Asosiy vositalarni uzoq vaqt davomida natural shaklini saqlagan va qiymatini bir vaqda o`zgartirishi bilan ishlashi bog`liq o`ziga xos xususiyatlari amortizatsiya miqdorini aniqlash zaruriyatini keltirib chiqaradi. Ushbu miqdor asosiy vositalardan foydalanish jarayonida ularning eskirishi yoki boshlang`ich qiymatini kamayishi miqdorini ko`rsatadi.
Quyidagilar amortizatsiya qilinmaydi:
1) er uchastkalari va tabiatdan foydalanishga doir boshqa ob`ektlar (suv, er osti boyliklari va boshqa tabiiy resurslar);
2) mahsuldor chorva mollari;
3) kutubxona fondi;
4) muzey qimmatliklari (muzey ashyolari);
5) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda konservatsiyalashga o`tkazilgan asosiy vositalar;
6) arxitektura yodgorliklari;
7) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari, yo`laklar, sayilgohlar, xiyobonlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida bo`lgan obodonlashtirish inshootlari;
8) qiymati ilgari to`liq chegirilgan mol-mulk;
9) asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar tarkibiga o`tkazilmagan kapital qo`yilmalar.
Soliq solish maqsadida amortizatsiya qilinishi kerak bo`lgan mol-mulk amortizatsiyaning quyidagi eng yuqori normalari bilan guruhlarga taqsimlanadi:1
Soliq solish maqsadlari uchun har bir kichik guruh bo`yicha amortizatsiya ajratmalari amortizatsiya normasini qo`llash orqali, biroq ushbu Kodeksda belgilangan eng yuqori normadan oshmagan holda hisoblab chiqiladi.
Soliq solish maqsadlari uchun amortizatsiyani ushbu moddada belgilanganidan pastroq va soliq to`lovchining hisob siyosatida mustahkamlab qo`yilgan normalar bo`yicha hisoblashga yo`l qo`yiladi.
Soliq solinadigan foydaning to`liq hisoblanmagan amortizatsiya summasiga soliq solish maqsadlarida ushbu moddada nazarda tutilgan normalarga zid ravishda qayta hisoblash amalga oshirilmaydi.
Foydalanishda bo`lgan asosiy vositalar ob`ektlarini oladigan soliq to`lovchi ushbu asosiy vositalar ob`ekti bo`yicha amortizatsiya normasini mazkur asosiy vositalar ob`ektidan avvalgi mulkdorlar tomonidan foydalanilgan yillar (oylar) soniga kamaytirilgan foydalanish muddatini hisobga olgan holda belgilashga haqlidir.
Agar mazkur asosiy vositadan avvalgi mulkdorlarda amalda foydalanish muddati ushbu asosiy vositalarning ushbu moddada tasniflanishi bilan belgilanadigan foydalanish muddatiga teng yoki undan ortiq bo`lsa, soliq to`lovchi texnika xavfsizligi talablarini va boshqa omillarni hisobga olgan holda bu asosiy vositadan unumli foydalanish muddatini mustaqil ravishda, lekin uch yildan kam bo`lmagan muddatga belgilashga haqlidir. Foydalanishda bo`lgan asosiy vositalardan foydalanish muddatini aniqlash imkoniyati bo`lmagan taqdirda, amortizatsiyani hisoblash yangi asosiy vositalarga bo`lgani singari amalga oshiriladi.
Asosiy vositalar ob`ektlari bo`yicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash hisobot davridagi korxona faoliyati natijalaridan qat`i nazar amalga oshiriladi va u tegishli bo`lgan hisobot davridagi buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Mulk hisoblangan yoki moliyaviy ijara shartnomasi bo`yicha olingan asosiy vositalarning eskirishi to`g`risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi schyotlarda amalga oshiriladi:
0211 «Yerni obodonlashtirishning eskirishi»;
0212 «Moliyaviy ijara shartnomasi bo`yicha olingan asosiy vositalarni obodonlashtirishning eskirishi”;
0220 «Bino, inshoot va uzatuvchi moslamalarning eskirishi»;
0230 «Mashina va asbob-uskunalarning eskirishi»;
0240 «Mebel va ofis jihozlarining eskirishi»;
0250 «Kompyuter jihozlari va hisoblash texnikasining eskirishi»;
0260 «Transport vositalarining eskirishi»;
0270 «Ishchi hayvonlarning eskirishi»;
0280 «Ko`p yillik o`simliklarning eskirishi»;
0290 «Boshqa asosiy vositalarning eskirishi»;
0299 «Moliyaviy ijara shartnomasi bo`yicha olingan asosiy vositalarning eskirishi».
Asosiy vositalarga hisoblangan eskirish summasi tegishli asosiy vositalarning eskirishini hisobga oluvchi schyotlarning (0200) kreditida, xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar debeti bilan bog`langan holda olib boriladi. Ijaraga beruvchi korxonalar joriy ijaraga berilgan asosiy vositalar bo`yicha hisoblangan eskirish summasini tegishli asosiy vositalarning eskirishini hisobga oluvchi schyotlarning (0200) krediti va 9430 "Boshqa operatsion xarajatlar" schyotining debetida aks ettiradilar.