12-MAVZU: OʻZBEKISTONNING IQTISODIY GEOGRAFIK
RAYONLARI VA YIRIK TABIIY-IQTISODIY MINTAQALARI
1. Iqtisodiy rayonlashtirish mintaqalar rivojlanishini boshqarishning muhim
shakli sifatida
2. Respublikani iqtisodiy rayonlashtirish
3. Oʻzbekiston iqtisodiy rayonlarining oʻziga xos xususiyatlari
1. Iqtisodiy rayonlashtirish mintaqalar rivojlanishini boshqarishning muhim
shakli sifatida
Iqtisodiy rayon (latinchada «regio» region-mamlakat, oʻlka, viloyat)-bu
mamlakatning bir qismi boʻlib, uning ichidagi barcha iqtisodiy ob’yektlar bevosita
yoki bilvosita ixtisoslashuvning biron bir funksiyasini bajaradi.
A.S.Soliyev rayon ham hudud, ammo hududning maʻlum bir oʻxshashliklarga
ega boʻlgan muayyan bir qismidir. Tabiiy geografiyada rayon turli
komponentlarning majmuasi shaklida vujudga kelgan landshaft tipi, iqtisodiy va
ijtimoiy geografiyada esa u hududiy mehnat taqsimoti natijasida shakllangan,
iqtisodiy-ijtimoiy hayotning maʻlum soha yoki yoʻnalishlariga ixtisoslashgan aniq
hududdir, deb taʻriflaydi (Soliyev A.S., 2007).
N.N.Kolosovskiyning fikricha, rayonlashtirish nazariyasini rivojlantirib, uning
fundamental ahamiyati, har bir fanning eng murakkab tomoni uning maʻzmun
mohiyatini ifodalaydigan tushunchasini ochib berishdir. Matematikada masalan,
sonlar haqidagi taʻlimot. Fizikada materiya va energiya haqidagi taʻlimot,
biologiyada xujayra, geografiyada esa rayon haqidagi taʻlimotdir (Pliseskogo Ye.L.,
2008).
Rayonlashtirish jamiyatni iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va milliy jihatdan
rivojlantirish maqsadida ajratiladi va unda albatta ichki bir butunlilik tamoyili
muhim oʻrin tutadi. Iqtisodiy rayonlashtirish- mamlakat hududlarini iqtisodiy
rayonlarga ajratishdir. Bu oʻz navbatida, mintaqalar iqtisodiyotini rivojlantirishda
boshqarishning muhim bir vositasi va asosi hisoblanadi.
Rayonlarni ajratish murakkab, rayonlashtirishning oddiy va murakkab
shakllari mavjud. Masalan, mamlakat hududini turli geografik tomonlar bilan
nomlash (Markaziy, Gʻarbiy, Sharqiy, Janubiy, Shimoliy va ularning oraliqlari
Shimoliy-sharqiy, Janubi-sharqiy, Shimoli-gʻarbiy, Janubi- gʻarbiy) yoki alohida
orollar, yarim orollar, anklav va eksklav hududlarni toʻgʻridan-toʻgʻri iqtisodiy
rayon maqomida koʻrish rayonlashtirishda uncha qiyin emas. Haqiqiy
rayonlashtirish alohida, rayonlar chegarasini aniqlash esa iqtisodiy makonni uning
ichki tuzilish (tarkib) xususiyati, ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi va
mujassamlashuvi, kombinasiyasi, rayon hosil qiluvchi markazlarning mavjudligini
hisobga olgan holda ajratiladi (Soliyev A.S., 2007).
Rayonlashtirish mintaqaviy, maqsadli dasturlarni amalga oshirishda,
mintaqaviy siyosat masalalarida, moddiy ishlab chiqarish, yoqilgʻi-energetika va
boshqa sohalarda muammolarni hal etishda muhim oʻrin tutadi. Shuningdek,
rayonlashtirishda quyidagi rayon hosil qiluvchi omillarga, yaʻni rayon tarkibiga
kirgan hududlar mamlakat milliy iqtisodiyotining bir qismi sifatida uni taraqqiyotida
faol ishtirok etishi, ulkan mehnat va demografik salohiyatga ega boʻlishi, bir
butunlilik tamoyiliga amal qilishi, rayon hosil qiluvchi tarmoqlarning mavjudligi,
iqtisodiyotning baʻzaviy tarmoqlarining rivojlanganligi, transport va boshqa
infrastruktura tizimining shakllanganligi va hakozolarga alohida eʻtibor qaratiladi.
Qaysiki, mehnat taqsimotidagi jiddiy oʻzgarishlar, yirik masshtabdagi yangi
foydali qazilma konlarining topilishi va ishga.
solinishi hamda boshqa hududiy siljishlar rayonlar chegarasining oʻzgarishiga yoki
uni qayta koʻrib chiqishga sabab boʻlishi mumkin. Masalan, Gʻuzor - Boysun -
Qumqoʻrgʻon temir yoʻlining qurilishi bilan Surxondaryo va Qashqadaryo
viloyatlari Janubiy iqtisodiy rayon tarkibi sifatida koʻrila boshlandi. Ammo,
mustaqillik yillarida ichki hududiy mehnat taqsimoti, iqtisodiy va mintaqaviy
integratsiya jarayonlari, yangidan yangi konlarning ishga tushishi va uning negizida
ishlab chiqarishning rivojlanishi, transport tizimidagi islohotlar respublikani
iqtisodiy rayonlashtirishda yana oʻzgarishlar roʻy berishidan dalolat beradi.