tizimning tuzilmasi aniqlanadi. Qisqacha qilib aytganda “Tizim - bu
nima va qanday tuzilgan?” degan savolga javob izlanadi.
Tashqi muhitdagi o‘zgarishlar yangi muammolar va maqsadlarga
olib keladi, bu esa o‘z navbatida tizim funksiyalarining va buning
oqibatida uning tuzilmasining ham o‘zgarishiga olib keladi. Shu
bilan birga, agar tuzilmaning salohiyati yuqori, ammo qo‘yilgan
maqsadlar bunga mos bo‘lmasa, maqsadlar va funksiyalar mos
ravishda to‘g‘rilanadi. Ma’lumki, tuzilmaviy va funksional
yondashuvlar tizimning dekompozitsiyasini amalga oshirishda
qo‘llaniladi.
Tizimli yondashuv tizimning kompozitsiyasini amalga oshirishda
qo‘llaniladi. Ushbu yondashuv qo‘llanilganda tizim yahlit holatda
bo‘lganligi faraz qilinib uning hususiyatlari o‘rganiladi. Tizimli
yondashuvdan oldin tuzilmaviy va funksional yondashuvlar amalga
oshirilgan bo‘lishi shart. Tizimli yondashuvni tor ma’noda
tuzilmaviy va funksional yondashuvlar sintezi sifatida ko‘rsa bo‘ladi.
Keng ma’noda tizimli yondashuv, bundan tashqari, tizim
ishlashining samaradorligini o‘rganishni, ya’ni texnik-iqtisodiy
yondashuvni ham o‘zida qamrab oladi. Dinamik yondashuv tizim
elementlari va uning quyi tizimlarining dinamik modellarini ishlab
chiqish va shu asosda tizimning dinamik hususiyatlari haqida
xulosalar chiqarishga qaratilgan. Tizimning dinamikasi deganda
uning holati, tuzilmasi, funksiyalari, ishlashi samaradorligining vaqt
o‘tishi bilan o‘zgarib borishi tushuniladi. Tizimning dinamik
o‘zgarishini klassik (orqaga qayta oladigan) va noklassik (orqaga
qayta olmas, evolyusion) dinamik o‘zgarish turlariga tasniflasa
bo‘ladi. Biologik va ijtimoiy tizimlar, vaqt o‘tishi sari, albatta,
evolyusion va orqaga qaytmas tarzda o‘zgarishadi.
SODDA VA MURAKKAB TIZIMLAR. Tizim - bu elementlardan
tashkil topgan ob’ekt. Ushbu ta’rif umumiy bo‘lib ham sodda, ham
murakkab tizimlarni o‘zida qamrab oladi. Masalan, rangli qalamlar
to‘plami – bu sodda tizim, chunki bu to‘plam maqsadga intilmaydi.
Uning maqsadi ichkaridan emas, balki tashqaridan belgilanadi: rasm
chizish tashqi muhitda maqsad qilib olinadi, ya’ni qalamlar to‘plami
aslida tashqaridagi ob’ekt uchun vosita (instrument) sifatida xizmat
qiladi. Boshqacha qilib aytganda, “maqsad ob’ekt ichida
dasturlanmagan”. Murakkab tizim – bog‘langan elementlardan
tashkil topgan va maqsadga intilayotgan ob’ektdir. Bu ta’rif faqat
murakkab tizimlarni o‘zida qamrab oladi. Masalan, Toshkent davlat
yuridik universiteti oliy ma’lumotli yuridik kadrlarni tayyorlash
tizimi sifatida quyidagi bir biri bilan bog‘liq bo‘lgan va ierarxik
tuzilma orqali bog‘langan elementlardan tashkil topgan: rektor,
prorektorlar, kafedralar, talabalar va h.k. Bu tizim quyidagi
maqsadga intiladi - yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ya’ni,
boshqacha qilib aytganda, “ob’ekt miqyosida maqsad dasturlangan”.
Har qanday murakkab tizim quyidagi to‘rtta tushuncha orqali
ifodalanadi: sub’ekt, ob’ekt, muammo (masala) va tezaurus. Sub’ekt
deb ob’ektning iste’molchisiga aytiladi.
Agar sub’ekt va ob’ekt ajralmas bo‘lib tizimni shakllantirishsa va
uning tashqi muhiti umuman inobatga olinmasa, bunday tizim
yopiq tizim deyiladi. Agar tashqi muhit tizim holatiga ta’sir qilsa va
bu hol inobatga olinsa, u holda ochiq tizim haqida so‘z gapirsa
bo‘ladi.
Ob’ekt – bir-biri bilan tuzilma orqali bog‘liq bo‘lgan va sub’ektga
naf keltirishga mo‘ljallangan qo‘yi ob’ektlar, qismlar to‘plami.
Masalan, avtomobil va xaydovchi tizimida avtomobil ob’ekt bo‘lib
xizmat qiladi. Universitetning o‘zi – ob’ekt, jamiyat esa - sub’ekt.
O‘zbek tilining so‘zlari majmuasi – ob’ekt, o‘zbek tilida so‘zlashuvchi
jamiyat esa - sub’ekt. Yoshlar orasidagi jinoyatlar bilan kurashish
tizimida ob’ekt sifatida quyidagi bir necha organlar majmuasi
ko‘rilishi mumkin: prokuratura, ichki ishlar, mehnat va aholini
ijtimoiy muhofaza qilish, o‘zini-o‘zi boshqarish, “Kamolot” yoshlar
ijtimoiy harakati organlari.
Muammo (masala) – sub’ektning ob’ektga nisbatan mulohaza
ko‘rinishida bildirilgan tanqidiy munosabati. Masalan, sub’ekt ob’ekt
tomonidan keltirilayotgan naf bilan qoniqmaydigan bo‘lsa, ob’ektga
nisbatan tanqidiy munosabat bildiradi, ya’ni ob’ekt bilan bog‘liq
bo‘lgan muammoni ko‘taradi.
Tezaurus – quyi ob’ektlar, sub’ekt va ob’ekt orasidagi
munosabatlarni maxsus belgilar bilan ifodalash va ular yordamida
muammoni yechish maqsadida qo‘llanadigan til. Masalan, bu –
matematik, lingvistik yoki dasturlash tili bo‘lishi mumkin. Murakkab
tizim – bu shunday ob’ektki, u quyidagi uchta universal
hususiyatlardan iborat bo‘ladi:
-ob’ektning yahlitligi (elementlarning integrallashganligi);
-elementlarning bir-biri bilan tuzilma shaklida bog‘liqligi;
-ob’ektning maqsadga intilishi (ya’ni ob’ektda maqsad sari intilish
hususiyati mavjud).
Yuqorida keltirilgan ta’rif ushbu darslikda o‘rganiladigan
murakkab tizim tushunchasining to‘liq ta’rifi hisoblanadi. E’tibor
bergan bo‘lsangiz, bundan avvalgi ta’rifda tizimning yaxlitlilik
xususiyati keltirilmagan edi. Yahlitlik (integrallashganlik)
hususiyati. Murakkab tizimning birorta elementini ajratib bo‘lmaydi.
Demak, murakkab tizimga nisbatan hususiy tahlil emas, balki
tizimli tahlilni amalga oshirish kerak, ya’ni har bir elementni
tizimdan ajratmagan holda tahlil qilish lozim. Tizimdan ajralgan
element o‘zining muhim hususiyatlarini yo‘qotadi, tizim doirasida
esa u o‘z hususiyatlarini saqlaydi. Bunga sabab, o‘sha elementning
boshqa elementlar bilan bog‘liqligidir.
Bog‘liqlik (kommunikativlik) hususiyati. Murakkab tizimdagi
elementlar bir biri bilan har hil munosabatlarda bo‘lishadi. Agar
ba’zi elementlar alohida bo‘lib qolib, ularning boshqa elementlar
bilan bog‘liqligi aniqlanmasa, tizim haqidagi ma’lumot to‘liq
bo‘lmaydi. Agar har bir elementning boshqa elementlar bilan
bog‘liqligi to‘g‘risidagi ma’lumot to‘liq aniqlansa, u holda tizim
deterministik deb nomlanadi. Deterministik tizimlar ko‘pincha
mexanika va matematika sohasida uchraydi. Ijtimoiy tizimlar esa
deterministik bo‘lmaydi. Murakkab tizimdagi elementlar bir biriga
nisbatan ierarxik yoki boshqacha holda joylashgan bo‘ladi. Qaysidir
elementlar tizimning yuqori pog‘onasida joylashgan bo‘lsa,
boshqalari – quyi yoki parallel pog‘onada joylashgan bo‘ladi.
Maqsadga intilish hususiyati. Har qanday murakkab tizim
maqsadga intilgan bo‘ladi. Maqsadga intilish tizim ichida
dasturlangan bo‘ladi. Murakkab tizim avtonom ravishda ishlay oladi
va muayan maqsadga intiladi. Agar tizim maqsadga intilmasa,
demak u murakkab tizim emas, aksincha, sodda tizim.
Murakkab tizimda qaror qabul qiluvchi yoki boshqaruvchi quyi
tizim yoki gomeostazis hususiyati mavjud bo‘ladi. Murakkab tizim
qarorlar qabul qilish mexanizmi orqali yoki avtomatik tarzda yoki
muvozanatga tortuvchi kuch yordamida boshqarilishi mumkin.
Avtomatik tarzda boshqariladigan murakkab tizimlar kibernetik
tizimlar bo‘lib, kibernetika tomonidan o‘rganiladi va mazkur darslik
doirasida ko‘rilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |