Ko`makchilar.
Ot yoki otlashgan so`zdan keyin kelib, shu so`zni boshqa bir so`z bilan birikishini ta`minlaydigan yordamchi so`zlar ko`makchilar deyiladi. Ko`makchi o`zidan oldin kelgan so`z bilan birgalikda fe’lga bog`lanadi. Ko`makchili so`zning boshqa so`z bilan bog`lanishi boshqaruvli bog`lanishdir. Ko`makchilar o`zi bog`langan so`zning ma’nosini to`ldirib keladi va shu boisdan o`zi bog`langan so`z bilan birgalikda bir gap bo`lagi bo`lib qoladi: Men muhabbat bilan qoshingga keldim.
Ko`makchilar lug`aviy ma’no ifodalamaydi, biroq grammatik ma’no bildiradi. Masalan, uchun sabab ma’nosini, tomon yo`nalish ma’nolarini anglatuvchi ko`makchilardir: Samiyev bu ishning muhimligini bilgani uchun telefon go`shagini ko`tarib, kerakli bo`lim bilan suhbatlashib topshiriq berdi.
Ko`makchilar ko`pincha kelishik qo`shimchalariga sinonim holda qo`llanadi: xat ruchka bilan yozildi/xat ruchkada yozldi. Kitobni o`zim uchun oldim/kitobni o`zimga oldim.
Ko`makchi aslida boshqa biror so`z turkumlaridan ko`makchiga aylangan so`zlardir. Ularning ayrimlari o`z mustaqil ma’nosini yo`qotib, ayrimlari mustaqil ma’nosini qisman saqlagan holda ko’makchiga o`tgan. Ko`makchilar mustaqil ma’nolarini yo`qotish xususiyati va qaysi so`z turkumlaridan o`tganligiga ko`ra quyidagicha tasniflanadi:
Sof ko`makchilar.
Ot ko`makchilar.
Fe’l ko`makchilar.
Ko`makchi otlar.
Sof ko`makchilar o`z lug`aviy ma’nolarini butunlay yo`qotib, tamoman ko`makchiga aylangan so`zlardir: uchun, bilan, kabi, sari, sayin, singari, uzra, qadar, orqali, dovur kabi. Bu ko`makchilar boshqa so`zlar bilan birikib, turli grammatik munosabatlarni ifodalash uchun xizmat qiladi.
Ot ko`makchilar ot yoki ravishdan ko`makchiga siljigan so`zlardir: burun, ilgari, oldin, keyin, so`ng, tashqari kabi.
Fe’l ko`makchilar fe’lning ravishdosh va sifatdosh shakllaridan ko`makchiga o`tgan: qarab, ko`ra, yarasha, bo`ylab, qaraganda kabi. Ko`makchilar kelishikdagi otlarni boshqa so`zga tomon boshqaradi. Ko`makchilarni kelishikdagi otlarni boshqarishi quyidagicha: bosh kelishikdagi so`zni boshqaradigan ko`makchilar( bilan, uchun, kabi, singari, orqali, sari, bo`ylab, uzra);
jo`nalish kelishigidagi otni boshqaradigan ko`makchilar ( tomon, qadar, dovur, qarab, qaraganda, ko`ra, yarasha);
chiqish kelishigidagi otni boshqaradigan ko`makchilar ( burun, ilgari, oldin, keyin, so`ng, buyon, boshqa, tashqari) .
O`z lug`aviy ma’nosini qisman saqlagan bo`lib, ba’zi xususiyatlariga ko`ra ko`makchiga siljib qolganligi uchun ko`makchi vazifasida qo`llaniladigan otlar ko`makchi otlar deyiladi. Ko`makchi otlar o`zidan oldingi so`zlar bilan qaratqich qaralmish munosabati asosida birikib, butunlikni tashkil etadi. Quyidagi so`zlar ko`makchi otlardir: old, orqa, ket, o`rta, ich, tag, ust, tepa.
Ko`makchi otlar qaratqich, jo`nalish, o`rin-payt, chiqish kelishiklari qo`shimchalarini olgan holda qo`llanadi. Masalan:
Nizomjon nima bo`layotganiga tushuna olmay, hamon supa oldida garang turardi. Balki u alam ustida yolg`on gapirgandir-a ?
Ular ma’no jihatdan quyidagicha:
Vertikal yo`nalishdagi o`rinni ifodalovchi ko`makchi otlar: ost, ust, tag, tepa.
Gorizontal yo`nalishdagi o`rinni ifodalovchi ko`makchi otlar: old, orqa, ort, ket, yon, uch.
Fikrning nima haqida ekanini ifodalovchi ko`makchi otlar: to`g`ri, xusus, yuza.
Do'stlaringiz bilan baham: |