II-bosqich
|
Uyga vazifani tekshirish
|
10 daqiqa
|
III-bosqich
|
Yangi mavzu bayoni.
|
20 daqiqa
|
IV-bosqich
|
Mustahkamlash.
|
5 daqiqa
|
V-bosqich
|
Baholash.
|
3 daqiqa
|
VI-bosqich
|
Uyga vazifa.
|
2 daqiqa
|
Darsning borishi:
I.Tashkiliy qism. Salomlashish, davomatni aniqlash, o’quvchilarni darsga tayyorgarligini tekshirish.
II. O’tgan darsda berilgan uyga vazifani tekshirish va o’quvchilarni baholash.
D iqqatni jalb qilish mashqi.
III. Yangi mavzuning bayoni:
O‘qituvchi bugungi darsda Sobirjon degan bir o‘quvchi bolaning qanday qilib fermerlik bilan shug‘ullanishni boshlagani haqida aytadi. O‘quvchilarga ushbu matnning mazmuniga doir qisqacha qiziqtiruvchi ma’lumotlar berib, ularni matnni tinglashga tayyorlaydi.
SOBIRJON FERMER
Sobirjon qoʻshni Rahima xolalarnikiga kirdi-yu, hayron qoldi. Katakdagi besh-oltita tovuq tinmay qaqagʻlardi.
– Ha tinmagurlar-a, – dedi Rahima xola. – Tuxum berganlari yaxshiku-ya, lekin odamni tindirmaydi-da.
– Qancha tuxum beradi, xola? – qiziqsindi Sobirjon.
Rahima xola unga jilmayib qaradi:
– Qancha mehr bersang, qancha don bersang, shuncha koʻp tuxum olasan.
Oʻsha suhbatdan keyin Sobirjonning fikr-xayoli tovuq boqishda boʻlib qoldi. Bu haqda onasiga aytdi. Onasi uning yelkasiga qoqib:
– Toʻgʻri oʻylabsan bolam, oʻgʻil bola biror hunar yoki bir ish bilan shugʻullanishi kerak, – dedi.
Sobirjon velosiped olish uchun yigʻib yurgan pulini chamaladi. Ikki oylik yigirmata joʻjaga yetar ekan. Daftariga oʻzicha tovuqxonaning oʻlchamini chizayotganda xonaga dadasi kirib keldi:
– Ha oʻgʻlim, geometriyami? – soʻradi dadasi qiziqib.
– Tovuqxona qurmoqchiman. Yigʻib yurgan pulim yigirmata joʻjaga yetar ekan. Agar yaxshilab boqsam, ikki oyda tuxumga kirib qolishadi. Oʻzimiz yeymiz, ortganini sotamiz. Devorini xom gʻishtdan oʻzim koʻtaraman, faqat old tarafiga sim toʻr kerak boʻladi.
– Boʻpti, – dedi dadasi nimalarnidir hisoblagach. – Sim toʻrni men topib beraman. Bemalol boshlayver.
Maktabdan kelgan Sobirjon omborxonadan gʻisht quyadigan qolipni topdi. Akasi gʻisht quyganida yordamlashib, koʻzi pishgan.
Terlab-pishib yuz dona gʻisht quydi. Gʻishtlar qurigach, ularni oʻzi chizgan loyiha boʻyicha loy bilan suvab, terib chiqdi. Old tarafini sim toʻr bilan mahkamladi. Biroq tomini yopishga kelganda aqli yetmay, shoshib qoldi.
– Ustini qanday yopish kerak? – deb soʻradi dadasidan.
Dadasi uch-toʻrtta yogʻoch olib kelib qanday yopish kerakligini oʻrgatib, ishiga ketdi. Kun peshindan og‘gan payt togʻasi kelib qoldi.
– Hormang, hormang jiyan. Nima harakat? Anchagina katta tovuqxona uni ham qiziqtirib qoʻygan edi.
– Endi jiyan, tovuqlar kirib-chiqishi va tuxumlarni olishing uchun eshik kerak boʻladi, – togʻasi unga eshikcha qanday yasalishini tushuntirdi. Kechgacha eshikchalar yasab, ikki xonali moʻjazgina tovuqxona tayyor boʻldi.
Tanishlaridan yigirmata joʻja olib kelgan Sobirjonning qoʻli-qoʻliga tegmasdi. Don sepadi, suvini yangilaydi, xilma-xil koʻkatlarni maydalab beradi. Orada darslarini qiladi-yu, yana joʻjalari oldiga yuguradi. Doim koʻchada koptok oʻynab, vaqtini oʻtkazadigan bola uyga bogʻlandi-qoldi. Bu orada yozgi taʼtilga chiqishdi. Tomorqaga ekilgan pomidor-bodringlar pisha boshladi. Sobirjon ham ekinlarga qarar, ham joʻjalariga parvona boʻlardi. Joʻjalar ham uning mehrini sezishdimi, kun sayin, hafta sayin oʻsib, uch oyda tuxumga kirdi. Ikki kunda bir chelak tuxum tayyor. Sobirjon mahalladagi doʻkonga ham tuxum topshira boshladi. Olingan daromad, qilingan xarajatlarni erinmay bir daftarga yozib bordi. Tovuqlariga har oyda vetvrach tavsiya qilgan dorilarni berib turdi. Kuzga borib, Sobirjonning boshi qotib qoldi. Sababi uning beshta tovugʻi kurk boʻlgan edi. Onasining maslahati bilan ularga alohida joy qilib, tuxum bostirdi. Yigirma bir kun deganda hovlini joʻjalarning “chip-chip”i bosdi. Oq, qora, sariq tusli joʻjachalarning ovqat qidirib yugurishlari, ona tovuqlarning ularga mehribonligini koʻrib, Sobirjon oʻzida yoʻq xursand edi. Onasi unga koʻmakdosh boʻldi. Kundalik tashvishlar va yugur-yugur bilan uch oy oʻtdi. Sobirjonning joʻjalari katta boʻldi. Ayrim joʻjaxoʻrozlar hovlini boshiga koʻtarib qichqira boshladi.
– Oʻgʻlim, – dedi unga bir kuni onasi, – joʻjalarning bir qismini tarqatishing kerak.
– Nima qilamiz? – soʻradi Sobirjon.
– Oʻzingga oʻxshab tovuq boqishga qiziqadigan bolalarga ber. Ular ham koʻpaytirishsin. Keyin mahallamizda boquvchisini yoʻqotgan oilalar bor, ularga ham ber. Odam saxovatli boʻlishi kerak, bolam.
Sobirjondan joʻja, tovuq olgan qoʻshnilari ham tovuqchilik bilan shugʻullana boshlashdi. Eng qizigʻi, ikki oylardan keyin boʻldi. Bir kuni ularning mahallasiga yopiq kuzovli “Isuzu” mashinasi kelib toʻxtadi. Undan tushgan kishilar hokimiyat vakillari ekan. Ular kam daromadli, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga tovuq tarqatmoqchi ekan. Shunda mahalla oqsoqoli Toʻxtasin buva:
– Bu ishga sal kechikdinglar. Bizning mahalla bunday yordamga muhtoj emas, – deb Sobirjonning oʻnga yaqin xonadonga bepul tovuq tarqatganini aytdi.
Ikki kundan keyin tuman hokimi va oʻrinbosarlari Sobirjon bilan tanishish uchun kelishdi.
– Maktab oʻquvchisi boʻlsa-da, mahalladoshlariga madadkor boʻlgan yosh tadbirkor Sobirjon Mansurovga maktabni bitirgach, ishlarini yanada kengroq yoʻlga qoʻyishi uchun kredit berishga qaror qildik, – dedi hokim.
Sobirjon xushxabarni onasiga yetkazish uchun uyga shoshdi. U darvozadan kirishi bilan joʻjaxoʻrozlar uni tabriklagandek bir-birlariga joʻr boʻlib qichqirib yuborishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |