19-modda. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish Dori vositalarini ulgurji realizatsiya qilish farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan dori vositalari ishlab chiqaruvchilar hamda dori vositalarini ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish hamda saqlash qoidalari bo‘yicha amalga oshiriladi.
(19-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son) Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar dori vositalarini va tibbiy buyumlarni dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchilardan, dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi boshqa tashkilotlardan, shuningdek dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chet ellik ishlab chiqaruvchilardan hamda ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlardan xarid qilish huquqiga ega.
. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar dori vositalarini va tibbiy buyumlarni farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlarga yoki faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiruvchi tashkilotlarga, tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchilarga va ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga, tibbiyot tashkilotlariga, shuningdek dori vositalaridan va tibbiy buyumlardan tibbiyotda qo‘llash maqsadida o‘z ehtiyojlari uchun foydalanuvchi tashkilotlarga realizatsiya qilish huquqiga ega.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son) Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlarning omborxona binolari sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga javob berishi kerak.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlarning omborxona mudiri farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.
Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish hamda ulgurji realizatsiya qilish taqiqlanadi.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.