2.Bankrotlik to‘g‘risida qonunchilik. Bankrotlikka oid huquqiy institutlar.
“Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni dastlab 1994-yil 5-mayda qabul qilindi. Mazkur Qonunda ilk marta xo‘jalik subyektlarining o‘z faoliyati natijalari uchun, eng avvalo, o‘z kreditorlari oldida javobgar ekanliklari, samarali ish yuritmaganliklari uchun birinchi navbatda o‘z mol-mulklari bilan iqtisodiy mas’uliyatga ega ekanliklari mustahkamlandi. Ushbu Qonun bankrotlik tushunchasiga ta’rif berish bilan birga bankrot deb topishning aniq mexanizmlarini o‘rnatdi, bankrotlikning iqtisodiy va huquqiy oqibatlarini belgilab berdi. Ushbu dastlabki tahrirdagi Qonun 35ta moddadan iborat edi. Ushbu Qonunning yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1998-yil 28-avgustda qabul qilindi.
U 133ta moddadan tashkil topgan edi.
Bankrotlikka oid qonunchilik tizimida amaldagi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-aprelda yangi tahririda qabul qilingan “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonuni yetakchi o‘rin tutadi. Mazkur Qonun bankrotlikka oid munosabatlarni maxsus va batafsil tartibga soluvchi huquqiy hujjatdir. Yangi tahrirdagi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun 1994-yildagi va 1998-yildagi qonunlardan sezilarli darajada o‘ziga xos qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bilan farqlanadi. Qonunning yangi tahriri 12 bob, 192 moddadan iborat bo‘lib, ushbu Qonunda avvalgilaridan farqli ravishda bankrotlikning asosiy belgilari o‘zgardi, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarning bankrotligi tushunchalari bir-biridan farqlandi. Mazkur o‘zgartirishlarni hayotning o‘zi va mamlakatimizda jadallik bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar taqozo etmoqda.
Bankrotlikka oid huquqiy institutlar fuqarolik huquqiy munosabatlar va tadbirkorlik huquqiy munosabatlarda alohida o‘ringa ega bo‘lib, ular xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bankrotligi bilan bog‘liq munosabatlarda muayyan yo‘nalishlarni tartibga solishga qaratilgan taomillarni belgilab beradi.
“Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda xo‘jalik yurituvchi subyektlar bankrotligi bilan bog‘liq munosabatlarda qo‘llaniladigan taomillar ko‘rsatilgan. Ular sudgacha sanatsiya qilish yoki qarzdorni ixtiyoriy ravishda tugatish, kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, tugatishga doir ish yuritish, kelishuv bitimi, soddalashtirilgan taomillar hisoblanadi.
Kuzatuv, sud sanatsiyasi, kelishuv bitimi, tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish yuridik shaxsning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda amalga oshiriladigan taomillar hisoblanadi. Yakka tartibdagi tadbirkorning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda esa faqatgina kelishuv bitimi va tugatishga doir ish yuritish kabi taomillar qo‘llaniladi. Sudgacha sanatsiya qilish yoki qarzdorni ixtiyoriy ravishda tugatish suddan tashqari bajariladigan taomillar jumlasiga kiradi.
“Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunni bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida 2006-yil 27-yanvarda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining xo‘jalik sudlari tomonidan qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 142-sonli Plenum qarori qabul qilingan.
Xalqaro munosabatlarda bankrotlik bilan bog‘liq masalalar huquqiy tartibga solishda BMTning xalqaro savdo huquqi Komissiyasi (YuNSITRAL) tomonidan transchegaraviy nochorlik haqida Namunaviy qonun ishlab chiqilgan. Mazkur Qonun davlatlarga o‘z milliy qonunchiligi tizimiga inkorporatsiya qilish uchun tavsiya qilingan (1997-yil 15-dekabrdagi BMT Bosh Assambleyasi 52/158-rezolyutsiyasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |