§ 2. Narxlarning haddan ortiq tartibga solinishi
Bugungi kunda davlat tomonidan narxlarni tartibga solish (deklaratsiya qilish, tasdiqlash, qat’iy belgilangan yoki cheklangan narxlarni (tariflarni), tartibga solish koeffitsiyentini, ustama va rentabellikning chegaralangan darajasini o‘rnatish va narxni tartibga solishning boshqa usullari) 30 dan ortiq tovar va xizmatlarga nisbatan amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, tabiiy monopoliyalar sohasida 10 xil turdagi tovar (ish, xizmat)lar tartibga solinishiga qaramasdan, amalda iste’molchilar va yetkazib beruvchilar toifalari, shuningdek, hududiy prinsipga qarab o‘rnatiladigan 137 xildagi narx darajalari orqali tartibga solinmoqda.
Monopol korxonalar va tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan foydalanilayotgan xarajatlarga asoslangan narxlarni shakllantirish usuli xarajatlarga minimal foydani qo‘shish sxemasidan iborat bo‘lib, u xarajatlarning asossiz o‘sishiga undaydi, ishlab chiqarish tannarxining pasayishini rag‘batlantirmaydi, xarajatlarning o‘sishi esa, narxlar va tariflarning iste’molchilar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri oshirish hisobiga qoplanadi.
§ 3. Imtiyoz va preferensiyalar taqdim etishning samarasizligi
Davlat ko‘magini ko‘rsatishning monopoliyaga qarshi tartibga solish vositalari mavjud emasligi berilayotgan imtiyoz va preferensiyalarning samarasizligiga olib kelmoqda va raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda 40 mingdan ziyod xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, ya’ni faoliyat yuritayotgan subyektlar umumiy sonining 12 foiziga soliq imtiyozlari berilgan. Bunday vaziyat tovar va moliya bozorlarida teng bo‘lmagan sharoitlarni vujudga keltiradi.
§ 4. Biznes subyektlariga tartibga solish yukining yuqoriligi va tarmoqni tartibga soluvchi organlarning o‘z sohasida raqobatni rivojlantirishga manfaatdor emasligi
Vazirlik va idoralarning o‘zlari tomonidan tartibga solinadigan tarmoqlarda raqobatni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati sustligicha qolmoqda. Iqtisodiyot sohasida mavjud 38 ta davlat organidan faqatgina 11 tasiga o‘z sohasida raqobatni rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri funksiyalar yuklatilgan.
Bundan tashqari, qonun hujjatlarining tartibga solish ta’sirini va raqobat muhitiga ta’sirini baholashning to‘laqonli tizimi tatbiq etilmagan.
Buning natijasida, amaldagi 61 gaga yaqin litsenziyalar doirasida 266 tadan ortiq faoliyat turini litsenziyalanishi hamda 137 turdan ortiq ruxsat berish tartib tamoyillarini nazarda tutuvchi qiyin va murakkab litsenziyalash tizimi, shuningdek, biznesga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatuvchi 6 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat va 40 mingta texnik jihatdan tartibga soluvchi hujjatlarda tadbirkorlik subyektlarining bozorlarga kirishi uchun sun’iy to‘siqlar saqlanib qolmoqda.
Qonun hujjatlarida tadbirkorlik va investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligining barcha asosiy kafolatlari mustahkamlangan bo‘lsa-da, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra oxirgi yillarda O‘zbekistonda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning sof oqimi ko‘rsatkichi pastligicha qolib YIMga nisbatan 0,5 — 1,2 foizni tashkil etmoqda, Iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimiz 180 ta davlat orasida 114-o‘rinni egallamoqda, Investitsiya faoliyatini erkinlik indikatori bo‘yicha ko‘rsatkich 100 dan 20 ga teng bo‘lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |