Monopoliyaga qarshi samarali kurash
Yuqorida «monopoliyaga qarshi samarali kurash» iborasi ko‘p bora qo‘llandi, biroq bu iboradagi «samarali» tushunchasi nimani anglatadi? Albatta, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun va Antimonopoliya qo‘mitasi mavjudligining o‘zi monopoliyaga qarshi kurash samarali bo‘lishini anglatmaydi.
Quyida, monopoliyaga qarshi kurashning ayrim muammolarini qayd etgan holda, ularning samaradorligini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarimni berishga harakat qilaman.
A) «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun
Joriy «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun mamlakatimizning o‘ziga xos iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini to‘liq hisobga olmaydi. Kartel, qo‘shib yuborish/olish, davlat reyestrini yuritish va ustun mavqeni suiiste'mol qilish borasidagi me'yor va standartlarni qayta ko‘rib chiqish zarur. Chunki ular zamon talablariga javob bermaydi.
Masalan, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning umumiy bozor ulushi 35 foizdan oshmasa, raqobatni chetga surib qo‘yib, bemalol narxlarni o‘zaro kelishgan holda asossiz ko‘tarish, bozorlar hududlarini o‘zaro bo‘lib olish kabi kartel kelishuvlarini tuzishga ruxsat beradi. Shuningdek, davlat-xususiy sherikchiligi asosida tashkil qilingan korxonalar ham bozor ulushidan qat'i nazar, kartel kelishuvlarini tuzishlari mumkin, deyilgan.
Kartel kelishuvlar bozor iqtisodiyoti tizimini buzadigan eng xavfli qonunbuzarlik hisoblanadi. Kartellarni «maxfiy monopoliya» deb ham atashadi, chunki bunda tadbirkorlar raqobatchidek ko‘rinsa-da, aslida raqobat qilmasdan o‘zaro kelishgan holda bir butun monopoliya kabi harakat qilishadi. Ya'ni, deyarli monopoliya kabi narxlarni xohlagan paytda o‘zaro kelishib, baravariga ko‘tarib qo‘yishga qodir bo‘lishadi.
Shuning uchun bunday istisnolar kartellarga qarshi kurashni samarasiz qiladi. Istisno qilinishi mumkin bo‘lgan kartel turlari sifatida eksport kartellariga ruxsat berilsa bo‘ladi, ammo bunda ham bir shart bilan — kartel kelishuvlari eksportni maqsad qilgan raqobatchi korxonalarning mamlakatdagi ichki raqobatiga ta'sir etmasligi lozim.
Ikkinchidan, dunyoda kartel kelishuvlariga qarshi eng samarali vosita — «Jazodan ozod qilish dasturi»ni (leniency program) amalda joriy etish mexanizmini ishlab chiqish kerak. Bu dasturning huquqiy asosi 2012 yili «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasida belgilangan bo‘lsada, shu paytgacha amaliyotga tatbiq etilmagan. Bu dasturning mexanizmini ishlab chiqishda Yaponiya tajribasiga murojat qilishni taklif qilgan bo‘lardim, chunki Yaponiya AQSh va Yevropaning «Jazodan ozod qilish dastur»larining eng yaxshi taraflarini o‘z ichiga olgan va korrupsiyaga eng chidamli dastur hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |