1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti (keyingi o‘rinlarda Ixtisoslashtirilgan tashkilot deb ataladi) maqsadlari va vazifalari, huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligini, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom umumiy tipdagi davlat tashkilotlari, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
3. Ixtisoslashtirilgan tashkilot o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va boshqa qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablariga, ushbu Nizomga hamda o‘z ustaviga muvofiq olib boradi.
4. Ixtisoslashtirilgan tashkilotning faoliyati rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’lim olishiga, shuningdek ularni tarbiyalash va reabilitatsiya qilishga qaratilgan.
5. Ixtisoslashtirilgan tashkilot akkreditatsiyasi attestatsiya asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Ixtisoslashtirilgan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va davlat tilidagi o‘z nomi yozilgan muhrga hamda shtampga, mustaqil balansga, budjet va budjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
2-bob. Ixtisoslashtirilgan tashkilotning maqsadlari va vazifalari
7. Ixtisoslashtirilgan tashkilotning maqsadlari quyidagilardan iborat:
bolaning ta’lim olishga bo‘lgan huquqini amalga oshirilishini ta’minlash;
bolalarni o‘qitish va tarbiyalash, jamiyatga moslashtirish, shuningdek, rivojlanishidagi nuqsonlarni korreksiyalash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
bolalarning yosh va o‘ziga xos imkoniyatlariga, qobiliyatlari va ehtiyojlariga muvofiq ularning jismoniy, aqliy va ma’naviy kamol topishini ta’minlash;
bolaning shaxsini shakllantirish, uning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, uning ijtimoiy tajriba orttirishini ta’minlash;
nogironligi bo‘lgan bolalarga, rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalarga, shuningdek bunday bolalar tarbiyalanayotgan oilalarga malakali ijtimoiy-maishiy, ijtimoiy-psixologik, ijtimoiy-pedagogik, ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish, jamiyatdagi, oiladagi hayotga, o‘qishga va mehnat qilishga imkon qadar to‘liq hamda o‘z vaqtida moslashishiga ko‘maklashish.
8. Ixtisoslashtirilgan tashkilotning vazifalari quyidagilardan iborat:
Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablariga, shuningdek, ular asosida ishlab chiqilgan ta’lim-tarbiya va korreksion ishlarni tashkil etish dasturlariga muvofiq tarbiyalanuvchilarga ta’lim-tarbiya va korreksion-pedagogik yordam berilishini ta’minlash;
bolalarda Vatanga muhabbat, oilaga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, milliy qadriyatlar va urf-odatlarga hurmat, o‘ziga va atrof-muhitga ongli munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash;
tibbiy abilitatsiya va reabilitatsiya o‘tkazish, bolalar rivojlanishidagi nuqsonlarni kompensatsiya va korreksiya qilish;
bolalarga sifatli maktabgacha ta’lim va tarbiya olish imkonini beradigan shart-sharoitlar yaratish;
bolalarning ijtimoiy moslashuvchanligini hamda ta’lim va tarbiya olishni davom ettirishga tayyorligini ta’minlash;
bolalarni umumta’lim muassasalarida o‘qishga tayyorlash;
o‘quv jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarni joriy etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |