MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNING TA’LIMIY MASHG‘ULOTLARI
REJA: 1. Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berish shakllari 2. Maktabgacha yoshdagi bolalarning tasviriy faoliyati Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berish shakllari natijalarga erishish emas, balki bilim, mahorat va ko‘nikmalar hosil qilish o‘quv faoliyatining maqsadidir. Bu maqsad uning asosiy xususiyatini belgilaydi. Bola rasm chizish jarayoniga qiziqsa va chiroyli chizishga harakat qilsa, bunday jarayon o‘yin yoki samarali harakat hisoblanadi. Lekin qachonki bola rasm mashg‘uloti vaqtida o‘z oldiga ma’lum maqsad qo‘ysa, bu harakatlar ta’lim ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Masalan, avvalgilardan yaxshiroq rasm chizish, tasvirni to‘g‘ri bo‘yash yoki tekis chiziqlar chizish ham shunday harakat turlariga kiradi. Ta’lim olish vaqtida va bolaga oldingi avlod tomonidan qoldirilgan tajribani yetkazib berishda bolaning psixik rivojlanishi amalga oshsada, bilim va ko‘nikmalarni aksariyat qismini u kattalar bilan muloqotda, ularning talablarini, maslahatlarini va ko‘rsatmalarini bajarish davomida o‘zlashtiradi. Shuningdek o‘yin faoliyati, rasm chizish, buyumlar yasash va turli xil faoliyatlarda vujudga kelgan kundalik muloqot ham bolaning bilim va ko‘nikmalarini kengaytirib boradi. Kattalarning bola bilan bo‘lgan har xil uslubdagi muloqot negizida ta’lim yotadi. Ammo u bolaning rivojlanishiga qarab sistematik xarakterga ega bo‘ladi. Bolalar ijtimoiy maktabgacha tarbiya sharoitida muayyan dasturlar asosida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda ta’lim oladilar. O‘yin usullari va samarali topshiriqlardan foydalanish bunday hollarda muhim o‘rin egallaydi. Shu bilan birga mashg‘ulotlar vaqtida bolalarga tanish bo‘lgan talablar qo‘yiladi: to‘liq va sifatli bilim va ko‘nikmalar hosil qilish, tarbiyachini tinglash va uning ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarish. Mashg‘ulotlar orqali bilim berish o‘quv faoliyatini boshlang‘ich qoidalarini egallashda muhim ahamiyatga ega. O‘quv faoliyatini boshlang‘ich qoidasi bilim olishga bo‘lgan qiziqishni shakllanishini va o‘rganish qobiliyatini o‘zlashtirishni o‘z ichiga oladi. Atrof-muhit haqida yetkazilagan xilma-xil ma’lumotlar bolada qiziquvchanlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Kattalar tomonidan gapirib berilgan va ko‘rsatilgan narsalar yoki bolaning o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlari ham unda yangiliklarga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otishi mumkin. Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarda qiziquvchanlikning o‘sishi, aksariyat hollarda ular tomondan berilayotgan savollar soni va ular turini o‘zgarishida namoyon bo‘ladi. Uch-to‘rt yoshli bolalar savollari yangi bilim olishga, tushunarsiz narsalarni aniqlashtirishga qaratilgan bo‘lsa, maktab yoshiga yaqinlashgan bolalar savollarini aksariyat qismini shunday savollar tashkil qiladigan bo‘ladi. Turli xil hodisa sabablariga, ular orasidagi bog‘liqlikka qiziqadilar. «Nimaga yomg‘ir yog‘yapti?»; «Nima uchun o‘simliklarni sug‘orish kerak? »; «Nimaga doktor kasalni urib, eshitib ko‘radi?»; «Yulduzlar qayerdan paydo bo‘ladi?»; «Traktorga kichik uyni joylashtirsa olib keta oladimi?»; «Agar barcha suvlar dengizga uyilsa, keyin ular qayerga g‘oyib bo‘ladi?». Bu olti yoshli bolaning doim berishi mumkin bo‘lgan savollarining kichik ro‘yxatidir. Shunday bo‘lsada qiziquvchanlik bolani o‘qishga, sistematik tarzda bilim olishga hali tayyorligini ta’minlay olmaydi. U yoki bu hodisaga qiziqish bolada tez sodir bo‘ladi va shuningdek tez yo‘qoladi ham, yoki boshqa bir qiziqishga aylanadi. Yuqorida keltirilgan savollar ro‘yxatidan ko‘rinib turibdiki, bolani turli xil voqelik sohalariga oid bo‘lgan hodisalar qiziqtiradi. Rivoj topgan uslubga ko‘ra esa, hodisalarni aniq turlariga va jihatlariga bo‘lgan barqaror qiziqish ta’lim tomonidan talab qilinadi. Bunday hodisalar matematika, ona tili, biologiya kabi o‘quv fanlarining mazmunini tashkil etadi. Ayrim hollarda maktabgacha yoshdagi bolalarda aniq va barqaror qiziqish erta namoyon bo‘ladi va ular bolalarni bilim olishda hayratlanarli natijalarga erishishlariga sabab bo‘ladi. Izlanishlarga ko‘ra mashg‘ulotlar vaqtida bolalarga alohida, tarqoq ma’lumotlar emas, balki aniq tartibdagi bilimlar berilsa, barcha bolalarda matematikaga, tilga, jonli va jonsiz tabiat hodisalariga bo‘lgan qiziqish kerakli me’yorda shakllanadi. Bu bilimlar bolalarga voqelikni barcha sohasiga xos bo‘lgan hodisalarni asosiy bog‘liqligini tushuntirib berishi kerak. Matematika sohasida bu o‘lchovni o‘lchanuvchiga, qismni butunga, birlikni ko‘plikga bo‘lgan bog‘liqligidir. Til sohasida esa so‘z tuzilishini uning ma’nosiga bog‘liqligi, jonli tabiat sohasida hayvonlar va o‘simliklarning tuzilish xususiyatlari hamda yashash sharoitiga bo‘lgan bog‘liqligidir va h.k.. Bunday obyektiv qonuniyatlarga asoslangan hodisalar bilan tanishuvdan so‘ng bolalar ularni ayrim hollarda namoyon bo‘lishini katta qiziqish bilan kuzatib boradilar. Bolalar ko‘z o‘ngida atrof-muhitning notanish qirralari ochiladi vaular ta’limni ajoyib kashfiyotlarga yo‘l ekanligini tushunadilar. O‘qish va doimo yangi bilimlarga ega bo‘lish istagi bolalarda barqaror va aniq qiziqish uyg‘otadi. O‘qish qobiliyati avvalo o‘quv topshirig‘ini bilim olish uchun bajarilayotgan topshiriq sifatida tushunishni, bu topshiriqlarni amaliyotdan, xayotiy vaziyatlardan ajrata olishni taqozo etadi. Maktabgacha yoshdagi bola ba’zida matematik masalani eshitgach, uni yechish yo‘llariga emas, balki masaladagi tavsiflangan vaziyatga qiziqish bildiradi. Shu sababli u masalani yechishdan bosh tortadi: «Oyisi to‘rtta konfet yeb, ikkitasini o‘g‘liga bersa, birgalashib nechta konfet yeyishgan bo‘ladi?». Bunday «adolatsiz» tasvirlangan masaladan achchiqlangan bola: «Nimaga Valiga buncha oz konfet beradi? Teng bo‘lishishi kerak edi», – degan savolni beradi. Boshqa hollarda bola tezroq javob olish ilinjida o‘ziga tanish bo‘lgan taxminiy qo‘shuv va ayiruv amallaridan foydalanadi. Ikkala holda ham bilim olishga intilish yo‘qligi ko‘rinadi. Masala shartlarida tasvirlangan vaziyat, xayotiy vaziyatni tasviri bo‘lganligi uchun muhim emas, balki masalalarni to‘g‘ri yechishni o‘rganish uchun oddiy material ekanligini bola tushunishi kerak. Masalani yechish mazmuni uni javobini tez topishda emas, balki shartlardan kelib chiqqan holda, qaysi arifmetik amalni qo‘llash lozimligini aniqlashda va bu mahoratdan keyinchalik ham foydalana olishidadir. Kichik va o‘rta maktabgacha yoshdagi bolalar odatda berilayotgan bilim va ko‘nikmalar o‘yinda, rasm chizishda yoki boshqa ularni o‘ziga jalb qiluvchi harakatda qo‘llansagina, o‘quv topshiriqlarini darhol qabul qiladilar. Maktab yoshiga yaqinlashgan bolalarda maxsus tashkillashtirilgan o‘quv sharoitida o‘quv topshiriqlarini o‘zlashtirilgan materiallarni amalga oshirish imkoniyati bilan bog‘lamasdan qabul qilish qobiliyati paydo bo‘ladi. Bilimni kelajakda «foyda keltiradigan» qilib o‘zlashtirish imkoni paydo bo‘ladi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, didaktik o‘yin (loto, rasmli kubiklardan har turli ko‘rinishlar chiqara bilish, son-sanoq, mozaika, shashka, topishmoqlar kabi) maktabgacha yosh davrida oddiy o‘quv topshiriq usuliga ko‘ra bilim olishning samaraliroq yo‘lidir, didaktik o‘yinlar ko‘pincha turli vazifalar bilan bog‘liq bo‘lgan qobiliyatlar va tafakkurlarning rivojlanishiga yordam beradi. Bu jihatdan didaktik o‘yinlar katta guruh bolalarini maktabdagi o‘qish faoliyatiga tayyorlash vositalaridan biridir. Biroq shu narsani eslatib o‘tish kerakki, bolalarning o‘qish faoliyati bevosita didaktik o‘yinlardan kelib chiqmaydi. Ammo kichik va o‘rta maktab yoshida didaktik o‘yin asosiy o‘rin egallasa, kata bog‘cha yoshi davrida bu farq ancha pasayadi. Bu bolalarni o‘quv topshiriqlarini qabul qilish qobiliyati oshayotganini bildiruvchi ko‘rsatkichdir. Bu bolalarni amallarning bajarilish usullariga e’tibor bera boshlashi, ularni o‘quv topshiriqlari mazmunini tushuna boshlaganini bildiradi. Ular ongli ravishda bu usullarni egallashga harakat qiladilar. Maktabgacha yoshdagi bolalar biror maqsadga qaratilgan kuzatuvlarni, predmetlarni tasvirlashni, qiyoslashni va ularni guruhlarga bo‘lishni, hikoya va suratlar mazmunini bir-biriga bog‘lagan holda gapirib berishni, arifmetik masalalarning hisob va yechim yo‘llarini topishni va hokazolarni o‘rganadilar. Masalalarni to‘g‘ri bajarilishi va kattalar tomonidan qo‘yilgan talablar amalga oshishi muhim ma’noga ega bo‘ladi. Bunday hollarda bolalar kattalarga bajarilgan u yoki bu o‘quv topshiriqlari to‘g‘riligini baholashlarini so‘rab tez-tez murojaat qiladilar. Masalan, maktabgacha yoshdagi bolalar masofaviy aloqani aniq tasvirlashni o‘rganish jarayonida, bir necha marta tarbiyachiga murojaat qiladilar: «Meni chizayotganim o‘xshayaptimi, iltimos, ko‘rib bering? »; «Burchagi burchagiga to‘g‘ri kelishi kerak, bu uchburchak narigisini to‘g‘risida bo‘lishi kerak. To‘g‘rimi?». Maktabgacha yoshdagi bolalarning tasviriy faoliyati. Bolalarning psixik jihatdan rivojlanishda tasvirlash faoliyatlarining roli kattadir. Bog‘cha yoshidagi bolalar rasm chizish, loydan yoki plastilindan turli narsalarni yasash, kubiklardan imoratlar, ko‘priklar qurishni juda yoqtiradilar. Bolalar o‘zlarining tasvirlash faoliyatlarida qandaydir g‘ayritabiiy, xayoliy narsalarni emas, balki tashqi muhitni, undagi narsalarni, jonivorlarni aks ettirishga intiladilar. Bolalarning bunday faoliyatlarida ijodkorlik, yaratuvchanlik elementlari bo‘ladi. Bolalar o‘zlaridagi istak, xohish, intilishlarni ana shunday tasvirlash, rasm chizish, loy yoki plastilindan biron narsa yasash, applikatsiya ishlari orqali ifodalashga intiladilar. Bolalarning tasvirlash faoliyatlari juda sodda bo‘lsada, ular o‘zlarining bunday faoliyatlarida atroflaridagi narsa va hodisalarni shunchaki passiv tasvirlash bilan cheklanib qolmay, o‘zlaridan nimalarnidir qo‘shib, yangilik yaratishga harakat qiladilar. Ana shuning uchun bolalardagi ayrim qobiliyatlar ularning tasvirlash faoliyatlarida juda erta namoyon bo‘la boshlaydi. Ma’lumki, odam tug‘ilishi bilan rassom, haykaltarosh, naqqosh bo‘lib tug‘ilmaydi. Odamdagi bunday qobiliyatlar uning yoshligidan tasvirlash faoliyati bilan shug‘ullanishi jarayonida yuzaga kelib, takomillashib boradi. Masalan, biz chaqaloq bolalarda hech qanday tasvirlash faoliyatini ko‘rmaymiz. Bunday faoliyat bolaning taxminan ikki-ikki yarim yoshidan boshlab yuzaga keladi. Chunonchi, ikki yoshli bola qalam bilan (to‘g‘ri kelganicha ushlab olib) nimalarnidir chizib tashlaydi va o‘zining egri-bugri chiziqlarini «bu daraxt», «bu odam», «bu uy», «bu mushuk» deb tushuntiradi. Bu yoshdagi bolalar rasm chizayotganlarida biron narsani tasvirlashni maqsad qilib olmaydilar. Keyinchalik chizgan chiziqlariga qarab, miyalariga kelgan birinchi nom bilan ataydilar. Bolalarning tasvirlash faoliyatlaridagi bu davr tayyorgarlik davri deb ataladi. Bolalarning tasvirlash faoliyatlari asosan o‘rta va katta guruhdan boshlanadi. Lekin bu davrdagi tasvirlash faoliyatlari ham ko‘p jihatdan sxematik xarakterga ega bo‘ladi. Masalan, bolalar odamning rasmini chizganlarida bitta kichik va bitta kattaroq doira chizib, shundan qo‘l va oyoqlarni chiqaraveradilar. Ular rasm chizganlarida yoki biron narsaning haykalini yasaganlarida hajm, perspektiva masalalariga mutlaqo rioya qilmaydilar. Ana shuning uchun ularning chizgan rasmlari hajm (o‘lchov) jihatidan juda katta yoki juda ham kichkina bo‘lishi mumkin. Buning sababi nimada? Birinchidan, bog‘cha yoshidagi bolalarda katta odamlardagidek kuzatuvchanlik qobiliyati yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi va ular chizayotgan rasmlaridagi obyektlarni real voqelikdagi haqiqiy narsalar bilan solishtirmaydilar. Bolalarning tasvirlash faoliyatlari asosan tasavvurlariga asoslanadi. Masalan, 4–5 yoshli bog‘cha bolasiga onasining rasmini chizish taklif qilinganda, u biron marta ham onasiga qaramay, rasm chiza boshlagan. Undan nega onangga qaramading, deb so‘raganlarida, u o‘zim juda yaxshi bilaman, deb javob bergan. Bog‘cha yoshidagi bolalar tasviriy faoliyatining shu qadar sodda bo‘lishiga ikkinchi sabab ularda ayrim murakkab harakat malakalarining hali yuzaga kelmaganligidir. Bundan tashqari bog‘cha bolalari tasvirlash faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarida tasvirlayotgan narsalarini real voqelikdagi narsalarga o‘xshatishni maqsad qilib qo‘ymaydilar. Ular tasvirlash faoliyatini ham o‘yin tarzida o‘tkazadilar. Ularni tasvirlash faoliyatining natijasi emas, balki tasvirlash faoliyatining o‘zi qiziqtiradi, xolos. Bolalarning tasvirlash faoliyatlari rejali, izchil ravishda emas, balki stixiyali ravishda tashkil qilinadi. Ana shuning uchun bola bunday faoliyat davomidayoq voqelikni chuqur va to‘la kuzatmay, o‘z tasavvurlarigagina asoslanib qo‘ya qoladi. Agar tarbiyachi bolalarning tasvirlash faoliyatlarini izchil tarzda tashkil qilib, bu ishni pedagogik jihatdan to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysa, bolalarning tasvirlash faoliyatiga bo‘lgan munosabatlari o‘zgaradi. Bolalar oldiga qat’iy bir maqsad qo‘yib, ana shu maqsadni amalga oshirish buyurilsa, bolalar tasvirlash faoliyatini o‘yinga aylantirmay ishga nisbatan jiddiy munosabatda bo‘la boshlaydilar. Masalan, bayram o‘tgandan so‘ng bolalarga bayram rasmini chizish taklif etilsa, ular bu vazifani bajon-u dil bajaradilar. Bog‘cha yoshidagi bolalarni aqliy, axloqiy va, xususan, estetik jihatdan tarbiyalashda tasvirlash faoliyati juda katta yordam beradi. Shuning uchun ham bog‘cha yoshidagi bolalarning tasvirlash faoliyatlarini har doim maqsadga muvofiq ravishda pedagogic jihatdan to‘g‘ri va qiziqarli tashkil qilishga e’tibor bilan qarash zarur. Bog‘cha yoshidagi bolalar rangli qalamlar, rangli bo‘yoqlar bilan rasm chizish va rangli qog‘ozlardan turli applikatsiyalar tuzish bilan uzoq muddat davomida shug‘ullanishni yoqtiradilar. Lekin bolalarning ranglarga bo‘lgan munosabatlari o‘ziga xosdir. Ular o‘zlariga yoqqan narsalarni juda yorqin, chiroyli ranglar bilan bo‘yaydilar, o‘zlari yoqtirmagan narsalarni esa qora, to‘q jigarranglar bilan bo‘yaydilar. Bolalarning tasvirlash aoliyatlari ularning xayol va hissiy jarayonlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ular qanday tasvirlash faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lmasin ishlariga befarq munosabatda bo‘lmaydilar. Tasvirlash faoliyati orqali qilgan ishlarini, chizgan rasmlarini ko‘zga ko‘rinadigan joyga namoyish qilish uchun qo‘yadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |