O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi eng yuqori sudlov instansiyasi bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari va Qoraqalpog’iston Respublikasi oliy sudlarining raislaridan iborat tarkibda ish olib boradi. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori qatnashadi. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, Oliy xo'jalik sudi raisi, adliya vaziri, sudyalar, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a'zolari ishtirok etishi mumkin. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi to'rt oyda kamida bir marta chaqiriladi. Muhokama qilinadigan umumiy masalalarga doir hujjatlar loyihalari O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining a'zolariga, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga majlisdan yigirma kun ilgari yuboriladi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi Plenum a'zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo'lgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi:
ishlarni nazorat tartibida ko'radi;
sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko'rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo'llash masalalari bo'yicha tushuntirishlar beradi; O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi tarkibini tasdiqlaydi; O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomalariga binoan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining tarkibini, sudlov hay'atlarining tarkibi va raislarini, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibini tasdiqlaydi;
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining ishi to'g’risidagi axborotni, shuningdek sudlov hay'atlarining faoliyati haqidagi ma'ruzalarni tinglaydi;
Qoraqalpog’iston Respublikasi oliy sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislarining qonun hujjatlarini qo'llash amaliyoti to'g’risidagi, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qonun hujjatlarini qo'llash masalalari bo'yicha tushuntirishlarini bajarish to'g’risidagi ma'ruzalarini tinglaydi;
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot organining tahrir hay'ati tarkibini tasdiqlaydi;
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati reglamentini tasdiqlaydi;
qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.