Rahmonova Mahbuba, Po‘latov Sarvarxon
O‘zMU tarix fakulteti 3-bosqich talabalari
Mirzo Ulug‘bek – ma’rifatparvar davlat arbobi
Shohrux Mirzo Samarqandga 1409-yil 13-mayda kirib keldi. U Samarqand arkon davlatini dushmanlardan tozalab, bir qadar tartib o‘rnatgach, Ulug‘bek Mirzoni Movarounnahr hukmdori etib tayinlaydi. Ikkinchi o‘g‘li Ibrohim Sulton Mirzoni Balxga, Muhammad Jahongir Mirzoni (sobiq valiahd Muhammad Sulton Mirzoning o‘g‘li) Hisor va Soli Saroyga, Umar Shayx Mirzoning o‘g‘li Ahmad Mirzoni Farg‘onaga hokim etib tayinlaydi. O‘zi Hirotga qaytadi.
Mazkur viloyatlarga tayinlangan shahzodalarning Ahmad Mizodan boshqasi hali yosh bo‘lganligi tufayli ularga ish boshqaruvchilar tayinlangan edi. Jumladan, Movarounnahrda Ulug‘bek Mirzo nomidan hokimiyatni amir Sohmalik boshqaradi. Ammo amir Shayx Nuriddin Samarqandda amir Shohmalik bilan Ulug‘bek Mirzoning hokimiyatini tan olmaydi. U mo‘g‘ullar bilan birgalikda Samarqandga qarshi janglarga kiradi. Bu kurashlarda amir Shohmalik bir necha marta mag‘lubiyatga uchraydi. 1411-yili hal qiluvchi janglar bo‘lib o‘tadi. Amir Shohmalik va Ulug‘bek Mirzoning mag‘lubiyati ehtimolidan tashvishlangan Shohrux Mirzo Movarounnahr tomon qo‘shin tortadi.1
1411-yil yozidagi navbatdagi jang asnosida amir Shohmalik nayrang ishlatib, amir Shayx Nuriddinni o‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi. Shohrux Mirzo Amudaryoning o‘ng sohiliga o‘tgach, 20-sentyabrda Ulug‘bek Mirzo o‘z arkon davlati bilan Qaqadaryo bo‘yida o‘z otasini kutib oladi. Ular tantana bilan Samarqand dorussaltanatiga yo‘l oladilar. Shohrux Mirzo o‘z lashkargohini Cho‘ponota tepaligi yonidagi Konigilga quradi. Shohrux Mirzo bir necha kun bu yerda istirohat qilgach, xotirjam bo‘lib Hirotga yo‘l oladi. U Samarqanddan ketayotib, o‘zi bilan birga amir Shohmalikni ham olib ketadi. Ana shundan so‘ng Ulug‘bek Mirzo o‘z vasiysidan xalos bo‘ladi va 17 yoshida ulkan Movarounnahr mulkining yagona hukmdori bo‘lib qoladi. Binobarin, u birinchi marta hukmdor sifatida otasining ketishi oldidan uning sharafiga kata ziyofat beradi va padariga qimmatbaho hadyalar inom qiladi1
Mirzo Ulug‘bek Movarounnahr hukmdori etib tayinlangach, ko‘p vaqtini Samarqandda o‘tkazar, hatto otasi Shohruz Mirzoning harbiy yurishlarida ham kamdan-kam qatnashar va ayrim hollarda qo‘shin yuborish bilan cheklanardi.
1413-yil kuzida Mirzo Ulug‘bek o‘z amakivachchasi – Farg‘ona hukmdori Ahmad Mirzoni harbiy kengash bahonasida Samarqandga taklif etadi. Ammo Ulug‘bek Mirzoning fe’lini yaxshi bilgan Ahmad Mirzo hadiksirab mazkur kengashga kelmaydi. Shundan so‘ng Ulug‘bek Mirzo Ahmad Mirzo bilan muzokara yuritish uchun Boyadid parvonachini Andijonga yuboradi. Muzokara natijasi o‘laroq, Ahmad Mirzo o‘zining yosh o‘g‘lini garov tarzida Samarqandga yuborishga va`da beradi. Biroq, va`da amalga oshmaydi. Shu bois Ulug‘bek Mirzo o‘z qo‘shini bilan Farg‘onaga bostirib boradi. Ahmad Mirzo esa shahar va qo‘rg‘onlarga harbiy guruhlarni qo‘yib, o‘zi toqqa chiqib ketadi.
Ulug‘bek Mirzo Andijon va Axsini jang bilan olib, u yerga o‘z beklaridan bir nechasini ma`lum miqdorda qo‘shin bilan qoldiradi, o‘zi esa Samarqandga qaytib ketadi. Ko‘p o‘tmay Ahmad Mirzo tarqalib ketgan qo‘shinlardan bir qismini yig‘ib, shuningdek mo‘g‘ullardan qo‘shin olib, O‘sh yaqinida Ulug‘bek Mizo qoldirgan qo‘shinni tor-mor qiladi. Ammo Andijon va Axsini qo‘lga kirita olmaydi. Mo‘g‘ul askarlari O‘shni talab, o‘lja yig‘ib Mo‘g‘ulistonga qarab ketadilar. Ahmad Mirzo esa Qashqarga o‘tib ketadi.
Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Shohruz Mirzo 1415-yil 25-mayda Ahmad Mirzoga quyidagi mazmunda maktub yo‘llaydi: “Eshitishimizga qaraganda, Ahmad Mirzo bilan farzandimiz Ulug‘bek orasida fisqu fasodchilarning nomo‘tabar so‘zlariga e’tiboran shaharlar va fuqarolarning tashvishlarini orttiruvchi kechmish yuz beribdi. Bu xabarni biz Iroq mamlakatida ekanligimizda eshitdik, ammo masofa yiroqligi tufayli, ularning tadorikini ko‘rishga kirisha olmadik. Dorussaltanat Hirotga qaytib kelgandan keyin eshitdikki, u farzand Mo‘g‘uliston tomon ketayotgan emish. Bu hol biz uchun bag‘oyat maslahatdan yiroq va ajib tuyuldi. Chunki birodarlar va farzandlarga nisbatan bizning “beshikdan tobutgacha” g‘amxo‘r ekanligimiz unga ma`lumdir. Ota-bolalik binosi qo‘zg‘almay turuvchi tog‘lardek sobit bo‘lmog‘i uchun u farzand bizning huzurimizga homiylik panoxini so‘rab kelishiga ishonchimiz komil va e`tiqodimiz kuchlidir. Bu so‘zlarni tug‘ishganlik vazifalarini ado etish musulmonlik ham musulmonlarga g‘amxo‘rlik qilish yuzsidan aytildi. Takallufu maqtanchoqlik, makr-hiylaga yo‘yib kek saqlash bizlar uchun uyatdir. Ehtimolki, mulozimlikdayurgan bir guruh, kishilar mazkur noo‘rin harakatlar xoh ixtiyoriy, xoh majburiy tarzda ular tomonidan sodir bo‘lganligi tufayli, vahimaga tushib, u farzandning bizning huzurimizga kelishiga mone`lik qiladilar. Ahmad Mirzo ularning ularning barchasini ishontirsinki, biz hammalarining jarimalarini afv qildik. Haq ustiga haqdirki, ularning hammasiga rahm-shafqat panohidan boshpana bergumizdir‘‘1
Shundan so‘ng, 1416-yilda Ahmad Mirzo Qashqardan Hirotga keladi. Uni qaytadan biror viloyatga hukmdor qilib tayinlash nari tursin, hatto Hirotdan tashqariga chiqarmasdan, nazoratda saqlaydilar. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Ahmad Mirzo Abubakr Mirzoning o‘g‘li Ilangir Mirzo bilan hamtovoq bo‘lib olib, ikkalasi ertayu kech betinim sharobxo‘rlik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Ba’zi fitnachi navkarlar ularning xotiriga saltanat xom xayoli va makkorlik vasvasasini o‘rnatganlar. Ularning bu qilmishlari oliy saltanatga ma’lim bo‘lgach, jazoga mustahiq qilinganlar. Chunonchi, Ahmad Mirzoni Ka’batullo ziyoratiga jo‘natishga farmon berilgan. Tabiiyki, u Ka’batuloo ziyoratidan qaytib kelmagan va 1425-yilda vafot etgan.
Ulug‘bek Mirzo 1425-yil 16-fevralda Mo‘g‘ulistonga qarshi harbiy yurish boshlaydi. Shohruh Mirzo bu yurishni to‘xtatish maqsadida ikki marta Ulug‘bek Mirzoga elchi yuborgan. Ammo, Ulug‘bek Mirzo elchilarga javobda: “Yurish haqidagi farmon allaqachon ovoza bo‘lgani, agar endilikda yurish to‘xtatilsa,dushman bizni kuchsiz ekan deb gumon qilishi mumkin”2, - degan bahonani ro‘kach qilib, safarni davom ettiradii. Ulug‘bek Mirzo Issiqko‘l istehkomini egallab, Jahonshoh qo‘shinini ta’qib qiladi. Sarkarda amir Arslonxo‘janing jonbozligi tufayli Ulug‘bek Mirzoning qo‘shini jangda g‘olib chiqadi.
Ulug‘bek Mirzo yurishdan qaytayotib, 2000 chapdast botir askarlarini Qarshi istehkomidagi yashm (nefrit) toshini Samarqandga olib kelish uchun jo‘natadi. Bu tosh bir vaqtlar Xitoydan Qarshiga keltirilgan bo‘lib, Amir Temur uni Samarqandga eltish uchun Jahonshoh boshchiligida bir necha ming kishini Qarshiga yuborgan bo‘lsada, toshni olin kelish ilojini topolmaganlar va tosh o‘sha yerda qolib ketgan. Hofiz Abro‘ning yozishicha, Ulug‘bek Mirzo tomonidan yuborilgan kishilar ikki bo‘lak kata yashm toshini aravaga solib goh ot qo‘shib, goh ho‘kiz qo‘shib, Samarqandga keltirganlar. Amm, tarixchi Mirxondning yozishicha, mazkur yashm toshi uch bo‘lakdan iborat bo‘lib, bir bo‘lagi sohibqiron Amir Temur maqbarasiga (Go‘ri Mir) joylashtiriladi. Ammo, Ulug‘bek Mirzoning g‘alaba shodiyonasi ko‘pga cho‘zilmaydi.1
Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, 1420-yili Baroq o‘g‘lon Ulug‘bek Mirzo yordamida o‘zbek hukmdori Muhammadxon ustidan g‘alaba qozonib, hokimiyatni qo‘lga kiritgan edi. 1426-yilda esa Baroq o‘g‘lon Sig‘noqni egallaydi. Sig‘noq Jo‘jixon avlodiga qarashli mulk bo‘lib, 1377-yilda Amir Temurning yordami bilan bu yerga Baroq o‘g‘lonning bobosi Urusxonning harbiy o‘rdugohiga joylashgan edi. Urusxon davrida Sig‘noqda bir necha madrasa, xonaqoh, masjid va boshqa madaniy-maishiy qurilishlar barpo qilingan, keyinchalik Sig‘noq Amir Temur saltanatiga qo‘shilinb ketgan edi. 1426-yili Urusxonning nabirasi Baroq o‘g‘lon Ulug‘bek Mirzodan ijozatsiz Sig‘noqni egallab, bu to‘g‘rida Ulug‘bekka ,,Shariatga muvofiq, o‘z bobom merosiga egalik qildim‘‘2 — deb elchi yuboradi. Ulug‘bek Mirzo tarafidan Sig‘noqqa hokim qilib tayinlangan amir Arslonxo‘ja shoh huzuriga kelib, Baroq o‘g‘lonning kirdikoridan shikoyat qiladi. Ulug‘bek Mirzo darg‘azab bo‘lib, Baroq o‘g‘longa qarshi harbiy yurish boshlaydi. Ushbu xabarni eshitgan Shohruh Mirzo Ulug‘bekka bu yurishni man qiladi. Ammo, Ulug‘bek ko‘nmay harbni boshlab yuborgach, kichik o‘g‘li Muhammad Jo‘ki Mirzo boshchiligida bir bo‘lak qo‘shinni yordamga yuboradi.
Ulug‘bek Mirzoning birinchi ustozi ,,Zamona Aflotuni” Salohiddin Muso ibn Mahmud Qozizoda Rumiy edi. Ulug‘bek Mirzo Qozizoda Rumiydan falakiyot (astronomiya)ga doir sir-sinoatlarni o‘rganib, keyinchalik mazkur allomaning maslahati bilan Koshonlik G‘iyosiddin Jamshid ibn Ma’sudni Samarqandga taklif qiladi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha Ulug‘bek Mirzo yana bir koshonlik falakiyot ilmi allomasi –Mu’iniddin ham Samarqandga chaqirib keltirgan.1
Ulug‘bek Mirzoning sa’y-harakati bilan 1424-1428-yillar mobaynida Samarqand shimolida Obirahmat arig‘I bo‘yidagi Ko‘hak tepaligi bag‘riga jahonga mashhur rasadxona quriladi. Bungacha falakiyot ilmining kuzatuv ishlari 1417-1420-yillarda qurilgan Ulug‘bek madrasasining hujralaridan birida olib borilgan.
1417—1430-yillar orasida Ulug‘bek Mirzo Samarqand markazi bo‘lmish Registon maydonida ulkan madrasa, xonaqoh, muqatta’ ,asjidi va hammom qurdiradi. Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: ,,Ulug‘bek Mirzoning imoratlaridan Samarqand qal’asinign ichida Madrasa va xonaqohdir. Xonaqohning gumbazi bisyor ulug‘ gumbazdir, olamda oncha ulug‘ gumbaz yo‘q deb nishon berurlar… yana bu madrasaning janubida bir masjid solibdur, masjidi muqatta derlar. Bu jihatdin muqatta’ derlarkim, qit’a-qit’a yig‘ochlarnin tarosh qilib, islomiy va xitoyi naqshlar solibturlar, tamom devorlari va saqfi ishbu yo‘sinluqdur. Bu masjidning qiblasi birla madrasa qiblasining orasida bisyor tavofutdir. G‘olibo bu masjid qiblasining samti munajjim tariqi bila amal qilibturlar2‘‘. Shuningdek, Ulug‘bek 1417-yilda Buxoroda va 1422-yilda G‘ijduvonda ham madrassa qurdirgan. Mazkur madrasalarda diniy ilmalrga nisbatan matematika, geometriya (handasa), falakiyot, tabiyot, jug‘rofiya va tarix kabi dunyoviy ilmlar ko‘proq o‘qitilgan.
Ulug‘bek Mirzo bundan tashqari ko‘pgina jamoat binolari- karvonsaroylar, yomlar, chorsular va hmmomlar ham qurdirgan. Karvonsaroylaridan eng kattasi Registonda, hozirgi Tillakori madrasasi o‘rnida joylashgan bo‘lib, Mirzoyi karvonsaroyi nomi bilan shuhrat topgan. Bunday karvonsaroylar, hammomlar, faqat poytaxt Samarqanddagina emas, boshqa yirik shaharlarda va savdo yo‘llarida ham qurilgan. Masalan, Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi va xonaqohi yaqininda qurilgan Ulug‘bek Mirzo hammomini olsak, g‘oyat nafis san’at bilan qurilgan va beqiyos hashamatli bo‘lgan. Bu haqda ,,Boburnoma“da shunday satrlar uchraydi: (Mirzo Ulug‘bek) yana ushbu madrasa va xonaqohga yovuq bir yaxshi hammom solibturlar. Mirzo hammomi-la manhurdir, har na’v toshlardin farshlar qilibturlar. Xuroson va Samarqandga oncha hammom ma’lum emaskim bo‘lgay…”1.
Ulug‘bek Mirzo Go‘ri Amir maqbarasiga ham ayrim qurilishlar bilan o‘zgacha fayz-tarovat bag‘ishlaydi. Chunonchi, maqbaraning Sharq tarafidan eshik ochdirib, uning markaziga yetguncha gumbazli naqshinkor yo‘lak (galereya) qurdiradi. Sog‘onalarni o‘rab turgan marmar panjaralar ham Ulug‘bek Mirzo zamonasiga mansubdir.
Samarqanddagi Afrosiyobning janubida ulkan qabriston markazida joylashgan Shohi Zinda obidasi me’morchilik san’atinign kamyob durdonalaridan hisoblanadi. Mazkur yodgorlik asosan XI asrdan boshlab qurilib kelinayotgan bo‘lsa-da, Amir Temur va Ulug‘bek Mirzo zamonasida nihoyasiga yetkazilgan. Ulug‘bek Mirzoning sa’y-harakati bilan bu yerda ham me’morchilik ishlari olib boriladi. 1434-1435-yillar mobaynida Shohi Zindaning asosiy darvozasi, rang-barang koshinlar bilan ziynatlanib qaytadan qurilganligi ham Ulug‘bek Mirzo zamonasining me’morchilik san’atidan nishonadir. Shuningdek, Ulug‘bek Mirzo o‘z ustozi Qozizoda Rumiy qabri ustiga qo‘sh gumbazli maqbara bunyod ettirgan. Mazkur maqbara Shohi Zindadagi eng go‘zal obidalardan biridir.
Ulug‘bek Mirzo zamonida qurilgan binolarning eng ulug‘I jahonga mashhur rasadxonadir. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, rasadxona uch qavatli bo‘lgan. Bu nodir obidaning ichki qismini Abdurazzoq Samarqandiy shunday tasvirlaydi: ,,Binoning ichki qismi jahonda tengi yo‘q rang-barang naqshlar bilan bezatilib, devor va shiftlarida osmon gradus (darajalari), daqiqalari va hatto soniyalarigacha hisoblanib, yeti sayyora hamda ,,harakatsiz ‘‘ (sobita) yulduzlar, shuningdek, yer kurrasi, yeti iqlim, tog‘u sahrolar va daryoyu dengizlar hamda ummonlargacha tasvirlangan‘‘1.
Ulug‘bek Mirzo rasadxona yonida, ya’ni Ko‘hak tepaligining g‘arbiy qisida orombaxsh bir bo‘ ham bunyod etgan. Mazkur bog‘ o‘z davrida Bog‘i Maydon nomi bilan shuhrat topgan. Bog‘i maydin haqida ,,Boburnoma‘‘da shnday deyiladi: ,,(Ulug‘bek Mirzo) yana pushtayi Ko‘hakning domanasida g‘arb sori Bog‘i solibtur Bog‘i maydonga mavsum. Bu bog‘ning o‘rtasida bir oliy imorat qilibtur. Chilstun derlar, du oshiyoni, sutunlari tamom toshdin. Bu imoratning to‘rt burchida to‘rt manoradek burjlar ko‘taribdurlarkim, yuqoriga chiqar yo‘llar bu to‘rt burjdandir. O‘zga tamom yerlarga toshdin sutunlardir. Ba’zini morpech xiyora qilibturlar. Bu imoratdin pushtayi Ko‘hak sari domanada yana bir bog‘cha solibtur, izorasi tamom chiniy, chinnixona derlar. Xitoydin kishi yiborib kelturubtur‘‘2
Ulug‘bek Mirzo hukmdorlar orasida buyuk olim, olimlar orasida ulug‘ alloma edi. U riyoziyot. Falakiyot, handasa va tarix fanlaridaa o‘zining buyuk kashfiyotlari bilan o‘chmas iz qoldiradi. U 1437-yilda jahonga mashhur asari- ,,Ziji jadidi ko‘ragoniy‘‘ nomli asarini yozib tugatadi. Bu asar Samarqand rasadxonasining ko‘p yillik samarali mahsullaridan biri bo‘lib, falakiyot fanining nazariy va amaliy masalalarini o‘zida mujassamlashtirgan shoh asardir. Ulug‘bek Mirzo zo‘r shinavanda musiqashunos ham bo‘lgan. U kata va kichik naqoralarda ijro etiladigan bulujiy, shodiyona, axloqiy, ulusiy va usuli ravon kabi musiqa asarlarini yaratgan. Shuningdek, ,,Tarixi Rashidiy‘‘ ning muallifi Muhammad haydar Mirzo, Ulug‘bek Mirzoning yetuk olim bo‘lganligini ta’riflab, ,,Mirzo Ulug‘bek tarixnavis donishmand edi va ,,Tarixi arba’ ulus‘‘ (,,To‘rt ulus tarixi‘‘) ni yozib qoldirgan edi‘‘3,- deydi. Bu haqda mashhur tarixchi G‘iyosiddin Xondamir ham ma’lumot qoldirgan.
Ulug‘bek Mirzo yirik olim bo‘lishi bilan birga, o‘z davrida fan taraqqiyotiga rahnamolik ko‘rsatib, ilm-fan ahliga homiylik qilgan. Uning davrida Samarqand shahri ilmu fan va madaniyat markaziga aylanib, ko‘plab yetuk olimlar, o‘nlab hassos shoir va suxandon adiblar saroyda o‘zlariga munosib mavqe’ga ega bo‘lib yashaganlar va ijod qilganlar. Chunonchi, yirik matematik va astronom Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid, mavlono Mui’niddin Koshoniy va Ali Qushchi, yetuk mudarrislardan Sayid Imomiddin va mavlono Muhammad Havofiy, mashhur sharhchi va tib ilmining bilimdoni Burhoniddin Nafis ibn Avaz Kirmoniy, zabardast shoirlardan Mavlono Lutfiy, mavlono Xayoliy, Ismatullo Buxoriy, yirik adabiyotshunos hamda tilshunos Xoja Fazlulloh Abullaysiy shular jumlasidandir.
Ulug‘bek Mirzo turk tilida yozilgan qadimiy yodgorliklarni o‘rganish va ularni xalq o‘rtasida tarqatishda ham kata xizmat qiladi. Jumladan, 1444-yilda Ahmad Yugnakiy (XI-XII asr)ning mashhur ,,Hibat ul-haqoyiq‘‘ (,,Haqiqatlar tuhfasi‘‘) nomli asari yangidan ko‘chirilgan. Shuningdek, o‘sha vaqtda Ulug‘bek Mirzo saroyida tarjimonlik ishlari ham yaxshi rivojlanib, bir necha qimmatli asarlar arab va fors tillaridan turkey tilga tarjima qilingan.
Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy Ulug‘bek Mirzo madhida quyidagi g‘azalni bitgan:
Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek.
Oning obnoyi jinsi bo‘ldi barbod,
Ki davr ahli biridan aylamas yod.
Valek ul ilm sori topti chun dast,
Ko‘zi olinda bo‘ldi osmon past.
Rasadkim bog‘lamish zebi jahondir,
Jahon ichra yana bir osmondur.
Bilib bu nav’ ilmi osmoniy,
Ki ondin yozdi ,,Ziji Ko‘ragoniy‘‘.
Qiyomatga degancha ahli ayyom,
Yozarlar oning ahkomidin ahkom.1
Do'stlaringiz bilan baham: |