IV
Mana bazm! Ichar ikki oqsoqol,
Katta quchib kichkinani, aytar hol:
“Zo‘r sinovdan birga o‘tdik, berdik dosh,
Og‘a-ini bo‘ldik endi qarindosh!
G‘alabada so‘zsiz ulkan hissang bor,
Kam-ko‘stlar ko‘p... yana sal-pal qarashvor...”
Bu maqtovdan kichik boshliq jo‘shibdi,
Tilni tilga, elni elga qo‘shibdi!
“E, ol!” — debdi topgan-tutgan borini,
Ayamabdi hatto siymu zarini.
Ul og‘aga, bul ukaga do‘nibdi,
Hamma shunga ko‘nipti.
V
Og‘a urug‘ katta-da! Hech to‘ymas, deng,
Inicha ham “iltifot”ni qo‘ymas, deng!
Bog‘in tashir, donin tashir, chorvasin
To‘ydirmoqning lekin topmas chorasin!
Ish ne holga yetibdi deng, alqissa,
Ukasiga zahmat ortmish to‘rt hissa.
Ko‘rgani ham, bilgani ham dalasi –
Shunda o‘tar endi har bir pallasi.
San’at, bilim, kamol qayda, unutdir,
Orzu-armon, xayol qayda, unutdir.
Axir nechuk ini qulga do‘nibdi,
Hamma shunga ko‘nipti!
Do'stlaringiz bilan baham: |