Betonpolimerlar beton buyum va konstruksiyalarni polimerlarda shimdirib olinadi. Beton strukturasida kontraksion va texnologik mikro va makro g'ovaklar, bo'shliqlar, mikroyoriqlar va mikrokanallar mavjud bo'lib, betonning mustahkamligiga, zichligiga va ekspluatatsiya xossalariga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Zich to'ldirgichlar asosida olingan betonda 8-20% g'ovaklik bo'ladi. Ushbu g'ovaklikni qisman yoki butunlay polimerlarda shimdirish usuli bilan to'ldirish betonning xossalarini yaxshilaydi.
Betonni shimdirish uchun termoplastik (metilmetakrilat, sterol va shu kabilar) va termoreaktiv (epoksid, poliefir, atseton-formaldegid va shu kabilar) polimerlar va ular asosidagi kompozitsiyalar ishlatiladi.
Bundan tashqari, beton PVA emulsiyasi, SGS-65 GP lateksi va shu kabi polimerlar bilan ham shimdiriladi. Betonni shimdirish usulida modifikatsiyalash murakkab texnologiya hisoblanib, quyidagi asosiy jarayonlardan iborat: beton buyumni tayyorlash; 105-110°C haroratda 10-20 s davomida turg'un massagacha quritish; vakuum yoki bosim ostida polimerni betonga shimdirish; harorat ta'sirida yoki kimyoviy usulda polimerni beton g'ovaklarida qotirish.
Beton polimerga shimdirilganda siqilishga mustahkamligi 2-10, cho'zilishga mustahkamligi 3-10 marta ortadi. Betonpolimerlarning suv o'tkazmasligi, korroziya muhitlariga bardoshliligi, sovuqqa chidamliligi (F-5000 va yuqori) keskin oshadi.
Betonpolimerlar kimyo va metallurgiya sanoati qurilishida, kimyoviy muhitlarga chidamli pollar, poydevorlar, kollektor va drenaj quvurlari tayyorlashda va boshqa joylarda ishlatiladi. Tom qoplama plitalarini bir tomondan 10-15 mm gacha polimerlar bilan shimdirish juda yaxshi samara beradi.
Polimer qoplamali betonlar. Beton va temirbeton konstruksiyalarni agressiv muhit ta'siridan saqlash uchun yuzasi termoplastik va termoreaktiv polimer kompozitsiyalar bilan qoplanadi.
Polimer qoplamalar lok-bo'yoq, pasta, mastika, qorishma, plyonka va plita ko'rinishida bo'ladi. Himoyalovchi qoplamalar beton yuzasiga yaxshi yopishishi, mustahkam va elastik bo'lishi, agressiv muhitlarga bardoshli bo'lishi, suv o'tkazmasligi kerak.
Himoyalovchi qoplamalar epoksid, poliefir, fenol-formaldegid (gruntovka bilan) va shu kabi smolalar asosida tayyorlanadi. Beton yuzalarini biologik aktiv muhitlardan himoyalash maqsadida karbamid-formaldegid, atseton-formaldegid polimerlari asosidagi lok-bo'yoqlar va kompozitsiyalar ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |