Birinchidan, bugungi kunda barcha bo‘g‘indagi hokimlar, vazirlik va idoralar, prokuratura, sud-huquq va ichki ishlar organlari rahbarlari, deputat va senatorlar bevosita joylarga chiqib, o‘z faoliyati bo‘yicha xalq oldida hisobot bermoqda.
Mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, odamlarning hayotiy muammolarini o‘rganmoqda, ularni qonuniy asosda hal qilish uchun amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Ikkinchidan, biz iqtisodiyotimizni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish va shu tariqa jahon bozorida munosib va mustahkam o‘rin egallashga asosiy e'tibor qaratmoqdamiz.Shu maqsadda o‘tgan qisqa davrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida minglab loyihalar amalga oshirilib, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy zavod va fabrikalar barpo etilayotgani, yangi ish o‘rinlari tashkil qilinayotganini ta'kidlash lozim.Bugungi va ertangi taraqqiyotimiz bevosita bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.Ayniqsa, qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirishda an'anaviy yondashuvlardan voz kechib, dehqonlar daromadini ko‘paytiradigan, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni yetishtirishga investitsiyalar jalb qilinayotgani sizlarga yaxshi ma'lum.Mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta'minlash maqsadida «Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi» degan tamoyildan kelib chiqib, bugungi kunda yurtimizda ishbilarmonlik va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda.Eng muhimi, bu soha ming-minglab fuqarolarimiz, avvalo, yoshlarimiz uchun halol mehnat qilib, daromad topish, el farovonligini oshirishda mustahkam zamin bo‘layotgani barchamizni xursand qiladi.Uchinchidan, ijtimoiy sohalar, ayniqsa, odamlarda eng ko‘p e'tiroz uyg‘otayotgan sog‘liqni saqlash, ta'lim-tarbiya, tabiiy gaz va elektr energiyasi, ichimlik suvi ta'minoti, kommunal xizmat, yo‘l qurilishi sohalarida mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish, ichki ishlar idoralarining faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlardan ham albatta xabardorsiz.Uzoq yillardan buyon xalqimizni qiynab kelayotgan o‘tkir bir muammo — arzon uy-joylar masalasini hal etish maqsadida biz 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan alohida dastur qabul qildik.Ushbu dasturga binoan kelgusi besh yilda 1 ming 136 ta ko‘p qavatli, arzon uy-joylar, jumladan, qishloq joylarda yangi namunaviy loyihalar asosida 100 mingdan ortiq turar joy binolari barpo etiladi.Shu kunlarda faqat qishloq joylarning o‘zida joriy yilda qurib bitkazilgan yangi uylarda 5 mingdan ortiq oila hovli to‘ylarini o‘tkazayotgani albatta hammamizni quvontiradi.Bu ishlarni izchil davom ettirish haqida gapirar ekanmiz, insonlarning dardu tashvishini o‘ylab yashash biz uchun odamiylikning eng oliy mezoni, eng muhim vazifa bo‘lib qolishini alohida ta'kidlamoqchiman.Chunki xalqimiz o‘z hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarni kelajakda emas, balki bugun ko‘rishni, ulardan bugun bahramand bo‘lishni istaydi.Aholimizning ana shunday tabiiy istak va talablarini bajarish barcha rahbar va yetakchilarning asosiy burchi va vazifasiga aylanishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |