Chingiz Aytmatovning «Qiyomat» romanida ezgulik va yovuzlikning kurashi, inson va tabiat munosabati bo’rilar Akbara bilan Toshchaynar obrazi orqali ochib beriladi. Inson tomonidan hududlarni o’zlashtirish, o’rmonlarni yo’q qilish, tabiatning azaliy qoidalarini buzish va oxir-oqibat jonzotlarni o’z ona uyidan siqib chiqarish qiyomat-qoyim darajasida tasvirlanadi. Bo’rilarning dastlabki uch bolasini ovchilar otishadi. Tog’da kon yo’li ochilgach, bo’rilar yashayotgan qamishzorga o’t qo’yiladi. Ularning keyingi beshta bolasi yong’inda nobud bo’ladi. Akbara bilan Toshchaynar endi toqqa ko’chishadi. Ammo aroqxo’r Bozorboy yangi dunyoga kelgan to’rt bo’ri bolasini sotib yuboradi.
Romandagi Avdiy Kallistratov obrazi insonlarni bu yo’ldan qaytarishga urinadi. Ammo zo’rovon, qarashlari haminqadar bo’lgan kishilar uni it azobiga solib, poezddan irg’itib yuborishadi.
Asardagi bosh qahramonlar Akbara va Toshchaynarning kechmishlari, sarson-sargardon qismati va oxir-oqibat fojiasiga insoniyat sababchi ekanligi asarda yorqin aks ettirilgan.
Quyida asardan saralaganlarimiz ikki bo’ri mushohadalari va boshqa qahramonlarning muammoga haqqoniy munosabatidir.
* * *
Har narsaning o’z vaqti-soati keladi. Cho’lu dashtlarda hayotning shu maromda tebranib turishi tabiatning adolatidan bo’lsa kerak.
* * *
To’g’ri, bu yerlarni ham xatarsiz deb bo’lmasdi — tag’in bunisi barcha xatarlar ichida eng xatarlisi edi — bu yerlarda podalarga odamlar qarashardi, qo’y-qo’zilarning xudosi ham, qo’y-qo’zilarning quli ham shular edilar, bular o’zlari kun ko’rardilar-u, lekin boshqalarga sira kun bermas, ayniqsa, ularga qaram bo’lmaganlarni, o’z erki bilan yashashga uringanlarni qo’ymas edilar… O, odamlar, odamlar — odamxudolar!
* * *
Lekin bular kelajakda nasllar faxrlanib yurishiga arziydigan kashfiyotlar qiladigan fidokor olimlar emas, har kimning qo’lidan ham kelaveradigan ishni bajaradigan oddiy kishilar. Chek-intihosi ko’rinmagan, hech qanday balo-qazo yo’lay olmaydigandek tuyulgan Mo’yinqum sahrosini mana shu jo’ngina odamlar to’rt tarafdan qisib kela boshlashdi. Biroq inson hayotining juda ham odmi va jo’n ko’ringan ishlarida yaxshilik bilan yomonlik qo’shilib ketganligini Mo’yinqum jonivorlari qaerdan bilsinlar. Bu yerda hamma narsa odamlarning o’zlariga bog’liq edi — ular inson jamoatchiligi uchun odatiy bo’lib qolgan bu narsalarni nimalarga yo’naltirar ekanlar: yaxshilikkami yo yomonlikka, tuzishgami yo buzishga — buni sahro maxluqlari qayoqdan bilsinlar.
* * *
Quyosh va cho’l azaldan muqoyasada: kunga qarab cho’lning — oftob o’z seplarini yoygan makonning qanchalar cheksiz ekanligi bilinadi. Cho’l osmonining bepoyonligi esa kalxatlarning baland parvozlaridan ayon.
* * *
ODAM BOLASI ODAMLARSIZ YASHOLMAYDI, YANA BUNING USTIGA ODAMLARGA HAM TOQAT QILMAYDI
* * *
Go’yo qonga belangan qush qanotlarini tapirlatib qor betida yotganday. Birovning qoni — boshqa birovga yem. Birining qonini ichmasa, ikkinchisi yasholmaydi. Azal-azaldan shunday, tiriklikning boshqa yo’sini yo’q. Bunga hech kim qozilik qilolmaydi. Na haq bor bunda, na nohaq. Kim birovning qonini o’zga birov uchun yem qilib yaratgan bo’lsa, ayb o’shanda (Faqat odam bolasigina boshqacha qismat bilan yaralgan: u nonini zahmat chekib topadi, zahmat chekib et topadi. Odam o’z tabiatini o’zi bino qiladi).
Shart-sharoit deganimiz esa, bu avvalo, odamlar, ularning intilishlari va hayajonlari, yaxshilik va yomonliklari, nima bilan tugashini bilib bo’lmaydigan axtarishlari va bosh-keti yo’q ziddiyatlari.
* * *
Odamning umri nima, degan savolga javob topib berish qiyin. Inson munosabatlari shunchalar turfa, tabiati, fe’l-atvori shunchalar rang-barang va murakkabdirki, hatto eng mukammal, eng zamonaviy komp`yuter sistemalari ham eng oddiy inson tabiatining umumiy chizig’ini ajratib berolmaydi.
* * *
Bunday sharoitda asosiy qonun bitta — agar dushman taslim bo’lmasa, uni yanchib tashlaydilar. Ammo shafqatsizlikka javoban shafqatsizlik yuzaga chiqadi — bu ham qadimdan qolgan qonun.
* * *
Nega axir bunday, nega axir odamlar bir-birlari bilan urushadilar, qon to’kadilar, ko’zyoshlarni daryo qilib oqizadilar, hammalari o’zlarini haq, boshqalarni nohaq deb hisoblaydilar, qani axir haqiqat, kim haqiqatni aytadi, kim? Qani ularni adolat bilan ajrim qiluvchi nabiy?..
* * *
…odam nega tug’iladi-yu nega o’ladi va nega o’lim doim sen bilan birga, sendan nari jilmaydi va o’lgandan so’ng o’lim yo’q, lekin hayot o’limdan yuqori, dunyoda hayotdan ko’ra yuqori o’lchov yo’q — shuning uchun tirik jonni mahv etma, lekin elingga yov bostirib kelsa, darhol himoyaga otlan, sevganingning nomusini asra, xuddi ona Yerni yotlardan asraganday; ayriliqni hech totib ko’rganmisan, bilasanmi ayriliqning dushvorligini, xuddi yelkangga cho’ng tog’larning yuklari ortilganday…
* * *
Ko’rdingizmi, biz yaralganimizdan beri shundaymiz — o’lgandan keyin ham yashamoqni istaymiz. O’z umrini uzaytirish mumkinligiga ishonch, shuning hissiyoti bilan yashash odamzodga qanchalar muhim, qanchalar zarur. Odamlar o’zlaridan keyin qandaydir avtomat qurilma, allaqanday vokal-musiqa abadiy dvigateli qoldirish fikriga kelsalar, ajab emas — bu hamma zamonlar uchun inson madaniyati erishgan eng yaxshi narsalarning antologiyasi bo’ladi.
* * *
Hayot, o’lim, muhabbat, shafqat va ilhom — hammasini musiqa aytadi, zotan, biz musiqada eng oliy hurlikka erishamiz, bu hurlik uchun esa ongimiz yorishgan zamonlardan boshlab, butun tariximiz davomida kurashganmiz, lekin unga faqat musiqadagina yetishganmiz. Faqat musiqagina barcha zamonlarning aqidalarini yengib o’tib, doimo kelajak sari intiladi… Shuning uchun biz aytolmagan narsalarni u aytadi, shunga chorlangan…
* * *
Jamiyatning qaysidir bir qismida ro’y berayotgan ishkalliklar haqida bong urish uchun, aftidan, boshqa ko’p narsalar qatori, o’ziga zarar keltirib qo’yishdan cho’chimaslik kerak. Baxtigami, baxtsizligigami…
* * *
Dunyo o’z farzandlarini ularning eng pokiza g’oyalari va ruhiy intilishlari uchun hammadan ko’proq jazolaydi.
* * *
Odam yoshlikda o’ziga qattiq bino qo’yadi. Turli-tuman odamlar fe’l-atvori, ta’lim-tarbiyasiga ko’ra bu turlicha namoyon bo’ladi. Turmushning tegirmonidan butun chiqqan, yoshi bir yerga borib qolgan odam hayot shomida Xudoga ishonchini yo’qotgani yoki ilohiy istiloh va tushunchalarni o’zboshimchalik bilan talqin qilganini hech eshitganmisan? Yo’q, bunaqa voqea ro’y bersa ham ahyon-ahyon, tasodif bilan ro’y beradi. Odamning yoshi ulg’aygan sari ilohiyotning mohiyatini shuncha chuqur anglaydi.
* * *
Qancha yer bor, qancha ko’z ilg’amas makonlar va yorug’lik bor, shunday bo’lsa ham, odam bolasiga yana baribir nimadir yetmaydi, hammasidan burun — erkinlik yetmaydi,- deb o’ylardi Avdiy poyonsiz yaydoq cho’llarga boqib. — Odam bolasi odamlarsiz yasholmaydi, yana buning ustiga odamlarga ham toqat qilmaydi.
* * *
Zero, odam bolasiga o’z o’limidan ko’ra musibatliroq narsa yo’q, ona uchun esa o’z pushti kamaridan bo’lgan farzandi halokati undan yuz chandon og’irroq va qayg’uliroqdir.
* * *
Tavba — bu hayot tajribasi ko’paygan sayin ortib boraveradigan vijdon qiymati, qo’lga kiritiladigan qiymat, inson aql-idroki tomonidan tarbiyalanadigan, parvarishlanadigan qiymat ekan. Odam bolasidan boshqa hech kimga pushaymonlik hissiyoti berilmagan. Tavba -inson ruhining o’zi haqidagi abadiy va hech o’zgarmas g’amxo’rligidir. Shundan xulosa chiqarish mumkinki, qilg’ilik va yoki jinoyat uchun beriladigan har qanday jazo jinoyatchini pushaymonga solishi kerak. Aks holda bu vahshiy hayvonni jazolashdan boshqa narsa emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |