Qoraqalpoq xalqining oʻziga xos jud boy ogʻzaki ijodi va adabiyoti bor. Xalq ogʻzaki ijodi XX asrgacha rivojlanib, yozma adabiyot deyarli rivojlanmadi. Buning sababi shuki, qoraqalpoqlar uzoq asrlar davomida yarim koʻchmanchilik hayotini boshdan kechirdilar. Mehnatkash xalqning orzu-istaklari folklor asarlarida oʻz ifodasini topar edi. Xalq ogʻzaki ijodining bizgacha yetib kelgan namunalari orasida ajoyib lirik mazmundagi sheʼriy asarlarni ham, salmoqdor qahramonlik dostonlarini ham uchratish mumkin.
Qoraqalpoq dostonlarining deyarli hammasida vatanparvarlik gʻoyalari va demokratik motivlar yorqin ifodalangan.
Qoraqalpoq yozma adabiyotining yirik vakillaridan biri Hojiniyoz shoirdir. U Navoiy, Nizomiy, Maxtumquli va Firdavsiy kabi atoqli Sharq shoirlarining ijodi bilan yaxshi tanish boʻlgan. Hojiniyoz shoirning “Boʻz oʻtov” dostonida qoraqalpoq xalqining boshqa yurtlarga koʻchib ketishga majbur etilganligi, tugʻilib oʻsgan vatani bilan xayrlashish juda ogʻir boʻlganligi ustalik bilan tasvirlangan.
Qoraqalpoq klassik adabiyoti taraqqiyotida ulkan demokrat-gumanist shoir Berdimurod Berdaqning mavqei katta. Berdaq oʻzining mazmundor ijodini feodalizm jamiyatidagi hukmron doiralarning, jumladan ruhoniylarning zulmini, yaramas qilmishlarini fosh qilishga qaratdi. Ayniqsa oʻzining “Shajar”, “Ernazar biy”, “Oydoʻst biy” va “Ahmoq podsho” dostonlari bilan qoraqalpoq klassik poeziyasida dostonchilikning rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshdi.
Qoraqalpoq va oʻzbek xalqlarining tarixi bir-iriga chambarchas bogʻliq boʻlganiday, bu ikki qon-qarindosh xalqning adabiyoti oʻrtasida oʻzaro aloqa va taʼsir ham bir necha asrlik tarixga ega. Oʻzbek xalq doston va ertaklari (masalan, “Alpomish”) koʻpdan beri qoraqalpoq halqi orasida mashhur boʻlganidek, qoraqalpoqlarning “Qirq qiz” dostoni ham oʻzbek kitobxonlari diqqatini oʻziga jalb etib kelmoqda. Ayniqsa ikkinchi jahon urushidan soʻnggi yillarda oʻzbek-qoraqalpoq adabiyo aloqalari mustahkamlandi. Oʻzbek va qoraqalpoq adiblarining ijodiy hamkorligi amaliy tus oldi. Bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish ishi keng quloch yoydi.
Xususan, Oybek, Uygʻun, A. Qahhor, N. Safarov singari taniqli yozuvchilarning Qoraqalpogʻistonda boʻlib, adabiy harakatga bevosita ishtirok etishlari qoraqalpoq sovet adabiyotining salmoqdor badiiy asarlar bilan boyishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Oʻzbek shoir va yozuvchilaridan Alisher Navoiy, Muqimiy, H. H. Niyoziy, Oybek, Gʻ. Gʻulom, A. Qahhor, Uygʻun, A. Muxtorlarning asarlari qoraqalpoq tiliga tarjima qilinib koʻplab nashr ettirilganidek, qoraqalpoq xalq epasi “Qirq qiz”, shuningdek, B. Berdaq, J. Oymurzayev, X. Seitov, A. Begimov, M. Dariboyev, A. Dabilov singari klassik shoirlarning sheʼr va dostonlari, A. Qaipbergenovning “Soʻnggi hujum” romani, “Suymaganga suykalma” komediyasi oʻzbek kitobxonlariga katta estetik zavq bagʻishlamoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |