Ostexondroz kasalligini davolash
Ostexondroz kasalligini davolash ikki usulda (dori-darmon yoki jarrohlik yo‘li bilan) olib boriladi. Dori-darmon (konservativ) noinvaziv usulida davolanganda bemorning umurtqa pog‘onasi cho‘ziladi. Ya’ni, u tekshirilib so‘ng rejali ravishda maxsus stolga yotqizilib, oyoqlariga 10-15 kilogrammlik toshni 20 daqiqadan to bir soatga qadar osib qo‘yiladi. Shuningdek, davolash jismoniy badantarbiya mashqlari va uqalash muolajasi bilan ham bajariladi. Og‘riqqa qarshi va patogenetik dori preparatlar tavsiya etiladi. Bel sohasiga parafin, elektrofarez, diadinamik tok qo‘yiladi, rodonli vanna qabul qilish ham foydali.
Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi osteoxondrozida ushbu sohaga tegishli nerv ildizchalarida og‘riq, pleksit (nerv chigallarining o‘tkir yallig‘lanishi), braxialgiya (yelkada paydo bo‘ladigan og‘riq), bo‘yin radikuliti kuzatiladi.
Bugungi kunda tibbiyot amaliyotida bo‘yin osteoxondrozi ko‘p uchrayotganligi tufayli ushbu mavzuga alohida to‘xtalaylik. Bu kasallikning dastlabki belgilarini ilg‘ash qiyin emas, ya’ni umurtqaning bo‘yin qismidan chiqadigan orqa miya ildizchalari qisilishi natijasida yelka va bo‘yin atrofi og‘riydi, harakatlanganda og‘riq kuchayadi, shuningdek, qo‘lda chumoli o‘rmalagandek bo‘ladi, bo‘yinni uyoq va bu yoqqa burish chog‘ida qisirlash eshitiladi. Qo‘l panjalarida sovuqlik va uvishish seziladi, ko‘krak, ayniqsa yurak sohasida og‘riq bo‘lishi mumkin.
Bo‘yin osteoxondrozi sindromlari
Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismida juda ko‘p nervlar va qon tomirlari mavjudligi sababli bo‘yin osteoxondrozi kechishiga qarab turli ko‘rinishlarda tashxislanadi.
Og‘riqli sindrom umurtqalardagi nerv tolalarining qisilishi (kompressiya) tufayli sodir bo‘lib, bunda og‘riq bo‘yin, yelka va qo‘lga tarqaladi. Ba’zan og‘riq yengil darajada, xuddi “tok urgan”dek bo‘lishi mumkin. Bemor yo‘talganda, qo‘lini qimirlatganda, bo‘ynini yon tarafga burganda zo‘rayadi.
Spinal sindrom esa umurtqadagi disk churrasi bilan bog‘liq holda kechadi. Chunki disk churrasi bo‘yin sohasidagi orqa miyani qisib qo‘yadi. Oqibatda mutaxassis shifokorlar “diskogen miyelopatiya” deb ataydigan og‘ir holat yuzaga keladi. Bemorda sezgining buzilishi, qo‘l-oyoqlar falajlanishi, quvvatsizlik ro‘y beradi. Bu darda ayollardan ko‘ra erkaklarda ko‘proq, ayniqsa 50 yoshdan oshgan kishilarda kuzatiladi.
Vegetativ sindrom kuzatilganda bemorlarning bo‘yin va yelka qismidagi doimiy og‘riq, qo‘llarning sovib ko‘kimtir tusga kirishi, mushuklarning atrofiya (ozish)ga uchrashi bezovta qiladi. Bu sindrom kechishida bemorning boshi og‘riydi, tez asabiylashadigan bo‘lib qoladi, xotirasi susayadi.
Kardial sindrom bo‘yin osteoxondrozida muhim ahamiyatga ega. Ko‘p hollarda ushbu kasallik davrida yurak sohasida og‘riq kuchayadi, ayrim shifokorlar esa buni stenokardiya (ko‘krak qisishi) yoki miokard infarktining boshlang‘ich davri deb noto‘g‘ri tashxislaydilar. Aslida bu sindromni “bo‘yin stenokardiyasi” deyish mumkin, chunki bunda bemor boshini burganida, qo‘lini yuqoriga ko‘targanda yoki aksa urganida yurak sohasidagi og‘riq kuchayadi, xuruj esa 1,5-2 soatcha davom etadi.
Bo‘yin osteoxondrozi asosan novokainli blokada qo‘llaniladi. Blokada tufayli vaqtincha og‘riq kamayadi, mushaklar yumshaydi, qisilib turgan nervlar va qon tomirlar faoliyati meyorga qaytadi. Shuning uchun ham blokada qilish muolajasi (buni faqat mutaxassis shifokor bajaradi) ham simptomatik davolash chorasi hisoblanadi.
Uqalash (massaj) va davolash (badantarbiya) mashqlari esa bo‘yin-yelka sohasida qon aylanishini yaxshilaydi, mushaklar tonusini meyorga keltiradi. Bunda bo‘yin osteoxondrozi ancha yengil kechadi va bemorni ortiqcha bezovta qilmaydi.
Fizioterapevtik usullar (ya’ni elektrofarez, ultratovush, Berner toklari, induktotermiya, parafinli aplikatsiya) bemor uchun juda foydali, bunday davo muolajalari ambulatoriya-poliklinikalar sharoitida ham amalga oshiriladi, bu esa bemorga ancha qulaylik yaratadi. Agarda yuqoridagi davo usullari bemorga naf bermasa, masalan, bemor bosh miyasida qon aylanishi buzilishi, orqa miya qisilishi, qo‘l-oyoqlar falajlanishi holatlarida jarrohlik amaliyoti qo‘llanadi.
Osteoxondrozni davolovchi mashqalar
Do'stlaringiz bilan baham: |