Montaj jarayonlarining texnologik tuzilishi (strukturasi).
Quruvchilar uchun barpo etiladigan binoning texnologikligi asosiy omil boʼlib u oʼz ichiga qoʼllanilayotgan montaj elementlarining texnologik qulayligini inobatga oladi va ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
montaj qilinayotgan elementlarning namunaviy oʼlchamlarining minimal soni yaʼni konstruktsiyalarni tiplarga (turlarga) ajratish darajasi;
etkazib berilayotgan konstruktsiyalarning qurilish uchun maksimal tayyorligi – geometrik oʼlchamlar va mahkamlash detallari holatining aniqlik darajasi;
hamma elementlarni ilish, koʼtarish, montaj qilish, oʼrnatish va toʼgʼrilashning qulaylgi;
hamma tutashgan joylarni bekitish va choklarni toʼldirishning qulayligi;
konstruktsiya oʼrtacha ogʼirligining maksimal ogʼirligiga nisbatini ifodalovchi montaj massasining birinchi koʼrsatkichiga yaqinligi yaʼni ularning yiriklashtirilganligi va muvozanatlashganligi.
Yigʼma qurilish konstruktsiyalarni montaj montaj qilishning texnologik jarayoni – shunday jarayonlar va operatsiyalar yigʼindisiki, ularni bajarish natijasida karkas, bino yoki inshootning biron-bir qismi yoki toʼliq barpo etilgan inshoot hosil boʼladi. Tayyor montaj qilingan mahsulotni olishga imkon beruvchi barcha jarayonlarning yigʼindisi transport (tashish), tayyorgarlik, asosiy va yordamchi jarayonlardan tashkil topadi.
Transport jarayonlari konstruktsiyalarni markaziy va obʼekt oldi omborlariga tashish, konstruktsiyalarni ortish va tushirish, ularni turlarga ajratish hamda omborlarga taxlash, konstruktsiyalarni yiriklashtirib yigʼishdan yoki omborlardan montaj qilishga uzatish, ashyolar, yarimfabrikatlar, detallarni va jihozlarni montaj zonasiga tashishdan iboratdir. Konstruktsiyalarni taxlash vaqtida ularning sifati, oʼlchamlari, markirovkasi va toʼliqligi (komplektligi) alohida nazorat qilinadi. Konstruktsiyalarni transport vositasidan toʼgʼridan–toʼgʼri uzatish orqali binolarni montaj qilishda tushirish va xillarga ajratish jarayonlari bajarilmaydi, chunki konstruktsiyalar toʼgʼridan-toʼgʼri montaj qilishga uzatiladi.
Tayyorgarlik jarayonlari quyidagilarni oʼz ichiga oladi: konstruktsiyalarning holatini, yiriklashtirilganligini, konstruktsiyalarning vaqtincha kuchaytirilganligini tekshirish, montaj qilishga va oʼrnatishga tayyorlash, konstruktsiyalarni bevosita yagona montaj birligi sifatida oʼrnatish joyiga uzatish. Konstruktsiyalarni jihozlar bilan taʼminlash, vaqtincha mahkamlash va ishlarni xavfsiz bajarish uchun uskunalar, montaj qilinayotgan elementlarga oʼq belgilarini chizish, narvon va soʼrilarni osib oʼrnatish kabi qoʼshimcha jarayonlar ham kiradi, bu jarayonlar qurilmani koʼtarishdan oldin bajariladi.
Yordamchi jarayonlar poydevorlarning tayanch yuzalarini tayyorlash, konstruktsiyalarni toʼgʼrilash, agar bu jarayolar ular oʼrnatilgandan soʼng bajarilsa, havozalarni oʼrnatish, oʼtish maydonlari, narvon va toʼsiqlarni oʼrnatish ishlari konstruktsiyalarni oʼrnatish davrida bajariladi.
Аsosiy yoki montaj jarayonlari – konstruktsiyalarni loyihaviy joyiga oʼrnatish, yaʼni montaj qilish. Montaj jarayonlari tarkibiga quyidagilar kiradi:
yigʼma konstruktsiyalarni oʼrnatish joyini tayyorlash;
ilish va koʼtarish, fazoda koʼchirish, orientirlash va oʼrnatish hamda vaqtincha mahkamlash;
ilgaklarni boʼshatish;
butunlay toʼgʼrilash va mahkamlash;
vaqtinchalik mahkamlash moslamalarini olib tashlash;
tutashgan joylar va choklarni toʼldirish.
Konstruktsiyalarning turi, montaj qilish jihozlari, tutashuv joylari va ustivorlikni taʼminlash sharoitlariga bogʼliq ravishda toʼgʼrilash ishlari oʼrnatish jarayonlari paytida amalga oshirilish mumkin, bunda konstruktsiya montaj krani bilan ushlab turiladi yoki vaqtinchalik mahkamlangandan soʼng amalga oshiriladi.
Qurilish konstruktsiyalarini montaj jarayonlarining keltirilgan strukturasi umumiylashtirilgan boʼlib, har bir konkret holatlarda aniqlik kiritiladi hamda alohida operatsiyalar va jarayonlar kamaytirilishi yoki koʼpaytirilishi mumkin.
Qurilish konstruktsiyalarining montaji (uni tashkillashtirish nuqtai nazaridan) ikki sxema boʼyicha amalga oshiriladi: konstruktsiyalarni ombordan yoki transport vositalaridan montaj qilish
Ombordan montaj qilish amalga oshirilayotganda oldinda koʼrib chiqilgan hamma texnologik operatsiyalar bevosita qurilish maydonida bajariladi.
Konstruktsiyalarni tashish usullari va vositalari
Konstruktsiyalarni qurilish maydoniga yetkazish barcha turdagi transportlar bilan amalga oshirilishi mumkin, yaʼni yer usti transporti – avtomobillar, temir yoʼllar, traktorlar, hamda suv va havo transportlari bilan.
Qurilish transportini tanlashga taʼsir qiluvchi asosiy omillar:
qurilish obʼektining joylashgan oʼrni;
yaqin joylashgan mavjud transport kommunikatsiyalari;
qurilishni yigʼma konstruktsiyalar bilan komplektlashtiruvchi zavodlarning joylashishi;
vaqtinchalik va iqlim sharoitlari;
konstruktsiyalarning massasi, gabaritlari, ularni tashish masofasi.
Temirbeton yigʼma konstruktsiyalarni tashish uchun moʼljallangan asosiy transport turi avtomobil boʼlib, uning yuk tashish masofasi 200 km gacha boʼladi.
Yigʼma konstruktsiyalarni zavodlardan qish paytida beton 100% li mustahkamlikni, yozda esa 70% li mustahkamlikni egallagandan soʼng joʼnatishga ruxsat beriladi, bunday sharoitda konstruktsiyalarni tayyorlovchi zavod 28-kunda beton markadagi mustahkamlikni egallashiga kafolat beradi.
Uzunligi 6 m gacha boʼlgan elementlar bortli avtomobil mashinalarida tashiladi. Uzunligi koʼproq boʼlgan va massasi 14 t.dan ogʼir boʼlgan elementlarni – tirkamali va yarimtirkamali avtopoezdlarda; 40 t.gacha boʼlgan konstruktsiyalar trayler – tirkamalarda; 35 t.gacha boʼlgan konstruktsiyalarni paneltashigich, fermatashigich va bloktashigichlarda tashiladi.
Uzun oʼlchamli konstruktsiyalar fermatashigichlar va shunga oʼxshash transport vositalarida tashilganda yon tomondagi (yonboshdagi) kuchlanishlar yoʼlning burilish uchastkalarida mashinaning ramasi orqali qabul qilinadi. Transport vositasining harakat tezligi tashilayotgan konstruktsiyalarning butunligini saqlash nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Yigʼma elementlarni transport vositalariga taxlash quyidagi talablarni bajarish orqali amalga oshiriladi:
elementlar loyihaviy holatlarga yaqin holatda tashiladi, ustunlar bundan mustasno, ular gorizontal holatda tashiladi;
tashilayotgan elementlar yogʼoch inventar qistirmalarga suyangan boʼlishi va bu qistirma hamda tagliklar elementlarni tayyorlanish ishchi chizmalarida koʼrsatilgan joyga oʼrnatilgan bulishi lozim; qistirma va tagliklarning qalinligi 25mm dan kam boʼlmasligi va elementlarning chiqib turgan elementlar balandligidan past boʼlishi kerak. Oraliq qistirmalarni qoʼllashga ruxsat berilmaydi.
koʼp yarusli qilib yuklashda qistirma va tagliklarni vertikal boʼyicha aniq bir vertikal chiziqda oʼrnatish taqozo etiladi;
Inshootda gorizontal oʼrnatiladigan va gorizontalь holda ishlovchi: toʼsin, rigelь, yopma plita va panellari, baland devor bloklari (1,5 m dan yuqori), hamda uzun oʼlchovli yigʼma konstruktsiyalar – ustunlar va qoziqlar gorizontalь holda tashiladi
Stropila va stropilaosti fermalari, devor panellari, pardadevor panellari vertikalь yoki qiya holatda tashiladi.
Hajmdor elementlar – blok-xonalar, blok-kvartiralar, sanitar-texnik kabinalar loyiha holatida tashiladi.
Juda oʼzoq masofalarga temir yoʼllar boʼylab tashishga ruxsat etiladi
Metall konstruktsiyalar oʼzoq masofalarga koʼpincha temir yoʼllar orqali alohida tarkibiy qismlardan iborat, mayda elementlar sifatida yetkaziladi.
Yogʼoch konstruktsiyalar tayyor holda emas asosan elementlarga ajratilgan paketlar holida tashiladi.
Аvtomobilь va temir yoʼl transporti bilan tashiladigan yuklarning oʼlchamlari harakatlanuvchi sostav gabaritlariga mos tushishi kerak. Har xil cheklanishlar gabaritlar boʼyicha maxsus kelishuv va nazoratni talab etadi.
Ombordagi konstruktsiyalarning kerakli zaxirasi ishlab chiqarish loyihasidagi taqvimiy grafik asosida oʼrnatiladi va ularni taxlash uchun kran taʼsir zonasida maxsus maydon ajratiladi. Qurilish maydoniga yetkazilgan yigʼma konstruktsiyalar odatda maxsus tushiruvchi oʼzi yurar kranlar bilan va kam hollarda montaj mexanizmi yordamida tushiriladi. “Transportdan montaj” qilish tejamli va kam mehnat sarf qilinadigan usuldir.
Do'stlaringiz bilan baham: |