlakatimizning saylov qonunchiligida ham yuqori demokratik saviyada mustahkamlanganini e'tirof etish mumkin.
Respublikamizda siyosiy partiyalar deputatlikka nomzodlar ko`rsatish uchun kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak: