Ma’naviyat – inson va jamiyat hayotining uch asosiy sohasidan (yo’nalishidan) biri, har bir insonning Haqqa, Borliqning mohiyatiga bo’lgan munosabati. Ma’naviyat – o’z mazmuniga ko’ra ko’p qirrali murakkab botiniy hodisa bo’lib, mohiyatan Inson ruhidagi Borliq haqiqati bilan uyg’unlikni anglatadi. Shu ma’noda uni Insonning, Xalqning, Jamiyatning, Davlatning kuch-qudrati, insonni ruhiy poklanish va yuksalishga da’vat etadigan, uning ichki olamini boyitadigan, iymon-irodasini, e’tiqodini mustahkamlaydigan, vijdonini uyg’otadigan qudratli botiniy kuch, Haqiqat nurining inson qalbida aks etishi, yoki baqoning fanoda zuhuri, dunyoviy va uxraviy maqsadlarning uyg’unligi, insonning o’z mohiyati oldidagi mas’ulligi, o’zligini anglashi deb ham ta’riflash mumkin. Insonning Borliq abadiyatiga daxldorligi ayni uning ma’naviyati tufaylidir.
Ma’naviyat hodisasi asosan ikki ko’rinishda namoyon bo’ladi: shaxs ma’naviyati va millat ma’naviyati. Ma’naviyat ko’ngil ko’zgusidan taralgan nur, u inson qalbida yashiringan. Demak, ma’naviyatni tadqiq etish aslida Shaxs ma’naviyatini o’rganishdan boshlanmog’i zarurdek ko’rinadi. Darhaqiqat, har bir insonning ma’naviy dunyosi o’ziga xos hududsiz bir olam. Ammo har bir inson muayyan bir jamiyatda, muayyan bir insonlar jamoasi ichida yashaydi, muayyan bir millatga mansub bo’ladi.
Tabiiyki, har bir alohida inson o’sib-ulg’ayar ekan, unga atrof- muhitida yashayotgan insonlarning ta’siri bo’ladi. Insonning ma’naviy kamoloti ayni shu muhitning ta’siridan bosh-lanadi. Har bir shaxs, o’zi buni chuqur idrok qiladimi, yo’qmi, qat’i nazar, biror elat yo millatga mansub bo’lmay iloji yo’q, hech bir inson eldan butkul ajralib yashamaydi. Prezidentning g’oyatda hikmatli iborasi bilan aytganda,
har bir inson “o’zini xalqining bir zarrasi deb sezgandagina, u haqda o’ylab, mehnat qilib yashagandagina ma’naviyat bilan tutashadi”1. Buning ma’nosi, shaxs ma’naviyati voqelikda millat ma’naviyatidan ayru, undan tashqarida bo’lmaydi. Shunday ekan, millat ma’naviyati haqida muayyan tasavvurga ega bo’lmay turib, alohida shaxs ma’naviyatini ham o’rganish imkondan tashqari. Agarchi, tarixan va nazariy jihatdan millat ma’naviyati, tom ma’noda olganda, ushbu millatga qaysidir bir tarzda aloqador hisoblanuvchi o’tmish, bugun va kelajakdagi barcha shaxslar ma’naviyatining majmuidan iborat bo’lsa-da, voqelikda har bir shaxs ma’naviyati millat ma’naviyatidan oziqlanadi, uning asosida kamol topadi.
Agar bir millat vakili o’z ajdodlarining ma’naviy merosidan butkul bebahra qolgan bo’lsa va muayyan sharoitda to’liq boshqa millat madaniyati ruhida tarbiya olsa, uni endi o’z millatining to’laqonli vakili deyish qiyin. Ammo eng yomon holat Sho’rolar davrida yuz berdi. Bu davrda sun’iy birlashtirilgan ulkan bir hududning barcha aholisi, millatidan qat’i nazar, kuchli va har taraflama taziyq ostida muayyan maqsadlarda maxsus ishlab chiqilgan yolg’on mafkura ruhida majburiy “tarbiya” qilindi. Bu zug’umga barcha ham birday bo’y bergani yo’q, ammo afsus bilan e’tirof qilishga to’g’ri keladiki, bunday vahshiyona va makkorona “ta’lim-tarbiya” tizimi juda ko’p insonlar ongida og’ir asoratlar qoldirdi. Eng achinarlisi, bugungi aksariyat ijtimoiy-gumanitar sohaga mansub
1 Islom Karimov.Asarlar. 1-jild, s. 81
6
ziyolilarimiz bunday mafkuraviy taziyqdan eng ko’p ziyon ko’rdilar. Mustaqillik tufayli biz bugun endi ushbu noxush asoratlarni ongimizdan bartaraf qilishning qulay imkoniyatlarini qo’lga kiritdik. Ammo bor imkoniyatdan unumli foydalanish uchun ham inson o’z holatiga to’g’ri baho bera bilmog’i, o’z ustida jiddiy mehnat qilishga havsala qilmog’i kerak bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |