Eksport. Eksport shunday rejimki, bunda tovarlar bojxona hududidan tashqariga ularni ushbu xududga qaytarib olib kirish majburiyatisiz olib chiqiladi. Eksport rejimiga joylashtirilgan tovarlar O’zbekiston Respublikasi bojxona hududida Bojxona kodeksida nazarda tutilgan hollarda bu xududdan tashqariga amalda olib chiqib ketilmagan holda turishi mumkin.
Tovarlarni eksport rejimida olib chiqish eksport boji va boshqa bojxona to’lovlari to’langan, iqtisodiy siyosat choralariga rioya etilgan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablar bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Eksport rejimida olib chiqilayotganda tovarlar soliqlardan ozod etiladi yoxud to’langan soliqlar summasi qonun hujjatlariga muvofiq qaytarilishi lozim.
Tovarlar eksport rejimida chiqarilayotganda tovarlar bojxona hududidan tashqariga, tovarlar holatining tabiiy eskirish yoki normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi o’zgarishlarni istisno etganda, bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kunda qanday bo’lsa, shunday holatda olib chiqilishi lozim.
Reeksport. Reeksport shunday rejimki, bunda chet el tovarlari bojxona hududidan olib chiqiladi.
Agar tovarlar bojxona organiga keyinchalik reeksport rejimida olib chiqib ketishga mo’ljallangan tovar sifatidagina ma’lum qilingan bo’lsa, ular bojxona hududiga olib kirilayotganda import bojlari, soliqlar hamda iqtisodiy siyosat choralari qo’llanilmaydi. Bunday tovarlarni amalda olib chiqish bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab olti oydan kechiktirmay amalga oshiriladi. Amalda olib chiqib ketilmagan taqdirda import bojlari, soliqlar, shuningdek ular yuzasidan foizlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to’lanadi.
Tovarlar reeksport rejimida olib chiqilayotganda eksport bojlari, soliqlar undirilmaydi, olib chiqish chogida amal qilib turgan iqtisodiy siyosat choralari qo’llanilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tovarlar reeksport rejimida olib chiqilayotganda to’langan import bojlari va soliqlar qaytarilishi va ayni bir paytda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
− reeksport qilinayotgan tovarlar olib kirilgan paytda qanday bo’lsa, shunday holatda bo’lsa, tabiiy eskirish yoki normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi o’zgarishlar bundan mustasno;
− reeksport rejimida tovarlarni olib chiqish ular olib kirilgan paytdan boshlab ikki yil ichida amalga oshirilayotgan bo’lsa;
− reeksport qilinayotgan tovarlardan daromad olish maqsadida foydalanilmagan bo’lsa.
Tranzit. Tranzit shunday rejimki, bunda tovarlar O’zbekiston Respublikasining ikki bojxona organi o’rtasida, shu jumladan chet davlat xududi orqali, boj, soliqlar undirilmasdan, shuningdek tovarlarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralarini qo’llanmasdan bojxona nazorati ostida olib o’tiladi.
Tovarlarni tranzit rejimida O’zbekiston Respublikasi hududi orqali olib o’tish bojxona organining ruxsati bilan istalgan yo’llar va yo’nalishlar bo’yicha amalga oshiriladi, O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Vaqtincha olib kirish (olib chiqish). Vaqtincha olib kirish (olib chiqish) shunday rejimki, bunda bojxona hududida yoki undan tashqarida tovarlardan bojdan, soliqlardan to’la yoki qisman ozod etilgan holda va tovarlarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qo’llanilmasdan foydalanishga yo’l qo’yiladi.
Vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtiriladigan tovarlar o’zgartirmasdan qaytarilishi lozim, tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi o’zgarishlar bundan mustasno.
Vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtiriladigan tovarlarni boj va soliqlar to’lashdan to’la yoki qisman ozod qilish qonun hujjatlarida belgilanadi.
Tovarlarni vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtirishga, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, ularni qayta olib chiqish yoki qayta olib kirish majburiyati taqdim etilgan, bojxona to’lovlari to’lanishi ta’minlangan, tovarlarning aynanligi ta’minlangan taqdirda bojxona organining ruxsati bilan yo’l qo’yiladi.
Vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtirilmaydigan tovarlarning ro’yxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |