Mamlakat obodonchiligi yo`lida
Ko`hna Samarqand Temur va Temuriylar zamonida, ayniqsa Ulug`bek hukmronlik qilgan yillarda (1409-1449) yanada gullab yashnadi; hunarmandchilik, me'morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. Ulug`bek farmoyishi bilan Buxoroda (1417), Samarqandda (1420), G`ijduvonda (1432-33) madrasalar va Marvda xayriya muassasalari qurildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari poyoniga yetkazildi.
Ulug`bek bulardan tashqari, talaygina jamoat binolari, ya'ni karvonsaroy, timlar,chorsu, hammom va hokazolarni ham qurdirgan.Karvonsaroylardan eng kattasi Registon, hozirgi Tillakori madrasasi o`rnida bo`lgan va Mirzoyi Karvon saroyi nomi bilan shuxrat topgan.
Bunday karvon saroylar Ulug`bek zamonida, shaxar ichkarisidagina emas, balki Samarqand bilan tutash hamma savdo yo`llarida qurilgan edi.
Ulug`bek Mirzo bobosi davrida qurila boshlagan, lekin ayrim sabablarga ko`ra bitmay qolgan talaygina binolarni ham bitkazdi. Go`ri Amir maqbarasi, Shohi zinda mozori va Shaxrisabzdagi Ko`k gumbaz masjidi shular jumlasidandir.
Ulug`bekning ilmiy va madaniy merosi.
Ulug`bek buyuk astronom, matematik, davlat arbobi. U O`rta Osiyo xalqlari ilmu fani va madaniyatini o`z davrida dunyo fanining oldingi safiga olib chiqqan buyuk olimlaridan biridir.
Mirzo Ulug`bekdan jahon fani va madaniyati rivojiga muhim hissa bo`lib qo`shilgan ilmiy va madaniy meros qolgan. Shulardan biri "Ziji jadidi Kuragoniy" deb nomlangan astronomik jadval hisoblanadi.
Ulug`bek tibbiyot va musiqa bilan qiziqqan, she'rlar ham yozgan. Alisher Navoyining "Majolis un-nafois" va Abu Toxirxojaning "Samariya" asarlarida uning she'rlaridan namunalar keltiriladi. Uning davrida ko`pgina asarlar arab va fors tilidan eski o`zbek tiliga tarjima qilingan.
Ulug`bek tashkil etgan boy kutubxonada turli fanlarga oid 15000 dan ortiq ko`p tomli kitoblar bo`lgan.
Ulug`bek yunon olimlaridan Aflotun, Aratsu, Gipparx, Ptolemeylarning klassik asarlari bilan tanish bo`lgan va o`z vatandoshlari Ahmad Farg`oniy, Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy kabi olimlarning asarlarini yaxshi o`rgangan. Samarqanddagi Ulug`bek madrasasi faqat oliy uquv yurtigina emas, rasadxona bilan birga olganda o`sha davrning akademiyasi ham edi. Ulug`bekning ustozi zamonasining mashhur olimi, matematik va astronom qozizoda Rumiy madrasa muallimlaridan biri bo`lgan.
Ulug`bekning o`zi ham astronomiyadan dars bergan, Qiyosiddin Jamshid Koshiy, Muyniddin, Mansur Koshiy, Muhammad Birjoniy Ulug`bek maktabining taniqli astronomlari edilar. Ulug`bek olib borgan ilmiy ishlarida unga yaqindan yordam bergan shogirdlaridan biri Ali qushchidir.
Samarqanddagi me'morchilikning nodir namunalaridan biri Ulug`bek rasadxonasidir. Bu inshoot Ulug`bek farmoyishi bilan 1428-29 yillarda Kuhak (Cho`ponota) tepaligida Obirahmat arig`i buyida bunyod etilgan. Rasadxona silindr shaklida uch qavatli, balandligi 30,4 metrdan iborat ulkan bino bo`lgan. Rasadxona o`rta asrlarda asbob-uskunasi jihatidan ham beqiyos bo`lgan. Sharq astronomiyasida muhim ahamiyatga ega bo`lgan "Ziji jadidi Kuragoniy" asari ham shu yerda yaratilgan.
Boburning yozishicha, Ulug`bek rasadxonasining sirti qoshin va chiroyli bezaklar bilan bezatilgan. Uning katta zallari va katta-kichik xonalari bo`lgan rasadxona ichiga o`rnatilgan katta asbob yordamida quyosh, oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan o`rganilgan va kuzatilgan. Rasadxonada kutubxona ham bo`lgan, ichki devorda osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, tog`-dengiz va mamlakatlar, shuningdek Yer shari tasviri ham ishlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |