Qo`shtepa tumani xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi 50- umumiy o`rta ta`lim maktabida o`tkazilgan ma`rifat soati darsida
«Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» - Prezident nutqi haqida
31 avgust kuni poytaxtimizdagi Xalqaro forumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma olti yilliga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
«Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, mana shunday qutlug‘ kunda siz, azizlarni va butun xalqimizni eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz — Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o‘zimning eng ezgu tilaklarimni bildirishga ruxsat bergaysiz.Bundan roppa-rosa yigirma olti yil muqaddam Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e'lon qildi.Shu kundan e'tiboran jahon xaritasida yangi mustaqil va suveren davlat — O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi.Jonajon Vatanimizning ko‘p ming yillik tarixida yangi davr — erkinlik va ozodlik, milliy tiklanish va taraqqiyot davri boshlandi.
Biz bugun xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olgan, istiqlol yillarida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli yo‘limizni sarhisob qilar ekanmiz, tarixan qisqa bir davrda o‘z taqdirimizni o‘zimiz hal etish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash, milliy davlatchiligimizni, azaliy qadriyat va urf-odatlarimizni, muqaddas dinimizni tiklash, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash borasida ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritganimizni faxr bilan tilga olamiz.Albatta, ushbu yutuqlarning qo‘lga kiritilishida Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tarixiy xizmatlari beqiyos bo‘lganini bugun barchamiz, butun xalqimiz takroran esga olishimiz tabiiydir.Bugun azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, Oqsaroy qarorgohi oldida Islom Abdug‘aniyevichning haykalini ochdik. 2 sentabr kuni esa Islom aka tug‘ilib voyaga yetgan Samarqand shahrida u kishining haykali ochiladi.Nasib etsa, 2018 yil 30 yanvarda — u kishi tug‘ilgan kunga 80 yil to‘ladigan sanada Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimizga haykal o‘rnatish, Samarqand shahrida yodgorlik majmuasi barpo etish ishlarini to‘la yakuniga yetkazib, ularning ham tantanali ochilish marosimlarini o‘tkazamiz.Bugun barchamiz bir fikrda yakdilmiz: Birinchi Prezidentimizning Vatan va davlat oldidagi buyuk tarixiy xizmatlari, so‘nmas xotirasi xalqimiz qalbida abadiy yashaydi.
Hurmatli vatandoshlar!
Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, xalqimizning munosib hayot kechirishini ta'minlash borasida bugun oldimizda yanada muhim va dolzarb vazifalar turganini biz har tomonlama chuqur anglaymiz.Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi keskin bir davr barchamizdan yangicha ishlash va fikrlashni, yuqori darajada safarbarlikni talab etmoqda.Oldimizda turgan ana shu ulkan vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik.Ushbu Strategiyada davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosatni izchil davom ettirish kabi masalalar taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.Harakatlar strategiyasida «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani albatta bejiz emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |