Amir Temur va Temuriylar davri yozma manbalarida O’rta Osiyo
Reja:
Amir Temur tomonidan markazlashgan davlatning barpo etilishiga doir yozma manbalar.
Temur tuzuklari muxim tarixiy manba sifatida.
Amir Temur va temuriylar davridga oid o’zbek tilidagi manbalar.
Fors tilidagi manbalarda O’rta Osiyo
Amir Temur tomonidan markazlashgan davlatning barpo etilishiga doir yozma manbalar.
“Temur tuzuklari”, “Tuzukoti Temuriy”, “Malfuzoti Temuriy” yoki “Voqeoti Temuriy” nomlari bilan atalgan asar Amir Temurning yetti yoshligidan boshlab hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.
“Temur tuzuklari” muhim tarixiy manba bo‘lib, unda Amir Temur davlatining tuzilishi va boshqarish xususiyatlari bayon etilgan. Asar dastlab turkiy-o‘zbek tilida bitilgan. Uning bir qo‘lyozmasi Yaman mamlakati oliy hukmdori Ja’far podshoh kutubxonasida saqlangan.
“Temur tuzuklari”ning fors tiliga tarjimoni Mir Abu Tolib Husayniy at-Turbatiy tarjima muqaddimasida, Arabistonning muqaddas joylarini haj qilib qaytishda, Yamanda bo‘lgan chog‘ida Ja’far podshoh kutubxonasida turkiy tildagi mazkur asarni topgani va u Amir Temurning hayot yo‘li haqidagi o‘zi yozgan ekanligini ta’kidlaydi. Mir Abu Tolib Arabistondan qaytib kelgandan keyin, asarni fors tiliga tarjima qilgan. Lekin Arabistondan olib kelingan asliyatdan yoki Hindistonda bo‘lgan biron qo‘lyozma nusxadan o‘girilgani aytilmagan.
Mir Abu Tolib 1637 yilda “Temur tuzuklari” asari forscha tarjimasini buyuk boburiylardan Shohijahonga tortiq qiladi. Keyin bu tarjima Muhammad Afzal Buxoriy (vaf. 1652 y.) tomonidan jiddiy tahrir qilingan.
“Temur tuzuklari” ikki maqoladan iborat:
Birinchi maqola Amir Temurning davlatni barpo etish va mustahkamlash, qo‘shinni tashkil etish yuzasidan tuzuklari, rejalaridan tarkib topgan.
Ikkinchi maqolada 13 kengash va uning qismlarida Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi va harbiy yurishlari tafsilotlari beriladi.
“Temur tuzuklari” XV-XVI asrlarda nafaqat hukmdorlar va ma’lumotli kishilar orasida, balki jahon ilm ahli o‘rtasida shuhrat topti. Asarning ko‘lyozma shaklida ham, toshbosma shaklida ham, shuningdek jahonning ko‘p tillariga qilingan tarjima shaklida ham (inglizcha, fransuzcha, urdu, rus va o‘zbek tillarida) nashr etilishi so‘zimizga isbot –dalildir.
Ikki fozil shaxslar Mir Abu Tolib va Muhammad Afzal Buxoriy xizmatlari tufayli “Temur tuzuklari” fors tilida bizgacha yetib kelgan. Bu tarjimaning mo‘tabar qo‘lyozmalari Rossiya, Hindiston, Eron, Turkiya, Misr, Angliya, Fransiya va boshqa mamlakatlar xazinalarida mavjud.
“Temur tuzuklari”ning forsiy matni 1783, 1785, 1890 va 1963 yillari ovrupo va sharq tillaridagi tarjimalari bilan birga nashr etilgan.
“Temur tuzuklari”ni to‘liq 1857 yili Xivada Muhammad Yusuf Rojiy tomonidan va 1858 yili Pahlavon Niyoz devon tarafidan turkiy-o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Ularning birinchisi “Tuzuki Temuriy”, ikkinchisi “Malfuzot” nomi bilan ma’lum. Yana bir tarjima Xo‘jand qozisi Nabijon mahdum tarafidan, Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1821-1858 yy.)ning topshirig‘iga binoan amalga oshirilgan.
“Temur tuzuklari” asarini Alixon To‘ra Sog‘uniy 1967 yili Mir Abu Tolib tarjimasini o‘zbekchaga tarjima qilgan edi. 1990 yili Alixon To‘ra tarjimasini “Temur tuzuklari”ni Bombay nashri matni asosida Habibullo Karamatov yana bir tarjimani amalga oshirib, nashr ettirdi.
“Temur tuzuklari”ning manba sifatidagi tarixiy ahamiyati buyuk ekanligi mutaxassislarning unga bo‘lgan katta e’tiboridan bilish mumkin. Asarning sakkizta mo‘tabar qo‘lyozmasi Toshkentda, Sharqshunoslik instituti xazinasida mavjud.
“Vaqoyi’”
“Vaqoyi’”- voqealar Zahiriddin Muhammad Boburning jahonga “Boburnoma” nomi bilan mashhur bo‘lgan shoh asarining asl nomidir. Muallif asarda o‘zining o‘n ikki yoshida Farg‘ona viloyati podshohi, deb ko‘tarilgan vaqtidan boshlab, hayotining oxiriga qadar bo‘lib o‘tgan voqealarni yilma-yil bayon qilgan. Dunyoda mavjud asarning barcha qo‘lyozmalarida bir necha yil, xususan 1509-1518, 1521-1524 yil voqealari bayoni tushib qolgan.
Bobur Farg‘ona viloyati hokimi Temuriy Umar Shayx Mirzoning (1461-1494 yy.) to‘ng‘ich o‘g‘li, 1483 yilning 14 fevralida Andijon shahrida tug‘ilgan. U 1494 yilning 5 iyunida, hijriy isobda o‘n ikki yoshida halok bo‘lgan otasi o‘rniga Farg‘ona taxtiga o‘tqaziladi. Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmay, mamlakatda avj olgan o‘zaro kurash natijasida mag‘lubiyatga uchrab, Farg‘onani tashlab chiqishga majbur bo‘ladi.
Uning 1497-1500 yillari Samarqand taxti uchun olib borgan kurashi ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Bobur 1504 yilga qadar Farg‘ona va Samarqand uchun kurashdi, ammo Temuniylar o‘zaro birlasha olmadilar. Natijada, u tajribali Shayboniyxon bilan bo‘lgan janglarda mag‘luyuiyatga uchrab, o‘z yurtini tark etib, omad va baxt izlab Kobulga yo‘l oldi. Kobulni egallagan Bobur o‘z mavqeini asta-sekin mustahkamlab bordi.
1511 yilning kuzida Bobur Ozarbayjon va Eron podshohi Shoh Ismoil Safaviyning (1502-1524 yy.) harbiy yordamiga tayanib, Samarqandni uchinchi bor egallashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo uning o‘z xalqi e’tiqodi – sunniy mazhabni inkor etib, kishilarga shialar kiyimida ko‘rinishi, aholini undan ixlosini qaytardi. Bu safargi Boburning bobo meros poytaxt Samarqanddagi hukmronligi bir yilga ham yetmadi.
1512 yilning bahorida Ko‘li Malik (Xayrobod bilan Qorako‘l orasida joylashgan mavze’) degan joyda bo‘lib o‘tgan jangda Shayboniylardan Ubaydullaxon, Muhammad Temur Sulton, Jonibek Sulton va boshqalarning birlashgan kuchlari uning qo‘shinlarini tor-mor keltirdi.
Bobur Hisori shodmon tomonga chekindi va qariyb ikki yil mobaynida o‘sha viloyatda kun kechirdi va 1514 yili yana Kobulga qaytdi.
U 1514-1525 yillar orasida Shimoliy Hindistonga, uni bo‘ysundirish maqsadida besh marta qo‘shin tortadi, lekin faqat so‘nggi yurishi (1525 y.) natijasida boy va ulkan mamlakatni egalladi. Bobur tarixda yangi saltanatga asos soldi. Uning davlati g‘arbda yanglish Buyuk mo‘g‘ullar nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan, aslida esa bu Hindistondagi Temuriylar yoki Boburiylar davlatidir.
Bobur 1530 yilning 26 dekabrida Hindistondagi poytaxti Agra shahrida vafot etdi. Ammo uning vasiyatiga ko‘ra, keyincha uning xoki Kobul shahridagi o‘zi asos solib obod qilgan bog‘ga ko‘mildi. Uning qabr toshi keyincha chevarasi Nuriddin Muhammad Jahongir (1605-1627 yy.) tomonidan o‘rnatilgan.
Bobur iste’dodli qalam sohibi sifatida ikki devon-she’rlar majmuasi, aruz ilmiga oid risola, islom qonunshunosligi masalalariga bag‘ishlangan “Mubayyin” nomli masnaviysi, Ubaydulla Xoja Ahrorning “Volidiya” risolasining turkiy tarjimasi, musiqa va harbiy ishga oid risolalari muallifi, maxsus yangi alifbo “Xatti Boburiy” ixtirochisi hamda “Vaqoyi’” asarining ijodkoridir.
“Vaqoyi’” memuar – xotira tipidagi asar bo‘lib, o‘zining bayon uslubi bilan “Temur tuzuklari”ni eslatadi. Kitobda Farg‘ona, Toshkent, Samarqand, Hisori shodmon, Chag‘oniyon, Kobul, Xuroson poytaxti Hirot hamda Shimoliy Hindistonning XU asr ikkinchi yarmi va XU1 asr birinchi o‘ttiz yilligidagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli batafsil yoritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |