Rukn: Oʻrgimchaklar turkumi
QORAQURT ZAHRI BILAN ZAHARLANISH KLINIKASI VA UNGA BIRINCHI YORDAM KOʻRSATISH.
Qoraqurt zahri bilan zaharlanish klinikasi va unga birinchi yordam koʻrsatish haqida gapirishdan oldin, avvalo zaharlilik hamda uning klassifikatsiyasi haqida qisqacha tasavvur paydo qilish lozim.
Zaharlilik – tabiatda keng tarqalgan. Zaharli hayvonlar oʻzining organizmida boshqa hayvonlarga kiritilganda, ularning hayot faoliyatini buzuvchi yoki oʻlimga sabab boʻluvchi moddalarni hosil qiluvchi yoki oʻz organizmida toʻplovchi organizmlardir.
Zaharlilik deyarli barcha sistematik guruhlarda, sodda hayvonlardan tortib sut emizuvchilargacha uchraydi. Lekin bu xususiyat tuban tuzilgan organizmlarda koʻproq bo‘ladi.
Hayvonlar mahsuloti boʻlgan zaharli moddalar zootoksinlar deb ataladi.
Zootoksinlar hayvonlarga yirtqichlar hujumidan saqlanish uchun va oʻz oʻljalariga hujum qilish uchun xizmat qiladi.
Zaharli hayvonlar quyidagi ikki guruhga ajratiladi:
1. Birlamchi zaharlilar
2. Ikkilamchi zaharlilar.
Birlamchi zaharlilar toksinlarni oʻzlarining maxsus aʼzolarida ishlab chiqaradilar. Ikkilamchi zaharlilar tashqi muhitdan ekzogen zaharlarni akkumulyatsiyalab, oʻz toʻqima va aʼzolarida toʻplaydi. Masalan: mollyuskalar va baliqlar oʻz tanasida koʻk-yashil suvoʻtlarining toksinlarini va pestitsidlarni toʻplaydi.
Birlamchi zaharlilar oʻz navbatida 2 guruhga boʻlinadi:
1. Faol zaharlilar
2. Nofaol zaharlilar.
Faol zaharlilar zahar hosil qiluvchi maxsus aʼzolarga ega va zaharini oʻljasining tanasiga kiritish uchun maxsus moslamalari (tishlar, oʻtkir uchli oʻsimtalar, nishlar) mavjud.
Nofaol zaharlilarda zaharli organlar mavjud, lekin zahar kirituvchi moslamalari boʻlmaydi. Ularga zaharli amfibiyalar, mollyuskalar, baʼzi hashoratlarni misol qilish mumkin.
Tabiatda, xususan, Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan zaharli hayvonlardan biri qoraqurtdir (Lathrodectus tredecimquttatus). Qoraqurt birlamchi faol zaharli hayvonlar sirasiga kiradi.
Oʻzbekistonda tarqalgan 15 turdagi zaharli oʻrgimchaksimonlar orasida qoraqurt oʻzining kuchli zahar taʼsirga ega boʻlgan yashash tarzi bilan boshqa zaharli oʻrgimchak turlaridan farqlanadi. U oʻzining tashqi koʻrinishi, in-uya qurishi, ov tarzi bilan insoniyatni ajablantirib keladi.
Qoraqurt soʻzi turk tilidan olingan boʻlib, qora hasharot maʼnosini bildiradi. Qoraqurt “qora beva” deb ham yuritiladi. Uning qora beva deb atalishiga sabab, urugʻlangan urgʻochi qoraqurt qochishga ulgurmagan erkak qoraqurtni yeb qoʻyadi. Shu tariqa urgʻochi qoraqurt “beva” boʻlib qoladi.
Morfologik tuzilishi. Voyaga yetgan urg‘ochi oʻrgimchak qora baxmal tusda, qorni katta boʻlib, qorni ustida toʻgʻri joylashgan 13ta qizil nuqtasi boʻladi. Voyaga yetgan erkagi esa ola rangda boʻladi. Urgʻochining uzunligi 12-15mm, erkagining esa 6mm gacha. Yevropa janubida, Shimoliy-Sharqiy Afrikada, Yaqin va Oʻrta Osiyo davlatlarida, jumladan Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarida keng tarqalgan.
Qoraqurt asosan dashtlarda boʻladi. Bundan tashqari yana aholi yashaydigan joylarda ham uchraydi. Urgʻochining hayot tarzi erkaginikiga qaraganda yaxshi oʻrganilgan. Urgʻochilari yoshligida (voyaga yetmaganlari) koʻchib hayot kechiradi.
Zaharlovchi apparati asosan zahar bezlari va jarohatlovchi moslamadan tuzilgan. Oʻrgamchakning zaharli bezlari bosh-koʻkragida joylashgan boʻlib, chiqarish yoʻllari xelitseralarining asosiga ochiladi. S.V. Pigulevskiy olib borgan kuzatishlarga qaraganda, qoraqurt zahari oʻzini simpatik xolinomimetik xossasi bilan silliq mushak toʻqimasiga miotrop ta’sir koʻrsatadi, periferik qon tomirlari spazmiga sabab boʻladi, ularning oʻtkazuvchanligini oshiradi. Buning natijasida a’zolarga va markaziy nerv sistemasiga qon quyuladi.
Zaharlanishning manzarasi. Qoraqurt bexosdan chaqib oladi. Chaqqandan bir oz oʻtgach, yengil sanchiq hissi seziladi. Ba’zan terida ikkita, sal-pal farqlanadigon, tez bilinmay ketadigan nuqtalarni koʻrish mumkin. Ba’zi bir hollarda hech qanday iz qolmaydi. Umumiy intoksikatsiya belgilari tez yuzaga keladi. Chaqqandan soʻng 10-15 minut oʻtgach, bemor boʻgʻimlardagi, koʻkrak, bel qorin sohasidagi kuchli ogʻriqdan oyoqlarni ivishidan shikoyat qiladi. Yuz va sklera gileremiyasi, qovoqlar shishib, qaltirash va koʻp terlash holatlari kuzatiladi. Mushaklar quvvatsizligi tufayli bemor oyogʻida tik tura olmaydi. Shuningdek, bemorda qoʻrquv hissi paydo boʻlib, talvasaga tushadi, ogʻriqning zoʻridan oʻzini qoʻyarga joy topolmay baqiradi. Siydik va axlat chiqishi qiyinlashadi. Til quriydi, nafas olishga va gapirishga qiynaladi. Tana harorati va qon bosimi koʻtariladi. Ogʻir hollarda bemor hushidan ketib, alahsiraydi, oʻlib yuzaga kelishi mumkin.
Qoraqurt chaqqanda birinchi yordam koʻrsatish. Bunda bemorga koʻp suyuqlik ichirib, oyoq qoʻllarini va tanasini isitish zarur. Tanani isitish mushaklarning tirishishini, ogʻriqni kamaytiradi, sfinkterlarni boʻshashtiradi. Asosiy davoni shifokor buyuradi. Qoraqurt zahriga qarshi zardob yuborish yaxshi naf beradi.
Qoraqurt zahari ot va tuyalarni oʻldiradi, lekin shunisi qiziqki, qoʻylarga hech taʼsir qilmaydi. Buning sababini olimlar turlicha tushuntiradilar. Bizga maʼlumki, birlamchi zaharli hayvonlarning zahari asosan oqsil tabiatli boʻlib, zaharning kuchi zaharlangan organizmlarning oqsil moddalari bilan zahar tarkibidagi oqsillarning bir-biridan qanchalik farq qilishiga bogʻliq. Farq qancha katta boʻlsa, zahar shunchalik kuchli taʼsir koʻrsatadi. Olimlar qoraqurtning zahri qoʻylarning spetsifik oksillariga nisbatan yaqin tursa kerak, degan fikrlarni ilgari suradilar.
Urgʻochi qoraqurtning orqa tomondan koʻrinishi.
Nilufar QURBONOVA,
Andijon davlat tibbiyot instituti
tibbiy biologiya va gistologiya kafedrasi assistenti
Do'stlaringiz bilan baham: |