REFERAT
Mavzu: "O‘zbekiston ovozi" gazetasi - Markaziy Osiyodagi suv resurslaridan foydalanish muammolari.
Bajardi
"O‘zbekiston ovozi" gazetasi - Markaziy Osiyodagi suv resurslaridan foydalanish muammolari.
05.03.2011
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Ekologik harakati, O‘zRFA Suv muammolari instituti, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamkorligida «Mintaqadagi suv resurslaridan oqilona foydalanish muammolari» mavzuida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
— Har qanday davlat taraqqiyoti uch asosiy tamoyilga bevosita va bilvosita bog‘liqdir, — dedi O‘zbekiston Ekologik Harakati Markaziy Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Boriy Alixonov. — Bular iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy himoya va ekologik xavfsizlikdir. Iqtisodiy o‘sishsiz ijtimoiy himoyaga erishish qiyin albatta. Lekin ekologik xavfsizlik ta’minlanmagan har qanday davlatda iqtisodiy jihatdan o‘sish ham, kuchli ijtimoiy himoya ham oxir-oqibat tanazzulga uchrashi mumkin. Ana shuning uchun ham mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridanoq ushbu tamoyillarga asoslangan taraqqiyot yo‘¬lidan borilayotganini bugun alohida e’tirof etmoq lozim.
Orol dengizi — sayyoramizdagi eng qadimiy yopiq suv havzalaridan biri va u yaqindagina yirikligi jihatidan dunyo¬da to‘rtinchi o‘rinni egallab turgandi, boy tabiiy zaxiralari bilan mashhur edi. Orolbo‘yi mintaqasi esa biologik boy tabiiy muhit hisoblanardi. 1960 yilgacha Orol dengizi maydoni 68,9 ming kv. km ga teng bo‘lib, suv hajmi 1038 kub km ni tashkil etardi. Orol va Orolbo‘yi suv havzalarida 38 turdagi baliq bo‘lib, yiliga 30 ming tonnagacha baliq ovlangan. Bugun uning hajmi 13, maydoni 7 barobarga qisqardi. Suv sathi 26 metrga pasaydi, suv chegarasi yuzlab kilometrga chekindi. Suvning sho‘rlanishi, ya’ni minerallashuvi dengizning g‘arbiy qismida har litriga 120 grammga, sharqiy qismida esa 280 grammgacha yetdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Dilorom Fayzieva, Vohid Ahmadjonov va Murod Yoqubov ham ushbu dolzarb mavzuga oid kishini o‘yga toldiradigan dalil — ma’lumotlarni keltirishdi. Darhaqiqat, Orol muammosi bugungi kunda mintaqaning global muammosi bo‘lib turibdi. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 48- va 50-sessiyalari hamda xalqaro hamjamiyatning Mingyillik rivojlanish maqsadlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi yalpi majlisida ham jahon hamjamiyatini miqyosi jihatidan global xarakterga ega Orol muammosini yechish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirgandi. 2010 yilning aprel oyida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif chog‘ida BMT Bosh kotibi Orolbo‘yida bo‘lib, ekologik bo‘hron bilan bevosita tanishdi. Bu Orol muammosiga jahon hamjamiyati e’tiborini yanada kuchaytirishda alohida ahamiyat kasb etadigan voqea bo‘ldi.
Ekologik halokat oqibatlari Orol dengizi havzasida yashovchi millionlab odamlarning turmush tarziga salbiy ta’sir o‘tkazdi. Orol fojiasi iqlim kontinentalligini keskinlashtirdi, buning natijasida yoz kunlari qurg‘oqchilik kuchaydi, qishning sovuq kunlari esa aksincha uzaydi. Orolbo‘yida harorat 40°S dan yuqoriroq bo‘ladigan kunlar soni ko‘paydi.
Mutaxassislar bashoratiga tayanadigan bo‘lsak, 2035-2050 yillarga borib mintaqada havo harorati yana 1,5-3°S ga oshishi mumkin. Ayni kunga kelib dengizning qurib qolgan qismida 5,0 million gektar maydonda yangi «Orolqum» sahrosi paydo bo‘ldi. Vaqti-vaqti bilan bu yerda bo‘xronlar ko‘tarilib, millionlab tonna tuz, chang va qumni yuzlab kilometr¬dagi hududlarga sochmoqda. Tuz shleyflari 400 km dan oshadi, qumli va tuzli bo‘xronlarning ta’sir doirasi 300 km gacha yetmoqda. Bu yerdan yiliga 100 million tonnagacha qum atmosferaga ko‘tariladi va yuzlab km masofaga tarqalmoqda. Bugun shuni afsus bilan ta’kidlashga majburmiz, Orolbo‘yi o‘simlik va hayvonot dunyosi geofondining yarmidan ko‘prog‘i yo‘q bo‘lib ketdi. Ayni paytda Janubiy Orolbo‘yida ko‘plab kichik ko‘llar sayozlashdi yoki qurib qoldi. Suv tanqisligi tufayli daryo bo‘yidagi o‘rmonlar, deltadagi yuzlab ko‘llar qurib qoldi. O‘zbekiston istiqlolga erishgach, Orol global ekologik fojiasini to‘xtatish va yumshatish yo‘lida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan Orol¬bo‘yi geofondini muhofaza qilish xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Mintaqada ekologik muvozanatning buzilishi oqibatlarini yumshatish maqsadida Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini yaratish, to‘qayzorlarni saqlab qolish, Orolbo‘yining olis aholi yashash joylarida quyosh energiyasidan foydalanishga qaratilgan bir qator xalq¬aro va davlatlararo loyihalar amalga oshirilmoqda. Dar¬haqiqat, so‘nggi 15-20 yilda mintaqaga ko‘rsatilgan xalqaro yordam ekologik fojia oqibatlarini bir qadar yumshatishga yordam berdi. Ammo muammoni to‘laligicha yechishning imkoni bo‘lmayapti.
O‘zbekiston tomoni Orol bo‘yidagi fojia sobiq sho‘ro tuzumining o‘tgan asrning 70-80-yillarida yirik gidrostansiyalar qurish yo‘li bilan Markaziy Osiyodagi Amudaryo va Sirdaryo tabiiy oqimini bosh¬qarish bo‘yicha olib borgan kaltabin siyosati oqibatida kelib chiqqaniga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratib kelmoqda. Shu asnoda oxirgi yillarda mintaqa daryolarining yuqori oqimida joylashgan davlatlarning qabul qilingan xalq¬aro me’yorlarni buzgan holda transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishga bo‘lgan intilishlari ushbu daryolarning quyi qismida joylashgan davlatlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Amudaryo va Sirdaryo yuqori oqimida gidrotexnik inshootlarning qurilishi mintaqada shusiz ham murakkab bo‘lib turgan vaziyatning keskinlashuviga sabab bo‘ladi hamda ko‘plab ijtimoiy-ekologik va gumanitar fojialarni keltirib chiqaradi. Jumladan, Rixter shkalasi bo‘yicha faolligi 9 ballga yetadigan seysmik xavfli joylar kategoriyasiga kiruvchi Iloq-Vaxsh yorig‘i hududida Rog‘un GESining qurilishi, seysmik faollikning qoq markazida yirik to‘g‘onning bunyod etilishi yangi yer silkinishlarini keltirib chiqarishi mumkin. To‘g‘on buzilgan taqdirda suv oqimi GESning butun kaskadini (6 gidrouzel) vayron etadi, 1,3-1,5 million gektar maydon, jami 5 million atrofida aholi istiqomat qiladigan Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekis¬ton, Turkmanis¬ton hududidagi 700 dan ortiq aholi turar joylari suv ostida qoladi.
Ushbu ulkan GESni loyihalashtirish, MDH hududidagi boshqa yirik gidroinshootlardagi singari, ekologik ekspertiza o‘tkazilmasdan, atrof-muhitga ta’sirini baholashni ko‘zda tutmaydigan andozalar asosida amalga oshirilgan. Gidrouzel qurilishi o‘tgan asrning 80- yillari oxiri 90-yillarning boshida loyiha yechimlaridan chetlashgan holda olib borilgan. 1992 yilda qurilish to‘xtatilganidan so‘ng qurilish tunnellari va bosh¬qa inshootlar kuchli sel oqimlari tufayli vayron etilgandi. Qurilishni davom ettirish haqida qaror qabul qilingan paytda to‘g‘onning ko‘plab konstruktiv qismlari yaroqsiz holga kelib qolgandi.
Suv havzasining loyihaviy quvvatga (13 millard kubometr) erishilishiga qadar to‘ldirishga 7-8 yil ketadi, Rog‘un suv havzasining energetik ish o‘tishi vegetatsion davrda suv tanqisligining bugungi shart-sharoitlarga nisbatan 22,2 foizga, alohida qurg‘oqchil yillarda esa ikki barobarga oshishiga olib keladi. Qurg‘oqchilik tufayli qishloq xo‘jaligi iste’molidan chiqarilgan sug‘oriladigan yerlarda tuz tarkibi oshadi, bu esa mintaqada shusiz ham nobop ekologik-meliorativ vaziyatni yanada keskinlashtiradi.
Yuqoridagi vaziyatlardan kelib chiqqan holda yurtimizda ekologik harakat faoliyat boshlashi ayni muddao bo‘ldi. Ekoharakat o‘z atrofiga tabiiy muhitni va inson salomatligini asrash yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlarini birlashtirdi. Oldiga qo‘yayotgan masalalari jiddiy va dolzarbligi hisobga olingan holda jahon tajribasida ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 15 ta deputatlik o‘rni ekologik harakat uchun ajratildi.
Hozirgi kunda mintaqada ekologik barqarorlikni saqlab qolish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar asosan, O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelayapti. Ayrim qo‘shni davlatlar bu borada bizga yelkadosh bo‘lish o‘rniga vaziyatni yanada chigallashtirayotgani jahon hamjamiyatida ham haqli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston ekologik harakati mamlakatimiz hukumatining bu boradagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, Jahon banki mas’ul rahbarlariga Rog‘un GES¬ini qayta iqtisodiy va ekologik jihatdan ekspertizadan o‘tkazish lozimligini bildirdi. Zero, kelajak avlodga nafaqat qudratli, balki ekologik barqaror davlatni qoldirishimiz kerak.
Prezidentimiz BMT minbaridan Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishda atrof-muhit muhofazasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Qayd etilganidek, Orol inqirozining atrof-muhitga, eng muhimi, bu yerda yashayotgan millionlab odamlar hayotiga halokatli ta’sirini kamaytirish bugungi kundagi eng muhim vazifa hisoblanadi. Yuzaga kelgan vaziyatni yaxshilash uchun kompleks chora-tadbirlar ko‘rish, mintaqa davlatlari tomonidan Orol dengizi havzasidagi suv resurslarini bu yerda joylashgan barcha mamlakatlar manfaatlari va ekologik talablarni hisobga olib, o‘zaro kelishgan holda boshqarishni tashkil etish zarur. Bu borada shu kabi seminar-treninglarni butun respublika miqyosida o‘tkazish ayni muddao bo‘ladi.
Boshqa yangiliklar
"Qishloq hayoti" gazetasi - 14-fevral – Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kuni
"Xalq so‘zi" gazetasi - O‘quv va ilmiy faoliyat uyg‘un olib borilmoqda
"Ozbekiston ovozi" gazetasi - Ommaviy axborot vositalarini: imkoniyat va imtiyozlar
"Xabar" gazetasi - Ilg‘or texnologiyalar va jamoat tashkilotlari
"Ma’rifat" gazetasi - Axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlarini rivoji
"Xalq sozi" gazetasi - Mamlakatimizning mustahkam qalqoni
Do'stlaringiz bilan baham: |