REFERAT
Mavzu: O'qituvchilik sharafli kasb
Bajardi: Abdulhamidova Zarifa
Tekshirdi: ____________________________
O'qituvchilik sharafli kasb
Xalqimizda azal-azaldan ustoz degan zot ulug‘ — sharafli kasb sohibi sanaladi. SHuning uchun ham YUrtboshimiz «YUksak ma’naviyat — engilmas kuch» asarida dunyo imoratlarining eng ulug‘i — maktab, kasblar ichida eng sharaflisi — o‘qituvchilik ekanini qayd etib o‘tganlar. Sirasini aytganda mustaqillik tufayli mamlakatimizda o‘qituvchi-murabbiylar behad hurmat ehtiromga noil bo‘ldilar. O‘qituvchi va murabbiylar kuni shunchaki professional kasb bayrami emas, balki umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Bundan tashqari ular uchun yana bir qator imtiyozlar berildiki, bu ham millat bolalarini har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalashda o‘qituvchi shaxsi nechog‘li muhim o‘rin tutishligini bildiradi.
Binobarin o‘qituvchi shaxsiga hurmat qadim qadriyatlarimizdan: o‘tmishimizdan o‘zlashtirilgan o‘gitlar bizda muallimga nisbatan musbat munosabatni shakllantirgan. Uning darajasi otaning martabasiga teng ko‘rilgan. Muqaddas hadislarda ham, kishining o‘z oxiratini obod etguvchi farz amallaridan biri, farzandini yaxshi bir muallim qo‘liga topshirib, uni xat-savodli qilishdan iborat ekani ta’kidlangan. Zotan, inson bolasi otasining pushti kamaridan dunyoga keladi, ustoz saboqlarining samaridan qayta tug‘iladi — dunyoi dunni idrok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng oliy ne’mat — o‘qish va yozish qobiliyatini qo‘lga kiritadi. Ehtimol shuning uchun ham ustozning darajasi otaning martabasi bilan teng ko‘riladi. Zotan hech qaysi bir ustoz shogirdiga yomonlik sog‘inmagan. Harqalay sharq dunyosida bu munosabatlar mana shunday mo‘‘tabar sanaladi. o‘arbda bu borada g‘ayurlik bo‘lgani ko‘zga tashlanadi. Bir misol, Evropa davlatlarining birida (Litva poytaxti Vilnyusda) Avliyo Anna ibodatxonasini borib ko‘rdik. Ikkita bir xil imorat, faqat biri ikkinchisidan hiyla pastroq. Sababini yo‘lboshlovchi shunday izohladi. Aytishicha har ikki imorat bir vaqtda, bir loyiha asosida barpo etila boshlagan. Biriga ustoz ikkinchisiga uning shogirdi me’morlik qilgan. SHogirdining imorati bejirim chiqayotganini ko‘rgan ustoz, g‘ayurligi qo‘zib uni binoning tomida itarib yuborganu, shogirdining imorati shu nuqtada to‘xtagan ekan.
Bu bir rivoyat, ammmo har qanday rivoyatning zamirida zig‘irdekkina bo‘lsa ham haqiqat yotadi. Zero, xalq istifoda etadigan matal, hikmat, rivoyat va hikoyatlar qatida o‘sha xalqning turmush tarzi, hayotiy falsafasi, qarashlari singdirilgan bo‘ladi. Agar ana shu mezondan kelib chiqib qaraladigan bo‘lsa, sharq olamida ustozlar o‘zidan o‘zmagan shogirdni unchalik ham yoqlamaydi. Binobarin, xalqda asrlar osha «Ustozidan o‘tmagan shogird yaxshi shogird emas» degan naql yuradi. Ustoz shogirdining kamolidan rosmana quvonadi. Uning o‘sishdan to‘xtashini xohlamaydi. Balki kezi kelganida o‘zini ortga olib, unga yo‘l bo‘shatadi. Radiy Fishning Jaloliddin Rumiy haqida yozgan kitobida shunga o‘xshash bir misolni ko‘ramiz. Rumiyni piri komil darajasiga etkazgan ustoz, endi bu shaharga ikkimiz sig‘maymiz, deb boshqa yurtlarga bosh olib ketadi.
SHarq falsafasida ustoz va shogird o‘rtasidagi munosabatlar samimiyat ustiga qurilgan bo‘lib, har ikkala tomon uning sofligini saqlashga some ekani ilm va hunar o‘rganishda samaradorlik omili bo‘lib xizmat qiladi. Farzand naslning davomchisi bo‘lgani kabi shogird ustozlar ta’limotining davomchisi sifatida qadrlanadi. Noqobil farzand qarg‘ishga uchrasa otasi bilan bab-barobar ustoziga ham la’nat olib keladi. Aksincha, maqtovga loyiq ish qilsa odamlar «E otanga rahmat, ta’lim bergan ustozingga sallamno!» deyishadi. SHuning uchun ham ta’limni tarbiyadan ayru olib bo‘lmaydi. Ilm egallashning birinchi sharti odob saqlashdan boshlanadi. Ustoz sabog‘ini ta’maga taqasa muvozanat buziladi. SHuning uchun ham Navoiy bobomiz ham ustoz muallim ham shogird talabaga ibrat tariqasida: «Kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila», deb yozganlar. Qolaversa shogirdning ustozdan o‘zishi, ulg‘ayib ulug‘lik martabasiga erishishi ustozning qadrini zarracha kamaytirmasligini, u har qanday vaziyatda ham ota singari ulug‘ va mo‘‘tabar bo‘lib qolishini ta’kidlab: «Agar shogird shayxulislom agar qozidir, agar ustod ondin rozidir — tangri rozidir!» deganlar.
Odam bolasi — xom sut emgan banda. Omadi chopib, el orasida bir oz shuhrat qozonib o‘tgan kunlarini unutadigan kishilar ham yo‘q emas. bunday kimsalarni elda ko‘rnamak deyishadi. Bundaylar tuz totgan tuzlig‘iga tupuradiganlar toifasidan: ular uchun foydang tegsa oshnasan, aks holda oyoq osti — poshnasan. Ular oniy omaddan shu qadar esankirab qoladilarki, har qanday qadriyatlarni toptashdan toymaydilar. Mana shunday noqobil bir shogird, katta polvon bo‘lib tanilgach, ichi qora odamlarning qutqusi bilan ustozni kurashga chorlabdi. Har qanday andeshani yig‘ishtirib, o‘ziga qirqta kurash usulini o‘rgatgan murabbiyining yoqasidan tutibdi. Erdan oyog‘ini uzib, havoda chirpirak qilib uloqtiraman deb turgan chog‘i, ustoz bir usul qo‘llab shogirdining kuragini erga tekkizibdi. Ustoz shogirdining tarbiyasida noqislik borligini bilib, qirq birinchi usulni mana shunday favqulotda viziyat uchun asragan ekan.
YUqoridagi fikrlarimizga misol tariqasida Radiy Fishning asaridan yana bir misol keltirsak. Ma’lumki, Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad islom olamida o‘ta taniqli zot bo‘lgan. Unga «Sulton-ul ulamo» (olimlar sultoni) degan unvon berilgan. Mana shunday martabali zotning farzandiga saboq berish oson ish bo‘lmagan. CHunki bolaning ongida tabiiy ravishda o‘rnashib qolgan «men» uning ta’limiga to‘sqinlik qila boshlagan. SHunda ustozi uni dars va saboqlardan bo‘sh paytlari qora ishlarni qilishga undaydi. Hatto bozor maydonida turib tilamchilik qilishga majbur qiladi. Maqsadi esa bolada shakllana boshlagan dimog‘dorlikni yo‘qotish bo‘lgan, oxir-oqibat shunga erishadi.
Binobarin, shogirdning ustozi huzurida qullarcha qo‘l qovushtirib turishi — odobdan, bir dastyor kabi xizmatini ado etishi tarbiyasi shoyista ekanidandir. Biroq bu qul va xo‘jayin, boy bilan xizmatchi orasidagi munosabatdan keskin farq qiladi. Bir so‘z bilan aytganda qul bo‘lib yollangan kimsaning o‘yu yodi tomoqqa, ustozga shogird tushgan kishining esa bor-diqqat e’tibori saboqqa qaratilgan bo‘ladi. SHuning uchun ham shogird har bir hatti-harakatidan hikmat yo‘nishga, bosayotgan har bir qadamidan ibrat olishga harakat qiladi. Qul yoki malayda esa unday ishtiyoq yo‘q hisobi.
Naqshbandiy hazratlarining yoniga bir o‘spirin javon kelib, undan ilm o‘rganmoqchi ekanini aytibdi. Doimo huzurida bo‘lishi uchun qul bo‘lib yollanishga ham tayyor ekanini bayon etibdi. Bahouddin hazratlari uning taklifini rad etib: «Biz hammamiz yaratgan egamning qullarimiz. Qulning qul ushlashi mantiqdan emas», degan ekanlar. Qiziqqon o‘spirin ham hadeganda ahdidan qaytmagan. «Tahorat suvi tayyorlab beraman, uy-ro‘zg‘or ishlariga qarashaman — meni dastyor qilib ishga oling, sizga yaqin yursam bo‘lgani!» — deb zorlangan. Pir uni yana qabul qilmagan: «Dastyorga ehtiyojimiz yo‘q, illo «Dil ba yoru dast ba kor – qalbimiz Allohda, qo‘limiz mehnatda» — bu yumushlar o‘zimizdan ortmaydi», deb javob qilibdilar. SHunda yigit, meni shogirdlikka oling, deb yalingan. Ilmga ishtiyoqi baland ekanini, maqsadi yo‘lida har qanday g‘ovni engib o‘tishga shashti borligini sinab turgan hazrat miyig‘ida kulib uni shogirdlikka qabul qilgan ekanlar. Zero, uy-ro‘zg‘or yumushlarini qul yoki malaydan farqli o‘laroq shogird bir farzand kabi samimiyat bilan bajaradi.
Davlatchilik tarixiga ega xalqlarning solnomalarini sahifalaganda, saltanat boshqaruvi, siyosat yuritish ishlarida ustozlar ulgusiga amal qilgan hukmdorlar abadiyat arkidan manguga o‘rin egallaganliklarini kuzatamiz. SHarqda Arastu nomi bilan mashhur Aristotelning saboqlari Aleksandr Makedonskiyning faoliyatiga bir umr mayoq vazifasini o‘tagan. Ustozining undovi bilan shishadan maxsus moslama yasattirib, O‘rta er dengizini tadqiq qilishga kirishgan. Molu dunyoga o‘chligi, jahongirlik orzusi bu ishlarni oxiriga etkazishiga monelik qilgan. Ehtimol shundandir, ustozi uning o‘limini — ostida oltin, ustida oltin bo‘lgan holatda, bir qultum suvga zor bo‘lib hayotni tark etishini bashorat qilgan. Vavilon cho‘llarida suvsizlikdan sillasi qurib, ko‘zlaridan hayot nishonasi so‘nib borayotgan jahongir ana shu bashoratni eslab, ustoziga yana bir karra tan bergan bo‘lsa ajab emas. Zero, o‘sha chanqoqdan chalajon yotgan chog‘ida ostida sof oltindan yasalgan karavot, boshida oltin dastali elpig‘ich bo‘lgan.
Buxoro hukmdori Nasr ibn Ahmadning nomi zamonlar osha yashab kelishida ustozi va vaziri bo‘lmish Abu Abdullo Ro‘dakiyning xizmatlari beqiyos. SHoir inja fe’lli, tantiq tabiatli bu shogirdiga qanday ta’sir o‘tkazishni yaxshi bilgan. Nasr ibn Ahmad ham har qanday sharoitda ustozining so‘zini ikki qilmagan. Bir gal u mulozimlari bilan kichik bir lashkar hamrohligida shikorga chiqadi. Ov qilingan joy yoqib qolib, hukmdor undan ketmay qoladi. Oradan oylar o‘tsa ham uyga qaytishga xohish bildirmaydi. Lashkar va mulozimlar bezovta bo‘la boshlaydilar, qarovsiz qolgan xo‘jaliklarini xotirlab xavotirliklari osha boshlaydi. SHu kez Abu Abdullo Ro‘dakiyga murojaat etib, andeshalarini bayon etadilar. Ulug‘ shoir o‘sha kech bir g‘azal yozib, tong chog‘i uni hukmdorga o‘qib beradi. o‘azaldan ta’sirlangan Nasr ibn Ahmad hatto kiyinishga ham chog‘i kelmay hamrohlarini otlantirib Buxoro tomon ot suradi. «Mo‘liyonning hidi bu yon keladi, mehribon yor yodi shu on keladi» deb boshlanguvchi mashhur g‘azal ana shu tarixiy voqeaning hosilasi aslida.
Ustozlarini nihoyatda ulug‘lagan ulug‘ hukmdorlardan biri, bu — jahongir bobomiz Amir Temur hisoblanadi. Sohibqiron bobomizning hayoti va faoliyati qalamga olingan talay tarixiy asarlarda buning yaqqol tasdig‘ini ko‘rishimiz mumkin. SHuning uchun ham yurtboshimiz «Temur tuzuklari»ni har gal o‘qir ekanman, xuddiki o‘zimga qandaydir ruhiy kuch-quvvat topgandek bo‘laman. O‘z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan, inson ma’naviyati uchun bugun ham oziq bo‘ladigan hikmatli fikrlarning qanchalik hayotiy ekaniga ko‘p bor ishonch hosil qilganman» deb yozganlar.
Darhaqiqat, Sohibqiron bobomizningg umuman insonga bo‘lgan munosabati kishini tong qoldiradi. U kishi har bir odam bolasi cheksiz imkoniyatlar sohibi bo‘lib dunyoga kelishini, faqat ayrim kimsalar yaxshi ustoz qo‘liga tushmagani bois o‘zligini namoyon eta olmasligini ta’kidlaydilar. Bu borada bobomizni Xudo yorlaqagan, o‘z zamonining eng taniqli ustozlaridan saboq olishga musharraf bo‘lganlar. Zotan ul zot bir qator xislatlarga ega bo‘lib, ayniqsa huvvayi hofizalari nihoyatda kuchli bo‘lgan. Xotira quvvati to‘g‘ri tarbiya qilingani bois bobomiz miyasining har ikkala yarim shari bir maromda ishlaydigan nodir shaxslar (Nemis olimasi Kerling dunyoda miyasining ikki yarim shari birdek ishlaydigan sanoqligina insonlar borligini ta’kidlaydi. Masalan, qadimgi yunon faylasufi Sitseron: u bir paytning o‘zida suhbatdoshi bilan muayyan bir mavzuda suhbatlasha turib, boshqa bir mavzudagi fikrlarini qog‘ozga tushirib turgan) safidan o‘rin olgan.
Sohibqiron bobomiz YAratganning inoyati bo‘lmish yana bir fazilat sohibi edi: har ikkala qo‘llarini bir xil harakatlantirish qobiliyatiga ega — ham chapaqay, ham o‘ng‘ay bo‘lganlar. Har ikkala qo‘l bilan yozar, chap qo‘lda ham, o‘ng qo‘lda ham qilich o‘ynatar ekanlar. Biroq chap qo‘llari mahorat jihatidan o‘ng qo‘llariga qaraganda sustroq bo‘lgan. Bunga Samar Tarxon ismli ustozlari bilan olib borgan mashg‘ulotlari asnosida amin bo‘lganlar. U o‘spirin Temurbekning o‘ng qo‘lini tanasiga mahkam bog‘lab qo‘yib, chap qo‘l bilan jang qilishga majbur etar, shu yo‘l bilan bobomizning chap qo‘l mahoratini oshirgan. Mana shu saboqlar samarasi Sohibqiron bobomizning harbiy faoliyatida juda ko‘p bor qo‘l kelgan, hatto o‘limdan asrab qolgan.
Amir Temur hazratlari butun olam hukmdori martabasiga erishib, ulug‘lik kasb etgan chog‘lari ham ustozlaridan qo‘l uzmagan. Kezi kelganda hatto mahalla masjididagi madrasada ilk saboq bergan ustozi mullo Alibekni, kalom ilmini o‘rgatgan shayx SHamsiddinni va qilichbozlik san’atidan saboq bergan Samar Tarxonni ziyorat qilib turganlar, ularga keksalik nafaqasi tayin etganlar. Ular olamdan o‘tib ketgach farzandlarini layoqatiga loyiq ish bilan ta’minlab, turar- joy qurishlari uchun ko‘mak berganlar. YAna bir ibratli jihati Sohibqiron bobomiz o‘limi oldidan vafot etgach jasadini ustozlarining poyiga ko‘mishlarini vasiyat qilganlaridir. Bu ham sharq falsafasining nechog‘li insonparvarligidan, bizda ustoz shaxsi qanchalar mo‘‘tabar va e’zozlanganidan dalolatdir. Faqat ulug‘ insonlargina mana shunday ishlarga qodirdirlar. Zotan ularni ulug‘likka undagan omil — ustozlar ulgusi aslida.
Do'stlaringiz bilan baham: |