BOBOSO‘Z IZIDAN
Eshqobil Shukur
ONA TIL TUYG‘USI (Yoxud maqoldan eposgacha)
Millatning ming yilliklarini his etish uchun uning tilini his etish kerak, qalbini anglash uchun tilini anglash kerak. Ona Tilimiz o‘z ko‘lamida juda buyuk tarixlarni mujassam qilgan. Bor-yo‘g‘i uchta-to‘rtta so‘zdan iborat bo‘lgan kichkinagina bitta maqol xalqning butun bir avlodi kechmishidan xabar beradi. Ya’ni shu ixchamgina bitta jumlaga katta bir avlodning muayyan yo‘nalishdagi yuz yillik tajribasi to‘plangan bo‘lsa, ajab emas. E’tibor qilsangiz, tilimiz maqollarga juda boy. Ming-minglab maqollarimiz bor. Birgina “O‘zbek xalq maqollari” kitobining o‘zida o‘n mingga yaqin maqol jamlangan. Holbuki bu kitobga kirmay qolgan qanchadan qancha maqollar tilimiz bag‘rida yashab yuribdi. Maqoli ko‘p til qudratli bo‘ladi. Shuning uchun bolalarga maqollarni ko‘p yodlatish kerak. Shunda ular ham hikmatni anglaydi, ham o‘z tilining ranglarini sezadi, tafakkur doirasi kengayadi. Chunki bu ajoyib durlar fikr chig‘anog‘i ichida asrlar mobaynida paydo bo‘lgan. Maqol aytish oson, anglashga kelganda esa u qalb va fikr mehnatini talab qiladi va busiz o‘z sirlarini ochmaydi. Qaysi millatning maqoli ko‘p bo‘lsa, uning ma’naviyati shuncha teran bo‘ladi. Duch kelgan odamdan hikmat chiqmagani kabi maqol ham har joyda qo‘ziqorinday potirlab chiqavermaydi. Bu mo‘jazgina ajoyibotlarning paydo bo‘lishi uchun tafakkur va tuyg‘uga to‘yingan tuproq kerak. Xalqning katta dostonlariga ham maqol onalik qilgan. Zero, daryo birdan paydo bo‘lmaydi, u jilg‘alardan, kerak bo‘lsa tomchilardan yig‘iladi. “Alpomish”day dostonni yaratolgan Til, shubhasiz, ijod va tafakkur tilidir. “Alpomish”day monumental dostoni bor xalqlar jahon ayvonida unchalik ham ko‘p emas. Bu mangu tirik ma’naviy obidada tarixning bir necha ming yillik manzaralari butun mohiyati bilan, ha, butun mohiyati bilan namoyon bo‘ladi. ”Alpomish”ning o‘zida aytilganiday ushbu doston yaratilgan zamonlarda ”bu dunyolar yosh edi”. Shunday olamshumul dostonni bizning Ona Tilimiz jahonga berdi. O‘zbek qalbi, o‘zbek ruhining qiyofasini ko‘raman degan odam ”Alpomish”ga qarashi kerak. Qolversa, bu doston bugungi kunda haqiqiy ma’noda yashayapti. Baxshilarimiz “Alpomish”ni kuylayotganda uning sahifalarida olis ajdodlarimiz kechinmalari bilan bizning kechinmalarimiz uchrashini his etsa bo‘ladi. Ona tilimiz xalq ijodiyotidan tortib, qadimgi yozma yodgorligimizga qadar, yozma yodgorligimizdan tortib bugungi adabiyotimizga qadar millatning chinakam xazinalarini bag‘rida saqlab kelmoqda. Qadimgi bitiktoshdagi yozuvlar, Er Bilga Alp Ertunga kabi qahramonlar tarixi o‘sha davrlardayoq yuksak san’at bilan adadiyatga muhrlangan “Devoni lug‘atit turk” o‘zingiz ko‘p ishlatadigan ko‘nglingizga yaqin qadrdon so‘zlarga duch kelasiz. Bu qadrdon so‘zlar ming yil nariroqdan bobolar nigohi bilan qarab turganini his etasiz. “Qutadg‘u bilig”da yashab kelayotgan muhtasham adabiyot bundan keyin ham jahon adabiyotini nodir manbalar bilan ta’minlashga qodir. Bu til ming yillar mobaynida qanday go‘zal mo‘jizalarni yaratib kelayotgani uning ma’naviy obidalaridan ayon ko‘rinib turadi. Har qanday odam o‘z Vatanini Ona Tili orqali taniydi, dunyoni ham, o‘zini ham shu ulug‘ kuch vositasida anglaydi. Onasidan birinchi so‘zni o‘rgangan go‘dakni tasavvur qiling. U shu so‘z bilan Ona Til sari ilk qadamini tashlaydi. Ona Til esa uning qo‘lidan tutib asta sekin olam sari yetaklab ketadi. Tili chiqayotgan go‘dak bilan boshqa tilni o‘rganayotgan katta odamni solishtirib ko‘rsangiz g‘aroyib holga duch kelasiz. Til o‘rganayorgan katta odam o‘sha tilning qonun-qoidalarini yillar mobaynida hijjalab o‘qib-o‘rganadi. Shu Tilni tushunish, unda gaplashish uchun qattiq mehnat qiladi. Aqlini xotirasini ayamay ishlatadi. Tili chiqayotgan esa hech qanday qiyinchiliksiz Ona Tilini aql bovar qilmas darajada tez o‘zlashtiradi. Unga birov na bu tilning grammatikasini na stilistikasini na boshqa qoidalarini o‘rgatadi. U hammasini o‘zi anglab oladi. Bunga sabab Ona tili uning qonida bor, ruhida bor, uning jonida shu til yashamoqda. Ona Til shuning uchun ham aziz va muqaddas. Bir paytlar o‘qigandim. Uyqisida gapiradigan bir ayolning eri o‘zgacha bir holni sezib, ruhshunos vrachga murojaat qiladi. Shifokor unga xotinining uyqisida gapirgan tushunarsiz gaplarini magnitofonga yozib kelishini so‘raydi. Er shunday qiladi. Shifokor magnit lentasiga yozilgan ovozni mutaxassilarga eshittirib ko‘radi. Qarangki, ayol tushida sof ispan tilida ravon gaplashar ekan. Holbuki, ayol aslida Ispan tilidan biror so‘zni ham bilmas ekan. Uning bu tildan mutlaqo xabari bo‘lmasa, qanday qilib tushida shu tilda ravon gaplasha olishi mutaxassislarni hayron qoldiradi. Uzoq tekshiruv va surishtiruvlardan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bu ayolning momosining momosi ispan bo‘lgan ekan. Demak, Ona Til tuyg‘usi xuddi vatan tuyg‘usi kabi odamning ruhida yaralgan bo‘ladi. Odamning dunyoqarashi, tuyg‘ulari, tafakkuri, olamga va odamga munosabati, shubhasiz, o‘z Ona Tilining holati bilan bog‘liq bo‘ladi. Deylik, Alisher Navoiyning “Xamsa” sini oling. Bu asar millat tafakkurini bir necha bosqich darajaga ko‘tarib yubordi. Agar tariximizda “Xamsa” yaratilmaganda tilimizning darajasi bu qadar katta ko‘lamga ega bo‘lolmasdi. Milliy tafakkur taraqqiyoti shu ko‘lam bilan bog‘liq edi. “Alpomish”, “Xamsa” kabi gigant asarlar qancha bo‘shliqlarni to‘ldirganini oddiy gap bilan izohlab bo‘laydi. Buni yurakdan his qilish kerak. 52000 misradan iborat bu asar o‘zbek tilida yaratilishi ma’naviyatimiz tarixidagi katta hodisa edi. Zero, “Xamsa” yaratishga bardosh berolgan tillar barmoq bilan sanarli. O‘n beshinchi asrga kelib Alisher Navoiyning “Xamsa”si bilan bu til yana qudrat va adabiyat yorlig‘ini olgan edi. Millat tarixidagi eng buyuk hodisalardan biri Ona Tilimizga davlat tili maqomining berilishi bo‘ldi. Tili e’tirof etiladigan xalqning o‘zi e’tirof etiladi. Millatning birinchi ma’naviy shahodatnomasi ham uning tilidir. Har birimiz o‘z tilimizga, bu til mening onam deb qaray bilishimiz kerak. Bolalarimizni ham shunga o‘rgataylik. U bizning qalbimiz va tafakkurimizni parvarish qilgani kabi biz ham uni sevishimiz shart. Zero, bu aziz Til aziz Vatanimizning tilidir. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi 2010 - yil.
Do'stlaringiz bilan baham: |