3.3. Binolarning me'moriy va uslubiy xususiyatlari shakllanishiga maydonlarning ta'siri
Maydonlarning o'lchamlari dominant bino bilan ma'lum bir bog'liqlikka ega: katta maydonlarda eng kuchli binolar vizual ravishda oddiy o'lchamlarga qisqartiriladi, chunki makonni tashkil qilish san'atida hamma narsa miqyosga tushadi ... psixo-emotsional tuyg'u. o'lchamning haqiqiy jismoniy o'lchovlar bilan aloqasi yo'q. Binolar va maydonlar o'rtasida bog'liqlik mavjud: yirik shaharlarning asosiy maydonlari kichik shaharlarning asosiy maydonlaridan kattaroqdir; shahardagi bir nechta maydonlar maksimal o'lchamlarga ega bo'lishi mumkin, qolganlari esa minimal bo'lishi kerak; maydonning kattaligi undagi hukmron binoning o'lchamiga bog'liq bo'lishi kerak ; maydonning nisbati maydonning rejada qanday ko'rinishiga emas, balki tabiatning vizual idrokiga bog'liq. Maydonga qaragan ko'chalarning kengligi ham muhim omil hisoblanadi. Keng maydonlardagi haykallar va yodgorliklarning o'lchamlari ikki yoki uch baravar katta bo'lishi kerak [26].
Registon-Ulug'bek saltanati poytaxti markaziy maydonini bezab turgan shahar ichidagi jamoat va diniy binolar ansamblining yorqin namunasidir. Bu binolar 1417 yildan boshlab, yagona g'oya asosida 20 yil davomida barpo etilgan. So'nggi arxeologik – me'moriy mushohadalarga ko'ra, Mirzoi karvonsaroyining rejasi va bosh fasadining kompozitsiyasi XVII asrda uning o'rnida barpo etilgan Tillakori madrasasiga mos bo'lgan. Qolgan binolar haqida ba'zi tarixiy manbalardagi yozuvlardangina ma'lumot olishimiz mumkin. Shu yozuvlar asosida XV asr Samarqand Registonini quyidagicha tasavvur etish mumkin: «qo'sh» usulida sharq-g'arb o'qi bo'yicha ikki bino qad rostlab turar edi - bularning biri silindr shaklidagi asosdan chiquvchi gumbazlar va ko'kka bo'y cho'zgan minoralar orasidagi baland peshtoqli Ulug'bek madrasasi, ikkinchisi ulkan gumbaz va peshtoqli xonaqoh. Maydonning shimoliy tomonida peshtoqli ikki qavatli ayvonchalardan iborat cho'zinchoq fasad va «guldasta» shaklidagi minoralarga ega bo'lgan Mirzoi karvonsaroyi joylashgan edi . Registon ansambli yaqinida yangidan qad rostlagan ko'p gumbazli Tuman-oqa timi va Mirzoi hammomi mavjud edi. Janub tomonda o'qi qiblaga yo'naltirilgani bois Registon binolariga nisbatan devori burchak hosil etgan Ali Ko'kaldosh tomonidan qayta qurilgan Samarqand jome' masjidi joylashgan edi. Uning yonida yog'och o'ymakorligi bilan bezatilgan uncha katta bo'lmagan Masjidi Muqatta mavjud edi. Ansambl kompozitsiyasida atrofi yam-yashil marmar bilan qoplangan hovuz bo'lgan deb faraz qilsak xato bo'lmaydi.
Shunday qilib, maydonning asosiy to'g'ri burchagi madrasa, karvonsaroy va xonaqo binolari bilan o'rab olingan bo'lsa, janubiy tomonda erkin kompozitsiya hukmron edi. Temuriylar davrida Samarqandning barcha ko'chalari aynan shu maydonga yetaklar edi. Registon ansamblining me'moriy uyg'unligiga bir xildagi binolarni takrorlashdan emas, balki turli shakl va hajmdagi binolarning yagona uslubi va ularning mutanosiblikda ekanligi natijasida erishildi .
Registon – «Samarqand forumi» deb bugungi kunda nomlanuvchi maydon, umumjahoniy poytaxt hayoti ritmiga javob berib, keng qamrovli masalalarni yangicha talqin etishni tasdiqladi. Registon binolari shahar markazini tashkil etib, arxitekturaviy g'oya yaxlitligi hajmiy mutanosiblikni har qanday ko'rish nuqtasida ham ta'minlab turibdi ( 21- rasm ).
Registonda bosh tashkillashtiruvchi asos bo'lib maydon hisoblansa, Labi Hovuzda kompozitsion markaz bo'lib ko'kalamzorlashtirilgan hovuz hisoblanadi. Bu hovuz o'qlarida Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi (XVI-XVII asr) muqobil tarzda joylashgan bo'lib, uzun tomonida oldinroq qurilgan Ko'kaldosh madrasasi joylashgan. Binolarda ularni ajratuvchi muhitga nisbatan muvozanatli va masshtabli mutanosiblik ko'rinmaydi, ammo katta hovuz tomonidan o'qli o'zaro aloqa ularni bir-biriga bog'lagan [27, 64-66].
O'zbekiston shaharlaridagi ma'muriy - jamoa markazlari tarkibiga viloyat, shahar hokimliklari binolari, xo'jalik binolari, g'aznachilik va boshqa boshqarmalarning binolari joylashgan. Bundan tashqari, shahar markazida madaniy-tarbiyaviy ahamiyatdagi binolar (teatrlar, kino zallari, bibliotekalar, klublar, muzeylar) va savdo majmualari joylashtirilishi mumkin. Katta bo'lmagan aholi yashash punktlarida esa umumshahar ma'muriy markazi sifatida, shahar maydonlaridan biri tanlanishi mumkin. Yirik shaharlarda ma'muriy - jamoa markaz – o'zaro asosiy ko'cha, yashil bog'-rog'lar va suv havzalari bilan bog'langan maydonlar tizimidan (guruhidan) iborat bo'lishi mumkin. Masalan, Toshkent shahridagi Mustaqillik maydoni, Xotira maydoni va Amir Temur bog'i o'zaro bog'langan tizimdan iborat (22-rasm).
Agar ma'muriy - jamoa markaz bir nechta maydonlar guruhidan iborat bo'lsa, ular orasidan asosiy maydonni ajratish kerak. Bu maydonda yirik ma'muriy va jamoa binolari joylashib, odamlar bilan gavjum bo'ladi. Shuning uchun bu maydon shaharning asosiy rayonlari bilan transport magistrallari bilan yaxshi bog'langan bo'lishi kerak va bu maydonni shaharning o'rtasida joylashtirish maqsadga muvofiqdir. Shahar ma'muriy-jamoa markazining hududini shahar tranzit transportidan xoli qilish maqsadga muvofiq. Ma'muriy - jamoa markazlarining maydonlari quyidagicha bo'linadi: mahalliy harakatga xizmat qiluvchi-transport maydonlar va ommaviy chiqish, sayl va bayram kunlariga mo'ljallangan – jamoa maydonlar. Jamoa markazi yaqinidagi asosiy ko'chani piyodalar yurishi uchun mo'ljallash maqsadga muvofiq. Namangan shahrining ma'muriy markazi bunga misol bo'la oladi. Shu bilan birga, shahar markazidagi bino oldida shaxobchali avtomobillar to'xtash joyi bo'lishi kerak .
Kuzatishlar shuni ko'rsatdiki, oxirgi yillardagi zamonaviy materiallar bo'lmish alyukabond, gipsokarton, metall cherepitsa va boshqa materiallarning o'rinsiz ishlatilishi natijasida, turli xildagi psevdogotik uchli cherdak tomlar va bashnyalar qurilishiga olib kelmoqda. Bu esa milliy me'morchiligimiz an'analariga zid. Shahar va qishloqlarning me'moriy badiiy ko'rinishini yaxshilashda turarjoy va madaniy - maishiy binolar qurilishi masalalarini sifatli yechish maqsadga muvofiq. Bu masalalarni yechishda mavjud binolarni rekonstruktsiya qilish, yangi turarjoy va jamoat binolarini qurish taqozo etiladi. Shunday ko'p quriladigan turarjoy va jamoat binolari, madaniy-maishiy elementlarni o'z ichiga qamrab olgan individual turarjoylar bo'lishi mumkin. Bu binolarda tadbirkorlar shaxsiy ishlab chiqarish faoliyatini yoki ijodiy faoliyat olib borishi mumkin. Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida bunday binolar fuqarolar va tadbirkorlarning o'z mablag'lari va banklarning imtiyozli kreditlari hisobidan qurilmoqda va har bir tadbirkorning individualligini aks ettiradi. Shunday bo'lsa-da, ko'chaning ikki tomoni bo'ylab qatorlashtirib qurilgan 2-3 qavatli binolar ayrim hollarda ko'chaga zerikarli tus bermoqda. Bu zerikarli tusni yo'qotish maqsadida ko'chaning ma'lum joylarida dominantlar va aktsentlar berilsa, ko'cha kompozitsiyasi yanada ifodaliroq bo'lar edi. Bu binolarni ko'chadagi boshqa binolarga nisbatan 1-2 qavatga balandroq ko'tarish maqsadga muvofiq. Ko'chadagi dominant binolar balandlik, rang va faktura bo'yicha boshqa binolardan farq qilishi kerak. Bundan tashqari, uzun ko'chaning ma'lum joylarida “cho'ntak” turidagi maydonlar tashkil etish kerak. Bu maydonlarda 2-3 binolarni guruhlashtirib me'moriy ansambl yoki binolar kompleksini tashkil etish mumkin. Bu maydonlarda “maydon” turdagi ansamblni joylashtirish mumkin. Maydonlar yonida, oldida yoki yer ostida avtomobillar to'xtash joyiga joylashtirish kerak. Maydon o'rtasida ko'kalamzor maydonlar, badiiy elementlar, favvoralar, odamlar hordiq olishlari uchun skameykalar joylashtirish mumkin. Bundan tashqari, bu majmualar tarkibiga tahoratxonali masjidlar kiritilishi ham maqsadga muvofiq bo'lardi. Jamoat transportlari bekatlarini mana shu maydonlar yaqinida joylashtirish lozim (23-rasm). Bu maydonlar o'z navbatida shahar ansambllar tizimini tashkil qilishi mumkin. Bunday ansambllar shahar rejaviy yechimida kichik dominantlar sifatida shakllanib, asosiy dominantlarni qo'llab-quvvatlaydi. Asosiy dominantlar sifatida shahar tizimida anfilada usulida joylashgan bog'lar tizimini kiritish mumkin [27,135-143 ].
Samarqandda Bibi Xonim, Buxoroda Ark, Shahrisabzda Oq saroy, Toshkentda Ko’kaldosh, Xivada Ko’hna Ark majmualarining joylashtirilishi shuni ko’rsatadiki, shaharga olib keladigan tashqi yo’llarning asosiy yo’nalishlari salobatli, bosh ansambllar vositasida belgilangan. Mana shu shahar bosh ansambllari tashkil etgan maydonlardan mahallalarga olib boradigan ko’chalar ajralib chiqqan. Yoki boshqacha qilib aytganda mahalla markazlaridan keladigan ko’chalar shaharning bosh maydonlariga olib chiqadi. Ikki g’oya me’moriy ijodda yetakchi ikki yo’lni belgilab turadi. Muhitni bo’ysundirish g’oyasini aks ettirgan ansambllar ular tashkil etadigan maydondan kuzatish (tomosha qilish ma’nosida) ga mo’ljallangan. Ikkinchi turdagisi esa ansambl atrofidan boqishga mo’ljallangan. Shuning uchun maydondan turib ko’rishga mo’ljallangan Samarqanddagi Registon ansamblining atrofini ochib tashlash to’g’rimikan degan savol tug’iladi. Muhit bilan binolar hajmini muvofiqlashtirishning bu ikki g’oyasi Movarounnahr me’morchiligining barcha jabhalarida uchraydi [28].
Do'stlaringiz bilan baham: |