2.2. Diagnostik-korreksion ishni o’tkazish bosqichlari.
Psixologik xizmat doirasida alohida diagnostik ish, alohida korreksion ish haqida gapirish mumkin emas. Psixologik xizmatda diagnostik-rivojlantiruvchi yo’nalishlar ishning yagona yo’nalishlardir. D.B. Elkoninning ta’kidlashicha, bolalarni tanlash uchun, aniqlangan chetlashishlarni tuzatish maqsadida psixik taraqqiyotni nazorat qilishga yo’naltirilgan maxsus diagnostika zarur. Uning fikricha, taraqqiyotda bo’lishi mumkin bo’lgan chetlashishlarni ertaroq tuzatish uchun psixik taraqqiyotni nazorat qilish zarur. Amaliyotchi psixolog faqatgina diagnoz qo’yish bilan cheklanmasdan, keyingi rivojlanish dasturini ishlab chiqadi, o’zi bergan tavsiyalarning bajarilishini nazorat qiladi, korreksion va rivojlantiruvchi ishlarni o’zi ham olib beradi.
Amaliyotchi psixologning diagnostik-korreksion ishi murakkab faoliyat turlaridan biri bo’lib, maxsus psixologik tayyorgarlikni talab qiladi. Amaliyotchi psixologning diagnostik-korreksion faoliyati murakkab, javobgarlikni talab qilishi bilan birga, kam o’rganilgandir. Bu jarayon birinchi bo’lib, tarbiyasi qiyin va normal bolalarni o’rganishga bag’ishlangan pedagogik tadqiqotlarda L.S. Vigotskiy tomonidan qo’llangan. I. SHvansara shaxs taraqqiyotini diagnostika qilishning bosqichli eksperimental-psixologik nuqtai nazarini taklif etadi.
Bu bosqichlar quyidagilar:
1. Psixologga rasmiy iltimos.
2. Psixologik muammoni aniqlash.
3. Tadqiqot metodini tanlash.
4. Psixologik diagnoz qo’yish.
5. Amaliy tavsiyalar.
Psixologning rasmiy iltimosga javob tarzidagi ishini birinchi nuqtai nazar sifatida psixologning yoki o’qituvchining tarbiyasi qiyin o’quvchiga nisbatan ma’lum ijtimoiy talabiga javobini ko’rsatish mumkin. Bu holda o’quvchiga «tarbiyasi qiyin» tashxisi o’qituvchilar, tibbiyot xodimlari, voyaga yetmaganlar ishi bo’yicha nazorat xodimlari tomonidan qo’yilgan bo’ladi. Psixologning vazifasi - qiyinchiliklarning sabablarini aniqlash va ularga mos tuzatish (Korreksiya) metodlarini topishdan iborat.
Eksperimental-psixologik tadqiqot o’tkazishdan oldin pedagog- tadqiqotchi bola bilan suhbatlashadi. Bunda u bola bilan ijobiy hissiy aloqa o’rnatib bajariladigan topshiriqning maqsad va vazifalarni tushuntirib beradi. Suhbat psixologik tadqiqot metodi sifatida bola haqida ma’lumot olishga imkon beradi. Suhbat oldindan tayyorlangan savollar asosida o’tkazilishi yoki ixtiyorsiz xarakter kasb etishi mumkin. Bunda tadqiqotchi suhbat jarayonida bolaga, uning oilasiga yoki tengqurlariga tegishli bo’lgan, bolaga yoqmaydigan savollarni bermasligi kerak. Suhbatda bola shaxsining xususiyatlari, o’zining jismoniy va psixik holatiga, ishchanligiga baho berishi aniqlanadi, tekshiruvchining ijtimoiy-madaniy darajasi, ma’lumoti, qiziqishlari, ehtiyojlari, o’zaro fikrlashuv qobiliyatlari aniqlanadi. Ba’zi hollarda suhbat psixoprofilaktik va psixoterapevtik maqsadlarda o’tkaziladi, bunda bola boshidan kechirayotgan qo’rqinch, xavotirlanish, o’ziga ishonmaslik kabi holatlar yo’qotiladi. SHunday qilib, tarbiyachi suhbat jarayonida tadqiqot oldiga qo’ygan vazifaga bog’liq ravishda bola hayoti haqida muhim ma’lumot olishi kerak.
Tajriba jarayonida tadqiqotchi bola nimada qiynalayotganini aniqlaydi va unga yordamlashadi. Ko’rsatmaga kiritilgan barcha qo’shimcha va o’zgartirishlar haqidagi barcha ma’lumotlar oldindan tayyorlangan tadqiqot qaroriga yozib qo’yiladi.
Olingan ma’lumotlarni bir joyga to’plab, tadqiqotchi sinaluvchi shaxsining xarakteri, aqli, xotirasi, hissiyoti, psixik buzilishlar mavjudligi yoki yo’qligi haqida xulosa chiqariladi.
Tadqiqotning so’nggi qismidagi xulosalar shaxsga psixologik diagnoz qo’yish, sinaluvchi psixikasidagi o’zgarishlarni oldindan aytib berish, olingan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlari bilan bog’liq ravishda hamda pedagog amaliy faoliyatida tavsiyalar berish maqsadida qiziqarlidir. SHuni esda tutish zarurki, eksperimental vaziyat bola uchun odatdagidan boshqacha bo’ladi. SHuning uchun olingan natijalar har doim ham haqiqiy ko’rsatkichlarga mos tushmasligi mumkin.
Eksperimental tadqiqot xarakteriga bog’liq ravishda undan olingan natijalarni o’quv tarbiya jarayonida foydalanish mumkin.
Bolalarning eksperimental-psixologik o’rganish natijalaridan o’quv mashg’ulotlari vaqtida psixik jarayonlarining ixtiyoriyligini rivojlantirishda ham foydalanish mumkin.
Tadqiqot o’tkazish uchun eksperimental metodikalarni tanlashda quyidagilarni e’tiborga olish zarur:
a) tadqiqot maqsadi — psixik taraqqiyot darajasini aniqlash, uning yoshiga, ma’lumotiga mosligi, shaxs xususiyatlarini aniqlash;
b) sinaluvchining yoshi va uning hayot tajribasi, o’tgan ta’lim va tarbiyasi amalga oshrilayotgan sharoit;
v) bolaning eksperimental tadqiqotga moslashishi, muloqotga kirishishi, verbal aloqa o’rnatish xususiyatlari.
Tanlangan eksperimental psixologik metodikalarning qiyinlik darajasi o’sib borish tartibida bo’lishi kerak.
Xulosa
So’nggi yillarda keskin oshib borayotan xarakter anomaliyalari (nevropatiya va psixopatiya) asosan bolalar va o’smirlarning o’tish davrida shakllanib, faqat katta yoshlilarda barqaror tuzulmali ko’rinishlarda namoyon bo’lishini unutmaslik lozim. Bundan bola organizmi rivojlanish bosqichlarining psixofiziologik tahlili va psixik buzulishlarining patogenetik asoslangan korreksion va profilaktik choralari, shuningdek o’sib kelayotgan avlod salomatligini saqlash mumkin bo’lgan roli yaqqol ko’rinib turadi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, psixogigiena psixik buzilishlar profilaktikasi va terapiyasi (Korreksiyasi) o’zaro yaqin bo’lishi bilan birga bolalar va o’smirlar salomatligini saqlash va mustahkamlash borasida o’z masalalariga ega. Teng huquqlilik, tarbiya, ta’lim, kasb tanlash erkinligi, mehnat, dam olish, da’volash va ijtimoiy ta’minotning boshqa shakllarini kafolatlovchi jamiyat hayotini obod qilishning umumdavlat tamoyillari psixogigienaning negizi bo’lib hisoblanadi. Bular barchasi kishilarga kelajakka ishonch bilan boqish imkonini beradi, hayotning barcha sohalarida psixogigienaning bosh masalalarini muvaffaqiyatli yechishni ta’minlovchi emotsional qulaylikni yaratadi. Profilaktika va terapiya asosini xalq salomatligi va farovonligi to’g’risidagi g’amxo’rlikning umumdavlat ijtimoiy tamoyillari bilan uzviy bog’liq bo’lgan o’ziga xos tibbiy tamoyillari tashkil etadi. Ularni inson tug’ilishidan boshlab shaxs sifatida shakllanish va rivojlanishining keyingi bosqichlarida amalga oshirish har bir inson va bir butun jamiyat farovonligi, salomatligi va uzoq umr kechirishi garovidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |