REFERAT
Mavzu: Bolalar huquqlari – doimiy himoyada
Bajardi: Gulmirzayeva Gulnora
Tekshirdi: Mamatova Nasiba
Toshkent 2017y.
Bolalar huquqlari – doimiy himoyada
Mamlakatimizda bolalar huquqlari himoyasini ta’minlash mustahkam huquqiy asosga ega. Istiqlol yillarida sohaga oid beshta xalqaro konvensiya ratifakatsiya qilingani, o‘ndan ortiq qonun qabul qilingani buning dalilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish omillari” mavzuida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya hamda YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan tadbirda Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, voyaga yetmaganlar ishlari buyicha hududiy komissiyalarning mas’ul kotiblari, huquqshunos olimlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari H.Halimov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi S.Ortiqova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari S.Nurmatov, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bolalar himoyasi sho‘basi rahbari Pilar Gonsales va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda bolalar huquqlarini va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi belgilangan. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan dastlabki xalqaro hujjatlardandir.
Mamlakatimizda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosini ta’minlanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bolalarning huquqiy himoyasini ta’minlash, o‘smirlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish tizimini mustahkamlash, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning bola tarbiyasidagi mas’uliyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik sezilarli darajada kamaymoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi yo‘lida barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimizda bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning mustahkam huquqiy tizimi yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
– Har yili butun dunyoda an’anaviy nishonlanadigan bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni joriy yilda qashshoqlik va ziddiyatlar tufayli vujudga keladigan bolalar mehnatiga barham berishga bag‘ishlandi, – deydi Xalqaro mehnat tashkiloti eksperti Anton Xauzen. – O‘zbekistonda bolalar mehnatiga qarshi kurashning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan samarali mexanizmlaridan biri sifatida 12-yillik majburiy bepul ta’lim tizimining joriy qilinganidir. Uning afzalligi shundaki, maktabni bitirgan o‘quvchilar akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida turli fanlarni o‘rganish bilan birga mehnat bozorida zarur mutaxassislikka ega bo‘ladi. Bu O‘zbekistonda yoshlar siyosatiga e’tibor katta ekanini ko‘rsatadi. Bolalar mehnatiga qarshi kurashning yana bir muhim usuli – yozgi sog‘lomlashtirish tadbirlaridir. Bu boradagi ishlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan muvofiqlashtirilishi diqqatga sazovor.
Do'stlaringiz bilan baham: |