Toshkent davlat sharq shunoslik universiteti siyosat fakultet arab ingiliz 2 talabasi OROMIDDINOV ASLBEKNING YOZGAN REFERATI
REFERAT
Reja:
1.kirish
2.sut tizimidagi o’zgarishlar
3.sud tizimidagi bo’ladigan jarayonlar
SUDLAR FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH VA ODIL SUDLOV SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Xususan, nohaq ayblangan 2,3 mingga yaqin kishi oqlandi, adashib jinoyat yo‘liga kirib qolgani sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishi mumkin bo‘lgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga mahalla va jamoatchilik kafilliklari asosida yengilroq jazolar tayinlanib, o‘z oilalari bag‘rida qoldirildi, inson huquqlarini qo‘pol tarzda buzgan 60 nafar huquq-tartibot organi xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.
Shu bilan birga, sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotganligi, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi, investorlar huquqlarining sud himoyasida bo‘lishi yetarli darajada tashkil etilmaganligi va boshqa bir qator kamchiliklar sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Sudyalar oliy kengashi va sudyalar hamjamiyati bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi asosida sud tizimida 2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazish;
ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi;
Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdarg‘om tumanlari iqtisodiy sudlarini tugatish;
fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumanlararo sudini, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut, So‘x, Xatirchi, Paxtakor tumanlari sudlarini, Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudini, jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘zatov, Taxiatosh, Bandixon, Tuproqqal’a tumanlari sudlarini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hay’atining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqini berish.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuraturasi va Advokatlar palatasining 2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni joriy etishni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullansin:
a) sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish;
b) jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish;
v) quyidagi tartiblarni joriy etish:
tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan apellatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;
apellatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqish;
davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish;
prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan chaqirib olib o‘rganish;
qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibini (keyingi o‘rinlarda — Sudlov tarkibi) tuzish haqidagi taklifi ma’qullansin.
Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda — yirik investorlar) va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish vakolati berilsin.
Belgilansinki:
investitsiyaviy nizolar bo‘yicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar bo‘yicha taraflarning xohishiga ko‘ra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Sudlov tarkibi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi;
qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi mumkin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmasida quyidagi tarkibiy tuzilma (lavozim)lar kiritilishiga rozilik berilsin:
a) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tuzilmasida:
Oliy sud boshqarmalari faoliyatini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga hisobdor bo‘lgan, Oliy sud raisining taqdimnomasiga asosan Oliy sud Plenumi tomonidan lavozimiga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbari lavozimi;
Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi;
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi;
b) viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmasida matbuot xizmatlari.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi va Moliya vazirligining Sudyalar oliy maktabi Sud amaliyoti muammolarini o‘rganish markazini tugatish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining Sud amaliyoti muammolarini o‘rganish markazini tugatish hisobidan bo‘shayotgan 9 ta shtat birliklari Oliy sud tuzilmasida tashkil etilayotgan Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasini shakllantirishga yo‘naltiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbari, boshqarma boshliqlariga nisbatan Oliy sud sudyalari uchun belgilangan, Oliy sudning boshqaruv xodimlari tarkibiga kiritilgan boshqa xodimlariga nisbatan esa, viloyat sudlari sudyalari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etilsin.
Bunda, qayd etilgan shartlar faqat muqaddam sudyalik lavozimida ishlagan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi, ushbu shaxslarning shu lavozimlarda ishlagan vaqti sudyalik stajiga qo‘shilishi va pensiya tayinlashda hisobga olinishi inobatga olinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi, quyi sud tizimi sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlari ish haqlari va qo‘shimcha to‘lovlarini to‘liqligicha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga o‘tkazilishini hamda ish haqlari miqdorlarini oshirilishini nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Moliya vazirligi bilan birgalikda pensiya tayinlangan va sudya sifatida o‘z faoliyatini davom ettirayotgan shaxslarning pensiyalari yangi belgilanadigan sudyalar mehnatiga haq to‘lash shartlarini inobatga olgan holda qayta hisob-kitob qilinishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oliy sud bilan birgalikda ikki oy muddatda:
sudlarning faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yanada kengaytirish dasturi bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
2021 — 2025-yillarda sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturini tasdiqlasin.
9. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining va harbiy sudlari tizimining tashkiliy-shtat tuzilmalari 4-5-ilovalarga muvofiq;
tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining namunaviy tuzilmalari 6 — 9-ilovalarga muvofiq;
fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining tuzilmasi va tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarining yurisdiksiya hududlari 10-11-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilansinki, yangidan tashkil etilayotgan sudlar va bo‘linmalarni to‘ldirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud apparati tuzilmasiga qo‘shimcha boshqaruv xodimlari shtatlarini kiritish sudlar tizimini optimallashtirish natijasida bo‘shaydigan shtat birliklari hisobidan amalga oshiriladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritsin:
sudlarning tuzilishi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarning, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlarining, Rayosatining, Plenumining vakolatlari doirasi;
sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarga nisbatan qo‘yiladigan talablar;
sudyalar, sud raislari va rais o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi;
sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish;
sudyalarga nisbatan intizomiy ish faqat sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan qo‘zg‘atilishini nazarda tutgan holda, sudyalarning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish tartibi;
sudyalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi;
sudyalarning moddiy ta’minoti va ularni ijtimoiy himoya qilish choralari.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda yangidan tashkil etilayotgan sudlarning joylashtirilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuraturasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 12-ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin.
15. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |